Tugab borayotgan 2018 yilda O‘zbekiston ilm, fani va madaniyati bir nechta arboblaridan ayrildi. Ziyouz.uz portali ushbu yilda vafot etgan o‘zbekistonlik davlat va jamoat arboblari, ziyolilarni xotirlaydi.
Akademik Azizxon Qayumov (1926-2018)
Azizxon Qayumov 1926 yili Qo‘qon shahrida tug‘ilgan. Po‘latxon Qayyumovning o‘g‘li. Filologiya fanlari doktori, professor Laziz Qayumovning akasi. O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi (1995), O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi (1983), filologiya fanlari doktori (1961).
Azizxon Qayumov O‘rta Osiyo davlat universitetining sharq fakultetini tugatgan (1949). O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutida ilmiy xodim (1949—57), O‘zSSR Ministrlar Sovetida fan va oliy o‘quv yurtlari bo‘yicha katta referent (1957— 58), O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Til va adabiyot instituti direktori (1958—61), O‘zbekiston KP MK fan, oliy o‘quv yurtlari va maktablar bo‘limi, so‘ng fan va madaniyat bo‘limi mudiri (1961—63), O‘zbekiston Madaniyat vaziri, vazirning birinchi o‘rinbosari (1963—64), O‘zSSR Ministrlar Soveti huzuridagi Kinematografiya davlat komiteti raisi (1964—74), Toshkent madaniyat instituti rektori (1974—79), O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Qo‘lyozmalar instituti direktori (1979—98), Alisher Navoiy nomidagi Adabiyot muzeyida yetakchi ilmiy xodim (1998 yildan) bo‘lib ishlagan.
Asosiy ilmiy ishlari Qo‘qon adabiy muhiti mavzuida. «Maxmur» (1956), «Hoziq» (1957), «G‘oziy» (1959), «Saddi Iskandariy» (1975), «Alisher Navoiy» (1976, 1991), «Hayrat ul-abror» (1977), «Farhod va Shirin» sirlari» (1979), «Nodir sahifalar» (1991), «Bu ohang ila bo‘lg‘aysen Naqshband» (1993) kabi asarlari Alisher Navoiy hayoti va ijodiy merosini o‘rganishda muhim hissa bo‘lgan.
Azizxon Qayumov mashnshunoslik sohasida ham samarali ish olib borib, bir qancha o‘zbek mumtoz shoirlarining asarlarini nashrga tayyorlagan.
Atoqli yozuvchi va muharrir Nosir Fozilov (1929-2018)
Nosir Fozilov 1929 yil 10 iyunda Qozog‘istonning Chimkent viloyatiga qarashli Turkiston tumanining Qoriz qishlog‘ida tavallud topgan. O‘rta Osiyo Davlat universitetining tugatgan (1954). U O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi, “El-yurt hurmati” ordeni sohibi, Davlat mukofoti (ikki karra), «Tinchlik va ma’naviy hamjihatlik uchun» xalqaro mukofoti (Qozog‘iston) sovrindori.
Birinchi to‘plami — «Irmoq» (1959), «Oqim» (1962), «Robinzonlar» (1964), «Qush kanoti bilan» (1965), «Qorxat» (1968), «Ko‘klam qissalari» (1970), «Diydor» (1979), «Tanlangan asarlar», 2 jildli (1983— 84), «Bolaligim — poshsholigim» (1989), «Bir otar to‘pponcha» (1995), «Shum bolaning nabiralari» (1995), «Toshkentning nosi» (1996), «Munavvar lahzalar» (1997), «Eslasang, ko‘ngling yorishur» (2004) va boshqa asarlar muallifi.
Nosir Fozilov tarjimon sifatida ham samarali ijod qilgan. U Abay, Muxtor Avezov, Sobir Muqonov, G‘abit Musrepov, G‘abiden Mustafin, Abdulla Tojiboyev, Abdijalil Nurpeisov kabi ko‘plab qozoq adiblari asarlarini o‘zbekchaga ag‘darib, nashr ettirdi.
