2008 yili tavalludiga 105 yil to‘lgan mashhur fransuz yozuvchisi Jorj Simenon asarlari jahondagi yuzdan ortiq tilga tarjima qilingan. Turli mamlakatlar va turli avlod kitobxonlari orasida Jorj Simenon nomining keng dovruq qozonishiga asosiy sabab – yozuvchi barakali ijod qilgan detektiv janrining kishini o‘ziga tortuvchi jozibasigina emas, balki “kichik odam”ga bo‘lgan e’tibor, huquqbuzarliklarning ijtimoiy tub ildizlarini ko‘ra bilish va ularni fosh eta olishida hamdir.
Adib asarlaridagi mashhur Megre obrazi ijodkor mahorati, xayolotiga namuna sifatida adabiyot muxlislari, jumladan, detektiv janri ixlosmandlarini hamon hayratga solib kelmoqda.
Biz quyida e’tiboringizga havola etayotgan yozuvchi haqidagi maqola, to‘g‘rirog‘i, Jorj Simenon bilan qilingan suhbat bundan o‘ttiz yil ilgari e’lon qilingan. Garchand oradan shuncha vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, bu suhbat hozirgacha o‘z qimmatini yo‘qotmay kelayotir. Fikrimizcha, ushbu fikrlar bizning o‘quvchimiz uchun ham ahamiyatli.
(Jan-Lui Ezin, “Nuvel literer” gazetasidan olindi, Parij)
Lozanna – qoyalar, pastliklar, balandliklar, qarasang, esxonangni chiqarib yuborguday qo‘rqinchli tik qiyaliklar shahri. Bu shahar ko‘chalarida shamol emin-erkin sayr qiladi. Shamol – dunyoda eng zo‘r farrosh. Shahar topografiyasida qandaydir sir yashirin. Bu shaharda qad ko‘tarmish katta butxonaning sovuqqon sharpasi, zim-ziyo chuqurlikka g‘arq ko‘prik elas-elas ko‘zga tashlanadi. Ayni vaqtda shahar Jeneva ko‘lidan taralayotgan osoyishtalik, orom qo‘ynida yastanib yotibdi. Olis-olisda, Ushi langargohi tomonda qalin tumanni yorib, quyosh chiqib kelmoqda. Ko‘lning uyoq sohili bir on ko‘zga tashlanadi-yu, yana g‘oyib bo‘ladi.
18 asrga mansub pushtirang uy. Mebel jihozlari qo‘yilmagan keng xona. Ko‘l yaqqol ko‘rinib turgan bu yerda deyarli 200 ta roman muallifi, rekordchi adib Jorj Simenon yaqinda o‘zining 75 yoshini nishonladi (1978 yil – M.A.).
– Ikki yuz o‘n yettita, – deb gapimni to‘g‘rilaydi yozuvchi.
– Bu romanlardan nechtasi komissar Megrega bag‘ishlangan?
– Sakson ikkitasi.
– Demak, siz detektiv bo‘lmagan kitoblarni ko‘proq yozibsiz-da?
– Agarda aniq qilib aytadigan bo‘lsak, bir yuz to‘rtta chiqadi. Bularga kundaliklarimni ham qo‘shsa bo‘ladi. Bugunga kelib, men o‘n yettita kitobni aytib turib, yozdirdim.
– Aytishlaricha, sizning o‘n yettita taxallusingiz bor ekan.
– Ha, to‘ppa-to‘g‘ri.
– Sizga shuncha taxallus nima uchun kerak bo‘ldi?
– Kuniga yettitalab hikoya yozgan kunlarim bo‘lgan. Ana shu hikoyalar tezroq chiqa qolsin, deb taxallus ustiga taxallus qo‘yardim. Ba’zan “Frufru”ning (gazeta) ba’zi sonlari faqat mening hikoyalarimdangina iborat bo‘lardi. Oyiga sakkiztalab “narsasi chiqib turadigan” Ferentsi, so‘ngra Talande (u oyiga besh yoki oltitalab hikoya chiqarib turardi) shu tariqa dunyoga keldi. Yana Jan Dyuperi, Jorj Marten, Jorj Sim, Kristian Bryuj, Aramis, Pik va Plok bor edi. Qaysi hikoyam Jorj Simenon nomi ostida chiqqani yodimda yo‘q.
– Kundaligingizda o‘z ijodingizni kamtarona baholaysiz. “Kelajakda, – deb yozasiz unda, – mening ijodim ba’zilar bashorat qilganidan ko‘ra kamroq ahamiyatga ega bo‘lar”. Yana bunga shunday deb qo‘shimcha qilasiz: “Men bu gapni o‘ta jiddiy aytyapman”.
