Atoqli bolalar shoiri Tursunboy Adashboyevning kitoblari, darsliklarda bosilgan asarlari deyarli barcha o‘zbek xonadoniga kirib borgan. Shoir uzoq yillardan beri bolalar uchun ijod qiladi, ularga atab xrestomatiyalar, antologiyalar tuzadi, tarjimalarni amalga oshiradi, hatto parodiyalar yozishga ham vaqt topadi. U hali-hanuz adabiyotimiz ravnaqi yo‘lidagi kuydi-pishdiligi bilan ko‘pchilikka ibrat bo‘lib kelayotir.
Aprel oyining boshida nishonlanadigan Xalqaro bolalar kitobi kuni arafasida adib bilan uchrashib suhbatlashganimizda o‘zbek bolalar adabiyotining jahon miqyosidagi obro‘-e’tibori, bu borada yanada yuksakroq cho‘qqilarga erishish lozimligi, umuman, ijodkorlar oldida turgan dolzarb vazifalar haqida fikrlashdik. Quyida shu suhbatni diqqatingizga havola etayapmiz.
— Tursunboy aka, bolalar kitobxonligi masalasi bugungi kunda nafaqat bizda, balki jahondagi aksariyat davlatlarda ham yosh avlod ta’lim-tarbiyasidagi eng e’tibortalab muammoga aylangani sir emas. Buning sabablarini nimada ko‘rasiz?
— Qo‘lida kitob ko‘targan, diqqat bilan kitob varaqlayotgan, o‘qiyotgan bolani ko‘rsam beixtiyor quvonib ketaman. Bu menga nurga, ziyoga intilib bo‘y cho‘zayotgan niholni eslatadi. “Kitob — oftob”, degan hikmat bejiz aytilmagan. Ma’rifat va ziyoning manbai barcha zamonlarda kitob bo‘lib kelgan, bundan keyin ham shunday bo‘ladi. Xalqaro bolalar kitobi kuni nafaqat bolalar yozuvchilari, shoirlarining, shuningdek, ma’rifat ahlining, farzandi kamoli yo‘lida zahmat chekayotgan ota-onalarning, ayniqsa, kitobga oshno tutingan bolajonlarimizning bayrami. Bu kun bahonasida yosh avlodga kitobxonlikni qanchalik targ‘ib-tashviq etsak, istiqbolimiz egalari qalbi shunchalik yorishadi, aqli quvvat oladi, ongi ravshan tortadi. Bugun bu barchamizning vazifamizgina bo‘lib qolmay, burchimizga aylandi.
Nega desangiz, hozirgi zamonning shiddatli oqimi, taraqqiyot yosh avlodni kitobdan, kitobxonlikdan chalg‘itadigan ko‘pdan-ko‘p vositalarni yuzaga keltirdi. Kompyuter deysizmi, internet deysizmi… Bunday texnik qulayliklar ham foydadan xoli emas, biroq ular bolani kitob mutolaasidan chalg‘itmasligi, vaqtini “o‘g‘irlamasligi” kerak. Bu g‘oyat dolzarb muammo biz ijodkorlar, kitob targ‘ibotchilariga ham katta mas’uliyat yuklaydi. Shu ma’noda bugungi kunga kelib kitobxonlik masalasi bolalar ta’lim-tarbiyasida o‘tgan zamonlardagidan ko‘ra muhim, dolzarb ahamiyat kasb etayotir.
— “O‘tgan zamonlarda”, deb boshlanadigan ertaklarga muqoyasa qilib aytsak, to‘rt tarafi tog‘lar bilan o‘ralgan Safed Bulon deb atalmish bir qishloq bor ekan, shu qishloqda tug‘ilib o‘sib, bolaligi urush yillariga to‘g‘ri kelgan Tursunboy ismli bola kitob o‘qishni juda sevar ekan… Xullas, tog‘lar qo‘ynida o‘sib-ulg‘aygan o‘sha bolakayning qalbida kitobga muhabbat qayerdan paydo bo‘lgan?