Akademik Rufat Mahkamov (1930-2018)
Rufat G‘ulomovich Mahkamov 1930 yili Toshkent shahrida tug‘ilgan. 1954 yili N. Bauman nomidagi Moskva oliy texnika bilim yurtini tugatib, 1957-1960 yillarda mazkur bilim yurti aspiranturasida tahsil olgan. 1961 yilda nomzodlik, 1978 yilda doktorlik dissertatsiyalarini himoya qilgan. 2000 yilda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zosi etib saylangan. “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan Akademik arbobi” unvoni bilan mukofotlangan.
R. Mahkamov o‘z mehnat faoliyatini 1954 yili sobiq ittifoq Mashina qurilish texnologiyasi ilmiy-tadqiqot institutida kichik ilmiy xodim sifatida boshlagan. Iste’dodli olim qariyb 64 yillik ilmiy-pedagogik faoliyati davomida Fanlar akademiyasi Prezidiumi Texnika fanlari bo‘limi ilmiy kotibi, Geologiya instituti katta ilmiy xodimi, Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti dotsenti, kafedra mudiri, professori kabi lavozimlarda xalqimiz va Vatanimizga sidqidildan xizmat qilib, mamlakatimizda ilm-fan va ta’lim sohalarini rivojlantirish, mashinasozlik sohasida yuqori malakali ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlashga munosib hissa qo‘shgan.
R.Mahkamovning texnika sohasining nazariy va amaliy masalalariga bag‘ishlangan 200 dan ziyod ilmiy maqolalari, kitob va monografiyalari yurtimiz va xorijiy mamlakatlar olimlari va mutaxassislariga yaxshi ma’lum. Jonkuyar ustoz sifatida ko‘plab yoshlarga saboq bergan ilm-fan fidoyisining bevosita rahbarligida bir qator fan nomzodlari va fan doktorlari tayyorlangan.
O‘zbekiston xalq artisti Shuhrat Abbosov (1931-2018)
Shuhrat Solihovich Abbosov 1931 yil 16 yanvarda Farg‘ona viloyatining Qo‘qon shahrida tug‘ilgan. 1949 yili Toshkent tibbiyot texnikumi, 1954 yili Toshkent teatr san’ati davlat instituti (hozirgi O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti)ning rejissyorlik fakultetini tamomlagan. U “O‘zbekiston xalq artisti” faxriy unvoni, Davlat mukofoti, “El-yurt hurmati” ordeni va boshqa qator orden va medallar bilan mukofotlangan.
Mehnat faoliyatini Yangiyo‘l shahridagi Toshkent viloyati musiqiy drama teatrida rejissyor sifatida boshlagan. 1958 yili “Mosfilm” studiyasi qoshidagi Oliy rejissyorlik kursini tamomlagan. 1982-1986 yillarda “O‘zbekfilm” kinostudiyasida rejissyor, keyinchalik direktor, O‘zbekiston kinematograflari uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari, O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti professori kabi mas’ul lavozimlarda samarali mehnat qilgan.
O‘zining 60 yildan ziyod ijodiy faoliyati davomida milliy teatr va kino san’ati rivojiga katta hissa qo‘shgan Sh.Abbosov tomonidan yaratilgan “Maysaraning ishi”, “Og‘riq tishlar” kabi spektakllar, “Sen yetim emassan”, “Mahallada duv-duv gap”, “Toshkent – non shahri”, “Abu Rayhon Beruniy” singari badiiy filmlar san’atimizning “oltin fondi”dan munosib va mustahkam o‘rin egallagan.
