Foto: Oliy Majlis Senati matbuot xizmati
So‘nggi besh yil ichida Eron va O‘zbekiston o‘rtasida barcha sohalardagi aloqalar izchil rivojlanmoqda. Bu haqda Eronning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi, siyosiy fanlar doktori Hamid Nayyirobodiyning “Dunyo” axborot agentligiga bergan intervyusida so‘z boradi. Diplomat bilan suhbat 11 fevral – Eron milliy bayrami arafasida tashkil etilgan.
“Eron va O‘zbekiston o‘rtasidagi tarixiy-madaniy mushtarakliklar uzoq tarixga ega. Davlatlarimiz iqtisodiyoti bir-birini to‘ldiruvchi bo‘la oladi. Ikki mamlakat xalqlarining dini bir, madaniyatlarimiz ham o‘xshash. Bundan tashqari, Eron va O‘zbekiston yetakchilarida ikki davlat munosabatlari darajasini ko‘tarishga bo‘lgan kuchli iroda va intilish mavjud. Bularning barchasi mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlovchi va yanada rivojlantiruvchi muhim omillar hisoblanadi”, – deydi elchi Hamid Nayyirobodiy.
Qayd etilishicha, ikki davlat o‘rtasida turli darajalardagi uchrashuvlar va muloqotlar davom etmoqda. Xususan, mamlakatlar rahbarlari va vazirlar darajasidagi uchrashuvlar hamda muloqotlar hatto koronavirus pandemiyasi davrida ham to‘xtab qolmadi.
Tahlillarga ko‘ra, 2021 yil Eron va O‘zbekiston o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi o‘tgan yilga nisbatan 75 foizga o‘sib, 430 million dollarni tashkil etdi.
“Albatta, bu ko‘rsatkich ikki tomonni ham qoniqtirmaydi. Ushbu yo‘nalishdagi ishlarni yanada jadallashtirish orqali savdo aloqalarini yanada mustahkamlash bo‘yicha aniq rejalar ishlab chiqilgan. Eng asosiysi, Eron va O‘zbekiston ishbilarmonlarida o‘zaro hamkorlikda loyihalarni amalga oshirishga katta qiziqish mavjud”, – deydi elchi.
Eron–O‘zbekiston iqtisodiy munosabatlarini rivojlantirish bo‘yicha bir necha “yo‘l xaritasi” tayyorlandi. Joriy yil fevral oyida esa Tehronda savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyaning o‘n to‘rtinchi majlisi bo‘lib o‘tishi kutilmoqda. Uning doirasida ikki mamlakatning turli sohalardagi aloqalarini rivojlantirish bo‘yicha muhim hujjatlar imzolanishi ko‘zda tutilgan.
“Transport va tranzit aloqalarni rivojlantirish – oldimizdagi muhim vazifalardan biridir. Ochiq dengiz va okeanlarga chiqish imkoniyatiga ega bo‘lmagan O‘zbekiston Eron portlari strategik ahamiyatga ega bo‘lishi mumkin. Bu maqsadga erishish uchun Eron yo‘nalishi eng yaxshi, eng xavfsiz, eng qisqa va eng arzon yo‘nalishdir. O‘zbekiston tez orada tegishli temir yo‘l infratuzilmasini takomillashtirish orqali Eron yo‘nalishi orqali Fors ko‘rfazi va ochiq dengizga osonlik bilan chiqish imkoniyatini qo‘lga kiritadi, deb umid qilaman”, – deydi Eron elchisi.
Ta’kidlanishicha, Ashxobod bitimi, Termiz – Mozori sharif – Hirot – Chobahor temiryo‘l tarmog‘ini qurish loyihasi va “Shimol–Janub” koridori tomonlar o‘rtasidagi hamkorlik uchun tranzit sohasidagi muhim formatlardan va mintaqaviy mexanizmlardan biridir.
Diplomatning ma’lum qilishicha, hozirda fuqarolar uchun viza rasmiylashtirish tartibini yengillashtirilishi borasida ham muzokara kechmoqda.
“Bu, o‘z navbatida, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi transport qatnovlarining miqdorini oshirish, ziyorat turizmi yo‘nalishi bo‘yicha keladigan sayyohlar oqimini faollashtirish, eng muhimi xalqlarimiz farovonligini ta’minlashga xizmat qiladi. Shuningdek, Eron va O‘zbekiston savdo-iqtisodiy aloqalari ikki tomon ehtiyojlari va o‘zaro taqdim qilinadigan imtiyozlar tamoyili asosida “sakrash”ga erishib, yiliga ikki milliard yevro miqdoriga yetishi mumkin”, – deb ta’kidlaydi elchi Hamid Nayyirobodiy.
Diplomat, shuningdek, Eron Islom Respublikasi tamal toshi qo‘yilgan 1979 yilgi inqilobning tarixiy ahamiyatiga ham to‘xtalgan.
“Eron xalqi 1979 yil 11 fevral kuni inqilob sababli mustaqillik, ozodlik va hurriyatga erishdi. Ko‘pchilik tahlilchilar va tadqiqotchilarning fikricha, ushbu inqilob mamlakatning qaramlikdan xalos bo‘lishiga hamda tashqi siyosatda mustaqillikka erishishiga olib keldi”, – deydi u.
Qayd etilishicha, o‘sha tarixiy voqeadan keyingi o‘tgan qirq uch yil davomida mamlakat siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va ilmiy sohalarga katta natija va yutuqlarga erishdi.
Eslatib o‘tamiz, Eron Islom Respublikasining O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Hamid Nayyirobodiy 2021 yil 15 yanvar kuni Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva bilan uchrashuvda ham siyosiy, savdo-iqtisodiy, sarmoya va turizm, madaniy-gumanitar sohalarda o‘zaro robitalarni yangi bosqichga ko‘tarish imkoniyatlarini muhokama qilgan edi.
Shu mavzudagi maqolalar:
O‘zbekiston va Eron o‘rtasidagi savdo hajmi 10 foizga oshdi. 09.02.2018
Eron elchisi: “Mushtarak ma’naviy meros hamkorligimizni yanada kengaytirishga xizmat qiladi”. 13.02.2017