– Chindan ham kelajakda ijodimni qanday baholashlarini sira tasavvur qilolmayman. Qarang-a, yozuvchilar o‘lganidan so‘ng a’rofga tushadilar (katoliklar aqidasiga ko‘ra, kishi o‘lgach, dastlab poklanish uchun a’rofga tushadi. Yozuvchi bu yerda so‘z o‘yini qilyapti – M.A.). Bu a’rof nomi – shuhrat. Ammo kim va qachon ana shu a’rofdan chiqishi noma’lum. Masalan, Stendal butun yarim asr mobaynida ana shu joyda bo‘ldi. Boshqa birovlar bunda (shuhratga ko‘milib demoqchi) abadiy qolib ketadilar. Faqat vaqtgina ijodkor – yozuvchi, rassom, kompozitor ijodining ahamiyatini baholashga qodir.
– “Men o‘z insoniy fahmi idrokimcha, yana uzoqlab ketishni istardim”. Kundaligingizdan olingan ana shu so‘zlar zamirida afsus, armon yotmaganmikan?
– Men kitoblarimdan birini “Boshqalarga o‘xshagan odam” deb atadim. O‘zim hamisha ana shunday odam bo‘lishga harakat qilib keldim. Biroq bunday odamning, aytganingizday, boshqalarning o‘zlariga o‘xshashliklarini anglab yetishi mumkin emas. Men yozuvchi sifatida Megre haqidagi dastlabki romanlarimdayoq o‘z oldimga bir maqsadni qo‘ydim – muhokama qilish, hukm chiqarish emas, tushunib yetishga harakat qildim. Bu maqsadni baholiqudrat bajarib keldim. Lekin mana, 70 yoshga chiqqanimda endi ortiq roman yozmaslikka ahd qildim. Men birovning hayoti bilan juda uzoq yashadim.
– Nahotki endi biror-bir fikr, g‘oya sizni hayajonga solmagan, tasavvuringizni qo‘zg‘amagan, yozishga undamagan bo‘lsa?
– Yo‘q, aslo! Men o‘zim yozgan kitoblarni hech qachon qayta o‘qimayman.
– Nima uchun?
– Agar o‘qisam bormi, yana ularni boshqatdan yozib chiqishimga to‘g‘ri kelardi. Shunday qilishimga aminman. Yana shunga iqrormanki, o‘sha yozgan kitoblarim hozir meni sira qoniqtirmaydi. Garchand 18 yoshimdan boshlab oddiyroq uslubda, ya’ni sodda, lo‘nda, ravon yozishga intilib kelgan bo‘lsam-da, o‘tgan ijodim meni qoniqtirolmaydi. Qachonlardir va qaydadir jamiyatning har bir tabaqasi kundalik turmushida qancha so‘z ishlatishi haqida statistik tadqiqotni o‘qigandim. Bundan fransuzlarning yarmidan ko‘prog‘i turmushda atigi 600 ta so‘z ishlatishini bilib, hayron qolgan edim. Modomiki, shunday ekan, mavhum iborayu ta’riflar, tumtaroq so‘zlar ketidan quvishning nima keragi bor? Bu so‘zlar hech qachon turli kitobxonlar tomonidan bir xilda qabul qilinmaydi. Mana, mening nima uchun “muhim” sanalmish stol, stul, shamol, yomg‘ir kabi so‘zlardan foydalanganim ayon bo‘ladi. Kitoblarimda hech qachon yomg‘ir tomchilari marvarid yoki shunga o‘xshash biror nimaga aylanmagan.
– Hozir siz faqat aytib turib yozdiryapsiz…
– Bu yanayam soz. Ilk romanlarimni qo‘lda yozib, mashinkada tuzatardim. Lekin asta-sekin shuni anglab yetdimki, qo‘lyozma kishini chiroyli, tumtaroq so‘zlar, iboralarni izlab topishga majbur etarkan. Men qo‘lyozmani qayta ko‘chirganimda, so‘zlarni soddalashtiraverardim, soddalashtiraverardim… Axir, har safar yozganlaringga qaytaversang, qiyin-da. Ha, bu ancha mushkul ish. Keyinchalik yozuv mashinkasida yozishga o‘tdim. Biroq aytib turib, yozdirish yanada qulay ekan! Bunda orqaga qaytishning iloji bo‘lmaydi. Bu tarzda ishlash so‘zlashuv nutqining ravonligi, soddaligini saqlab qolishga imkon beradi.
– Ana shu monologlar orqali qanday maqsadni ko‘zlagansiz?
