Tahririyatimizda taniqli bolalar shoiri Tursunboy Adashboyev bilan ijodiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Shoir yoshlarning savollariga atroflicha javob berdi, xotiralari, shaxsiy kuzatishlari, adabiyot haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. Quyida ana shu gurungdan parchalar e’tiboringizga havola etilyapti.
Bizning Jumavoy aka
Bolaligimizda “Katta bo‘lsang, kim bo‘lasan?” deb so‘rashsa, tengdoshlarim hech ikkilanmay: “Tegirmonchi bo‘laman”, derdi. Chunki non chuchuk edi, tansiq edi. Bolalarning ko‘ziga tegirmonchi to‘q yashaydigandek ko‘rinardi. Urushdan keyingi og‘ir yillar, bir oyog‘i jang maydonida qolib ketgan qishloqdoshimiz dars beradi. Bir xonada ikkita sinf o‘qiymiz. Uchinchi sinf o‘ngdagi, to‘rtinchi sinf chapdagi partalarda o‘tiradi. O‘qituvchimiz: “Hozir to‘rtinchi sinf topshirig‘ini beraman”, deydi. Uchinchi sinfda o‘qiydigan ayrim o‘quvchilar to‘rtinchi sinfga berilgan mashqlarni bajarib qo‘yadi. Bir oydan keyin “Sen to‘rtinchi sinfga ko‘chding”, “Sen yaxshi o‘qimaganing uchun to‘rtinchi sinfdan uchinchi sinfga o‘tasan”, deb qoladi muallim. Bir xonada o‘qib, bir yilda ikkita-uchta sinfni tugatgan tengdoshlarimiz bo‘lgan. O‘sha paytlarda Jumavoy Mo‘minov degan qishloqdosh akamiz Toshkentda o‘qirdi. Ko‘p o‘tmay televizorga chiqib, “Olamda nima gap?” ko‘rsatuvini olib bora boshladi. Qishloq ahli yig‘ilib, ana shu dasturni ko‘radi. O‘qituvchilar esa: “Tuzuk o‘qisalaring, sizlar ham Jumavoyday televizorga chiqasizlar”, deydi. Bolalar Jumavoy akadek bo‘lishga intilib, kitobga yopishadi. Ana shunaqangi qiziqishlar, muallimlarimizning qiziqtirishlari bizga qanot bag‘ishlagan.
Doston o‘qib ulg‘aydim
Menda adabiyotga mehrni o‘zbek xalq dostonlari uyg‘otgan bo‘lsa kerak. Urushdan keyingi yillarda kitob kam edi. Qashqadaryo, Surxondaryoda baxshilar dostonni do‘mbirada kuylasa, biz tomonlarda esa qiroat bilan, ohang bilan o‘qilardi. Bobomga va u kishining davradoshlariga doston o‘qib berib ulg‘aydim. Vaqti kelib, Til va adabiyot institutida ishlayotgan ilmiy xodimlardan biri: “Tursunboy aka, xalq dostonlarini yozib jo‘natgan ekansiz. Ulug‘ dostonchilar xat yozgan ekan”, deb qoldi. U menga Hodi Zaripov, Muzayana Alviyaning maktubini eslatgandi. Keksalarning davralarida gurung qizir edi. Qahramonlik ertaklari, kichik dostonlar aytilardi. Ularning ko‘plarini yozib olib, shu sohaning bilimdonlariga xat orqali jo‘natganman. Hodi Zaripov ana shunday maktublarimning ayrimlariga o‘z mulohazalarini bildirib javob yozgandi. Yana bir gap, eskidan odatim bor. Qanday kitob o‘qimay, muallifga xat orqali munosabatimni bildirib kelaman. Masalan, G‘afur G‘ulom, Abdulla Qahhor singari ustozlarning kitoblarini o‘qib ham maktub yozganman. Bu ulug‘ zotlardan javob maktubini ham olganman. Ana shunday xatlarni bugungacha asrab kelaman.
Abdulla Qahhorga hikoyalarini she’rga solib maktub yozdim. “Teshik dasturxon” hikoyangiz nega to‘plamga kirmadi?” deb so‘radim. Adib: “Nashrga tayyorlayotganimda “Teshik dasturxon”ga o‘xshagan hikoyalarning ko‘pini kiritmadim, chunki juda bo‘sh ekan”, degan.
