Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘on 26 sentyabr – Turk tili bayrami munosabati bilan mamlakat xalqiga maktub yo‘lladi. Bu haqda Onado‘li axborot agentligi xabar beradi.
“Til har bir millatning erki, hurligi, boy madaniyati hamda ildizi olis tarixga borib taqaluvchi an’analarining eng muhim ko‘rsatkichi sanaladi. Turk xalqining mustaqillikka intilishi, o‘zlikni, madaniyat va tafakkur tarzini asrab-avaylashga urinishi eng avvalo turk tilida namoyon bo‘ladi”, – deyiladi maktubda.
Qayd etilishicha, turk tili ushbu tilda so‘zlashuvchi barcha insonlarning ma’naviy boyligi bo‘lib, madaniyat, qadriyat, urf-odat va an’analar u orqali avloddan avlodga o‘tib kelmoqda. Demak, turk tili o‘tmish va bugun o‘rtasida ma’naviy ko‘prik vazifasini o‘tamoqda.
“Bizning mushtarak o‘tmish va madaniyatimiz in’ikosi sanalgan turk tilining qo‘llanish jug‘rofiyasi g‘oyatda keng bo‘lib, u xalq birligi va birdamligi kafolatidir”, – deb yozadi Turkiya yetakchisi.
Turli tillarning asrlar davomidagi xurujiga qaramay, ko‘hna turk tili o‘zligini boy bermadi. Bunda esa ayricha tafakkur tarzi, salmoqli ilmiy tadqiqotlar, betakror adabiy asarlar hal qiluvchi ahamiyat kasb etdi.
“Til sofligini saqlash yo‘lida turk yoshlarini rag‘batlantirish lozim. Turk tilini ko‘z qorachig‘idek asrash va kelajak avlodlarga to‘kis yetkazish – barchamizning burchimizdir”, – deb ta’kidlaydi Rajab Toyib Erdo‘g‘on.
Turkiya yetakchisiga ko‘ra, Turk tili bayrami milliy o‘zlikni anglash borasida sa’y-harakatlarni kuchaytirishga turtki beradi.
Turk tili Oltoy tillar oilasining turkiy guruhiga mansub bo‘lib, Turkiya va Kipr Respublikalarining rasmiy tili hisoblanadi. Turk tili Turkiyadagi 60 millionga yaqin kishining (aholi 80 foizi) ona tilidir. Bugungi turk adabiy tili XIX asr o‘rtalaridan shakllana boshlagan. O‘rta asr adabiy tili (eski turk yoki usmonli turk tili) arabcha hamda forscha elementlarga boy bo‘lgan. O‘tgan asrning 20-yillaridagi islohotlardan so‘ng adabiy til umumxalq so‘zlashuv tili bilan yaqinlashdi.
Tadqiqotlarga ko‘ra, dunyo bo‘ylab qariyb 73 million kishi turk tilida so‘zlashadi.
Iroq, Suriya, Eron, Ruminiya, Bolgariya, Gretsiya, Rossiya, Germaniya, Niderlandiya, Frantsiya, Makedoniya, Ozarboyjon, Turkmaniston, O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston kabi o‘nlab davlatlardagi ko‘p ming sonli aholi ham turk tilini ona tili deb biladi.
Sobir Salim