– Butun yozuvchilik hayotim davomida o‘zga kishilarni tushunishga intilib yashadim. Hozir esa o‘zimni-o‘zim tushunishga harakat qilyapman. Bir so‘z bilan aytganda, men va nihoyat o‘z hayotim bilan yashamoqdaman.
– Demak, biz romanlaringizda aynan siz bilan uchrashgan ekanmiz-da?
– Mutlaqo bunday emas. Ehtimol, men komissar Megre bilan ba’zi fikrlarimni o‘rtoqlashgandirman, biroq u – men degani emas. U yoki bu obraz menda o‘zim bilan o‘zim kurashayotgan paytim asta-sekin dunyoga kelgan. Shu haqiqatni anglab yetdimki, men butunlay qahramon ruhiyatiga singib ketishim, uni tushunish va nima uni o‘zicha, o‘z holicha yashashga majbur qilishini tasvirlashim mumkin ekan. Yozuv stoliga o‘tirganimda, bari voqealar qanday tugashini bilmasdan, uni o‘z hayotim bilan aralashtirmasdan yoza boshlardim.
– Ilgari Belgiya, Fransiya, Afrika, AQShda yashagansiz. Mana, ancha yildan beri Shveytsariyadasiz. Biroq romanlaringizda dekoratsiya – manzara bezaklari juda kambag‘al, nochor. Siz asarlaringizda o‘z kuzatuvlaringiz, taassurotlaringizdan hech foydalanmaganmisiz?
– Men hamisha sayohatlar chog‘i biror narsa yozib qo‘yish va aksariyat yozuvchilar qilganlariday, taassurotlarimni boyitish uchun safar qilmaganman. Yo‘q, yo‘q…. Bir kuni “Bisetr uzugi”ni yozish uchun xuddi shunday qilganman. Qahramonim kasalxonada yotar va men shu yaqindagi cherkov qo‘ng‘irog‘i qaysi soatlarda chalinishi va kasalxonadan qaysi paytlari axlat olib chiqishlarini aniq bilishim kerak edi. O‘shanda Parijga jo‘nadim va katta tibbiyot hamshirasini so‘roqqa tutdim. Men Prust (Marsel Prust) emasman. Aytishlaricha, u yarim tun, soat ikkilarda o‘rnidan sapchib turib, qandaydir gertsoginya qanday libos kiyganini ko‘rish, bilish uchun “Rits” mehmonxonasi tomon yugurgan ekan. Kitoblarimda aynan bezaklar yo‘qligi uchun ham ular biz bilan umumiy o‘xshashligi bo‘lmagan mamlakatlar: Yaponiya, Saudiya Arabistoni va AQShda juda yaxshi o‘qilyapti. Barcha odamlar bir xil, ular bir xilda intilish, tuyg‘ularni his etadilar, deb o‘ylayman. Biroq buni tushunib yetish uchun tashqi xususiyatlardan nari chekinish kerak bo‘ladi. Men jahonni ikki marotaba kezib chiqdim va hech qaerda o‘zimni begona deb his etmadim. Kishilar uchun umumiy bo‘lmish ana shu jihatni tasvirlashga harakat qildim.
– Shu bilan birga, siz hamisha “kichkina odam” haqida gapirardingiz, hatto romanlaringizdan birini shunday deb atagansiz…
– Bilasizmi, men daholarga ishonmayman. Inson o‘zini tabiatga qiyoslaganda, kichikkina. Xuddi shuning uchun ham u kuchli. Ammo inson kichkinami yoki buyukmi, bu o‘zi atrofidagi sharoitlarga bog‘liq.
– Komissar Megre-chi?
– U ham boshqalarga o‘xshagan odam. Bilasizmi, bugunga kelib, jahonda Megre haqida 58 ta film yaratildi, ulardan 20 tasi televizion filmlar. Har bir mamlakat uchun o‘z Megresi aziz. Bunday deyishimning sababi, nazarimda, bu – har bir kishi uning qiyofasida o‘z do‘stini ko‘rmoqchi bo‘lgan inson tipi bo‘lsa kerak. Bu obraz sodda va ochiqko‘ngil, o‘z mohiyatiga ko‘ra, u o‘ziday soddadil odamlar qurshovida yashaydi.
– Yana u haddan tashqari sodda tasvirlangan. Siz bunday uslubga qanday erishgansiz?
