Toshkentda atoqli ozarbayjon adibi Anorning “Men, sen, u va telefon” deb nomlangan kitobi chop etildi. To‘plamga muallifning sara hikoyalari, olam va odam haqidagi hikmatlari, shuningdek, taniqli insonlar, jumladan, Ozarboyjon milliy yetakchisi Haydar Aliyevning Anor ijodi xususidagi mulohazalari kiritilgan.
“Men, sen, u va telefon” kitobi Ozarboyjonning O‘zbekistondagi elchixonasi qoshidagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarboyjon madaniyat markazi tashabbusi va ko‘magida dunyo yuzini ko‘rgan. Markaz rahbari Samir Abbosov kitobga yozgan so‘zboshisida Anor o‘zbek o‘quvchilari orasida hurmat va muhabbat qozonganini ta’kidlagan, adib zamonaviy Ozarboyjon adabiyoti va san’atida muhim o‘rin tutishini qayd etgan.
To‘plam “Davr press” nashriyotida “Dunyo adabiyoti xazinasidan” turkumida chop etilgan. Ozarboyjon madaniyat markazi kitob O‘zbekistonning yetakchi kutubxonalari hamda ta’lim maskanlariga tarqatilishini ma’lum qilgan.
Anor Rasul o‘g‘li Rizoyev (Anar Rəsul oğlu Rzayev) 1938 yili Boku shahrida mashhur shoirlar Rasul Rizo va Nigor Rafibeyli xonadonida tavallud topgan. 1960 yili Ozarboyjon davlat universitetini, 1964 yili Moskvadagi Oliy stsenariynavislik kursini tamomlagan. Uzoq yillar matbuot va televideniye tizimida faoliyat yuritgan. 1987 yildan Ozarboyjon yozuvchilar birligi (AYB) raisi vazifasida faoliyat yuritib kelmoqda.
Adibning “Bayram hasratida” (1963), “Mulla Nasriddin-66” (1970), “Odamning odami” (1977), “Majol” (1973), “Icharishahar” (1978), “Sizni deb kelganman” (1984), “Dunyo bir derazadir” (1986), “Sizsiz” (1992), “Shaharning yoz kunlari” (1992), “Shahidlar dog‘i” (1995), “Ming besh yuz yillik O‘g‘uz she’riyati” (1999), “Oq qo‘chqor, qora qo‘chqor” (2003) kabi kitoblari nashr etilgan va dunyoning ko‘plab tillariga tarjima qilingan. Ijodkor “Har oqshom o‘n birda”, “Kun keldi”, “Taxmina” kabi filmlar uchun stsenariy ham yozgan.
Shu mavzudagi maqola:
Yunus O‘g‘uz: “Maqsadim – turkiylarning dunyo tamaddunidagi o‘rnini ko‘rsatish”. 16.11.2015