Rossiya prezidenti Vladimir Putin davlat rahbari bo‘lganga qadar Sharqiy Germaniyada sovet razvedka xizmatida ishlagani ma’lum. Shu paytgacha prezident hayotining ayni shu yillari kuzatuvchan va ziyrak jurnalistlar nazaridan ham chetda bo‘lib kelayotgandi.
GDRda o‘tgan besh yilga yaqin vaqt davomida Rossiyaning bo‘lajak rahbari qanday ishlar bilan shug‘ullangandi? Yaqinda Germaniya DPA axborot agentligi shu haqdagi dastlabki ma’lumotlarni e’lon qildi. Biroq agentlik ma’lumotlari ko‘pchilik taxminiga zid ravishda Putinning afsonaviy faoliyati xususidagi so‘zlarni tasdiqlamadi.
«Cicero» jurnalining DPA axborot agentligiga tayanib yozishicha, Putin Sharqiy Germaniyaning Drezden shahrida o‘tgan besh yillik xizmat davrida katta ahamiyatga ega bo‘lmagan ishlarni bajargan. Maqola muallifi o‘z fikrini isbotlash maqsadida sobiq KGBda xizmat qilgan bir qancha agentlar fikrini keltiradi.
Shuningdek, jurnalda ko‘p yillar Sharqiy Germaniya xavfsizlik xizmati — «Shtazi»ga rahbarlik qilgan Markus Volf so‘zlaridan iqtibos keltiriladi. Volf 1985-1990 yillarda Drezden shahrida sovet razvedkasi uchun xizmat qilgan Putin katta ahamiyatli ishlar amalga oshirmaganini aytadi.
«Shtazi»ning sobiq rahbari o‘z so‘zining isboti sifatida Vladimir Putin besh yillik faoliyati davomida bor-yo‘g‘i bir marta «GDR milliy armiyasidagi xizmatlari uchun» bronza medali bilan taqdirlanganini ta’kidlaydi. Volfning aytishicha, bunday arzimas medal bilan taqdirlanmagan xodimning o‘zi qolmagan…
KGBning sobiq xodimi sifatida Drezdenda Putin bilan birgalikda xizmat qilgan Vladimir Usoltsovning aytishicha, ular asosiy vaqtlarini mantiqsiz hisobotlar tayyorlash bilan o‘tkazganlar. Vladimir Putin zimmasiga esa asosan xorijlik talabalardan Germaniya Federativ Respublikasida xizmat qiladigan josuslarni tayyorlash vazifasi yuklangan.
Putinning adashi bo‘lgan KGB agenti (V. Usoltsov)ning bildirishicha, Rossiyaning amaldagi rahbari o‘sha yillarda bor-yo‘g‘i ikkitagina talaba «ovlash»ga muvaffaq bo‘lgan. Xullas, Germaniya matbuotida so‘nggi vaqtlarda e’lon qilinayotgan turkum materiallar Vladimir Putinning shonli o‘tmishi xususidagi afsonalarni yo‘qqa chiqarayozdi.
E’tiborli tomoni, Putinning o‘zi Drezdendagi xizmat yillari haqida juda kam gapiradi. Balki shu boisdir, berkitishga urinilgan mavzuga kishilarning qiziqishi ham ortib bormoqda.Lekin Vladimir Putin Germaniyada qanday xizmat qilganidan, Drezdenda qanday ish bilan mashg‘ul bo‘lganidan qat’i nazar, besh yillik maxfiy xizmat jarayonida u nemis tilini mukammal o‘rgandi.
Bu esa uning davlat rahbari sifatidagi keng qamrovli faoliyatida qo‘l keldi. 2002 yilda Germaniya kantsleri Gerxardt Shreder bilan uchrashgan Vladimir Putin Federativ Respublika yetakchisi bilan tarjimonsiz so‘zlashdi, xalqaro ahamiyatiga molik siyosiy masalalarni shohidlarsiz hal qilishga muvaffaq bo‘ldi. Bu esa besh yil ichida qo‘lga kiritilgan bronza medaldan ham muhimroqdir.