Ozarboyjon Tashqi ishlar vazirligi qo‘shni Armaniston tomonidan sodir etilayotgan provokatsiyalar ko‘payib borayotgani xususida bayonot berdi. Bu esa tinchlik yo‘lidagi muzokaralarni boshi berk ko‘chaga kiritishi mumkin, deb hisoblaydi rasmiy Boku.
“2016 yil 29 dekabr kuni Armaniston Qurolli kuchlari razvedka guruhi Armaniston-Ozarboyjon davlat chegarasini buzib, navbatdagi diversiyani amalga oshirdi. Armaniston tomonining provokatsiyasi bartaraf etildi, Armaniston Qurolli kuchlari razvedka guruhi jonli talafot ko‘rgan holda chekinishga majbur bo‘ldi. Dushman hujumini qaytarish chog‘i Ozarboyjon Qurolli kuchlari harbiy xizmatchisi Gurbanov Chingiz Salmon o‘g‘li halok bo‘ldi”, – deyiladi Ozarboyjon Tashqi ishlar vazirligi bayonotida.
Qayd etilishicha, Chingiz Gurbanovning jasadi Armaniston tomonida qolib ketgan. Armaniston dastlab mazkur faktni rad etgan, keyin esa harbiy xizmatchi davlat chegarasini buzganini aytgan.
Rasmiy Bokuga ko‘ra, 2016 yil aprelda halok bo‘lgan Ozarboyjon harbiy xizmatchilari, masalan, Muboriz Ibrohimovning jasadida qiynoq alomatlari kuzatilgan.
“Armaniston Respublikasi xalqaro gumanitar huquqni pisand qilmay, harbiy operatsiyalarda halok bo‘lganlarning jasadini tahqirlamoqda va jasadlarni qaytarish masalasini siyosiy savdolashuvga aylantirmoqda. Umid qilamizki, xalqaro tuzilmalar, xususan, gumanizm va shafqat tamoyillariga tayanuvchi Xalqaro Qizil xoch qo‘mitasi harbiy xizmatchi Chingiz Gurbanovning jasadini Ozarboyjonga qaytarish bo‘yicha kerakli choralarini ko‘radi”, – deyiladi Ozarboyjon bayonotida.
Ozarboyjon tashqi siyosat mahkamasiga ko‘ra, Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti Bosh kotibi Nikolay Bordyuja mazkur holat bo‘yicha noxolis bayonot bergan.
“Ozarboyjonning bosib olingan hududida tuzilgan noqonuniy tuzilmani “Tog‘li Qorabog‘ respublikasi” deb atagan Bordyuja Ozarboyjonning xalqaro miqyosda tan olingan davlat chegarasi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini shubha ostiga qo‘yishga urindi”, – deyiladi bayonotda.
Ta’kidlanishicha, KXShT Bosh kotibining mazkur bayonoti Tog‘li Qorabog‘ ziddiyatini bartaraf etish yo‘lida YeXHT Minsk guruhi vositachiligida olib borilayotgan muzokaralarni yo‘qqa chiqaradi.
“Biz N.Bordyujaning mas’uliyatsizlarcha bergan bayonotini rad etamiz va tashkilotga a’zo mamlakatlar ushbu bayonotga o‘z bahosini berishiga umid qilamiz”, – deb hisoblaydi Ozarboyjon tomoni.
Eslatib o‘tamiz, rasmiy Boku Tog‘li Qorabog‘ va unga tutash 7 ta tuman (Ozarbayjon hududining 20 foizi) 1989-1993 yillarda Armaniston qurolli kuchlari tomonidan bosib olingan deb hisoblaydi hamda qo‘shni davlat harbiylari okkupatsiya qilingan hududdan chiqishi lozimligini talab qiladi. Armaniston esa tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ respublikasi manfaatlarini himoya qilib keladi.
Garchi 1994 yilda kelishuv imzolangan bo‘lsa-da, to‘qnashuvlar ro‘y berib turadi. Tahlilchilar tinchlik kelishuvi juda mo‘rt ekani va istalgan payt to‘qnashuv ro‘y berishi mumkinligidan xavotir bildiradi.
Rasmiy Bokuga ko‘ra, Tog‘li Qorabog‘ muammosi BMT Xavfsizlik Kengashi 1993 yil 30 aprel, 1993 yil 29 iyul va 1993 yil 14 oktyabrda qabul qilgan rezolyutsiyalar asosida tinch yo‘l bilan hal qilinishi lozim.
Sobir Salim