– Sharof aka, Siz institutda aktyorlik mutaxassisligi bo‘yicha ta’lim olgansiz. Turli yillar davomida ayrim teatrlarda aktyor sifatida rollar ijro etganingizni ham yaxshi bilamiz. Biroq ko‘p o‘tmay mahoratli dramaturg sifatida o‘zingizni namoyon etib, keng jamoatchilik nazariga tushdingiz. Aktyorlik kasbidan dramaturgiya olamiga o‘tib ketishingiz jarayoni qanday kechgan?
– Aynan she’riyat yoki nasr vakili bo‘lmay dramaturg bo‘lishimga teatr sababchi bo‘ldi. Qaysi teatrda ishlagan bo‘lsam, albatta, badiiy kengash a’zosi bo‘lganman. Bunday bo‘lgach, tabiiyki, juda ko‘plab, hatto yuzlab pesalarni o‘qishga majbur bo‘lasiz. To‘g‘ri, ularning hammasini ham asar deb bo‘lmaydi. Lekin nima bo‘lishidan qat’i nazar, o‘qish shart. Mana shu mutolaa jarayonida dramaturgiyaga kirib keldim.
Guliston teatrida ishlab yurgan paytlarimda qiziq bir voqea bo‘ldi. Bir kuni nima bo‘ldi-yu bir dramaturg yozuvchiga: “Bunaqa asarlarni men o‘ynab-o‘ynab yozaman” deb yubordim. U “yozing” dedi. Teatr direktori ham “marhamat, yozing” dedi. Ularning huzuridan “yozaman” deb shahd bilan chiqib ketdim. Biroq uyga kelib qo‘rquvga tushdim. O‘zim aktyor bo‘lsam, bu ham yetmaganday oyog‘im bilan yozaman deb katta ketishning nima keragi bor edi. Maktabda yaxshi o‘qirdim, institutni ham a’lo baholarga tugatgandim. Aniq fanlarga qiziqardim, ilmiy kitoblarni ko‘p o‘qirdim, olgan bilimlarimga yarasha saviyam, dunyoqarashim ham bor edi. Lekin yozishdan yiroq edim. Qalam masalasida talant chatoq edi. Biroq o‘zimga qat’iy ishonib “Taqdir eshigi” pesasini yozishni boshladim. Keyinchalik “Tikansiz tipratikanlar”, “Tushov uzgan tulporlar” yozildi.
O‘sha paytlarda men dramaturg bo‘laman demaganman, bu izlanishlarimga aktyorlik kasbining davomi sifatida qarardim. O‘zim pesa yozib, o‘zim sahnada ijro etardim. Uchta pesam sahnalashtirilganda ham Muqimiy teatrida ishlab yurardim.
Rosti, nazarimda Shukshin kabi har ikki sohani olib ketaman deb o‘ylar, o‘zimga katta baho berardim. Ammo bu ish juda qiyin ekan. Shundan keyin butun kuch-g‘ayratimni dramaturgiyaga qaratdim.
– Sharof aka, har bir sohada, ayniqsa, ijodkor hayotida bir rahnamoning, ustozning o‘rni beqiyosdir. Ijodingizda kimlarning o‘rnini alohida ta’kidlagan bo‘lardingiz?
– Mening ijodimda, xususan, dramaturg bo‘lishimda uch insonning alohida o‘rni bor. Talabalik paytlarimda Ravshan ismli bir do‘stim bor edi. U drama rejissyorligi fakultetida o‘qirdi. Ravshan diplom ishiga sahnalashtirish uchun Kondidan Sminovning “To‘rtinchi” pesasini tanlabdi. Pesani yozuvchi Uchqun Nazarov tarjima qilgan ekan. Negadir bu tarjima unga yoqmabdi. U pesani mendan o‘zbekchaga o‘girib berishni so‘radi. Tabiiyki, men bunga jur’at qilmadim. Biroq u “qo‘lingdan keladi” deb turib oldi. Rosti, do‘stimning bu ishonchi menga qanot berdi. Ijodiy ish boshlandi va u Hamza teatrida diplom spektaklini namoyish qilib hali hech kim maqtov eshitmagan talabchan rejissyor Rodundan a’lo baho oldi. Bu menga sal bo‘lsa-da tarjimonlikda ishonch va rag‘bat bo‘lgandi. Keyin Janni Rodarining “Jelsiminoning sarguzashtlari” asarini o‘zbekchaga o‘girdim. Guliston teatrida ishlab yurgan kezlarimda Ranet degan Hindiston yozuvchisining “Jinoiy tango” (“Kriminalnыy tango”) asarini tarjima qildim. To‘g‘ri, bu tarjimalarning hammasi keyinchalik yo‘q bo‘lib ketdi. Lekin ularning har biri yozish olamiga kirib kelishimga turtki bo‘ldi. Albatta, keyinchalik bir qator ulug‘ ustozlarning ma’naviy ko‘rsatmalaridan bahramand bo‘ldim.
