Germaniya Federativ Respublikasi va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasida diplomatik aloqalar o‘rnatilganligining 20 yilligi munosabati bilan Germaniyaning Toshkentdagi elchixonasi, Toshkentdagi Goethe instituti, Germaniya Xalq universitetlarining xalqaro hamkorlik bo‘yicha instituti (dvv international) hamda Xorijdagi maktablar bo‘yicha Germaniya Markaziy boshqarmasi vakolatxonasi (ZfA) hamkorligida “Farg‘ona vodiysidagi uchrashuvlar” loyihasi 28 aprel kuni Farg‘ona shahrida o‘z faoliyatini boshladi.
“Nemis klassiklarini tinglab” rukni ostida Farg‘ona shahridagi San’at kollejida kamer konserti uyushtirildi. Germaniyada istiqomat qiladigan dirijor va pianinochi Dezar Sulaymoniy hamda o‘zbekistonlik yosh musiqachilar ishtirokida o‘tgan kamer konsertida mashhur bastakorlar Volfgang Amadeus Motsart, Fransis Pulenk va Yohannes Brams asarlari ijro etildi. Konsertdan oldin qo‘shimcha tarzda Farg‘ona san’at kolleji o‘quvchilari uchun mahorat darslari ham o‘tkazildi.
Albaniyaning Shkodra shahrida tug‘ilgan pianinochi va dirijor Dezar Sulaymoniy (Desar Sulejmani) 2006 yildan boshlab Germaniyaning Dyusseldorf shahridagi Haynrih Hayne nomidagi simfonik orkestrga dirijorlik qilib kelmoqda. U o‘z yo‘nalishida xalqaro doiradagi konsertlarda muntazam ishtirok etib kelmoqda.
– O‘zbekistonga ikkinchi bor, Farg‘onaga birinchi bor kelishim – deydi Sulaymoniy – 2010 yil dekabrida O‘zbekiston Milliy simfonik orkestri bilan hamkorlikda Toshkentda ilk konsertimni bergan edim. Shu yilning 26-aprelida O‘zbekiston davlat konservatoriyasida konsert berdik. Meni O‘zbekistonga bog‘liqligim uzoq yillarga taqaladi. Mening otam Toshkentda o‘qigan. Bizga bu yurt madaniyati, odamlari haqida gapirib bergan. Menga bu yurtda konsert berish, shu dargohning talabalariga mahorat darsi o‘tish imkoni berilganidan baxtliman. Menga bu yurtning odamlari judayam yoqdi. Bu yerda men judayam talantli yoshlarni kashf etdim.
Farg‘ona San’at kollejida o‘tkazilgan kamer konserti o‘tkazilgan koshona muxlislar bilan to‘ldi. Ba’zilar tikka turgan holatda ham konsertdan bahramand bo‘ldilar. Kollej direktorining ta’kidlashicha, ushbu konsertga nafaqat Farg‘ona shahridan, balki atrofdagi tuman va shaharlardan ham san’at muxlislari tashrif buyurishdi. Konsert so‘nggida janob Sulaymoniy o‘ziga sovg‘a qilingan o‘zbekona zarhal to‘nni kiyib chiqdi-da, muxlislarga o‘z minnatdorligini izhor etarkan:
– Men san’atni qadrlaydigan Sizlardek muxlislar oldida milliy kiyimingizda yana bir kuyni ijro etib berishni istadim. Sizlarda ushbu to‘nni to‘ylarda kiyishadi. Men ham Siz azizlarga ana shunday tantanavor, nemis bastakori Sezar der Hundning “Tango” nomli kuyini chalib bermoqchiman, – dedi.
Konsert yakuni gullar va uzundan-uzoq dastxat olish navbatiga ulanib ketdi. Dezar Sulaymoniydan kelgusidagi rejalari haqida so‘raganimda u: “O‘zbekistonga yana ko‘p bor tashrif buyurish, konsert dasturlarini taqdim etish mening eng katta orzularimdan biridir” – deb javob berdi.
“Farg‘ona vodiysidagi uchrashuvlar” loyihasidan 29 aprel kuni Andijon viloyat drama va komediya teatrida Dezar Sulaymoniy va o‘zbekistonlik yosh musiqachilar kamer konserti hamda mahorat darslari, 1-may kuni Marg‘ilon shahridagi 6-maktabda nemis tilida spektakl, 2 may kuni Farg‘ona shahridagi “Neftchi” futbol klubi qoshidagi bolalar va o‘smirlar sport maktabida vodiydagi nemis tili chet tili sifatida o‘rgatiladigan maktab va litseylarning o‘quvchilari o‘rtasidagi turnir, 3 may kuni “Vidergeburt” nemis madaniyati markazida ochiq eshiklar kuni, shu kuni adabiy kecha hamda “Fridrix Shiller – mutafakkir, shoir va dramaturg” deb nomlangan ko‘rgazma, 4-5 may kunlari Farg‘ona shahridagi 10-sonli maktab o‘quvchilari ishtirokida musiqiy spektakl kabi madaniy dasturlar o‘rin olgan.