Joriy yil 9-10 mart kunlari Malayziya global ta’lim xizmatlari agentligi (EMGS) raisi Abdul Razzoq Ahmad boshchiligidagi delegatsiya yurtimizda mehmon bo‘lib, bir qator muassasalarda uchrashuvlar o‘tkazdi.
Malayziya delegatsiyasi O‘zbekiston Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri o‘rinbosari Sarvarxon Buzrukxonov bilan uchrashdi. Vazirlik matbuot xizmati xabariga ko‘ra, uchrashuvda ikki davlat o‘rtasida oliy ta’lim sohasidagi hamkorlik muvaffaqiyatli bo‘lib kelgani ta’kidlanib, istiqbolda yanada kengayishiga ishonch bildirildi.
Doktor Abdul Razzoq Ahmad Markaziy Osiyo davlatlari bilan oliy ta’lim sohasidagi hamkorlik alohida ahamiyat kasb etishi, Malayziya xorijiy talabalar hamda iqtidorli yoshlarni jalb qilishdan manfaatdor ekanini ta’kidladi. Xususan, aniq fanlar, ya’ni matematika va fizika sohasida kadrlar tayyorlash hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari bo‘lishi mumkinligi aytildi.
Foto: Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi
Malayziya vakillari O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalarining magistratura va doktorantura bosqichi talabalarini tahsil va qo‘shma tadqiqotlar uchun yuborishni ham taklif qildi.
Muzokaralarda Malayziyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Hendi Assan ham qatnashdi.
Malayziya global ta’lim xizmatlari agentligi delegatsiyasi O‘zbekiston Tabiat resurslari vaziri o‘rinbosari Jusipbek Kazbekov bilan uchrashib, oliy ta’lim sohasida ekologik ta’limni rivojlantirish, iqlim o‘zgarishlarining oldini olish, oziq-ovqat xavfsizligini barqaror ta’minlash hamda suv resurslarini boshqarish istiqbollarini muhokama qildi. Delegatsiya, shuningdek, “El-yurt umidi” jamg‘armasi hamda Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti vakillari bilan hamkorlikni kengaytirish borasida o‘zaro fikrlashdi.
Ma’lumot o‘rnida, Malayziya global ta’lim xizmatlari agentligi (EMGS) dunyo bo‘ylab mamlakat ta’lim tizimini targ‘ib etish bilan shug‘ullanadi.
Agentlik raisi Abdul Razzoq Ahmad “Ziyouz”ga qisqa intervyu berdi.
“O‘zbekistonga ta’lim mas’ullari bilan hamkorlikni kengaytirish yo‘llarini muhokama qilish uchun keldik. Markaziy Osiyo, xususan, O‘zbekiston inson salohiyati borasida ulkan istiqbolga ega. Malayziya bu borada ko‘mak berishga tayyor. Albatta, bu har ikki tomon uchun manfaatli bo‘lishi kerak. Malayziya islom moliyasi, islom banki, muhandislik, tibbiyot, turizm kabi yo‘nalishlarda katta tajriba orttirgan va biz bu boradagi ilg‘or tajribalarimiz bilan o‘rtoqlashishga tayyormiz. Ayni choqda, o‘zbekistonlik yoshlar matematika, IT va boshqa aniq fanlar bo‘yicha yuqori bilimga ega. Biz aynan ularni manfaatli loyihalarga jalb etmoqchimiz”, – deydi doktor Abdul Razzoq Ahmad.
Malayziya delegatsiyasi rahbari O‘zbekistonning ilmiy-intellektual salohiyati katta ekanini urg‘uladi.
“O‘zbekiston kuchli ilmiy an’analarga ega o‘lka, tamaddun beshiklaridan biri. Mamlakatingiz ildizi ming yillarga borib taqaladigan mustahkam poydevorga ega. O‘zbekistonlik yoshlar bugun ham matematika va boshqa aniq fanlar bo‘yicha peshqadam ekani tasodif emas. O‘zbekiston globallashuv davrida o‘z o‘rnini mustahkam egallashda aynan ilm-fan an’analariga tayanishi maqsadga muvofiqdir”, – deydi suhbatdoshimiz.
Malayziyada oliy ta’lim tizimi shiddat bilan rivojlanmoqda, bir qator universitetlar dunyo reytinglarida yuqori o‘rinlarni egallab kelmoqda. Xo‘sh, O‘zbekistonda Malayziya OTMlari filiallarini ochish rejasi bormi?
“O‘zbekistonda Malayziyaning ilg‘or universitetlari filiallarini ochish vaqti kelganiga amin bo‘ldim. Bu yerda ko‘plab xorijiy OTMlarni ko‘rdik. Biz ham Janubiy Koreya, Yaponiya va boshqa davlatlardan ortda qolmasligimiz kerak. Malayziya oliy ta’limi ham O‘zbekistonda munosib tamsil etilmog‘i lozim. Men Malayziyaga qaytgach, Oliy ta’lim vazirligimizga bu boradagi takliflarimni albatta bildiraman”, – deydi doktor Abdul Razzoq Ahmad.
Ta’lim mulozimi ikki davlatni bog‘lab turuvchi rishtalarga ham e’tibor qaratdi.
“Malayziya va O‘zbekistonni bog‘lab turuvchi rishtalar talaygina. Avvalo, ikki davlatni islomiy qadriyatlar bog‘laydi. O‘zbekiston nafaqat Markaziy Osiyoning yuragi, balki butun musulmon ummatining javhari hamdir. Malayziyaliklar ko‘plab allomalarni tarbiyalagan bu zaminni o‘z ko‘zi bilan ko‘rishiga tilakdoshman”, – deb xulosa qildi EMGS raisi.
Mavzuga doir maqolalar:
Malayziya bilan ta’lim sohasida hamkorlik kengaymoqda. 11.08.2022
Malayziya elchisi MTCP kurslari bitiruvchilariga sertifikat topshirdi. 27.06.2022