Abdulla Oripov. O‘zi yo‘q odam (video)

O‘ZI YO‘Q ODAM

Nega odamlardan qochib yurasiz,
Suhbat ham qilmaysiz u yoq-bu yoqdan.
Deydi, barmog‘ini qilgancha bigiz:
– U yoqdan topshiriq ko‘p-da, u yoqdan.

Hovli-joy quribsiz, yaxshi-ku, biroq
Mo‘l-mo‘l ishlatibsiz qo‘ng‘ir bo‘yoqdan.
Barmog‘in tepaga qadaydi shu choq:
– U yoqdan topshiriq tushdi, u yoqdan.

Bir kun so‘radilar: qararmi kelin,
Mabodo xastalik chalsa oyoqdan?
Sho‘rlik javob qildi shivirlab sekin:
– Albatta topshiriq kelsa u yoqdan.

Oxir tiriklikdan bo‘ldi u judo,
Sabab boshdanmidi yoki tuyoqdan.
Har holda, yotardi deganday go‘yo:
– U yoqdan topshiriq bo‘ldi, u yoqdan.
22.03.2015

Abdulla Oripov