Jahon adabiyotining yetuk namoyandasi, buyuk ozarboyjon shoiri va mutafakkiri Nizomiy Ganjaviy (1141–1209) tavalludining 880 yilligi dunyo bo‘ylab keng tantana qilinmoqda.
O‘zbekistondagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon madaniyat markazida ham “Nizomiy Ganjaviy – Sharqning buyuk shoiri” deb nomlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. Mamlakatimiz fan, madaniyat va san’at arboblari, oliy o‘quv yurtlari pedagoglari ishtirok etgan ma’rifiy tadbirda Ozarbayjon Milliy Majlisining madaniyat bo‘yicha qo‘mita raisi Ganira Pashayeva faxriy mehmon sifatida qatnashdi.
Ozarbayjon madaniyat markazi loyihasi asosida buyuk mutafakkirning “Xamsa” asari bilan o‘zbek tiliga tarjima qilinib nashr etilgan. Tadbirda mazkur yirik adabiy nashr taqdimoti ham o‘tkazildi.
Madaniyat markazi direktori Samir Abbosov markaz tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalar haqida so‘zlar ekan, hozirga qadar 90 dan ortiq kitob o‘zbek tilida chop etilganini ta’kidladi.
“Buyuk o‘zbek shoiri Alisher Navoiy Ozarbayjonning daho shoiri Nizomiy Ganjaviy “Xamsa”sidan ilhomlanib, “Xamsa” yaratgan va jahon adabiyoti tarixiga turkiy tilda “Xamsa” yozgan shoir sifatida kirgan. O‘zbekistonda Alisher Navoiy qanchalik sevilsa, Nizomiy Ganjaviy, Muhammad Fuzuliy, Imodiddin Nasimiy ham shunchalik seviladi”, – dedi Samir Abbosov.
Ma’rifiy tadbirda Ozarbayjon parlamenti deputati Ganira Pashayeva hamda Ozarbayjon madaniyat markazi rahbari Samir Abbosov qatnashdi.
Avvalroq buyuk shoir yubileyi munosabati bilan YuNESKOning Parijdagi qarorgohida ham tadbir tashkil etilgandi. Ushbu tadbirda qayd etilishicha, Nizomiy Ganjaviy o‘z asarlarida tarannum etgan tenglik, adolat, tinchlik, ayollar huquqlari, insonparvarlik kabi masalalar bugun ham ahamiyatini yo‘qotgani yo‘q. Bu g‘oyalar YuNESKO ilgari surayotgan tamoyillarga ham hamohangdir.
Haaga, Moskva, Pekin, Qohira kabi yirik madaniy markazlarda ham ulug‘ mutafakkir tavalludining 880 yilligi munosabati bilan tadbirlar tashkil etildi.
Eslatib o‘tamiz, Ozarboyjon Prezidenti Ilhom Aliyevning 2021 yil 5 yanvardagi qarori bilan joriy yil Nizomiy Ganjaviy yili deb e’lon qilingan.
“Jahon adabiyotining yetuk namoyandasi, Ozarboyjonning daho shoiri va mutafakkiri Nizomiy Ganjaviy insoniyat badiiy tafakkuri solnomasida yangi sahifa ochgan betakror shaxslardan biri sanaladi. Ulug‘ so‘z san’atkorining xalqimiz ma’naviyatining ajralmas tarkibiy qismiga aylangan yorqin merosi asrlar mobaynida betakror madaniy qadriyatlar xazinasidan munosib o‘rin egallab kelmoqda”, – deyiladi Ozarboyjon Prezidentining qarorida.
O‘zbekistonda Alisher Navoiyning tavalludining 580 yilligi, Turkiyada Yunus Emro vafotining 700 yilligi nishonlanayotgan 2021 yilda Nizomiy Ganjaviy tavalludining 880 yilligi tantana qilinayotgan chuqur ramziy ma’noga ega. Bu turkiy xalqlarning azaliy do‘stona robitalari va qardoshligining yana bir timsoli bo‘lsa ajab emas.
Nizomiy Ganjaviy (taxallusi; asl ism-sharifi Abumuhammad Ilyos ibn Yusuf ibn Zakiy Muayyad) – ozarboyjon shoiri, mutafakkiri va ma’rifatparvari. Manbalarga ko‘ra, u Qur’onni yod olgan, fiqh, tarix, geografiya, falsafa va mantiq bo‘yicha ustod darajasiga yetishgan. Tabiiy fanlar, xususan, tabobat, ilmi nujum va matematikani ham yaxshi bilgan.
Ulug‘ mutafakkirning Ganja shahridagi maqbarasi
Nizomiy Ganjaviydan 20 ming baytdan iborat she’riy devon meros qolgan. U Sharq mumtoz adabiyotining turli janrlarida barakali ijod qilgan. “Mahzan ul-asror”, “Xusrav va Shirin”, “Layli va Majnun”, “Haft paykar”, “Iskandarnoma” kabi besh dostondan iborat “Xamsa” asari shoir ijodining cho‘qqisi sanaladi. Alisher Navoiy “Nasoyim ul-muhabbat”da Nizomiy Ganjaviyni shayxlar qatorida zikr etgan. XIV asr o‘rtalarida Qutb Xorazmiy “Xusrav va Shirin” dostonini turkiy tilga o‘girgan. XIX asrda esa Ogahiy “Haft paykar”ni nasriy tarjima qilgan. Nizomiy Ganjaviy muhtasham adabiy merosi bilan turkiy dunyoning bir necha avlod qalamkashlari ijodiga kuchli ta’sir ko‘rsatgan.
S.Salim