Adabiy qahramon bilan uchrashuv
Ko‘pchilik ijodkor do‘stlar va kitobxonlar: “Tursunboy aka, ko‘rgan-kechirganlaringiz haqida nasrda biror asar yozmaysizmi?” deb so‘rab qolishadi. Men esa: “Chavandoz bir otni chopsa, yaxshi uloqchi bo‘ladi”, deb o‘ylayman. Negaki, mahorat ham, tajriba ham bir adabiy turda yaxshi oshib boradi-da! Teng-to‘sh ijodkorlarning ayrimlari har maqomga yo‘rg‘alab beobro‘ bo‘ldi. Nasr tabiatiga mos adabiy kechinmalar, voqea-hodisalarni yozuvchilikni uddalaydigan qadrdonlarimga ilinib turaman. Masalan, do‘stim Tohir Malikni ona qishlog‘im Safed-Bulonga taklif qilganimda Kesak polvon bilan uchrashtirgan edim. Usta adib bu odamning obrazini “Shaytanat” qissasiga mahorat bilan kiritib yubordi. Bundan kamina ham, yozuvchi ham birdek xursandmiz.
“Siz Tursunboy Adashboyevsiz-a!”
O‘tgan asrning 60-yillarida qiziq voqea bo‘lgan edi. Viloyat gazetasida ishlayman. Toshkentga o‘qishga boraman, deb chog‘lanib yuribman. Ishdan ruxsat olish uchun muharririmiz Halimjon Hamidovga maslahat soldim. Rahbar esa: “Tursunboy, o‘qishga boraman deganingizni hech kimga aytmang! Elga tanilib qoldingiz, hamma jurnallarda she’rlaringiz chiqyapti. Bordi-yu, kirolmay qolsangiz, masxara bo‘lasiz-da!” deb qoldi. Boshqa yoru do‘stlarga aytmasdan, Toshkentga keldim. Hozirgi Milliy universitetga imtihon topshiryapman. U paytlarda kirish sinovlarida insho yozilardi. Menga “Oygul bilan Baxtiyor” mavzusi tushdi. Bu doston yod bo‘lib ketgandi. O‘zimga ishonganimdan qoralamasiz yozib berdim. Besh kundan so‘ng ikki baho chiqib turibdi. Dodimni kimga aytishni bilmayman. Dardimni ichimga yutib, qishlog‘imga qaytdim. Imtihon natijasini muharririmizga aytgandim: “Ertadan ishga chiqing”, dedi. U kishi ana shunday bag‘rikeng, mehribon kishi edi.
Keyingi yili yana keldim. Qarangki, bu safar ham “Oygul bilan Baxtiyor” haqida insho yozdim. Bu gal besh chiqib turibdi. Hayronman. Og‘zaki imtihonga kirsam, bir o‘qituvchi:
– Siz Tursunboy Adashboyevsiz-a! – deb so‘rab qoldi.
– Ha, menman, – dedim.
– Men Sattor Haydarovman. O‘tgan yili imtihonda birinchi marta nazoratchi bo‘lib ishlagandim. Tajribasizlik qilibman. Sizning inshongizni olg‘irlar boshqasiga berib yuborgan, – dedi.
Hayron qoldim. Bu to‘g‘riso‘z va dangal muallim bilan qadrdon og‘a-ini bo‘lib ketdik. Endi o‘ylab qarasam, u paytlari o‘qishga kirish imtihonlarida har xil “fokus-mokus”lar bo‘lgan ekan. Bugun eski zamonlar ortda qoldi. Sizlar test sinovlaridan o‘tib, o‘qishga qabul qilingansizlar.
Parodiyabop emasmi?!
Yaxshi asar o‘qisam, quvonaman. Badiiy baquvvat asar faqat muallifning emas, adabiyotning, millatning yutug‘i bo‘ladi. Shu bois “Sharq yulduzi”da, “Yoshlik”da, umuman olganda, adabiy nashrlarimizda yaxshi asarga ko‘zim tushsa, albatta, tahririyatga borib, ijodkorning telefonini olib, qo‘ng‘iroq qilib tabriklayman. Qoraqalpog‘istonda bo‘ladimi, Surxondaryodami, asarining qaysi jihatlari maq’ul kelganligini aytaman. U esa: “Tursunboy aka, parodiyabop emasmi?” deb so‘raydi. “Yaxshi yozilsa, parodiyaga o‘rin qolmaydi”, deb javob beraman men.
