Ozarbayjon Qurolli kuchlari pozitsiyalari hamda chegara hududida yashovchi tinch aholi Armaniston Qurolli kuchlari tomonidan xalqaro huquq me’yorlarida taqiqlangan qurollardan o‘qqa tutildi, deb bayonot berdi Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Hikmat Gajiyev.
Qayd etilishicha, o‘qqa tutishlar Boku shahrida BMT Tamaddunlar ittifoqining VII global forumi o‘tayotganda kuzatilgan.
“Armanistonning ushbu harakatlari oqibatida, xususan, Terter tumanidagi davlat va xususiy mulkka jiddiy ziyon yetkazilgan. Ozarbayjon Tashqi ishlar vaziri Elmar Mamedyorov Armaniston Qurolli kuchlarining provokatsion xatti-harakatlari oqibatida yuzaga kelgan taranglik va noxush hodisa yuzasidan BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun, BMT Xavfsizlik Kengashi raisi Lyu Szei va YeXHTning Doimiy kengashi raisi Pol Eberxardga tegishli maktub yo‘lladi”, – deyiladi tashqi siyosat mahkamasi bayonotida.
Maktubda 5 aprel kuni Moskvada Ozarbayjon va Armaniston bosh shtabi boshliqlari imzolagan o‘t ochishni to‘xtash to‘g‘risidagi bitim buzilgani ma’lum qilingan.
Rasmiy Bokuga ko‘ra, Armanistonning provokatsion harakatlari YeXHT Minsk guruhining ziddiyatni bartaraf etish bo‘yicha sa’y-harakatlariga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
1988 yili Tog‘li Qorabog‘ Ozarbayjon tarkibidan chiqish haqida bayonot bergach, bir necha yil davomida harbiy to‘qnashuvlar davom etgan. 1994 yil may oyida tomonlar o‘t ochishni to‘xtash borasida kelishuvga erishgan. Ikki davlat o‘shandan buyon YeXHTning Minsk guruhi va Rossiya, Frantsiya, Germaniya hamda AQSh ishtirokida muammo yechimi borasida muzokaralar yuritib kelmoqda.
Rasmiy Boku Tog‘li Qorabog‘ va unga tutash 7 ta tuman (Ozarbayjon hududining 20 foizi) Armaniston qurolli kuchlari tomonidan bosib olingan deb hisoblaydi hamda qo‘shni davlat harbiylari okkupatsiya qilingan hududdan chiqishi lozimligini talab qiladi. Armaniston esa tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ respublikasi manfaatlarini himoya qilib keladi.
Garchi 1994 yilda kelishuv imzolangan bo‘lsa-da, to‘qnashuvlar ro‘y berib turadi. Xususan, joriy yil 2 aprelda yana harbiy to‘qnashuv kuzatildi. Ozarbayjon tomoni Armanistonning hujumiga javoban harbiy operatsiya o‘tkazgani va raqibning 370 nafar harbiy xizmatchisi, 12 tanki, 12 bronetexnikasi va 15 ta artilleriya qurilmasini yo‘q qilganini ma’lum qilgan.
5 aprel kuni tomonlar o‘t ochishni bas qilishga kelishgan va harbiy harakatlar to‘xtatilgan. Ammo hamon kelishuv shartlari buzilayotgani haqida xabarlar mavjud.
Ozarbayjon Mudofaa vazirligiga ko‘ra, Armaniston 120 marta kelishuvni buzgan va bunga javoban Ozarbayjon 121 ta qurolli javob qaytargan.
O‘z navbatida, tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ respublikasi mudofaa vazirligi bitimni Ozarbayjon buzganini ma’lum qilgan.
Tahlilchilar tinchlik kelishuvi juda mo‘rt ekani va istalgan payt to‘qnashuv ro‘y berishi mumkinligidan xavotir bildirgan.
Ozarbayjon Tog‘li Qorabog‘ o‘z hududi ekanini ta’kidlab keladi. Rasmiy Bokuga ko‘ra, Tog‘li Qorabog‘ muammosi BMT Xavfsizlik Kengashi 1993 yil 30 aprel, 1993 yil 29 iyul va 1993 yil 14 oktyabrda qabul qilgan rezolyutsiyalar asosida tinch yo‘l bilan hal qilinishi lozim.
Cobir Salim