Mirzo Ulug‘bekni 15 asrdan beri Yevropa va Amerikada ham, Osiyoda ham yaxshi bilishadi. 16 asr oxiri va 17 asrning boshlarida Yevropada astronomiya fanining jadal sur’atlar bilan rivojlanishi yevropaliklarning Samarqand akademiyasiga bo‘lgan qiziqishini oshirdi. Shogirdi Ali Qushchining Ulug‘bek asarlarini Turkiyada targ‘ib etganligi natijasida yevropaliklar uning fan taraqqiyotiga qo‘shgan kashfiyotlaridan bahramand bo‘ldilar.
Hozirgi kunda «Ziji jadidi Ko‘ragoniy» asarining 150 dan ortiq nusxasi ma’lum. Boshqa ma’lumotlarga ko‘ra, asarning 120 ga yaqin forsiy nusxasi va 15 dan ortiq arabiy nusxasi ham mavjud.
Mirzo Ulug‘bekni davlat ishlari bilan mashg‘ul bo‘lishdan ko‘ra ko‘proq ilmu fan bilan shug‘ullanish qiziqtirgan. Uning «Bir darajaning sinusini aniqlash haqida risola», «Risolai Ulug‘bek», «To‘rt ulus tarixi», «Ziji jadidi Ko‘ragoniy», «Ko‘ragoniyning yangi jadvallari» kabi asarlari dunyo olimlari tomonidan hali hanuz o‘rganiladi. Ulug‘bekning «Ziji jadidi Ko‘ragoniy» asari «Ulug‘bek ziji», «Ziji Ko‘ragoniy» kabi nomlar bilan ham ataladi. «Zij» so‘zi fors tilidagi «zik» so‘zidan olingan bo‘lib, «jadval» ma’nosini bildiradi. Mazkur asar Ulug‘bekning qariyb 30 yillik izlanishi samarasi bo‘lib, u 1444 yilda yozib tugatilgan. Asar fors tilida bitilgan, keyinchalik G‘iyosiddin Al-Koshiy tomonidan arab tiliga tarjima qilingan. «Ziji jadidi Ko‘ragoniy» muqaddima va to‘rt maqoladan iborat.