So‘z o‘rnida ishlatilmasa, bitganida tuz bo‘lmasa, parodiya yoziladi-da. Mana, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Rauf Parfiday shoirlarning she’rlari parodiyaga imkon bermaydi. Menga sovg‘a qilingan kitoblarning ko‘piga “Parodiya yozmaslik sharti bilan”, deb dastxat qo‘yilgan. Ayniqsa, keyingi paytda bu shart yanada ko‘paydi. Kitob berdingmi, shart qo‘yib nima qilasan! Yana bir gap, parodiyadan nega qo‘rqasan?! Bir-birimizga kamchiligimizni aytmasak, kim aytadi. Har qanday xatoni o‘z vaqtida tuzatishdan, kelgusida yana shunday nuqsonlarga yo‘l qo‘ymaslikdan muallif va adabiyot yutadi-ku!
Shoir-yozuvchilar adabiyotshunoslar bilan “shahar talashmasdan”, do‘st bo‘lishi kerak, deb o‘ylayman. Shunda badiiy baquvvat asarlar paydo bo‘ladi. Hozir bir odat avj oldi: ayniqsa, yosh ijodkorlar tanqidni yoqtirmaydi. “Iya, sen tanqidga chidamasang, fikrni yomon ko‘rsang, nimaga yozasan?!” desangiz, og‘rinadi. Adabiyot chidaganga chiqarilgan, buni, ayniqsa, jiddiy niyatli ijodkor anglashi kerak.
Parodiya yozganimga rahmat aytib, kamchiliklarini tan olib, “Shu she’rimni qayta ishladim, bir eshiting”, deydiganlar ham bor. Ammo xatosini tan olmasdan tumtayib, bir yil, yarim yildan keyin: “E, Tursunboy aka, to‘g‘ri yozgan ekansiz”, deydiganlar ham bor. Adabiyot masalasida doim xolis so‘zni aytish kerak. Yo‘qsa, malomatga qolamiz. Vaqti kelib, falon asrda yashagan ustozlar bir-birining kamchiliklarini ko‘rmay, ko‘rsa-da ko‘rmaslikka olib yashagan ekan, deyishadi-ku?!
Mirtemir domlaning “Xo‘rsiniq” she’rini eslaylik. “Hanuz she’r yozishni bilmayman” degan satr bilan yakunlanadi. Bir o‘ylab ko‘ring-a, Mirtemir domla bu she’rni 1973 yili yozgan ekan. Bu paytda u kishining oldiga tushadigan shoir yo‘q edi. Atrofida shogirdlari bisyor, obro‘-e’tiborli shoir. Ammo domlaning gapini qarang:
Taqdirimga hech ham o‘pka qilmayman,
Qo‘limdan kelmaydi degan pesha kam.
Ba’zan ko‘zlarimda tomchi-tomchi nam…
Hanuz she’r yozishni bilmayman.
Men esa, hanuz hayronman. Mirtemir she’r yozishni bilmasa, kim bilar ekan?!
Zamondoshlarimizdan biri yozadi:
She’r yozmagan tunim yo‘q,
She’r aytmagan kunim yo‘q.
Har kuni she’r yozib bo‘ladimi, axir? Yozilgan taqdirda ham, qanday she’r bo‘ladi u!? Shu she’rni yozgan do‘stimga shunday parodiya yozdim:
Ustoz G‘afur G‘ulom ham
Yozmagandir har kuni.
Eslang Asqad Muxtorni
Yoki Rauf Parfini.
Shoir nahot dam olmay,
Qalam tishlab o‘tirsa;
Ko‘k burjida bulutlar
Elak qoqsa, ko‘pirsa;
Evaziga osmondan
She’rlar tutday to‘kilsa?
Jo‘n va oddiy satrni
Kashfiyot deb jo‘shmaylik.
