Germaniya 2016 yilda O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimiga 11 million yevro ajratadi. Bu haqda mazkur mamlakatning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Naytxart Hyofer-Vissing 26 yanvar kuni o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.
Ushbu mablag‘ ona va bola salomatligini muhofaza qilish loyihalari, shuningdek, tibbiyot muassasalarini jihozlash hamda shifokorlar malakasini oshirishga yo‘naltiriladi.
Diplomat o‘tgan yili O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasida Yevropa Ittifoqi doirasida hamda ikki tomonlama hamkorlik davom etganini ta’kidladi.
2015 yilda parlamentlararo aloqalar jonlandi. O‘zbekistonga Germaniya parlamenti (Bundestag)ning ikki nafar deputati tashrif buyurdi. O‘z navbatida o‘zbekistonlik senatorlar Germaniyaga bordi.
Bundan tashqari, o‘tgan yili O‘zbekiston bosh vazirining o‘rinbosarlari – Rustam Azimov hamda Elmira Bositxonova Germaniyada bo‘lib, turli sohalarda hamkorlik bo‘yicha muzokaralar o‘tkazdi.
Germaniya elchisi Naytxart Hyofer-Vissingga ko‘ra, 2015 yilda Olmon-o‘zbek ishbilarmonlar kengashi ta’sis etilgani savdo-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Eslatib o‘tamiz, 2015 yil fevralda Berlinda mazkur kengashning birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Muzokaralar yakunida O‘zbekistonga 2,8 milliard AQSh dollar miqdorida olmon kreditini jalb etish to‘g‘risida bitim imzolandi.
Diplomatning qayd etishicha, o‘tgan yili Germaniyaning MDH mamlakatlari, xususan, O‘zbekiston bilan o‘zaro savdo aylanmasi kamaygan. 2015 yilning yanvar-noyabr oylarida Germaniyadan O‘zbekistonga 380 million yevrolik mahsulot eksport qilingan (2014 yilda mazkur ko‘rsatkich 465 million yevroni tashkil etgan). O‘zbekiston esa mazkur muddatda Germaniyaga 16,1 million yevrolik mahsulot sotgan (2014 yilda – 16,8 million yevro).
Joriy yilda YeXHT raisligi Germaniyaga o‘tdi. Elchi Naytxart Hyofer-Vissingning ma’lum qilishicha, Germaniya YeXHTdagi raisligi davomida Markaziy Osiyo mamlakatlari, jumladan, O‘zbekiston bilan ko‘p tomonlama hamkorlikni rivojlantirishga intiladi.
Matbuot anjumanida germaniyalik taniqli murabbiy Monika Shtab ham qatnashib, ayollar futbolini rivojlantirish bo‘yicha mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi. FIFAning ayollar futboli bo‘yicha eksperti M.Shtab Toshkent, Olmaliq va Qarshi shaharlarida mahorat mashg‘ulotlari va treninglar o‘tkazgan.
Sobir Salim