Xalqaro Amir Temur xayriya jamoat fondi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, O‘zbekiston Badiiy akademiya, Temuriylar tarixi davlat muzeyi 2015 yilda yaratilgan “Eng yaxshi badiiy-publitsistik asarlar” va “Eng yaxshi san’at asarlari” ko‘rik-tanlovlarini e’lon qilgan edi. Amir Temur tavalludining 680 yilligi bayrami arafasida ana shu ko‘rik-tanlov g‘oliblari aniqlandi.
Ko‘rik-tanlov ikki guruhdan iborat hay’at a’zolari tomonidan ko‘rib chiqildi.
Shuni alohida qayd etish kerakki, bu yilgi ko‘rik-tanlovga juda ko‘p badiiy-publitsistik va san’at asarlari taqdim etildiki, ularning har biri o‘z mazmun-mohiyati, ko‘lami, yaratilishi, mavzuning yoritilishi va qolaversa, badiiy qiymati bilan e’tirofga loyiqdir. Albatta, ular orasidan eng yaxshilarini tanlashda hay’at a’zolarining rang-barang fikrlari ancha bahs va munozaralarga sabab bo‘lganini ham aytib o‘tish bilan birga, ko‘rik-tanlovga har bir ijodkor va rassom o‘ta mas’luiyat bilan yondashganini , chunonchi mustaqilligimizning 25 yilligi arafasida o‘zbek adabiyoti va san’atining yuksakka ko‘tarilganini va uning yangi qirralari paydo bo‘lganini, bu esa katta yutuqlardan biri ekanligini ham qayd etish lozim.
Hay’at a’zolarining yakuniy xulosasiga ko‘ra, “Eng yaxshi badiiy-publitsistik asarlar” ko‘rik-tanlovida:
birinchi o‘ringa – Shoir Minhojiddin Mirzoning “Sohibqiron yog‘dusi” dostoni;
ikkinchi o‘ringa –tarix fanlari doktori,professor Abdumajid Abduraimovning “Temuriy va Boburiylar davri madaniyati,kitobat va rangtasvir san’ati tarixiga chizgilar”kitobi;
uchinchi o‘ringa – taniqli jurnalist, temurshunos Baxtiyor Haydarovning “Safar oldida safar” kitobi hamda eng yaxshi to‘plam badialari loyiq topildi.
Shuningdek, samarqandlik iqtisod fanlari doktori, professor Q.Mamaraimovning ishtirokida tuzilgan “Amir Temur faoliyatidan lavhalar”, shoira, publitsist Gavhar G‘aniyevaning “Amir Temur jasorat darslari va saboqlari” hamda qashqadaryolik ijodkor, olim Komiljon Sultonovning “Amir Temurga munosib vorislar” kitoblari rag‘batlantiruvchi mukofotlarga sazovor bo‘ldi.
“Eng yaxshi san’at asarlari” ko‘rik-tanlovida:
birinchi o‘ringa – yosh rassom A.Sagatovning “Kastiliya elchisi Amir Temur qabulida” ;
ikkinchi o‘ringa – A.Aliqulovning “Elchilarni qabul qilish”;
uchinchi o‘ringa – A.Ikromjonovning “Amir Temur siymosi” ishlari loyiq ko‘rildi.