Suyima G‘aniyeva 1932 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. 1952 yilda O‘rta Osiyo davlat universiteti (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti)ning sharqshunoslik fakultetini tamomlagan. 1953-1956 yillarda Leningrad davlat universiteti aspiranturasida ta’lim olgan. U O‘zbekiston Respublikasi Davlat mukofoti, «El-yurt hurmati», «Buyuk xizmatlari uchun» ordenlari va O‘zbekiston Qahramoni faxriy unvoni bilan mukofotlangan.
Mehnat faoliyatini 1956 yilda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Til va adabiyot instituti kichik ilmiy xodimi sifatida boshlagan. Shu yili buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy ijodiga bag‘ishlangan nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan. Keyinchalik O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Til va adabiyot instituti ilmiy kotibi, Toshkent davlat konservatoriyasida kafedra mudiri, Toshkent davlat sharqshunoslik instituti professori lavozimlarida faoliyat ko‘rsatgan.
S.G‘aniyeva o‘z ilmiy faoliyati davomida yaratgan 14 ta monografiya, 350 dan ziyod ilmiy-nazariy maqolalar mamlakatimiz va xalqaro ilmiy nashrlarda chop qilingan, 20 dan ortiq o‘quv-metodik qo‘llanmalari respublika oliy ta’lim muassasalari o‘quv jarayoniga tatbiq etilgan. Uning «Alisher Navoiyning hayoti va ijodi», «Alisher Navoiy ijodida milliy mafkura», «Navoiy g‘azallarida jo‘mardlik motivlari», «Navoiy vasiyati», «Navoiy dastxati» kabi sermazmun asarlari yurtimiz va chet el adabiyotshunoslari tomonidan ilmiy kashfiyotlar sifatida e’tirof etilgan.
S.G‘aniyeva Alisher Navoiyning uzoq yillar davomida ilm-fanga noma’lum bo‘lib kelgan “Munojot” asarini topib, nashr ettirgan. Olima 2011 yilda Alisher Navoiyning 20 jildlik mukammal asarlar to‘plamini nashrga tayyorlashda faol ishtirok etgan.
Malika Abdullaxo‘jayeva 1932 yil 28 noyabrda Rossiya Federatsiyasining Moskva shahrida tug‘ilgan. 1956 yili Toshkent davlat tibbiyot instituti (hozirgi Toshkent tibbiyot akademiyasi)ni tugatib, Rossiya Fanlar akademiyasi Miya instituti aspiranturasida tahsil olgan. Dastlab nomzodlik, keyinchalik doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan. 2000 yilda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zosi etib saylangan. U O‘zbekiston Qahramoni unvoni va “Mehnat shuhrati” ordeni bilan mukofotlangan.
M.Abdullaxo‘jayeva o‘z mehnat faoliyatini 1960 yili Toshkent davlat tibbiyot instituti assistenti sifatida boshlagan. Olima qariyb 60 yillik ilmiy-pedagogik faoliyati davomida Rentgenologiya, radiologiya va onkologiya ilmiy-tadqiqot instituti (hozirgi Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi) laboratoriyasi mudiri, Toshkent davlat tibbiyot institutida kafedra mudiri, O‘zbekiston Respublikasi patologoanatomik markazi direktori kabi lavozimlarda samarali mehnat qilib, mamlakatimizda sog‘liqni saqlash sohasini rivojlantirish, tibbiyot fanining dolzarb masalalarini tadqiq etish, yuqori malakali ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash ishiga munosib hissa qo‘shgan.
Olimaning tibbiyot sohasining nazariy va amaliy masalalariga bag‘ishlangan 300 dan ziyod ilmiy maqolalari, 20 ga yaqin kitob va monografiyalari hamda 10 ga yaqin mualliflik ishlari yurtimiz va xorijiy mamlakatlar olimlari va mutaxassislariga yaxshi ma’lum.
Salohiddinov Mahmud Salohiddinovich 1933 yil 23 noyabrda Namangan shahrida tug‘ilgan. O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi (1974), O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi (1984), fizika-matematika fanlari doktori (1967), professor (1969). Beruniy nomidagi O‘zbekiston Davlat mukofoti laureati (1974).