— Ertaknamo savolingizga javob shunday: to‘g‘ri aytdingiz, qishlog‘imiz tog‘lar bag‘rida joylashgan. Biroq bir paytlar paxta ekilib, gektaridan 8–10 tsentnerdan hosil olinardi. Oktyabr oylarida qor tushgach, ko‘saklarning paxtasi quritilib davlatga topshirilardi. Arzimagan paxtani deb talay bog‘u rog‘larning kuli ko‘kka sovurilgan. Qishlog‘imiz ahli oqshomlari choyxona va klublarda ko‘sak chuvishar, ularga xalq dostonlarini ulug‘ og‘am Davronboy Shobdonov bilan birgalikda navbat bilan o‘qib berardik. Raisimiz marhum Abdullajon Shaitov o‘ta tadbirkor, kitobning qadriga yetadigan inson edi. O‘sha kishining da’vati bilan ikki yil qish mavsumida «Go‘ro‘g‘li», «Alpomish», «Kuntug‘mish», «Ravshanxon» va «Zulfizar» dostonlarini ovuldoshlarimizga o‘qib berganmiz. Raisimiz Abdulla Qodiriyning «O‘tgan kunlar» asarini yoddan bilgani uchun 1980 yili may oyida taniqli olim Malik Murodov uni Abdullajon akaning tilidan magnit lentasiga yozib olgandi… Qisqasi, beshinchi sinfda o‘qiyotganimdan tortib dostonlar, ertaklar olamiga sho‘ng‘ib ketgandim. Ikkinchi jahon urushidan keyingi og‘ir yillarda elimiz o‘ta qiyin ahvolda kun kechirgan. Men tegirmonchi bo‘lish orzusi bilan yashardim.
Kunlarning birida ustoz G‘ayratiyning «Quloqchin» nomli she’riy ertagi qo‘limga tushib qoldi. Unda tasvirlangan voqea juda hayotiy edi. Kech kuz, bog‘bon dov-daraxtlarni butagach, qalpog‘i shoxda qolib ketadi. Qalpoq shoxdan-shoxga chopqilab yurgan olmaxonga tayyor boshpana… Xullas, ustoz G‘ayratiyga taqlid qilib ancha mashqlar qoralaganman. Qolaversa, xalq dostonlarining ta’siri tufayli adabiyotga qiziqishim oshgan.
— Ustoz G‘ayratiyni esladingiz. Darhaqiqat, yosh qalamkashning ijod maydonida o‘z yo‘lini topishida ustozning o‘rni, xizmati beqiyos. Kimlar sizning qo‘lingizdan tutib, ustozlik qilgan?
— 1958 yilning aprel oyida Mirtemir domla «Manas» eposini tarjima qilish niyatida Qirg‘izistonga borganida, ikki hafta u kishiga hamrohlik qilganman. Bolalarga atalgan mashqlarimni o‘qib ko‘rgan ustoz kichkintoylarning ulkan, o‘ta talabchan shoiri Qudrat Hikmat bilan tanishtirgan. Har ikki ustozim menga valine’matlik qilmaganda, adabiyotimizning muxlisi bo‘lib yuraverardim.
Shu o‘rinda bir gapni aytib o‘tay. Bugun adabiyotga kirib kelayotgan yoshlarga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rliklarni bizning avlod tushida ham ko‘rmagan. Gap endi yoshlarning o‘zida qolgan.
