Rahmatulloh qori Fayzullayev: “Marg‘inoniylar silsilasi davom etmoqda” (2016)

Rahmatulloh qori Fayzullayev 1973 yil 1 martda Farg‘ona viloyati Marg‘ilon shahrida tug‘ilgan. Marg‘ilondagi “Sayyid Ahmad xo‘ja eshon” o‘rta maxsus bilim yurtida (1992-1996) va Andijon viloyatidagi “Sayyid Muhiddin maxdum” o‘rta maxsus islom bilim yurtida ta’lim olgan (2002-2006). Toshkent Islom Universitetida (2000, 2002), Imom al-Buxoriy xalqaro markazida (2009, 2016) malaka oshirgan. “Yil imomi – 2014” ko‘rik tanlovining viloyat bosqichida birinchi, Respublika bosqichida uchinchi o‘rinni egallagan.

“Marg‘ilon allomalari” turkumidan “Muhammad Yusuf Hazin Marg‘inoniy”, “Abdussamad oxund Qoil Marg‘iloniy”, “Rojiy Marg‘iloniy” kitoblari nashr etilgan.

Rahmatulloh qori Fayzullayev hozirda Farg‘ona viloyati Marg‘ilon shahridagi «Robiya hoji ona» masjidi imom-xatibi.

Rahmatulloh qori Fayzullayev bilan suhbatimiz domla tadqiq etayotgan Marg‘ilon allomalari haqida bo‘ldi.

Qori aka, manbalarda Marg‘ilonni “sunduqul orifiyn” deya ta’rif etiladi. Bu maqom qayerdan kelib chiqqan? Marg‘ilonni oriflarga chashma bo‘lish sharafiga noil qilgan sabablar va salaflar haqida ma’lumot bersangiz.

— Darhaqiqat, tarixiy manbalarda Marg‘ilon shahriga “sunduqul orifin” deya yuksak baho berilgan. Albatta, bu bejiz emas. Chunki Marg‘ilon shahri garchi dunyo ulkan xaritasida do‘ppidekkina kelmasa-da, bu shahar o‘zida bir necha buyuk allomalarni tarbiyalab, voyaga yetkazib, dunyoning buyuk tarixiy shaharlari qatoridan munosib joy olgan. Ayniqsa, Movarounnahr fiqhiy maktabining shakllaninishi va uning tadrijiy davomida marg‘ilonlik fuqaholarning o‘rni beqiyos. Imom Abdulaziz ibn Abdurazzoq Marg‘inoniy (vaf.1055), Imom Abu Hafs Nizomuddin Umar Marg‘inoniy (vaf.1203), Imom Abul Mahosin Zahiriddin Marg‘inoniy (vaf.1233), Imom Burhoniddin Ali ibn Abu Bakr ibn Abduljalil Marg‘inoniy (vaf.1197) kabi zotlar ushbu diyor faqihlarining dunyo e’tirof etgan mashhur vakillaridir. “Marg‘inoniylar sulolasi” nomi bilan tanilgan bu silsila tarixning barcha davrlarida dunyoning turli musulmon mamlakatlarida izchil davom etgan va uning mash’ali avlodlar o‘rtasida qo‘lma-qo‘l bo‘lib kelgan.

Marg‘ilon allomalari to‘g‘risida Yoqut Hamaviy (1179–1229), Abu Sa’d Sam’oniy (506/1113-1167/562), Mahmud ibn Sulaymon Kafaviy (vaf. 990/1582), Hoji Xalifa (1017-1068 h.), Xayriddin Zirikliy (1310-1396 h.), Ali al‑Qoriy (vaf. 1014 h.) va boshqa o‘rta asr tarixchi va adiblarining asarlarida ma’lumotlar uchraydi. Mahmud ibn Ahmad al-Buxoriyning “Al-muhitu-l-burhoniy” nomli asarida Marg‘ilon haqida: “Bu shahardan ko‘plab fozil odamlar yetishib chiqqan”, deyilgan.

Shu o‘rinda eng avvalo, Sharq Uyg‘onish davri qomusiy olimlardan biri, jahon madaniyati va ilm-faniga beqiyos hissa qo‘shgan, Movarounnaharda hanafiylik mazhabini keng yoyilishiga ulkan xizmat qilgan buyuk alloma, shayx ul-islom Ali ibn Abu Bakr ibn Abduljalil al-Marg‘inoniy ar-Roshidoniy al-Marg‘inoniy nomlarini keltirish lozim bo‘ladi. Zero, bu zoti sharifning ulkan ilmiy jasorati va beqiyos asarlari tufayli Marg‘ilon ulkan sharaflarga ega bo‘lgan. Allomaning yuksak ilmiy salohiyatini munosib baholagan zamondoshlari “Burhonuddin val-milla” (“Din va millatning hujjati”) degan sharafli nom bilan ataganlari bejiz emas.