Birodar, she’rimizga
Yolg‘on gapni qo‘shmaylik.
Parodiya yozish uchun she’r qidirmayman. Ammo ko‘p uchrataman. Keyingi paytda parodiyabop she’rlar ko‘payib ketayotganday. Mana, masalan, yosh shoirlardan biri “Suyguli” she’rida:
Yo‘lingni kuta-kuta,
Kunim yelga sovurdim.
Garmselda guvranib,
Yuragimni qovurdim…
deb yozibdi. Uning bu so‘zlariga parodiya yozmaslikning hech imkoni yo‘q.
Garmselda guvranib,
Bisotingni sovurma.
O‘pkangni bos, kofe ich,
Egin turkcha shovurma.
Burgaga achchiq qilib
Qaltis ishga dov ursang,
Zira, piyoz qo‘shmasdan
Yuragingni qovursang,
Alkash do‘sting bilmasdan
Qilar uni zakuska,
Unda qizni yetaklab
Kim boradi ZAGSga?..
Bundan maqsad yosh shoirni kulgiga olish emas, she’rdagi kamchiliklarini she’riy yo‘l orqali ko‘rsatib, so‘zni o‘rinli ishlatishiga xayrixohlik bildirishdir.
Shoira singillarimizdan birining shunday misralari bor:
Men ko‘prikning o‘rtasida
Qotib turgan serkaman.
Yo‘lim bo‘shat, erka bo‘lsang,
Men ham sendek erkaman.
Unga mana bunday so‘z aytgandim:
Olmaxonning o‘rischasi
“Belka” bo‘ladi.
Kurakning sal teparog‘i
Elka bo‘ladi.
Farzandlarning kenjatoyi
Erka bo‘ladi.
Hayvonlarning hayvonlardan
Farqi bor, singlim!
Taka zotin axta qilsa,
Serka bo‘ladi…
Sumkangizda nima bor?
“Nega faqat bolalar haqida yozib o‘zingizni cheklaysiz, kattalar haqida yozish niyatingiz bormi?” deb so‘rab qolishadi. Yo‘q, qo‘limdan kelmaydi. Bolalar uchun yozadigan ikki-uch yozuvchi bor, shoir bor. Bolalarga she’r yozib topgan jinday obro‘mni yerga urmoqchi emasman. Ammo katta she’riyatning, katta prozaning muxlisiman. Shoir-yozuvchilarimizning ijodini kuzatib boraman. Sababi oddiy – har kim qo‘lidan keladigan ishni qilgani yaxshi-da! Bolalarga atab yozgan she’rlari bilan ustoz Qudrat Hikmatning nazariga tushgan Yo‘ldosh Sulaymon birdaniga prozaga o‘tib ketdi. Qissa yozdi, roman yozdi. Keyin bolalar adabiyotiga qayta olmadi. Yozdi, ammo avvalgi asarlariga hech yaqin kelmadi. Bilasizmi, nega? U bolalar dunyosidan chiqib ketgandi.
Gohida katta sumka ko‘tarib yuraman, hamma hayron: “Saksonga chiqqan otaxon bu sumkaga nima solib olgan”, deb. Ichi to‘la she’r bo‘ladi. Viloyatlarda ijod qilayotgan uka-singillarimning she’rlari bo‘ladi. Biri xorazmlik, biri namanganlik… Ularni yaxshi tanimayman ham, ijodiy uchrashuvlarda gaplashgan bo‘lsam kerak-da. Xat yo‘llab, mashqlarini jo‘natishadi. O‘qiyman, yaxshi she’r uchrab qolsa, “Gulxan”, “G‘uncha”, “Tong yulduzi” va boshqa nashrlarga tavsiya etib boraman. Chunki bizga ham bir zamonlar Qudrat Hikmat, Mirtemir domla, Asqad Muxtor kabi ulug‘ shoirlar shunday yordam qilgan. She’rlarimizning xato-kamchiliklarini ko‘rsatib, tuzatish uchun yo‘l-yo‘riq berib, nashrlarga tavsiya etishgan. Yoshlarga g‘amxo‘rlik qilish, to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatish, intilishlarini rag‘batlantirish katta avlodning burchidir.
“Yoshlik” jurnali, 2016 yil, 5-son