Suriyada tinchlik o‘rnatish bo‘yicha Ostona uchrashuvlari: Qozog‘iston diplomatiyasi yutug‘i

Qozog‘iston Respublikasi joriy yil 23-24 yanvar kunlari Ostonada o‘tgan Suriyadagi vaziyatni barqarorlashtirishga bag‘ishlangan muzokaralar yakunini ijobiy baholaydi. Bu haqda mamlakat Tashqi ishlar vazirligi tarqatgan bayonotda so‘z boradi.  

“Qog‘oziston Ostona uchrashuvlari doirasida erishilgan kelishuvlar Suriya inqirozini BMT Xavfsizlik Kengashi 2015 yilda qabul qilgan 2254-sonli rezolyutsiyaga muvofiq, Jeneva protsessiga asosan hal etishda ijobiy qadam bo‘ldi, deb hisoblaydi. Ostona Suriya ziddiyati ishtirokchilari BMT Xavfsizlik Kengashi 2016 yilda qabul qilgan 2336-sonli rezolyutsiyaga muvofiq Suriyada o‘t ochishni to‘xtatish borasida majburiyatlariga sodiq qoladi, deb umid qiladi”, – deyiladi bayonotda.

Qayd etilishicha, Qozog‘iston BMT Xavfsizlik Kengashining muvaqqat a’zosi sifatida mintaqaviy va xalqaro muammolarni yechishga o‘z hissasini qo‘shishga intiladi.

Suriya inqirozini bartaraf etishga qaratilgan Ostona uchrashuvlari Rossiya, Turkiya, Eron tashabbusi bilan, BMT va AQSh ishtirokida tashkillashtirildi.

Ikki kun davom etgan muzokaralar yakunida Rossiya, Turkiya va Eron Tashqi ishlar vazirliklari Suriya masalasini harbiy yo‘l bilan hal qilishning imkonsizligi borasidagi yakdil fikrga keldi. Keskin munozaralardan keyin tomonlar qo‘shma bayonot qabul qildi. Qozog‘iston Tashqi ishlar vaziri Qayrat Abdurahmonov o‘qib eshittirgan qo‘shma bayonotga ko‘ra,  uchta davlat Suriyada o‘t ochishni to‘xtatish tartibini buzishga urinishlarga birgalikda kurashadi hamda yarashuvning buzilishi holatlarini monitoring qilib boradi. Qolaversa, mo‘tadil muxolifatni terrorchilik tashkilotlaridan farqlashga e’tibor qaratiladi. BMT Xavfsizlik Kengashi terrorchi tashkilot deb tan olgan IShID, “Jabhat an-Nusra” kabi qo‘poruvchi guruhlar bilan hech qanday kelishuvlar bo‘lmaydi.

Suriya muxolifati guruhlarining navbatdagi muzokaralari joriy yil 8 fevral kuni Jenevada BMT shafeligida o‘tkaziladi.

Rasmiy Ostona Suriya muammosini tinch yo‘l bilan hal etish lozimligini uqtirib kelmoqda.

“Suriyadagi yuzaga kelgan vaziyat butun dunyo jamoatchiligi xavotiriga sabab bo‘lmoqda. Tan olish kerakki, olti yildan buyon davom etayotgan qon to‘kishlar turfa tamaddun va madaniyatlar beshigi bo‘lgan muqaddas zaminga faqat kulfat va musibat keltirdi”, – degan Qozog‘iston Prezidenti Nursulton Nazarboyev Ostona uchrashuvi qatnashchilariga yo‘llagan maktubida.

Qozog‘iston keyingi yillarda xalqaro ziddiyatlarni bartaraf etishda faol ishtirok etmoqda. Mamlakatning tinchlik siyosati va dunyo barqarorligi yo‘lidagi diplomatik sa’y-harakatlari xalqaro jamoatchilik tomonidan ijobiy baholanmoqda. Jumladan, Suriyadagi bir-biriga dushmanlik kayfiyatidagi turli guruhlarning Ostonada jamlanib, muzokaralar stoliga o‘tirishi ham Qozog‘iston diplomatiyasining yutuqlaridan biri sanaladi.

Eslatib o‘tamiz, Ostona 2015 yilda ikki bora Suriyadagi muxolif guruhlar muzokaralariga mezbonlik qilgan. 2016 yil dekabrda esa Suriya xalqiga 500 tonna gumanitar yordam yo‘llagan va 700 ming dollar ko‘mak ajratgan.

Sobir Salim