Burhoniddin Marg‘inoniy hanafiylik fiqhi bo‘yicha o‘ndan ortiq qimmatbaho asarlar yaratdilar. Tadqiqotchilarning aytishlaricha, ulardan oltitasi bizga yetib kelgan.

Sharq Uyg‘onish davrida Burhoniddin Marg‘inoniyning eng katta xizmati bu “Hidoya” asari bo‘lib, u har bir davr uchun eng murakkab bo‘lgan huquqiy masalalarni tartibga solib bergan  tartibli asardir. Alloma ushbu asarni 1165-1178 yillar orasida, 13 yil davomida yozib tugatganlar.

Ushbu asar ixchamligi, mukammalligi, hanafiy mazhabini boshqa sunniylik mazhablari bilan qiyosiy uslubda o‘rganib, har tomonlama yoritganligi uchun o‘ziga xos katta nazariy va amaliy ahamiyat kasb etganini ulamolar ta’kidlashgan.

Chor Rossiyasi bosqini va Sho‘rolar hukumati tashkil etilishiga qadar Marg‘ilonda diniy-ilmiy muhit qanday edi?

— Darhaqiqat, yuqorida aytganimizdek, Marg‘ilon yaqin ming yillik davrdan beri ilm-ma’rifat o‘choqlaridan biri bo‘lib kelgan. Tarixiy asarlarda ham Marg‘ilon XI-XII asrlarda O‘rta Osiyoning eng buyuk shaharlaridan biriga aylanib, ilm-fan va madaniyat markazi sifatida mashhur bo‘lgani, keyinchalik Sohibqiron Amir Temur va temuriylar davrida shahar Farg‘ona vodiysidagi mavjud Andijon, O‘sh, Xo‘jand, Isfara, Koson, Axsi, Marg‘inon kabi yetti qasaba (shahar)lardan biri sifatida e’tirof etilgani ta’kidlangan.

Shohimardonlik shoir Mullo Niyozga (1823-1896) ko‘ra, XIX asrning oxirlariga kelib, Marg‘ilon Farg‘ona vodiysining yirik madaniy markaziga aylanibgina qolmay balki poytaxt shahar sifatida ham e’tirof etilgan. Marg‘ilonda asrlar davomida tadrijiy ravishda rivojlanib borgan bu ilmiy-tarixiy-madaniy jarayon tabiiyki, shaharning Qo‘qon xonligi davrida ham serqirra bo‘lgan. Shahar o‘z ma’naviy faolligi bilan ajralib turishidan tashqari, bu yerda tarmoqlashgan ta’lim tizimi va mahalliy aholining o‘ziga xos madaniy an’analari mavjud bo‘lgan. Bu davrda Marg‘ilonda shariat olimlari bilan birga, tariqatning mashhur shayxlari, shoir va adiblar faoliyat olib borganlar. Ular ilm-fanning turli sohalari; tarix, adabiyot, she’riyat sohalarida ko‘plab qimmatbaho asarlar yaratganlar.

Bu davrda ayniqsa, tasavvuf tariqatining pirlari bo‘lmish Maxdumi A’zam, Xoja Lutfulloh, Abdulqodir Giloniy avlodlarining hozir bo‘lishi shaharda musulmonchilik an’analarini yanada ravnaq topishiga katta ta’sir o‘tkazgan. Bu xonadon vakillarining Farg‘ona vodiysida istiqomat qilishlari va ularning xalq orasida va xususan, hukmron tabaqalar o‘rtasida tutgan mavqei, avvalo, bu yerda osoyishtalikni barqaror turishiga xizmat qildi. Ular rahnamolik qilayotgan tariqatlarning ta’sir doirasi shunchalik kuchli ediki, har qanday hukmdor ham mamlakatni idora qilishda ularning fikr-mulohazalariga tayanib ish ko‘rishga intilgan.

Chunonchi, Qo‘qon xonlari davrida ham bunday diniy jamoalarning salmoqli o‘rin egallashlari tufayli ularning xohish va istaklari davlat boshqaruvi chog‘ida inobatga olingan. Norbo‘tabiy ham hamma soha vakillari bilan kelishuvchilik asosida ish yuritib, davlatning ravnaqiga erisha olgan.

