Muhammad Said Muhammad al-Lavatiy: “Olis O‘mon – O‘zbekistonning yaqin hamkori”

Arabiston yarimorolining janubi-sharqida joylashgan O‘mon davlatida azaldan savdo-sotiq va hunarmandchilik taraqqiy etgan, madaniyat va san’at nash’u namo topgan. Tarixan Buyuk ipak yo‘lida joylashgan mamlakat XXI asrda dunyo davlatlari, shu jumladan, O‘zbekiston bilan hamkorlikni rivojlantirishga intilmoqda. 18 noyabr – O‘mon Sultonligining milliy bayrami arafasida ushbu mamlakatning yurtimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Muhammad Said Muhammad al-Lavatiy bilan suhbatlashdik.

 

– Elchi janoblari, avvalo, mamlakatingiz hayotidagi muhim sana – milliy bayram bilan samimiy qutlaymiz.

– Tashakkur! Bu yilgi bayram biz uchun g‘oyat qadrli. Chunki biz O‘mon Sultoni Qobus bin Sa’id a’lohazratlarining tavallud kunini hamda u zotning Germaniyada uzoq muddat davolanib, vatanga sog‘-salomat qaytganini bayram qilmoqdamiz. Ya’ni bu O‘mon xalqi uchun qo‘shaloq bayramdir.

– Joriy yil 15 sentyabr kuni savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston–O‘mon hukumatlararo komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Hukumatlararo yig‘ilish yakunlari, umuman, ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikning hozirgi holati xususida so‘zlab bersangiz.

– Hukumatlararo komissiya majlisida savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni yanada rivojlantirishning istiqbolli yo‘nalishlari haqida so‘z yuritildi. Xususan, savdo, sarmoya, bank-moliya, transport va transport kommunikatsiyalari, fan va madaniyat, logistika, sayyohlik, oziq-ovqat sanoati kabi sohalardagi aloqalarni yanada kengaytirish, o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini ko‘paytirish masalalari muhokama qilindi.  Qolaversa, O‘mon Tashqi ishlar vazirligi bosh kotibi Said Badr bin Hamad al-Busaidiy boshchiligidagi delegatsiyaning O‘zbekistonga tashrifi doirasida Tashqi ishlar vazirliklari siyosiy maslahatlashuvlari ham bo‘lib o‘tdi.

Hamkorligimiz turli jabhalarda, jumladan, savdo-iqtisodiy yo‘nalishda izchil rivojlanmoqda. O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov janobi oliylarining O‘monga 2009 yil oktyabrdagi tashrifidan keyin qo‘shma investitsiyaviy fond ta’sis etilgan edi. Ayni paytda 100 million AQSh dollarilik kapitalga ega fond O‘mon sarmoyalarini O‘zbekistonga jalb etish choralarini ko‘rmoqda. Demak, O‘mon sarmoyasi miqdori bundan-da oshishiga umid qilish mumkin.

Lekin o‘zaro tovar ayriboshlash ko‘rsatkichi ko‘ngildagidek emas. Negaki, ikki davlat o‘rtasida o‘zaro transport qatnovi yaxshi yo‘lga qo‘yilmagan. Xabaringiz bor, 2011 yilda O‘zbekiston–Turkmaniston–Eron–O‘mon temir yo‘l koridorini ishga tushirish bo‘yicha bitim imzolangan. Ayni paytda loyiha ishtirokchilari tranzit tariflarini kamaytirish bo‘yicha muzokara olib bormoqda. Ushbu loyiha Markaziy Osiyo, Yaqin va O‘rta Sharq mamlakatlari, jumladan, O‘zbekiston bilan O‘mon o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada kengaytirishga xizmat qiladi.

O‘zbekiston Prezidentining O‘mon Sultonligiga tashrifi payti Toshkent va Masqatda elchixonalar ochishga kelishib olingan edi. Kelishuvga muvofiq, biz O‘zbekiston poytaxtida elchixona ochdik. Ayni paytda biz O‘zbekiston tomonidan shunday qadam qo‘yilishini kutib turibmiz. Umid qilamizki, O‘zbekiston ham yaqin muddatda va’dasi ustidan chiqadi.

– Keyingi yillarda madaniy-gumanitar aloqalar ham jonlandi. 2008-2013 yillarda O‘zbekistonga O‘mon Ta’lim vaziri Yahyo bin Saud al-Sulaymiy, Oliy ta’lim vaziri Roviya bint Saud al-Busaidiya tashrif buyurgani ham fikrimizni tasdiqlaydi. Qolaversa, O‘mon Sultonligi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharq qo‘lyozmalari markazi kutubxonasi binosi qurilishida ham ishtirok etmoqda. Mazkur inshoot qurilishi qachon yakunlanadi?