O‘rta Osiyo universitetining fizika-matematika fakultetini tugatgan (1955), shu universitetda aspirant (1955— 58) va matematik analiz kafedrasida o‘qituvchi (1958—59), differentsial tenglamalar kafedrasi mudiri (1980—86, 1993—96). O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Matematika institutida ilmiy xodim, bo‘lim mudiri, ilmiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari (1959—67), direktori (1959—85), O‘zbekiston Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti (1984—85), O‘zbekiston Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri (1985 — 88), O‘zbekiston Fanlar akademiyasi prezidenti (1988—94). O‘zbekiston Fanlar akademiyasi fizika-matematika fanlari bo‘limi raisi (1994—97). O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Matematika institutida bo‘lim mudiri (1974 yildan), O‘zMU professor (2000 yildan).
Ilmiy ishlari chiziqli bo‘lmagan xususiy hosilali differentsial tenglamalar tizimi uchun Koshi masalasini hal qilishga, chegarada buziladigan differentsial tenglamalar uchun qo‘yilgan chegaraviy masalalar nazariyasiga, nazariy va amaliy ahamiyatga ega bo‘lgan aralash hamda aralash-qo‘shma tipli tenglamalar nazariyasiga oid. Mahmud Salohiddinov aralash-qo‘shma tipli differentsial tenglamalar nazariyasini rivojlantirib, ularning to‘la tadriji va kanonik ko‘rinishlarini topgan, har bir hol uchun bir qancha yangi masalalar qo‘yib tekshirgan.
Husan Sharipov 1937 yil 27 iyul kuni Toshkent shahrida tug‘ilgan. O‘zbekiston xalq artisti (1991). Toshkent teatr va rassomlik san’ati intini tugatgan (1963). 1959 —91 yillar Mukimiy teatrida aktyor (1986—87 yillar direktor), 1990—95 yillar O‘zbekiston teleradiokompaniyasida badiiy so‘z ustasi, 1995—97 yillar O‘zbekiston teatr arboblari uyushmasi kotibi bo‘lib ishlagan. «Mehnat shuhrati» ordeni b-n mukofotlangan (1999).
Husan Sharipovning o‘zbek an’anaviy teatri va askiya san’ati vositalaridan unumli foydalanishi sahnada, kinoda, miniatyura teatri, «Xanda» eshittirishlari (radio)da yaratgan obrazlari, rollaridagi soddalik, samimiylik ko‘zga tashlanadi. Teatrda Toshbolta («Toshbolta oshiq»), Po‘lat («Xotinimning eri»), Tojiboy («O‘jarlar»), Hasan («Jon qizlar»), Akop («Xonuma xonim»), Abdulla («Aka-uka sovchilar»), Abdulla («Vatan ishqi»), Sobirjon («Oshiq G‘arib»), Choyxonachi («Jonim fido») kabi rollari bilan teatr rivojiga munosib hissa qo‘shgan.
Kinoda Shermat («Suyunchi»), Husan Sharipov («Vodillik kelin»), Avtobaza direktori («Marhumning hurmati»), Husan («Sho‘rpeshonalar», «Kelinlar qo‘zg‘oloni», «Kim jinni»), Hoji A’lam («Maysaraning ishi»), Zokir xotinboz («Amirning bevaqt tashrifi»), Hoji («Bomba»), Bo‘yoqchi («Makkora»), ota («Chinor tagidagi duel» va b.) va telefilmlar [Hoji Dehdor («Alisher Navoiy»), 12 qismli, Savdogar («Uvaysiy»), Husan («Uchrashuv») va b.]da ham samarali ijod qilgan.