– Ijodiy izlanishlaringizga ta’sir etadigan omillar haqida gapirib bersangiz…
– Bir kuni yozuvchi Tohir Malikning huzuriga bordim. Ustoz ijodxonasida o‘tirgan ekanlar. O‘sha yerda devorga osib qo‘yilgan bir suratga ko‘zim tushib qoldi. Tasavvur qiling, suratda bir ritsarning qo‘li, ha, faqat bir qo‘li tasvirlangan edi. Qo‘l ajib bir gulni ushlab turibdi. Ammo sohibi ko‘rinmasdi. Tohir Malik bilan suhbatlashayapmizu, xayoli-hushim mana shu antiqa tasvirda bo‘ldi.
O‘sha kuni uyga ketguncha shu qo‘l haqida o‘ylab ketdim. Sohibi noma’lum bir qo‘l chiroyli bir gulni avaylab ushlab olgan. Gul esa tushib ketaman-ketaman deb turibdi. Bilasizmi, kimlargadir arzimas tuyulgan mana shu surat ta’sirida “Tikansiz tipratikanlar” pesasi yozildi. Garchi bu asarni sahnalashtirishning iloji bo‘lmagan bo‘lsa-da, lekin bu pesa eng ijodiy ishlarimdan biridir.
Stolga o‘tirib o‘z-o‘zidan asar boshlab ketolmayman. Nimadir turtki bo‘lishi kerak. Ba’zan hamma narsa bitta jumladan boshlanadi. Ha, shunday fikrlar borki, uning sharhi uchun butun boshli asar yozish mumkin. Misol uchun, vijdon nima? Insonning ichida vijdon degan organ yo‘q. Yurak bor, taloq bor. Lekin vijdon og‘risa, azob bersa odamning hayoti zulmatga aylanadi. Shu fikrning o‘zi uchun “Taqdir eshigi” yozilgan. Har qanday asar avval insonning miyasida yetiladi, yozish vaqti kelganda esa texnik ishi qoladi, xolos. Asarni bir o‘tirishda yozib qo‘yishning iloji yo‘q. Asar kayfiyatiga, qahramonlar ruhiyatiga kirish lozim. Men tabiatan o‘z-o‘zimga talabchanman. Shu sabab, ba’zida uzoq vaqt yozmayman. Ba’zan asar qayerdadir to‘xtab qoladi.
– O‘ziga talabchan odam bugun yozgan asarlaridan ertaga qoniqmay qolishi mumkin. Sizda ham shu jarayon bo‘ladimi?
– Kechagi odam bugungisidan farq qiladi. Vaqt o‘tgan sari tajriba oshadi, bilim o‘zgaradi, dunyoqarash o‘sadi. Ba’zi asarimning oradan yillar o‘tib bo‘sh joylarini ko‘rib qolaman. O‘sha paytda muhim tuyulgan gaplar, keyinchalik sayoz ko‘rinadi. Tuzatgim keladi, lekin o‘zimni to‘xtaman. Shu paytgacha yozganlarim qanday bo‘lsa, shundayligicha qolishini istayman. Chunki ularning har biri umrimning varaqlari. Agar o‘ttiz yil oldingi yozganlarimni o‘zgartiraversam mening bolaligim, yigirma yil oldingisini buzsam jo‘shqin yoshligim va o‘sha paytlardagi beg‘ubor o‘ylarim, fikrlarim qayerda qoladi? Agar “Romeo va Juletta” asarini har kim o‘zining zamoniga moslashtirib qo‘yaversa Shekspirning Shekspirligi qoladimi?
Nazarimda har bir sahna asari yozilgan vaqtiga mos tarzda sahnaga olib chiqilishi kerak. Ana shunda asarning mazasi, shirasi saqlanib qoladi. Eski o‘zbek kinolarini ko‘rganimda o‘zimga tanish qadrdon ko‘chalarni, binolarni, daraxtlarni ko‘rgim keladi. Kadrlardan ularni qidiraman. Beixtiyor yoshligim esimga tushib ketadi. O‘sha paytlarga tegishli xotiralar yopirilib keladi, entikib, orziqib ketaman. Avval yozgan pesalarimni o‘qiganimda ham xuddi shunday ahvolga tushaman.
– Ijodkorga xos bo‘lgan talablar bilan shaxsiy printsiplaringiz doim murosa qila oladimi?
– Printsiplarni, tartiblar va chegaralarni yomon ko‘raman. Ijod borasida juda erkinman. Kundalik tartibim ham yo‘q. Bu sohaga oid biror ish qilish – albatta biror badiiy asar o‘qish, kino yoki spektakl ko‘rish tartibim ham yo‘q. Umuman olganda betartib odamman. Har ikkisidan birini tanlash kelib qolgan vaqtda ham yengilman – sayohatni, do‘stlar davrasini tanlayman.
