Ashraqat min aksi shamsil-ka’si anvorul-xudo,
Yor aksin mayda ko‘r, deb jomdin chiqti sado.
G‘ayr naqshidin ko‘ngul jomida bo‘lsa zangi g‘am,
Yo‘qtur, ey soqiy, mayi vahdat masallik g‘amzudo.
Ey xush ul maykim, anga zarf o‘lsa bir sing‘on safol,
Jom o‘lur getinamo, Jamshid ani ichgan gado.
Jomu may gar buyladur, ul jom uchun qilmoq bo‘lur
Yuz jahon har dam nisor, ul may uchun ming jon fido.
Dayr aro hush ahli rasvo bo‘lg‘ali, ey mug‘bacha,
Jomi may tutsang meni devonadin qil ibtido.
Toki ul maydin ko‘ngul jomida bo‘lg‘ach jilvagar
Chehrayi maqsud, mahv o‘lg‘ay hamul dam moado.
Vahdate bo‘lg‘ay muyassar may bila jom ichrakim,
Jomu may lafzin degan bir ism ila qilg‘ay ado,
Sen gumon qilg‘ondin o‘zga jomu may mavjud erur,
Bilmayin nafy etma bu mayxona ahlin, zohido.
Tashnalab o‘lma, Navoiy, chun azal soqiysidin
«Ishrabu yo ayyuhal-atshon» kelur har dam nido.
Alisher Navoiy