O‘zbekiston xalq shoirasi Halima Xudoyberdiyeva (1947-2018)
Halima Xudoyberdiyeva 1947 yil Sirdaryo viloyati Boyovut tumanida tug‘ilgan. Toshkent davlat universitetining jurnalistika fakultetini tugatgan (1972). «Saodat» jurnalida adabiy xodim, bo‘lim mudiri (1972-75), bosh muharrir o‘rinbosari va bosh muharrir (1982-94), Yoshlar nashriyotida bo‘lim mudiri (1978-82), O‘zbekiston xotin-qizlar qo‘mitasi raisi (1990-94), «Yozuvchi» nashriyotida yetakchi muharrir (1996-98), «Sanam» jurnalida bosh muharrir o‘rinbosari (1998-2003), 2004 yildan «XXI asr» gazetasida bo‘lim muharriri bo‘lib ishlagan. O‘zbekiston xalq shoirasi (1992), 1-chaqiriq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi deputati, Hamza nomidagi O‘zbekiston Davlat mukofoti laureati (1990).
Halima Xudoyberdiyevaning ilk she’rlari o‘quvchilik yillarida Yangiyer tuman gazetasida bosilgan (1964). Shundan keyin uning «Ilk muhabbat» (1968), «Oq olmalar» (1973), «Chaman» (1974), «Suyanch tog‘larim» (1976), «Bobo quyosh» (1977), «Issiqqor» (1979), «Sadoqat» (1983), «Muqaddas ayol» (1987), «Bu kunlarga yetganlar bor», «Hurlik o‘ti» (1993), «To‘marisning aytgani» (1996) «Yo‘ldadirman» (2005) va boshqa she’riy kitoblari nashr etilgan.
Halima Xudoyberdiyeva o‘zbek she’riyatiga samimiy insoniy tuyg‘u va fazilatlar — sevgi va sadoqat, mexr va muruvvatni tarannum etuvchi shoira, o‘zbek xotin-qizlari orzu va armonlarining kuychisi sifatida kirib keldi. U dastlabki she’riy to‘plamlaridan boshlab o‘z ijodida ayol va ona obrazlarining sehrli qirralarini ochishga, ularning nafaqat jamiyatning to‘laqonli va faol a’zolari, balki shu jamiyatning kurki va bezagi ekanligini uqtirishga intildi. Uning tasviridagi ayol har qanday xalq va mamlakatning kelajagi — sog‘lom va barkamol yoshlarni yetkazib beruvchi mo‘jizaviy kuchdir. Halima Xudoyberdiyeva ayni shu nuqtai nazardan o‘zbek ayollarining o‘y-xayollarini, ichki kechinmalarini yorqin tasvirlaydi, zamondoshlarida ayollarga nisbatan hurmat va muhabbat tuyg‘ularini o‘stirishga intiladi.
Halima Xudoyberdiyevaning she’rlari ko‘plab xorijiy tillarga tarjima qilingan. To‘fon Minnullinning «Alla» pesasi Halima Xudoyberdiyevaning avtorlashtirilgan tarjimasida hozirgi O‘zbek milliy akademik drama teatri sahnasida qo‘yilgan. U Fazu Aliyeva, Silva Kaputikyan, Ibrohim Yusupov ijodidan tarjimalar qilgan.
Shoir va tarjimon Mirpo‘lat Mirzo (1949-2018)
Mirpo‘lat Mirzo 1949 yil 20 avgustda Chimkent viloyatining Sayram qishlog‘ida tug‘ilgan. ToshDUning jurnalistika fakultetini tamomlagan (1971).
1971 yildan “Yosh gvardiya” nashriyotining muharriri, 1982-86 yillarda O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasida mas’ul kotib, “Yosh gvardiya” nashriyotida bosh muharrir o‘rinbosari, “Yozuvchi” nashriyotida bosh muharrir, 1997 yildan “Jahon adabiyoti” nashriyotida bosh muharrir o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan.