Marg‘ilon xonlik tarkibida nafaqat Farg‘ona muzofotida, balki, butun O‘rta Osiyoda obod va aholisi gavjum shaharlardan biri sanalgan. Shuningdek, Marg‘ilon xonlik markazi bo‘lmish Qo‘qon bilan chambarchas bog‘liq va ajralmas shahar sifatida katta ahamiyat kasb etar edi. Shu sababdan ham Qo‘qon xonligi tarixida Marg‘ilon ahli biron martaba xonlarga qarshi chiqishlar qilmagan, aksincha, Marg‘ilon xonlar uchun vaqti kelsa, boshpana vazifasini o‘tagan.

Bu fikrlarni Marg‘ilonga tashrif buyurgan sayyoh Mir Izzatullo ham tasdiqlaydi. U 1812 yilda Hindistondan Qashqar orqali Marg‘ilonga kelib, bu yerlik aholi to‘g‘risida juda samimiy fikrlarni bildirgan edi. U jumladan: “Marg‘ilonliklar e’tiqod bobida eng avvalgi qatorda turadilar. Shaharning o‘zi juda xushmanzara bo‘lgani sabablimi, uning odamlari ham xushaxloq va sertavozedir. Ularning katta-yu kichigi shariat ahkomiga to‘liq amal qiladilar”, deb qayd etadi.

Marg‘ilon Chor Rossiyasi tomonidan bosib olinganidan keyin  bu yerdagi ijtimoiy-ma’naviy ahvol asta-sekin bo‘lsa-da, o‘zgara boshlagan. Chunki Rusiya Qo‘qon xonligini tugatgandan so‘ng (1876 yil 16 fevral) uning hududida Farg‘ona viloyati tuzilib, u bir necha uyezd va volostlarga bo‘linib idora qilingani tarixdan ma’lum. Marg‘ilon 1876-1926 yillarda Farg‘ona viloyatining uyezd shahri bo‘lgan, so‘ngra Farg‘ona okrugi miqyosidagi shaharga aylantirilgan. Bu davrda ham aholining diniy ta’lim olishga rag‘bati doimgidek kuchli bo‘lgan. Garchi xonlikka qarashli hududlarda mustamlakachilar tashkil etgan rus-tuzem maktablari ochilgan bo‘lishiga qaramay, aholining asosiy qismi madrasalar, shuningdek, eski usul musulmon maktablari, qorixona, otin oyi maktablarida tahsil olishda davom etavergan.

Chor armiyasi zobiti M.Terentevning qayd etishicha, 1869 yilda Sirdaryo, Farg‘ona va Samarqand viloyatlarida 6331 mahalliy – musulmon o‘quv yurtlari bilan bir qatorda, atigi 89 rus-tuzem o‘quv yurtlari bo‘lgan. Bundan maktab va madrasalarning tutgan o‘rni va aholining islom ilmlariga nisbatan munosabati o‘z-o‘zidan ma’lum bo‘ladi.

Binobarin, o‘sha davrda Marg‘ilon diniy muassasalar – madrasa va maktablari soni jihatidan Turkiston general-gubernatorligi hududida Farg‘ona vodiysida joylashgan yirik shaharlar Qo‘qon, Andijon, Namangan, Xo‘jand ichida yuqori salohiyatga ega bo‘lgan.

Mamlakatda paydo bo‘lgan xilma-xillik aniqki, ma’rifat va ziyo ahlining faoliyatiga ham jiddiy ta’sir ko‘rsatgan. Ularning erk va ixtiyori to‘la-to‘kis o‘zida bo‘lmagan. Har jihatdan Oq podsho ma’murlari bilan murosa qilishga to‘g‘ri kelgan. Bu esa tabiiyki, ular faoliyatini qiyinlashtirgan.

Lekin mazkur vaziyat oldida Turkiston ziyolilari, shu jumladan, marg‘ilonlik ma’rifat ahli oqilona va tadbirli ish ko‘rishga erisha olganlari ibratli.

Sho‘rolar hokimiyati davrida ham Marg‘ilonda ilm sarchashmalari qaynab turgan, qiyinchilik bilan bo‘lsa-da, masjidlar faoliyat yuritgan, Ramazonda xatmi Qur’onlar ado etilgan ekan. Mushkul zamonlarda ushbu ilm mevalariga bog‘bon bo‘lgan ulamolar haqida so‘zlab bersangiz.

