Ozarbayjon Armanistonni xalqaro huquq me’yorlarini buzishda aybladi. Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirligi tarqatgan bayonotga ko‘ra, xalqaro hamjamiyat Armanistonning Tog‘li Qorabog‘dagi xatti-harakatini qoralashi lozim.
“Ozarbayjon Tog‘li Qorabog‘ida va unga tutash tumanlarda davom etayotgan harbiy to‘qnashuv Ozarbayjon hududining beshdan bir qismi okkupatsiya qilinishi hamda mamlakatda har to‘qqiz kishidan birining qochqinga aylanishi yoki majburiy ko‘chishiga olib keldi. Armaniston Ozarbayjonga qarshi urush boshlagani, kuch ishlatib bosib olgani, shuningdek, ommaviy etnik tozalash va og‘ir harbiy jinoyatlar sodir etgani uchun javob berishi kerak”, – deyiladi bayonotda.
Tashqi ishlar vazirligiga ko‘ra, ziddiyat faqat xalqaro miqyosda tan olingan chegaralar hamda Ozarbayjonning hududiy yaxlitligi va suvereniteti tamoyili asosida hal etilishi mumkin.
“Xalqaro hamjamiyat Ozarbayjonga qarshi harbiy kuch qo‘llanilgani hamda uning hududi bosib olinganini BMT Xavfsizlik Kengashi tomonidan qabul qilingan, Ozarbayjon suvereniteti va hududiy yaxlitligi hamda umum e’tirof etilgan chegaralar daxlsizligi ma’qullangan rezolyutsiyalarda qat’iy tarzda qoralagan. Ushbu rezolyutsiyalarda BMT Xavfsizlik Kengashi Tog‘li Qorabog‘ni Ozarbayjonning ajralmas qismi deb tan olgan hamda Armanistondan bosib olingan hududdan qo‘shinini to‘la va so‘zsiz olib chiqishni talab etgan”, – deyiladi bayonotda.
Bayonotga ko‘ra, Armaniston xalqaro hamjamiyat nuqtai nazariga befarqlik bilan bosib olingan hududda harbiy mavqeini mustahkamlashga urinmoqda, uyini tashlab chiqqan minglab aholining vataniga qaytishiga to‘sqinlik qilmoqda.
1988 yili Tog‘li Qorabog‘ Ozarbayjon tarkibidan chiqish haqida bayonot bergach, bir necha yil davomida harbiy to‘qnashuvlar davom etgan. 1994 yil may oyida tomonlar o‘t ochishni to‘xtash borasida kelishuvga erishgan. Ikki davlat o‘shandan buyon YeXHTning Minsk guruhi va Rossiya, Frantsiya, Germaniya hamda AQSh ishtirokida muammo yechimi borasida muzokaralar yuritib kelmoqda.
Rasmiy Boku Tog‘li Qorabog‘ va unga tutash 7 ta tuman (Ozarbayjon hududining 20 foizi) Armaniston qurolli kuchlari tomonidan bosib olingan deb hisoblaydi hamda qo‘shni davlat harbiylari okkupatsiya qilingan hududdan chiqishi lozimligini talab qiladi. Armaniston esa tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ respublikasi manfaatlarini himoya qilib keladi.
Garchi 1994 yilda kelishuv imzolangan bo‘lsa-da, to‘qnashuvlar ro‘y berib turadi. Xususan, joriy yil 2 aprelda yana harbiy to‘qnashuv kuzatildi. Ozarbayjon tomoni Armanistonning hujumiga javoban harbiy operatsiya o‘tkazgani va raqibning 370 nafar harbiy xizmatchisi, 12 tanki, 12 bronetexnikasi va 15 ta artilleriya qurilmasini yo‘q qilganini ma’lum qilgan.
5 aprel kuni tomonlar o‘t ochishni bas qilishga kelishgan va harbiy harakatlar to‘xtatilgan. Ammo hamon kelishuv shartlari buzilayotgani haqida xabarlar mavjud.
Ozarbayjon Mudofaa vazirligiga ko‘ra, Armaniston 120 marta kelishuvni buzgan va bunga javoban Ozarbayjon 121 ta qurolli javob qaytargan.
O‘z navbatida, tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ respublikasi mudofaa vazirligi bitimni Ozarbayjon buzganini iddao qilgan.
Tahlilchilar tinchlik kelishuvi juda mo‘rt ekani va istalgan payt to‘qnashuv ro‘y berishi mumkinligidan xavotir bildirgan.
Ozarbayjon Tog‘li Qorabog‘ o‘z hududi ekanini ta’kidlab keladi. Rasmiy Bokuga ko‘ra, Tog‘li Qorabog‘ muammosi BMT Xavfsizlik Kengashi 1993 yil 30 aprel, 1993 yil 29 iyul va 1993 yil 14 oktyabrda qabul qilgan rezolyutsiyalar asosida tinch yo‘l bilan hal qilinishi lozim.
Cobir Salim