— Bolalarga atab she’r yozish, asar yaratish har qanday ijodkorning ham qo‘lidan kelaveradigan ish emas. Shu o‘rinda atoqli rus shoiri Samuil Marshakning bir qochirimli gapi esga tushadi: «Kichkina soat yasash kattasini yasashdan ko‘ra oson, deb kim aytdi?!». Mayli, yozish-ku o‘z yo‘liga, biroq bolalarda kitobxonlikka, mutolaaga ishtiyoq uyg‘onishi, badiiy asarni tushunib, tanlab o‘qib qabul qilishi ham katta yoshlilarga qaraganda boshqacha kechadi…
— Marshak to‘g‘ri aytgan. Kichkintoylar uchun asar yozish – o‘ta nozik va qiyin yumush bo‘lgani uchun ham bu sohaning vakillari barmoq bilan sanarli darajada. Yaqin o‘tmishda kattalarga she’r yozishni eplolmaganlarga «Bolalarga atab asarlar yozib, o‘zingizni bir sinab ko‘ring» qabilida maslahat berilardi. She’rni ifodali o‘qishda, uni yodlashda gap ko‘p. Ming afsuski, aksar maktablarda o‘quvchilarning she’r yodlash, ifodali o‘qishga bo‘lgan qiziqishi urfdan chiqib borayapti.
— Dunyo xalqlari tillarida yaratilgan bolalar adabiyotining ko‘plab nodir namunalari ona tilimizga tarjima qilingan. Biroq o‘zbek bolalar yozuvchi va shoirlari asarlari orasida jahon xalqlari tillariga o‘girilganlari kam. Bu holni qanday izohlaysiz? Dunyo bolalariga taqdim etishga arziydigan asarlarimiz kammi yoki mohir tarjimonlar taqchilmi?
— O‘zbek bolalar adabiyotida, xususan, prozada ham, she’riyatda ham jahon bolalariga hech ikkilanmay taqdim etishga arziydigan asarlar talaygina. Muhammad Sharif Gulxaniy, Abdulla Avloniy, G‘afur G‘ulomlardan tortib Anvar Obidjon, Kavsar Turdiyeva, Abdurahmon Akbargacha o‘nlab atoqli, taniqli o‘zbek bolalar yozuvchilari, shoirlarining asarlari jahon bolalar adabiyoti xazinasini boyitishiga hecham shubhalanmayman. Ammo, afsuski, Xudoyberdi akaning bir-ikki asarini aytmaganda, dunyo miqyosiga chiqqan kitoblarimiz juda oz. To‘g‘ri, qardosh xalqlar tillariga tarjima qilingan namunalar bisyor. Biroq bu jahon miqyosiga chiqqanimizni anglatmaydi.
Jahon xalqlari bolalar adabiyoti eng sara namunalarining ona tilimizga tarjimalaridan qoniqish hosil qilish mumkin. Deylik, Sharl Perro, Daniyel Defo, Jonatan Svift, aka-uka Grimmlar, Xans Kristian Andersen, Lev Tolstoy, Korney Chukovskiy, xullas, juda ko‘plab chet el bolalar adabiyoti namoyandalarining eng mashhur asarlari allaqachon ona tilimizga o‘girilib, ko‘p nusxalarda nashr etilgan. Bu borada biz jahonga tenglashib olganmiz, endi jahon ham bizga tenglashib olishi kerak.
Bugungi adabiy jarayonda bo‘y ko‘rsatayotgan o‘zgarish va yangilanishlardan umidim katta. O‘zbek adabiyotining eng sara namunalarini jahon tillariga tarjima qilish ishlari izga tushayotir, safimizga iste’dodli yosh tarjimonlar kelib qo‘shilayotir. Yozuvchilar uyushmasi bu izlanishlarning izchilligini ta’minlashga qattiq bel bog‘lagan. Umid qilamizki, o‘zimizdan yetishib chiqqan yosh tarjimonlar dastlabki qadamlarini aynan o‘zbek bolalar adabiyoti namunalarini xorijiy tillarga o‘girishdan boshlasalar.
