Ozarboyjon okkupatsiyaga chek qo‘yadi va bosib olingan hududlarini qaytarib oladi. Trend agentligi xabariga ko‘ra, bu haqda Ozarboyjon Prezidenti Ilhom Aliyev 12 noyabr kuni Fuzuliy tumanida harbiy o‘quv yurtlari kursantlari bilan uchrashuvda so‘zlagan.
“Ushbu hudud bosib olingan edi. 1994 yilda Ozarboyjon armiyasining muvaffaqiyatli harbiy operatsiyasidan keyin ushbu hudud va Fuzuliy tumaniga qarashli boshqa yerlar ozod etildi. Ayni vaqtda mazkur hududda yangi binolar qurilmoqda, turarjoylar qad rostlamoqda, jadal taraqqiyot esa mamlakatimiz qudratiga shohidlik beradi”, – degan Ilhom Aliyev.
Ozarboyjon yetakchisi joriy yil aprelda bosib olingan mintaqadagi 2000 gektardan ziyod yerning ozod etilganini milliy armiyaning tarixiy g‘alabasi deb atagan.
“Fuzuliy tumanidagi Leletepa tepaligini bosqinchilardan tozalash amaliyoti tariximizning yorqin sahifasi sanaladi. Biz armiyamiz bilan faxrlanamiz. Shahidlarimiz vatan uchun jonini fido qildi. Biz okkupatsiyaga chek qo‘yishimiz kerak va ana shunday qilamiz ham”, – degan Ozarboyjon Prezidenti.
Qayd etilishicha, aprel janglari harbiy darsliklarga kiritilishi lozim.
“Armaniston uzoq yillar o‘z armiyasi haqida asotir va yolg‘onlar to‘qib keldi. Go‘yoki ularning armiyasi yengilmas emish. Aprel janglari qaysi armiya muzaffar ekanini ko‘rsatdi. Ozarboyjon armiyasi aslo yengilmaydi. Ozarboyjon armiyasi har qanday vazifani ado eta oladi. Tog‘li Qorabog‘ning bosib olingan yerlaridagi barcha harbiy nishonlarni yo‘q qilishga qurbimiz yetadi”, – degan Ilhom Aliyev.
Ta’kidlanishicha, mamlakat harbiy qudrati kun sayin oshmoqda va Ozarboyjon armiyasi dunyoning kuchli armiyalari safida turadi. Harbiylardagi vatanparvarlik ruhi esa armiya qudratiga qudrat qo‘shmoqda.
“Ozarboyjonning har bir fuqarosi, har bir yosh vatanparvar bo‘lishi, kindik qoni to‘kilgan zaminni sevishi va ona yurt deya qahramonlik ko‘rsatishi lozim. Bizning armiya, bizning harbiy xizmatchilarimiz aynan shunday sifatga ega”, – degan Ozarboyjon yetakchisi.
Ilhom Aliyevga ko‘ra, Ozarboyjon o‘z hududiy yaxlitligini tiklashi va tarixiy yerlarini qaytarib olishi lozim.
Eslatib o‘tamiz, rasmiy Boku Tog‘li Qorabog‘ va unga tutash 7 ta tuman (Ozarbayjon hududining 20 foizi) 1989-1993 yillarda Armaniston qurolli kuchlari tomonidan bosib olingan deb hisoblaydi hamda qo‘shni davlat harbiylari okkupatsiya qilingan hududdan chiqishi lozimligini talab qiladi. Armaniston esa tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ respublikasi manfaatlarini himoya qilib keladi.
Garchi 1994 yilda kelishuv imzolangan bo‘lsa-da, to‘qnashuvlar ro‘y berib turadi. Tahlilchilar tinchlik kelishuvi juda mo‘rt ekani va istalgan payt to‘qnashuv ro‘y berishi mumkinligidan xavotir bildiradi.
Rasmiy Bokuga ko‘ra, Tog‘li Qorabog‘ muammosi BMT Xavfsizlik Kengashi 1993 yil 30 aprel, 1993 yil 29 iyul va 1993 yil 14 oktyabrda qabul qilgan rezolyutsiyalar asosida tinch yo‘l bilan hal qilinishi lozim.
Sobir Salim