2017 yil diniy-ma’rifiy sohada ham islohotlarga, yaxshi xabarlarga boy yil bo‘ldi. O‘tayotgan yilda diniy-ma’rifiy sohadagi o‘zgarishlar aks etgan eng asosiy yangiliklarni eslab o‘tamiz.
2017 yil 17 yanvar. 2017 yildan o‘zbekistonlik fuqarolar uchun haj kvotasi 7200 nafar qilib belgilandi (ilgari bu ko‘rsatkich 5200 nafar edi).
2017 yil 14 fevral. Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qarori imzolandi.
2017 yil 31 may. 2017 yildan o‘zbekistonlik fuqarolar uchun umra kvotasi 10000 nafar qilib belgilandi (ilgari bu ko‘rsatkich 6000 nafar edi).
2017 yil 27 iyul. O‘zbekiston Musulmonlari idorasi tomonidan tafsir, aqida, fiqh, hadis sharhi, tajvid va arab tili fanlaridan onlayn darslar tashkil etildi.
2017 yil 2 avgust. «O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekistondagi Islom madaniyati markazi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida» O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori qabul qilindi.
2017 yil 6 sentyabr. Buxorodagi Bahovuddin Naqshband majmuasida yangi tashkil etilgan Buxoro Oliy madrasaning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
2017 yil 13 sentyabr. «O‘zbekiston» teleradiokanalining «Hidoyat sari» studiyasi va Toshkent Islom universiteti «Ziyo media markazi» faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida» O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori qabul qilindi.
2017 yil 14 sentyabr. Toshkent islom institutida oliy diniy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim – islom fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini berishni nazarda tutuvchi tayanch doktorantura hamda islom fanlari bo‘yicha fan doktori (Doctor of Science) ilmiy darajasini berishni nazarda tutuvchi doktorantura tizimi tashkil etildi.
2017 yil 30 sentyabr. Respublikamizda faoliyat yuritayotgan ikki mingdan ziyod masjidlarni oliy diniy ma’lumotga ega imom-xatiblar bilan ta’minlash maqsadida Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida Maxsus sirtqi bo‘lim tashkil etildi.
2017 yil 30 sentyabr. Diniy-ekstremizm faoliyatiga adashib jalb qilingan shaxslardan 16 mingdan ziyodi huquqni muhofaza qilish organlari «qora ro‘yxati»dan chiqarildi.
2017 yil 5 oktyabr. O‘zbekiston musulmonlar idorasi tasarrufidagi diniy ta’lim muassasalariga talabalarni qabul qilish kvotalari o‘tgan yilga nisbatan ikki barobarga oshirildi.
2017 yil 18 oktyabr. Toshkent shahridagi Simpoziumlar saroyida “Islom hamjihatligi: O‘zbekiston va Ozarbayjon misolida” mavzuida xalqaro ilmiy-amaliy konferentsiya bo‘lib o‘tdi.
2017 yil 2 noyabr. O‘zbekistondagi masjidlarda ovoz kuchaytirgichlar orqali azon aytila boshlandi.
2017 yil 6 noyabr. O‘zbekistonda “Halol” standarti joriy qilindi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev «Meva sabzavot mahsulotlari, uzum, poliz, dukkakli ekinlar, shuningdek quritilgan sabzavot va mevalarni mahalliy eksport qiluvchilarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorni imzoladi. Qarorning oltinchi bandida O‘zstandart agentligiga: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda yigirma kun muddatda respublikada xalqaro standartlarni, shu jumladan «ISO 22000», «Halol» standartlarini joriy etish va keyinchalik qo‘llash bo‘yicha chora-tadbirlar dasturini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin, deb qayd etildi.
2017 yil 8 noyabr. Samarqandda Kalom va Hadis maktablarining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
2017 yil, 10 noyabr. Buxoro viloyatida joylashgan Mir Arab oliy madrasasi huzurida Bahouddin Naqshband tasavvuf ilmiy maktabi ochildi.
2017 yil 10 noyabr. Qashqadaryo viloyatida “Abu Mu’in an-Nasafiy” nomidagi aqida ilmi maktabining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
2017 yil 11 noyabr. Toshkent xalqaro aeroportida musulmonlar uchun namozxona ochildi.
2017 yil 13 noyabr. O‘zbekiston Musulmonlar idorasi tasarrufidagi diniy ta’lim muassasalari qoshida pullik o‘quv kurslari tashkil etilishi haqida buyruq qabul qilindi. Buyruqda O‘MI tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasalarida 2017-2018 o‘quv yilidan boshlab Qur’oni karim va tajvid hamda arab tili fanlarini o‘rgatuvchi pullik o‘quv kurslari tashkil etilishi, ushbu kurslarning muddati 1 dekabrdan boshlab 6 oy davomida amalga oshirilishi belgilandi.
2017 yil 13 noyabr. Farg‘onada O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan Islom huquqi maktabi tashkil etildi.
2017 yil 25 noyabr. Yangi davlat standartiga ko‘ra, 2018 yil 1 yanvar e’tiboridan rasman kuchga kiradigan qoidalarda har bir mehmonxonada Qur’oni karim, ibodat qilish uchun joynamoz (mehmonxona nomerlarining eng kamida 10 foizida) va qibla ko‘rsatkichi (mehmonxona nomerlarining eng kamida 30 foizida) bo‘lishi shart etib belgilandi.
2017 yil 29 noyabr. O‘zbekiston Musulmonlar idorasi buyrug‘iga ko‘ra, Qorilar musobaqasi har bir tumanda o‘tkaziladigan, unda O‘MI tasarrufidagi o‘quv yurtlaridan bo‘lmaganlar ham ishtirok eta oladigan bo‘ldi.
2017 yil 6 dekabr. O‘zbekistonda ilk bor islomiy “AzonFM” onlayn radiosi faoliyat boshladi.
2017 yil 15 dekabr. O‘zbekiston Respublikasi prezidentining “O‘zbekiston Islom akademiyasini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror e’lon qilindi. O‘zbekiston Islom akademiyasi huzurida magistratura (2 yil), tayanch doktorantura (3 yil) va doktorantura (3 yil) faoliyat yuritadi.
2017 yil 28 dekabr. Qurbon hayit va Ramazon hayit bayramlarining muhimligi va ahamiyatini inobatga olgan holda, milliy-ma’naviy qadriyatlarimizni yuksaltirish va saqlab qolish maqsadida 2018 yildan boshlab ayrim dam olish kunlarini bayram kunlariga yaqin bo‘lgan ish kunlariga ko‘chirish hisobiga uzluksiz uch kunlik dam olish kunlari belgilandi.