Ijodkor uchun nima kerak? Unchalik ko‘p narsa emas. Avvalo, qornim to‘q bo‘lishi, sog‘lik va tinchlik bo‘lsa bo‘ldi. Men ilhom deganlariga ko‘p ham ishonavermayman. Menimcha ilhom parisi ishlashga bo‘lgan kayfiyat, ishtiyoqdan boshqa narsa emas.
– Ijodkorlikni kasb deb bo‘lmaydi, uni taqdir hukmi deyishadi…
– Bu savolingizga o‘z hayotim misolida javob bersam. Men ham ijodni taqdir hukmi sifatida hamma narsadan ustun qo‘yganman. Ammo bemor bo‘lib qolganimdan keyin o‘zim haqimda o‘ylay boshladim. Men pul uchun yozmayman derdim. Biroq vaqti kelganda hayot hamma narsa haqida o‘ylashga majbur qilib qo‘yarkan. Tiriklik uchun sog‘lik ham, pul ham kerak ekan. Yoshing ulg‘aygan sari “yara”laring ham kattarib borarkan. Birini uylantirish, birini uzatish, uy-joy qilib berish… Bu “taqdir hukmi” deb mukka tushib yozib yotaverishning iloji yo‘q.
Ijodkorning vazifasi odamlarni yaxshilikka undashdir. Har qanday badiiy asar ezgulikka xizmat qilsin. Oxiri fojea bilan tugagan asarlar so‘nggida ham yorug‘likka umid bo‘lishini istayman. Achchiq bo‘lsa ham aytishimiz kerak, hozirda sof san’at xavf ostida qolmoqda. Hatto oddiygina bolalar uchun namoyish etilayotgan multfilmlarda ham urush-janjal, dahshatli maxluqlar… Bu kimga kerak?
Ilm-fan insonning miyasini, din ruhini, sport jismini tarbiyalaydi. Ijod ko‘ngil ishi, ijodkor qalbni tarbiyalaydi. Ijodiy asar inson yuragini ezgulik bilan bezashi kerak.
– Sharof aka, sizningcha, hayotni qay darajada sahnaga ko‘chirish mumkin?
– Asar tabiiy bo‘lish kerak. Masalan, siz ertalab ko‘chaga chiqasiz, odamlarga qo‘shilasiz, ishga borasiz, ish jamoangiz bor… hayot tarzingiz shunday. Hayotiylik bilan badiiylikni almashtirib qo‘ymasligimiz kerak. Afsuski, so‘nggi paytlarda mutlaqo hayotiy voqelikdan yiroq filmlarimiz ko‘payib ketdi. Tasavvur qiling, bir firmada ishlayotgan yigit bilan qizning sevgisi filmga syujet qilib olingan. Kinoni tomosha qilar ekansiz, to oxirigacha bu firma o‘zi nima ish bilan shug‘ullanadi degan savolga javob topolmaysiz. Axir shunchaki ko‘cha gaplari bilan asarni to‘ldirib bo‘lmaydi. Bu tomoshabinga ham, aktyorga ham hech narsa bermaydi.
– Sharof aka, bizning teatrlarimizda turli xil chet el dramaturglari asarlari qo‘yiladi-yu, nima uchun o‘zbek dramaturgiyasi namunalari jahon sahnalarida namoyish etilmaydi?
– Bu holat milliy mentalitetimiz bilan bog‘liq, deb o‘ylayman. Xalqimiz tabiatidagi yumorini, askiyalarimizni, eng asosiysi, askiyalarimizdagi nozik qochirimlarni hamma ham tushunavermaydi. Vaholanki, bizning adabiyotimizda mahorat jihatdan qolishmaydigan o‘nlab yozuvchi-dramaturglarimiz bor. Misol uchun, Pirimqul Qodirov, Said Ahmad, Uchqun Nazarov, Odil Yoqubov, O‘lmas Umarbekov singari yozuvchilarimizni sanashimiz mumkin. To‘g‘ri, ko‘plab yozuvchilarimizning asarlari tarjima qilinib chet mamlakatlarda nashr etilmoqda. Ammo bu borada masalaning yana bir jihati bor. Ya’ni, roman yoki qissani o‘quvchi o‘qiyotganda o‘z tasavvur olamiga binoan qabul qiladi. Asar voqealariga o‘z shaxsiyatidan kelib chiqib munosabat bildiradi. Teatr esa ko‘pchilikka mo‘ljallangan. Voqeani ommaviy tarzda qabul qilish murakkab jaryon.
Suhbatdosh: Akbar ERGAShEV
“Yoshlik” jurnali, 2011 yil, 11/12-son.