– Men 20-yillarda Parijga kelganimda, juda tortinchoq edim va adabiyot olamida ko‘zga tashlanmay, bir chekkada turardim, hattoki, menga kokteyl taklif qilishsa ham rad etardim. O‘sha paytlar o‘z uslubim ustida qattiq ishlamoqda edim. O‘shanda menga adiba Kolett yordam bergandi. U “Maten” gazetasida adabiy muharrir bo‘lib ishlardi. Tahririyatga hikoyalarimni olib borganimda, u qo‘lyozmalarimni qo‘limga qaytarib bergan edi: “Juda kitobiy, azizim Simenon! Juda kitobiy!” Oradan sakkiz kun o‘tib, unga yana ikkita hikoya olib bordim va yana shu so‘zlarni eshitdim: “Yana juda kitobiy! O‘tinaman sizdan, kitobiylikdan qoching!” Kolettdan bunday so‘zlarni eshitishdan yuragim bezillardi. U gaplarni nishonga tegizib gapirardi. Nihoyat bir safar Kolett mehnatimdan mamnun bo‘ldi. Shu tariqa hamkorligimiz bir necha yil davom etdi.
– Sizga yana jurnalistika ham yordam bergan bo‘lsa kerak?
– To‘g‘ri. Jurnalistika menga ko‘p tomonlama yordam berdi. Men “Lej” gazetasida 16 yil ishladim. Gazeta uchun kundalik voqealarni yozardim. Esimda, biror hodisa yuz bergan joyga mototsikl minib jo‘nardim. Odatda biror qolib ketgan mina qurboni bo‘lgan murda yoki shaxtada ro‘y bergan baxtsiz falokatdan ko‘z yosh to‘kayotgan, bir yerga to‘planib olgan ayollar ustidan chiqardim. Bunday voqealar tez-tez ro‘y berib turardi. U paytlar men bolakay edim. So‘ngroq Cherchill va Puankaredan intervyu oldim. O‘shanda men reportaj qilish umidida olamni aylanib chiqqanman. Bir kuni meni o‘sha vaqtlardagi “Pari suar” gazetasining bosh muharriri Pruvo huzuriga taklif etdi. U meni hamisha ochiq chehra bilan qarshi olardi. Lekin u mening qator mamlakatlarda hukm surayotgan ochlik haqidagi maqolalarimni chop etishdan bosh tortdi. Bu 20-30-yillarda taqiqlangan mavzu edi. Baribir, ochlik seriyasidagi maqolalarim dunyo yuzini ko‘rdi – “Jur” gazetasida bosildi. Qiziq tuyulishi mumkin, ammo aynan jurnalistika mening kutilmagan voqealarni ko‘rish, uslubda jonlilikka erishishga bo‘lgan intilishlarimni ro‘yobga chiqardi.
– O‘z xotiralaringizni aytib turib yozdirishingiz bilan o‘ziga xos surgunga chiqdingizmi?
– Bunday emas. Bir narsani tan olib aytay: memuarlar menga ilgari yaratgan asarlarimdan ham azizroqdir. Hattoki noshirim ham dastavval bu memuarlarga ishonqiramay qaradi. U bu memuarlarni ilgari kitoblarimni chiqarib yurgani hurmati yuzasidan nashr etdi. Lekin hozir men kitobxonlardan romanlarimdan ko‘ra, memuarlarimga oid ko‘plab xatlar olyapman.
– Marsel Prustning mashhur iborasi bilan aytsak, hozir “sizning ruhiy holatingiz” qanday?
– Xotirjamman. Shu tariqa savolga hamisha ham bunday javob qaytarmaganman. Shuni unutmangki, men ortiq bunday demayman. 75 yoshli odam o‘zining “to‘rtinchi atalmish yoshi”ga kiradi. Umuman, men doimo optimist bo‘lganman. Hozir “Lej”da o‘tgan o‘smirlik yillarimdagi qo‘shiqlarni xirgoyi qilib yuribman. Bu qo‘shiqlarni xirgoyi qilganimda kutilmaganda xotiramda ko‘l bo‘ylab qilgan sayrlarim jonlanadi (Deraza ortida kun bota boshlaydi. Jorj Simenon xotirjam choy ho‘playdi. Xona devorlari quyosh botayotgan ufqning sarg‘ish aksi kabi och-sariq rangga bo‘yalgan). Ha, osoyishtalik… Inson ana shu osoyishtalikka o‘zi sezmagan holda ega bo‘ladi. Men uchun ana shu osoyishtalik bundan o‘n ikki yil ilgari hukm surganga o‘xshaydi. Biroq, bilasizmi, men o‘zimni umuman keksa deb his qilmayman. O‘zimni tajribali his qilaman, lekin qariya deb emas…
Ma’suma Ahmedova tayyorladi.
“Ma’rifat” gazetasidan olindi.