1918 yil 31 mart. Bir asrlik jarohat

Ozarboyjonda 1918 yil 31 mart kuni ro‘y bergan fojialarga 100 yil to‘ldi. Mazkur sana munosabati bilan e’lon qilingan mamlakat parlamenti – Milliy Majlis bayonotida bu Ozarboyjon tarixidagi eng qayg‘uli kunlardan biri ekani ta’kidlanadi.

Xo‘sh, bundan roppa-rosa bir asr avval qanday fojia ro‘y bergan edi?

1918 yilning 31 mart kuni (eski yil hisobi bo‘yicha 21 mart) Ozarboyjon poytaxti Bokuda xalq Navro‘z bayramini nishonlayotgan paytda arman dashnoqlaridan iborat guruhlar aholini qirg‘in qildi. Ommaviy qirg‘in Boku shahri va Boku guberniyasi qishloqlarida amalga oshirildi.

Stepan Shaumyan boshchiligidagi bolshevik guruhlar xalq boshiga kulfatlar yog‘dirdi. Mazkur shaxs Boku xalq komissarlari kengashi rahbari sifatida katta vakolatga ega edi.

To‘rt kun davomida ozarboyjon millatiga mansub 20 mingdan oshiq ayollar, qariyalar, bolalar o‘ldirildi. Jangari to‘dalar dahshatli usullarni ishga soldi – odamlar tiriklay ko‘mildi, yoqib yuborildi.

Mamlakat parlamenti bayonotiga ko‘ra, Boku guberniyasida boshlangan qirg‘inbarot Qorabog‘, Shemaxa, Guba, Naxichevon, Lenkoran kabi hududlarda davom ettirildi. 1918 yilning mart-iyul oylarida Boku, Shamaxa, Guba, Mugani kabi hududlarda 50 ming ozarboyjonlik o‘ldirildi. Yuzlab qishloqlar, tarixiy obidalar vayron qilindi, uylar, masjidlar yoqildi.

1918 yil fojialari payti turk-musulmon aholisi bilan birga 3000 ga yaqin yahudiy millatiga mansub aholi ham qatl qilingan.

O‘sha yili ta’sis etilgan Ozarboyjon Demokratik Respublikasi mart fojialariga alohida e’tibor qaratdi. Bu borada maxsus komissiya tuzildi. Yangi davlat mart fojialari munosabati bilan milliy motam e’lon qildi. 1919 yili parlament  31 mart sanasini Ozarboyjon xalqi genotsid qilingan kun deb belgiladi. Bu mudhish jinoyatlarga munosib siyosiy baho berish yo‘lidagi ilk urinishlar edi. Ammo tez orada Ozarboyjon Demokratik Respublikasi tugatildi.

Sovet Ittifoqi davrida millatchi to‘dalar amalga oshirgan jinoyatlar yashirib kelindi. Ittifoq parchalanganidan  keyingina tarixiy haqiqatlar haqida so‘zlash imkoni tug‘ildi.

1989-1993 yillarda esa Armaniston qurolli kuchlari tomonidan Tog‘li Qorabog‘ va unga tutash 7 ta tuman (Ozarbayjon hududining 20 foizi) egallandi. Rasmiy Boku qo‘shni davlat harbiylari okkupatsiya qilingan hududdan chiqishi lozimligini talab qiladi. Armaniston esa tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ respublikasi manfaatlarini himoya qilib keladi. Rasmiy Bokuga ko‘ra, Tog‘li Qorabog‘ muammosi BMT Xavfsizlik Kengashi 1993 yil 30 aprel, 1993 yil 29 iyul va 1993 yil 14 oktyabrda qabul qilgan rezolyutsiyalar asosida tinch yo‘l bilan hal qilinishi lozim.

Ozarboyjon parlamentiga ko‘ra, XX asr davomida 2 milliondan oshiq ozarboyjonlik genotsid qurboni bo‘lgan va bugun mamlakatda millatchilik jabrini ko‘rmagan birorta oila qolmagan.

Ozarboyjon Milliy Majlisi mazkur jinoyatlar jazosiz qolayotganini inobatga olib, BMT, YeXHT, MDH va boshqa xalqaro tashkilotlarga ozarboyjon xalqi boshiga yog‘ilgan kulfatlarni genotsid deb tan olish va aybdorlarni ochiq e’tirof etishga chaqirgan. Qo‘shni mamlakat bilan ziddiyatlarni xalqaro huquq me’yorlariga muvofiq hal etishda amaliy sa’y-harakatga undagan.

2007 yili Guba tumanida stadion qurilishi jarayonida ommaviy qabr topildi. O‘rganishlar asnosida bu yerga 1918 yilgi fojialar payti o‘ldirilgan 400 dan oshiq inson ko‘milgani aniqlandi. Mamlakat rahbari Ilhom Aliyev farmoni bilan 2009 yili bu yerda Guba xotira majmuasi qurilishi boshlandi. Majmua 2013 yil 18 sentyabrda ochildi. Mazkur maskan 18 mart fojialarida halok bo‘lgan insonlar xotirasiga ehtirom ramzi sifatida bunyod etilgan.

C.Calim