– O‘zaro shartnomaga muvofiq, Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharq qo‘lyozmalari markazi kutubxonasi binosini qurish harakatlari boshlab yuborilgan. Bu maqsadda Sulton a’lohazratlari tomonidan 20 million AQSh dollaridan ko‘proq grant ajratilgan. Kutubxona binosi kelgusi yil ochilishi rejalashtirilgan. Ushbu ma’naviyat va ma’rifat maskani xalqlarimiz do‘stligi ramzi bo‘lishiga ishonchim komil.

Madaniy-gumanitar sohada aloqalar xususida so‘z borarkan, 2014 yil sentyabrda Toshkentda “Olis va yaqin O‘mon” nomli ko‘rgazma tashkil etganimiz va ushbu tadbir O‘zbekistonda katta qiziqish uyg‘otganini ta’kidlashni istardim. Bundan tashqari, o‘tgan yili O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi jurnalistlarining O‘monga safarini tashkillashtirdik. Telejurnalistlar mamlakatimiz haqida hujjatli film suratga olishdi.

Ayni paytda esa Sulton Qobus a’lohazratlariga bag‘ishlangan “Taxtdagi islohotchi” nomli kitob arab tilidan o‘zbek tiliga tarjima qilinmoqda. Dunyoning bir necha tiliga tarjima qilingan ushbu asar o‘zbek kitobxonlariga ham ma’qul bo‘ladi degan umiddaman.

– O‘monda 1994 yili mintaqa davlatlari orasida birinchi bo‘lib xotin-qizlarga saylash va saylanish huquqi berilgan edi. Mamlakat hukumati va qonun chiqaruvchi idorasida ham ayollar faoliyat yuritib kelmoqda. Joriy yil 25 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan O‘mon parlamentining quyi palatasi – Maslahat Kengashiga (Majlis al-Sho‘ro) saylov natijalari xususida ma’lumot bersangiz. Parlamentning yangi tarkibida ham ayol deputatlar bormi?

– Parlamentning quyi palatasi saylovi tashkiliy jihatdan yuqori saviyada o‘tdi. Muhim siyosiy tadbirda elektorat – saylovchilar ham faol ishtirok etdi. Deputatlik uchun 20 nafar ayol kurashgan bo‘lsa, ulardan bittasi Maslahat Kengashi a’zoligiga saylandi. Bu galgi saylovda ijtimoiy kelib chiqishi va mavqeidan qat’i nazar barcha nomzodlar iqtidori va salohiyatiga ko‘ra munosib ovoz oldi. Buning tasdig‘i shuki, 25 oktyabr kungi saylovda taksi haydovchisi ham elektoratning ko‘pchilik ovozini olib, deputatlik mandatiga ega bo‘ldi. Yana bir e’tiborga molik jihat shundan iboratki, Maslahat Kengashi raisi ikkinchi bor deputatlarning maxfiy ovoz berishi orqali saylandi. Avvallari parlament quyi palatasi rahbari Sulton a’lohazratlari tomonidan tayinlanar edi. Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, Maslahat Kengashi deputatlari 21 yoshga to‘lgan, saylash huquqiga ega fuqarolar tomonidan mamlakatimizning turli viloyatlari vakillari orasidan 4 yil muddatga saylanadi. Darvoqe, yaqin muddatda O‘mon parlamentining yuqori palatasi – Davlat Kengashi tarkibi ham shakllantiriladi.

– So‘nggi yillarda O‘mon mintaqadagi dolzarb masalalarni hal etishda muntazam ishtirok etmoqda. Rasmiy Masqat Eron va G‘arb davlatlari o‘rtasida kelishuvga erishishda faollik ko‘rsatdi. Dunyoning og‘riqli muammosi bo‘lib turgan Suriya va Yaman masalasida ham O‘mon o‘z vositachiligini taklif etmoqda. Mamlakatingiz ushbu ikki ixtilofni bartaraf etishda qaysi yo‘lni yoqlaydi?

– O‘monning siyosati o‘tmishda ham, bugun ham turli davlatlar bilan o‘zaro hurmat, ichki ishlarga aralashmaslik, yaxshi qo‘shnilik munosabatlarini qadrlash, kelishmovchilik va nizolarni muzokara yo‘li bilan hal etishga qaratilgan. Sultonlikning kuchiga kuch, quvvatiga quvvat qo‘shadigan yana bir jihat shuki, O‘mon bilan boshqa biror davlat o‘rtasida nizo yoki kelishmovchilik mavjud emas. Shu bois qo‘shni davlatlar hamda xalqaro hamjamiyati dolzarb muzokaralarda O‘monga ishonch bildirmoqda. To‘g‘ri ta’kidlaganingizdek, mamlakatimiz Eron masalasi bo‘yicha 5+1 formatida kelishuvga erishishda katta hissa qo‘shdi.