— To‘g‘ri, Sho‘rolar hokimiyati davrida ham Marg‘ilonda ilm sarchashmalari qaynab turgan, qiyinchilik bilan bo‘lsa-da, masjidlar faoliyat yuritgan. Lekin bu osonlikcha bo‘lmagan. Chunki sobiq sovet hukumati hokimiyatni qo‘lga olgan davrdan boshlab din ulamolari, eshonu sayyid va xo‘jalarga nisbatan ayovsiz kurash boshlagani tarixdan ma’lum. Keyinchalik qatag‘on davrida din vakillarini ommaviy tarzda qirg‘in qilinishi tariximizning eng og‘ir nuqtasidir. Qatag‘on davriga doir arxiv hujjatlariga nazar solar ekanmiz, Marg‘ilon shahri va unga yaqin hududlardan yuzlab kishilarning taqdiri naqadar ayanchli bo‘lganligining shohidi bo‘lamiz. Ularning qanchasi otilgan, yana qanchasi olis yurtlarda og‘ir mehnatlar, doimiy xo‘rlanishlar, ochlik azobidan o‘limga duchor etilib, kafansiz ko‘milganlar. Bu haqda gapirishga ham, tinglashga ham insonning sabr-bardoshi yetmaydi…

Shunday ma’naviy tanglik bo‘lishiga qaramay mahalliy aholi o‘rtasidan yetishib chiqqan ulamolar turli uslub va vositalar orqali kishilarni yaxshilikka chaqirish, ilm-ma’rifat tarqatish ishini davom ettirganlar. Bugun xalqimizga yetib kelgan ulkan ilm omonati ana o‘sha ajdolarimizning og‘ir mehnatlari evaziga yetib kelgandir. Ular qatorida birgina Marg‘ilon shahri misolida Mulla Muhammadjon Asaka domla (vaf. 1937 y.), Mavlono Hoji Karimjon domla (vaf. 1944 y.), Abdulmo‘min qori domla (vaf.1940 y.), Zaynobiddin maxdum domla (vaf. 1935 y.), Abdulhamid maxdum (vaf.1950 y), Foziljon maxdum domla (vaf. 1955 y.), Mulla Yoqubjon Abdulhoshim o‘g‘li (vaf. 1951 y.), Oxunjon qori Vodiliy (vaf. 1959 y.), Mulla Abbosxon qori (vaf. 1960 y.), Miryahyo qori domla (vaf. 1961 y.), Abdulkarim maxdum domla (vaf. 1962 y.), Nuriddin maxdum domla (vaf.1962 y.), Abdulkarim maxdum (vaf. 1962 y.), Zikriyo qori domla (vaf.1966 y.), Mulla Umarjon so‘fi domla (vaf.1968 y.), Abulqosim oxund domla (vaf.1968 y.), Akramxon To‘ram (vaf.1968 y.), Mulla Alijon Oxund (vaf.1970 y.), Abdussamad oxund Qoil Marg‘iloniy (vaf. 1973 y.), Soli qori domla (vaf. 1973 y.), Mulla Toshtemir oxund (vaf. 1973 y.) Mulla Ahmadali oxund domla (1974 y.), Soli Hoji domla (vaf. 1974 y.), Mulla Muhammadali maxdum (vaf.1974 y.), Oxunjon qori domla (vaf, 1974), Abdulg‘ofur oxund domla (vaf. 1981 y.), Nusratulloh oxund Abdullajon o‘g‘li (vaf. 1982 y.) va boshqalar nomini keltirish mumkin.

Turli uslub va vositalar orqali kishilarni yaxshilikka chaqirish vazifasini bir dam ham to‘xtatmaganlar. Turli majlis va anjumanlardagi ishtiroklari chog‘i kishilarni yaxshilikka chaqirish va yomonlikdan qaytarishni o‘z vazifalariga aylantirgan edilar. Boshqacha aytganda ular o‘z davrida ma’naviy jasorat ko‘rsatib amaliy va nazariy faoliyatlari, suhbat va asarlari orqali mahalliy xalq ma’naviy taraqqiyoti va rivojiga sezilarli darajada hissa qo‘sha olgan va mazkur hududda shakllangan bu sohadagi ma’naviy muhit sog‘lomligini oz bo‘lsa-da, “ushlab” turishga erisha olgan buyuk jasorat sohiblari edilar.

