O‘zbekistondagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon madaniyat markazi tashabbusi bilan yosh ozarbayjon shoiri Fuad Ja’farlining “Qayg‘u surati” (Kədərin şəkli) deb nomlangan she’riy to‘plami o‘zbek tilida chop etildi. She’rlar Shohista Komronli tomonidan tarjima qilingan. Bu haqda Ozarbayjon davlat axborot agentligi xabar beradi.
Kitobga O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi o‘rinbosari, shoir G‘ayrat Majid so‘zboshi yozgan. Muallif debochada ozarbayjon she’riyatining yosh namoyandalaridan biri Fuad Ja’farlining o‘ziga xos ijodiy uslubi borligini ta’kidlab, uning o‘zbek tilida ilk bor nashr etilgan nazmiy kitobi adabiyoshunoslar va she’riyat ixlosmandlari tomonidan qiziqish bilan kutib olinishiga ishonch bildirgan.
Shoir Fuad Ja’farli avvalroq “Modern.az” nashriga bergan intervyusida o‘zbek kitobxonlari bilan g‘oyibona uchrashuvni intiqlik bilan kutayotganini ma’lum qilgan edi.
“O‘zbek adabiy muhiti, o‘zbek kitobxoni bilan uchrashuvimiz barchamiz uchun qiziqarli bo‘ladi, deb o‘ylayman. To‘g‘ri, she’rlarim avval ham o‘zbek tiliga o‘girilgan. Endi adabiy aloqalarimiz yangi bosqichga chiqishiga ishonchim komil”, – degan yosh shoir.
Xabarlarga ko‘ra, yangi tarjima nashr O‘zbekiston kutubxonalariga sovg‘a qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, Fuad Ja’farli Ozarbayjon prezidenti tomonidan stipendiya bilan taqdirlangan. U Ozarbayjon Yozuvchilar uyushmasi Yoshlar kengashi a’zosi, Butunjahon yosh turk yozuvchilari ittifoqi maslahatchisidir. Yosh qalashkashning she’rlari turk, ingliz, rus, ispan, fors tillariga ham tarjima qilingan.