— Siz ko‘p yillardan beri parodiya janrida ham qalam tebratib kelasiz. Biroq negadir parodiyaning muxlisi, o‘quvchilari ko‘p-u, ammo parodiya yozadiganlar kamchil. Parodiyalardan tarkib topgan kitoblar esa, deyarli yo‘q. Shu ma’noda o‘tgan yili «Sharq» nashriyotda chop etilgan “Parodiyalar” kitobingiz o‘quvchilarga yaxshi sovg‘a bo‘ldi…
— Parodiya hamisha adabiyot muxlislarni qiziqtirib kelgan. She’riyat kechalarida G‘afur G‘ulom, Mirtemir, Shayxzoda singari ulug‘larimiz o‘zlariga yozilgan «Kim qanday yozar edi?» qabilidagi taqlid-parodiyalarni Anvar Eshonov, Yusuf Shomansurlar ijrosida eshitishni xush ko‘rishardi. O‘ki Erkin akaning ustoz Shukrullo va Sayyor akaga atalgan zakiyona hazillarini unutib bo‘ladimi?! Ustoz va og‘alarim ta’sirida men ham baholiqudrat bu janrda qalam tebratib kelayapman.
Bu janr Yevropada allaqachon adabiyotning mustaqil yo‘nalishiga aylangan. Ayniqsa, rus adabiyotida yuksak cho‘qqilarga ko‘tarilgan. Pushkin, Yesenin zamonlarida va ulardan keyin ham butun bir avlod vakillari bir-biridan go‘zal taqlidlar to‘plamlarini yaratishgan. Qardoshlarimizdan qirg‘iz shoiri Tuqtasun Samudinov, qozoq birodarim Kopen Amirbekovni mazkur janrning ustalari deb bilaman. Xullas, bu janr o‘zimizni taftish qilib turishda tengi yo‘q.
O‘zbek adabiyotida parodiya negadir o‘z o‘rnini topmayotir. Do‘stimiz marhum O‘tkir Saidov talay puxta taqlidlar yaratdi. Abdurazzoq Obro‘ev hozircha «ta’til»da. Mentalitetimizga ko‘ra, biz juda andishalimiz. Bir-birimizni ranjitmaslikning turli yo‘llarini izlaymiz. Ba’zi e’tiborli nashrlarda alahsirashga o‘xshagan «jo‘qicha turkumlar» bosilib turgan bo‘lsa-da, ko‘rib-ko‘rmaslikka olamiz. Ayrim qo‘shiqlarning matnlari odamning g‘ashini keltiradi.
Adabiyot xolis ijodiy musobaqa maydoni, o‘pkalashning o‘rniga so‘zning ma’nosiga yetib ishlatishni o‘rganishimiz kerak. Muallifning shaxsiga tegmay she’rida yo‘l qo‘ygan qusurlar yumor yo‘li bilan taqlid qilingani ma’qul. Kaminaga sovg‘a qilingan kitoblarda «Parodiya yozmaslik sharti bilan», degan dastxatlar ham uchraydi. Maza-matrasiz she’rlar bozori qizigan paytda tomoshabin bo‘lib tursak kitobxonlar kechirmaydi.
— Meni yana bir savol juda qiziqtiradi. Bir ijodkor sifatidagi tinib-tinchimaysiz: tarjimalar qilasiz, kitoblar — xrestomatiyalar, antologiyalar, qo‘llanma-darsliklar tayyorlaysiz, chop ettirasiz, yosh iste’dodlarga adabiyotda o‘z yo‘lini topib olishlarida ko‘maklashasiz… Yetmish yoshdan oshganda bu g‘ayrat-shijoatni qayerdan olayapsiz?
— Ijodimning asosiy qahramonlari bolalar. Demak, tinib-tinchimaslik xislati ulardan yuqqan. Viloyatlarda yashab, kichkintoylarga puxta she’rlar yozayotgan ukalarimga yordam bermasam, insofdan bo‘lmas.
Bir vaqtlar xalqona termalardan ruhlanib, olti satrdan iborat hazil she’r yozgandim. Yangi parodiyalar kitobimga uni ilova qilmoqchiman. Ruxsat etsangiz, suhbatimizni shu hazil she’r bilan yakunlasak:
Parodiya yozmayman ermak uchun, Yolg‘on-yashiq gaplarni termak uchun. Parodiya yozaman, azizlarim, Oshlanmagan terini kermak uchun. So‘zning qadrin bilmagan «donolarga», Nordongina maslahat bermak uchun.Muzaffar Ahmad suhbatlashdi.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2013 yil 13-sonidan olindi.