Aslida bizni “Marg‘ilon allomalari” rukni ostida chop etayotgan kitoblarimizga turtki bergan sabab ham mazkur zotlarning ma’naviy jasoratlari edi. Ular shunday qiyin va og‘ir sharoit bo‘lishiga qaramay, buyuk xizmatlar qilganlar. Biz bugun ularning nomini unutishimiz mutlaqo insofsizlik bo‘lur, degan xulosalar bizga quvvat bergan edi.

Bu xizmat ular uchun mutlaqo oson bo‘lmagan. O‘sha davrlar ular uchun qanday kechganin Abdulaziz G‘olib Marg‘iloniyning quyidagi muxammasida yaqqol tilga olingan edi:

O‘zin yurtida miskin ahlida begonalardanbiz,
Musofir o‘z uyida g‘am bilan ovoralardanbiz,
Zanu farzandlariga notanish afsonalardanbiz,
Azalni soqiysi sungan o‘shal paymonalardanbiz,
Tinimsiz jo‘sh urar mayxonada g‘amxonalardanbiz.

Na kechgan holimizni Tangridin o‘zga kishi bilmas,
O‘zi razzoqimizdur boshqa bizga bitta non bermas,
Biza hech kim achinmas bir nazar shafqat bilan boqmas,
Ko‘rib zohir xarobi holimizni ko‘ziga ilmas,
Na zohir balki botin ham vale vayronalardanbiz.

Jahon bog‘ida so‘lgan gul kabi gulzorimiz yo‘qdur,
Xaridorsiz matoi dunyoda bozorimiz yo‘qdur,
Hamisha o‘zimiz birlan birovga korimiz yo‘qdur,
Tavakkul Haqqa qilgan boshqalarga korimiz yo‘qdur,
Xudovando, panoh bergil o‘zing bexonalardanbiz.

Ko‘rar ko‘zga agarchi muflisu xoru zalillarbiz,
Chumolidek oyoq ostida qoldik lek fillarbiz,
Balo zimnida rohat izlagan bekomu dillarbiz,
Haqiqat sharhibiz barchaga sohib dalillarbiz,
Sadafdek ko‘ksini chok aylagan durdonalardanbiz.

Hammadin jabr tortib hech kima ozorimiz yo‘qdur,
Ko‘ngillar sharha-sharha g‘am bilan dildorimiz yo‘qdur,
Xudodan o‘zga bilmas holimiz damsozimiz yo‘qdur,
Azal taqdiriga rozi bo‘lib ovozimiz yo‘qdur,
Balo maydonida sohibqiron mardonalardanbiz.

Malomat ta’nalarning zaxmidan dilyorasi bitmas,
Fig‘onu nolamiz sandin bo‘lak hech kimsaga yetmas,
Agar avf etmasang shafqat bilan dil zanglari ketmas,
Rahimo, rahm qilgin sandin o‘zga bizga rahm etmas,
O‘zini o‘tga urgan bexirad parvonalardanbiz.

Qabul etgil Xudovando, g‘ariblarning duosini,
O‘zing daf aylagil oxir zamon dajjol balosini,
Bilur kim sendan o‘zga benavolarni navosini,
O‘zideklarni G‘olib sharh qildi muddaosini,
Uzatdik qo‘l karam qil, yo Karim, devonalardanbiz.


Marg‘ilon allomalari haqida turkum ilmiy ishlar qildingiz. Tabiiyki, ushbu kitoblarning yuzaga kelishida katta ilmiy mehnat yotibdi. Bu turkumning yuzaga kelish jarayoni haqida eslab o‘tsangiz.

— Asosiy sabab ularga bo‘lgan g‘oibona muhabbat edi. Bu muhabbat esa kichik paytimizda bobolarimizdan, talabalik paytimizda ustozlarimizdan Marg‘ilonda o‘tgan ulug‘ allomalar va ularning ibratli ishlari haqida eshitgan suhbatlarimiz orqali shakllangan edi. Sekin-asta bu muhabbat ziyoda bo‘lib, ularning nomlarini aniqlash, asarlarini to‘plash va ibratli hayotlari haqidagi ma’lumotlarni yig‘ishga olib bordi. Shunga ko‘ra, Marg‘ilonda o‘tgan ulamolarni ko‘rgan, ular bilan bevosita yoki bilvosita suhbatlashgan, yo ularga shogird bo‘lgan kishilarni izlab topish va ular bilan suhbatlashish vazifamizga aylandi. Qayerda katta yoshli kishilar borligidan xabardor bo‘lsak, darhol ular ziyoratiga borishdan, ular bilan o‘zlari ko‘rgan va bilgan mahalliy ulamolar haqida suhbatlashishdan erinmadik.

