Evropa Ittifoqi Ozarbayjonning hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatladi

Evropa Ittifoqi Ozarbayjonning xalqaro miqyosda tan olingan chegaralari doirasida hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatladi. Bu haqda Ozarbayjon tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati rahbari Laylo Abdullayeva Bryusselda 15 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan VI “Sharqiy hamkorlik” sammiti yakunlari bo‘yicha savolga javoban ma’lum qildi.

“Sammit yakuni bo‘yicha qo‘shma deklaratsiya qabul qilindi. Deklaratsiyada Ozarbayjon uchun muhim sanalgan qator masalalar, shu jumladan, YeIning barcha hamkor davlatlar, xususan, Ozarbayjonning xalqaro miqyosda tan olingan chegaralari doirasida hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlash ham aks etgan. Hujjatda Ozarbayjon hamda YeI o‘rtasidagi ikki tomonlama loyihalar yuzasidan muzokaralar davom etayotgani, shuningdek, YeIga gaz yetkazish manbalari va yo‘nalishlarini diversifikatsiyalashga xizmat qiluvchi Janubiy gaz koridori loyihasining yakunlanishi olqishlangan”, – deydi TIV vakil L.Abdullayeva.

Ma’lum qilinishicha, hujjatda vaktsinalardan barcha mamlakatlarning teng foydalanishi muhimligi ta’kidlangan. Shu tariqa Ozarbayjon rahbari Ilhom Aliyevning “vaktsina millatchiligi” xususidagi fikrlari qo‘llab-quvvatlangan.

Rasmiy Boku deklaratsiyaning Belarus ichki ishlariga daxldor qismiga qo‘shilmagan. Bu holat suverenitetga hurmat va ichki ishlarga aralashmaslik tamoyili bilan izohlangan.

Avval xabar berganimizdek, 14 dekabr kuni Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev Bryusselda Yevropa ittifoqi kengashi rahbari Sharl Mishel bilan muzokaralar o‘tkazdi. Rasmiy Bryussel Ozarbayjon hamda Armaniston munosabatlarini izga solish, xususan, chegaralarni demarkatsiya va delimitatsiya qilish masalalarida vositachilik taklif etdi.

Eslatib o‘tamiz, Ozarbayjon armiyasi Qorabog‘da 2020 yil 27 sentyabrdan 9 noyabrga qadar kechgan janglarda qariyb 30 yil ishg‘ol ostida bo‘lgan hududlarini qaytarib oldi. 2020 yilning 10 noyabrida Ozarbayjon, Armaniston hamda Rossiya o‘rtasida uch tomonlama bitim imzolandi. 44 kunlik urush yakunida Qorabog‘dagi 5 ta shahar, 4 ta posyolka hamda 286 ta qishloq yana Ozarbayjon tasarrufiga o‘tdi.

S.Salim