O‘mon Suriyadagi ziddiyatni muzokaralar yo‘li bilan hal etish yo‘lida jonbozlik ko‘rsatmoqda. Mamlakatimiz ushbu ixtilofning dastlabki bosqichidayoq Suriyaning Arab davlatlari ligasidan chetlatilishi xato ekanini ta’kidlagan edi. Joriy yil oktyabrda O‘mon Tashqi ishlarga mas’ul vaziri Yusuf bin Alaviy Damashqda Suriya yetakchisi Bashar Asad bilan uchrashdi. Avvalroq Masqatga Suriya Tashqi ishlar vaziri Valid Muallim hamda muxolifat vakillari keldi. Ya’ni biz bir paytning o‘zida Suriya rahbariyati hamda unga muxolif kuchlar bilan ziddiyatni tinch yo‘l bilan hal etish borasida muzokaralar olib bormoqdamiz.

O‘mon rahbariyati yaqin qo‘shni bo‘lgan Yamanda tinchlik o‘rnatish borasida ham faol harakat qilib kelmoqda. Biz ayrim qo‘shni davlatlarning Yamanda qurolli harakat amalga oshirganini yoqlamaymiz. O‘mon tarixga Yamanga qurolli hamla uyushtirgan mamlakat sifatida kirishni istamaydi. Sultonlik tomonlarni ziddiyatni diplomatiya yo‘li bilan hal etishga chaqiradi va bu borada qo‘lidan kelgan chora-tadbirlarni amalga oshiradi. Ushbu jarayonda BMT ham amaliy natijalarga erishadi degan umiddaman.

– O‘mon mintaqaning tez sur’atda rivojlanayotgan mamlakatlari sirasiga kiradi. Ayni paytda mamlakatingiz energiya resurslari eksporti bilan cheklanib qolmay, iqtisodiyotni diversifikatsiyalashga intilmoqda. Ayting-chi, iqtisodiy taraqqiyotini ta’min etgan asosiy omillar nimalardan iborat?

– Barqarorlik va millatlarning totuvligi iqtisodiy taraqqiyot hamda farovonlikning birlamchi omili sanaladi. Ko‘plab davlatlarda mazhablar, e’tiqodlar kurashi kechayotgan bir pallada, Allohga shukrlar bo‘lsinki, O‘mon xalqi ahil-inoq umrguzaronlik qilib kelmoqda. Turli din, turli e’tiqodga mansub aholi Sulton Qobus a’lohazratlari rahbarligida bir yoqadan bosh chiqirib, obod va farovon turmush yo‘lida mehnat qilib kelmoqda. Besh yillik rejalar asosida rivojlanayotgan O‘mon iqtisodiyotining o‘rtacha o‘sishi 6,5 foizdan yuqori bo‘lib kelmoqda. Bu esa Jahon banki hamda Xalqaro valyuta jamg‘armasi tomonidan yuqori baholanmoqda. 2020 yilga qadar mo‘ljallangan uzoq muddatli rivojlanish strategiyasiga ko‘ra, iqtisodiy o‘sish sur’ati yanada yuksaladi. Albatta, jahon bozorida neft narxining pasayishi iqtisodiyotni diversifikatsiyalash bo‘yicha ayrim loyihalarimizni cheklab qo‘ydi. Shunga qaramay, boshqa tarmoqlar, xususan, turizmni rivojlantirishga katta ahamiyat berilmoqda.

– O‘zbekistonda elchi sifatida faoliyat yuritayotganingizga ham uch yil bo‘ldi. Xorijlik diplomatning yurtimiz haqidagi mulohazalari o‘quvchilarimizni qiziqtirishi tabiiy.

– Kasbim taqozosiga ko‘ra, dunyoning talay mamlakatida bo‘lganman. Ammo faoliyatim davomida o‘zbeklar kabi mehmondo‘st, ochiqko‘ngil va xayrixoh millatni ko‘rmaganman. O‘mon va O‘zbekiston xalqining mushtarak fazilatlari ko‘p. Ikki xalq ham qadim tarix va boy madaniyatga ega. Qolaversa, ikki birodar xalqni mushtarak din, urf-odat, an’ana va ma’naviy meros bog‘lab turadi. Shu bois ham O‘zbekiston menga ikkinchi vatan bo‘lib qoldi. Ta’bir joiz bo‘lsa, umrimning eng go‘zal onlari shu diyorda o‘tmoqda. Fursatdan foydalanib, birodar o‘zbek xalqiga osoyishtalik va farovonlik tilab qolaman.

Sobir Salim suhbatlashdi