Avvaliga havaskorlik ma’nosida boshlangan harakat doirasi tez fursatda kengayib, tadqiqot ishi kabi jiddiy mavzuga aylandi. Shu tufayli, ular qoldirib ketgan ilmiy meros – turli qo‘lyozmalar, devon va bayozlar, maktublar, tarix-marsiyalar, shajara va nasabnomalar va u zotga aloqador boshqa ma’lumotlarni izlab topish ishiga ham alohida e’tibor qaratdik.

1996 yilda boshlangan bu jarayon hozir ham davom etmoqda. Bu davrda ma’lumot yig‘ish uchun Marg‘ilon va unga qo‘shni tuman va shaharlar, jumladan, Toshloq, Quva, Marhamat, Asaka, Andijon, Oltiariq, Qo‘qon, Xonqiz, Vodil, Avval, Polmon, Shohimardon, Yozyovon, Namangan, Andijon, Qo‘qon, Toshkent, qo‘shni Qirg‘izistonning Novqat va Aravon tumanlarida yashovchi uch yuzdan ortiq kishilar bilan suhbatlashib, bir muncha qo‘lyozma hujjatlar va tarixiy qimmatbaho ma’lumotlarni topishga erishdik. Vanihoyat 2013 yilda Muhamad Yusuf Xonaqohiy hazrat Marg‘inoniy hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan dastlabki kitob “Sharq” nashriyotida chop etildi. Qisqa fursat ichida tarqab ketgan kitob o‘sha yiliyoq yana ikkinchi marta chop etilishini xalqimizning o‘z ajdodlariga nisbatan samimiy muhabbati sifatida mulohaza qildik. 2014 yilda esa marg‘ilonlik yana bir alloma Abdussamad oxund Qoil Marg‘iloniyga bag‘ishlangan ikkinchi kitob nashr etildi. Uchinchi kitobimiz — Xojajon qozi domla Rojiy Marg‘inoniy risolamizning chop etilishi himmatimizni yanada ziyoda qilibgina qolmay, bu xayrli ish ko‘lamini yanada kengaytirish mas’uliyatini yukladi.

Bugungi kunda ham xalqimizning ma’rifatini yuksaltirishga xizmat qilayotgan, ilmiy va ta’limiy faoliyat bilan shug‘ullanayotgan marg‘ilonlik olimlardan kimlarni e’tirof etasiz?

— Bugun ham shahrimizda bir qancha ulamolar faoliyat olib borayotganlari quvonarli. Ular asosan, masjidlarda xizmat qilayotgan ustoz ulamolar va ular yonida yelkama yelka turib ularga quvvat bo‘layotgan yosh imom-xatiblarimizdir. Ular mazkur ajdodlarimizning bevosita davomchilari sifatida e’tirofga loyiqdirlar. Zero, ular ajdodlarimizdan bizgacha kelgan go‘zal urf-odatlar, diniy qadriyatlarga mos va xos holda faoliyat olib borishlari, suhbat va va’zlarida ular nomini tez-tez tilga olib o‘tishlari shuni ko‘rsatadi.

Menimcha shuning o‘zi bilangina kifoyalanib qolmay, shahrimizning, balki yurtimizning har bir qarich tuprog‘ida yotgan o‘nlab yurt farzandlari – ulamolar va fuzalolar haqida alohida tadqiqot ishlariga kirishish ham juda zarurdir. Shundagina ularga munosib voris bo‘la olamiz. Chunki bugungi yorug‘ kunlar ularning mehnat-mashaqqatlari, tinimsiz ko‘zyoshlari evaziga kelgan. Ular qilgan mehnatlar natijasini Alloh taolo ularning nabiralariga nasib etdi. Qolaversa, daraxtning mevasi shirin bo‘lishi uchun uning tomiriga ko‘p suv yuborish kerak. Bizning ma’naviy ildiz-tomirlarimiz esa ajdolarimiz ekani haqiqatdir. Zotan Abdussamad oxund Qoil Mag‘iloniy aytganlaridek:

Qadamni onchunon qo‘yg‘ilkim, o‘tganlar rizo bo‘lsun,
Qilib qoim seni o‘rnig‘a ketganlar rizo bo‘lsun,
Jahonda sen uchun g‘ussa yutganlar rizo bo‘lsun,
Duo aylarmu deb ko‘z sanga tutganlar rizo bo‘lsun,
Bo‘lur rohat alarga orqasidan tuhfa borg‘oni.

Davronbek Tojialiyev tayyorladi.