Mirpo‘lat Mirzoning dastlabki she’riy turkumi 1971 yilda «Guliston» jurnalida nashr etildi. Ilk she’riy to‘plami 1975 yilda nashr etilgan bo‘lib, so‘ng «Tong jilvasi» (1976), «Ishq fasli» (1978), «Yaxshi kunlar» (1981), «Sunbula» (1985), «Moviy daryo» (1988), «Atirgul va yulduzlar» (1990), «Onajon», (1995), «Saylanma» (2005) kabi 10 dan ortiq she’riy to‘plamlari chop etilgan. Uning jahon shoirlari ijodidan qilgan tarjimalari “Somon yo‘li chechaklari” (2004), “Sayra, do‘mbiram!” (Qozoq she’riyati antologiyasi, 2005), “Lojuvard osmon”, “XX asr rus she’riyati” nomlari bilan nashr qilinib, she’riyat ixlosmandlarining mehrini qozongan.
Mirpo‘lat Mirzoning “Surur”, “Rayhon isi” nomli esselar, publitsistik maqolalar va adabiy suhbatlarni o‘z ichiga olgan kitoblari ham adabiy jamoatchilik tomonidan alohida e’tibor bilan qabul qilindi. Mirpo‘lat Mirzo tarjimasidagi G. Lessingning “Donishmand Natan”, V. Shekspirning “Yoz tuni g‘aroyibotlari” pesalari Milliy teatrimiz sahnasida muvaffaqiyat bilan qo‘yildi. U Boris Pasternak nomidagi (1999) va “Alash” (2001) nomli xalqaro mukofotlar bilan taqdirlangan.
Taniqli ulamo Anvar qori Tursunov (1958-2018)
Anvar qori Tursunov 1958 yil 21 noyabrda Toshkent shahri Hamza tumanida tug‘ilgan. 1981 yil Toshkent Davlat universitetining filologiya fakultetini, 2001 yil Toshkent islom institutini tamomlagan.
Anvar qori Tursunov mehnat faoliyatlarini 1981-1984 yillarda – “Yoshlik” jurnalida muharrir vazifasidan boshlagan. 1984-1987 yillarda – O‘zbekiston Fanlar Akademiyasida, 1987-1989 yillarda esa Toshkent shahar, Abdulla Qahhor uy muzeyi ilmiy xodim bo‘lib faoliyat yuritgan. 1989-1994 yillarda — O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi qoshidagi tarjima va adabiy aloqalar markazi Sharq adabiyoti bo‘yicha katta muharrir. 1994-1999 yillarda – Toshkent shahar, Yashnobod tumani, “Yangiobod” jome masjidi imom-xatibi bo‘lgan. 1999–yildan Toshkent shahar bosh imom-xatibi vazifasida faoliyat yuritgan.
Anvar qori Tursunov 1989-1992 yillarda Qur’oni karimning birinchi tarjimasiga (Shayx Alouddin Mansur tarjimasi) muharrirlik qilgan.
Obid Asomov 1963 yil 22 oktyabr kuni Toshkent shahrining Chilonzor tumanida tavallud topgan. N.Ostrovskiy nomidagi Toshkent teatr va rassomchilik institutida o‘qigan. 1993 yilda «Obid-A» teatrini tashkil qilgan. O‘zbekiston va xorijda mashhur qiziqchi, iste’dodli aktyor sifatida tanilgan.
2006 yildan Rossiya televideniyesi «Rossiya-1» telekanalining «Egri oyna» («Krivoye zerkalo») hajviy ko‘rsatuvida qatnashib kelgan. 2018 yil 24 may kuni Obid Asomov O‘zbekfilm qoshidagi «Multiplikatsion filmlar studiyasi» DUK direktori etib tayinlangandi.
Obid Asomov “Bu nima bu” (1990), “Kulol va xurmacha” (1990), “Temir erkak” (1991), “Alif Laylo” (1992), “Alpomish” (2000), “Tohir va Zuhra” (zamonaviy talqin, 2000), “Dev va pakana” (2003), “Po‘sht, arava” (2006) kabi filmlarda suratga tushgan.
Yana ko‘ring: