O‘zbekiston xalq yozuvchisi, SYa — 928 raqamli sobiq «siyosiy mahbus» Said Ahmad bilan suhbat
O‘tkir Hoshimov. Said Ahmad aka! Urushdan yarimjon bo‘lib kelgan tog‘am bor edi. (Urush jarohatlari tufayli ko‘p yashamadi.) Bola edim. Uyimizga kelganida, «urushni gapirib bering, tog‘a», deb xarxasha qilardim. Tog‘am doim bitta gapni qaytarar edi. «Qo‘y, jiyan, u kunlarni esimga solma», derdi. Urush-ku yomon narsa, ming bir azobni ko‘rgan odam u kunlarni tezroq unutgisi keladi. (Bu haqiqatni esimni taniganimdan keyin tushundim.) Ammo odam bolasi hech gapdan hech gap yo‘q, quruq tuhmatga uchrasa, he yo‘q-be yo‘q qamoqqa tushsa, nomi qoralansa, sha’ni toptalsachi?! Faqat o‘zi emas, oilasi, ota-onasi, bola-chaqasigacha «dushman»ga aylansa-chi? Bu — urushda qon kechishdan kam azob bo‘lmasa kerak. Urushda-ku, hamma narsa oydin. Ana, ro‘parangda dushman turibdi. Yo uni o‘ldirasan, yo o‘zing o‘lasan. Aybsiz qamalsang, o‘zing «dushman»ga aylanib qolsangchi?! Bundan ortiq xo‘rlik bormi? Ayniqsa, gunohing yo‘qligini, «dushman» emasligikgni bilib tursang.
Said Ahmad aka! Bir vaqtlar «xalq dushmani» deb qamalgan, partiya XX s’ezdidan keyin oqlangan talay odamlar bilan gaplashishga bir necha bor urinib ko‘rdim. Hammasidan xuddi tog‘am aytgan javobni eshitdim. «Qo‘y, ukam, o‘sha kunlarni esimga solma…» Eslang-a, Siz bilan ham o‘sha qora kunlar haqida suhbatlashish niyatida ko‘p bor gapni aylantirib ko‘rganman. Ishxonada, uyda, safarlarda yurganimizda… Har qanday vaziyatda ham Siz (boshqalarga o‘xshab) «qo‘y, ukam, yaxshi gaplardan gaplashaylik», deb suhbat mavzuini burib yuborgansiz. Boisi ayon edi. U kunlarni eslash — ham og‘ir, ham xavotirli edi. Bugun o‘zingiz, yuragingizda to‘lib yotgan dardni to‘kib solish uchun suhbatga taklif qilyapsiz. Sababi nima?
Said Ahmad. Sababi ko‘p. Shu paytgacha ko‘plar tilini tiyib yurganining boisi shuki, hech gapdan hech gap yo‘q o‘n yil, o‘n besh yil, yigirma besh yilga hukm qilingan, bir o‘zi emas, avlod-ajdodigacha «dushman» sanalgan odam ehtiyotkor bo‘lib qoladi. Senlar nimani bilarding. «Odinochka» kameralarda yillab o‘tirganlar, kechalari uxlamay so‘roq berganlar, fashistning kontslageridan battar sharoitda xor bo‘lganlar, Belomorkanalda kafansiz ketgan begunohlarni ko‘rganlar, Sibirning qahraton sovug‘ida qarag‘ay kesganlar, Kuril orollarida beligacha suv kechib azob chekkanlar tilini tiyib yurishni odat qiladi. To‘g‘ri, Xrushchev paytida «omon-omonlik» bo‘ldi. (Bu jihatdan men o‘sha odamdan minnatdorman.) Lekin, yaxshi niyatda boshlangan ish o‘lda-jo‘lda bo‘lib qoldi. Eski xavotir tag‘in yurakni kemira boshladi. «Mabodo o‘sha zamonlar qaytib kelsa-chi? Taqdir shamoli tag‘in teskari esa boshlasa-chi?» Nihoyat mana endi zamonlar o‘zgardi… Endi hammasini aytsa bo‘ladi. Ustiga-ustak yosh o‘tayapti. Erta-indin yetmishga chiqaman… Yo‘qotadiganimni yo‘qotdim, qiladiganimni qildim… Qo‘limdan kelganicha el xizmatida bo‘ldim. Bir narsaga xursandman: o‘ligim begona yurtlarda qolmadi. Do‘zax azobidan chiqib kelib ham yozdim… Qismatimdan unchayam norozi emasman. O‘zbekistonning qay yeriga bormay, Said Ahmad desa taniydiganlar topiladi.
O‘tkir Hoshimov. Uzr, yarangizni tirnayapman. Rostini aytsam, o‘sha qora kunlarni titkilab o‘tirish ko‘p ham ko‘ngilli emas. Hozir shaxsga sig‘inish davrining fojialarini ochish haqida turli qarashlar bor. Birovlar, «hadeb o‘tmishni kavlashtirish shartmi, bo‘lar ish bo‘ldi, bu yog‘i yaxshi ketyapti-ku, bunday harakatlar tuzumimizning mohiyatini qoralamasmikin», deydi. Boshqalar (ko‘pchilik) «yo‘q, hammasi ayon bo‘lishi kerak, tariximizda «oq dog‘lar» (aniqrog‘i «qora dog‘lar») qolmasin, yaqin o‘tmishda xalqqa qarshi qilingan jinoyatlarni butun dunyo bilsin» deb hisoblaydi. Bu fikr ayniqsa, partiya XXVII s’ezdidan keyin qat’iy tus oldi. Menimcha, bu gapda chuqur haqiqat bor. KPSS Markaziy Komiteti huzurida 34—53-yillar davomida begunoh badnom qilinganlarning hammasining «ishini» (ishchidan tortib davlat arbobigacha, sportchidan tortib yozuvchigacha) sinchiklab o‘rganuvchi maxsus komissiya ishlayotgani bejiz emas. Maqsad — kimdandir qasos olishdamas. Gap o‘sha mudhish ishlarning insoniyatga qarshi jinoyat ekanini dunyoga ma’lum qilishda. Bundan ham muhimi — o‘shanday razolatlar takrorlanmasligi kerak: saboq chiqaradigan payt allaqachon yetdi. Biz bugun bu haqda ochiq-oydin gapirmasak, xohlaymizmi-yo‘qmi, o‘sha mudhish zamonni xaspo‘shlagan bo‘lamiz… Mohiyat shunda… Asosiy gapga qaytaylik: Siz qanday qilib «xalq dushmani» bo‘lib qoldingiz?
Said Ahmad. Eskilar aytadi: bandaning boshi — Ollohning toshi. Mening fojialarim uylangan kunimdan boshlangan. Hayotimdagi eng katta bayram fojia bilan aralashib ketgan.
1949 yil 27 noyabr kuni Saida Zunnunova bilan to‘yimiz bo‘ldi. Saidaxon bilan ko‘ngil berishib turmush qurdik. ZAGSdan o‘tmadik ham. Sevishdik, to‘y qildik, vassalom! Saidaxonlar oilasida besh qiz, bir o‘g‘il bor edi.
Peshonaning sho‘rligini qara: nikoh kuni Andijondan telegramma keldi. Saidaxonlar xonadonidagi yakka-yolg‘iz o‘g‘il — Nasibjon vafot etibdi. Kelinga bildirmadik. Qaynonam to‘yni tashlab, Andijonga jo‘nadi… Ertasiga Toshkentda kelin salom bo‘ldi, Andijonda tobut chiqdi… Og‘ir bo‘ldi. Ayniqsa Saidaga… Ammo hali boshimizga bundan ham mushkul sinovlar tushishini bilmagan ekanmiz.
«Sharq yulduzi»ning proza bo‘limida ishlar edim. «Qadrdon dalalar» degan qissam, «Muhabbat» nomli hikoyalar to‘plamim bosilgan kezlar edi. Saidaxon SAGUda o‘qir, tanilib qolgan shoira edi. Xullas, turmushimizdan noliydigan joyimiz yo‘qdek.
1950 yil 10 may kuni otpuskadan qaytdim. 1 May ko‘chasida qahvaxona bo‘lardi. Mamarasul Boboyev bilan Vahob Ro‘zimatov hazillashishdi. «Otpuskaga ketayotganingizda «yuvmasdan» qochib qoluvdingiz, aqalli endi tushlikda bizni mehmon qilarsiz». Uchovlashib qahvaxonaga yo‘l oldik. Yo‘lkada hazil-hazul qilib ketayotganimizda ko‘cha chetiga qora «Emka» mashinasi kelib to‘xtadi. Ikki kishi ikki tomonimdan kelib, sekin qo‘limdan ushladi.
— Bu yoqqa yuring,— dedi bittasi pichirlab. Hujjatini ko‘rsatdi.
Ilgarilab borayotgan hamrohlarimga faqat bitta gap aytdim.
— Men ketdim…
Vahob Ro‘zimatov:
— Mehmon qilishdan qochdingiz-a! — degancha qolaverdi.
Mashinaga o‘tqazdilar. Shofyor yonida tag‘in bir odam o‘tirgan ekan. (Keyinchalik bilsam, Mansurov degan mayor ekan.)
U paytlarda xalq o‘rtasida qo‘rquv, ishonchsizlik avj olgandi. Uch kishi bir joyga to‘planib, latifa aytishga qo‘rqar edi. Latifadan ham «siyosiy xato» izlashar edi. Uch kishidan bittasi «sotsa» tamom! (Aksiga olib, men latifa aytmasam turolmayman…) Xullas, qora mashinada uyimga olib kelishdi. Obisk qilib hamma yoqni tit-pit qilib yuborishdi. 1935 yilda rus tilida chop etilgan «O‘zbek adabiyoti» degan almanaxni topishdi. To‘plamda Abdulla Qodiriyning «Obid ketmon» qissasidan parcha bor ekan. «Uyida taqiqlangan adabiyotni saqlagani uchun» degan aybnomani shilq etkazib bo‘ynimga ilishdiyu, qamoqqa olib ketishdi. Onam bilan Saidaxon chirqillagancha qolaverdi. To‘g‘ri, zamon og‘ir edi. Ammo aybim yo‘qligini bilardim. Uyimda topilgan kitob alohida asar emas, almanax bo‘lsa, tag‘in rus tilida chiqqan bo‘lsa… Qamoqqa tushganimdan keyin ko‘p narsalarni o‘ylay boshladim. 37-yillardan boshlab, 50-yillargacha, turli zamonlarda, vaqti-vaqti bilan Akmal Ikromov, Fayzulla Xo‘jayev, M. Mirsharopov, Qodiriy, Cho‘lpon, Fitrat, Usmon Nosir, Botu, Mirtemir, Oltoylar; Sh. Sulaymon, Yu. Latif, To‘xtasin Jalolov, G‘. Rasulevlar; Shayxzoda, Shuhrat, H. Sulaymon, aka-uka Alimuhamedovlar; Shukrullo, Mirzakalon Ismoiliylar «xalq dushmani»ga aylandi. Albatta, o‘sha paytda (aynan 50-yilda) men bilan oldinma-ketin yana qaysi hamkasblarimiz qamalganini bilmas edim. Ammo 37-yilda, urush arafasida qamalganlarning qanday aksilinqilobiy tashqilotlarga «a’zo bo‘lgani», «aybini to‘la bo‘yniga olgani» haqida gazetalar to‘xtovsiz yozgani esimda edi. Hatto suddagi savol-javoblar ham e’lon qilinardi. Rostini aytsam, ilgarilari «odamga ishonish qiyin ekan-da, qarang, falonchidek odam josus ekan, millatchi ekan, bilmay yurgan ekanmiz», degan xayol yo‘q emas edi. O‘zim «xalq dushmani»ga aylanganimdan keyin bu gaplar tuhmat ekanini tushuna boshladim.
O‘tkir Hoshimov. Dahshatli joyi shundaki, xalqning eng sara farzandlari, partiyaga, xalqqa fidoyilik bilan xizmat qilganlarga «xalq dushmani» degan tamg‘a yopishtirilgan. Maqsad o‘sha odamlarga nisbatan xalqda nafrat uyg‘otish bo‘lgan. Akmal Ikromov, Fayzulla Xo‘jayev, Abdulla Qodiriy, Usmon Nosir… Bular el nazaridagi odamlar bo‘lgan. Vatanga, xalqqa sidqidildan xizmat qilgan-ku.
Said Ahmad. El tanigan, el sevgan odamlarni qamoqqa tiqib, shov-shuv ko‘tarishdan maqsad — xalqni qo‘rqitish bo‘lgan. Akmal Ikromovdek odam otilibdimi, sen kimsan, tilingni tiyib yur. Qodiriydek odam qamalibdimi, senga gapni kim qo‘yibdi, ovozingni o‘chir, dohiymiz Stalin aybsiz odamni qamamaydi… Mana maqsad nima edi!
O‘tkir Hoshimov. «Sotsializm rivojlangan sari sinfiy kurash kuchaya boradi», degan nazariyaning mohiyati tuhmatdan iborat ekanligini tarix isbotladi. Axir 30-yillarga kelib, bizning mamlakatda antagonistik sinflarning o‘zi qolmagan edi-ku! Ish shu darajaga borib yetganki, hatto aniq fanlardan ham sinfiy illat izlaganlar. Hali 1931 yildayoq «Fan va texnika fronti» jurnali irsiyat fani materializmga xilof narsa, u xudojo‘ylikni targ‘ib qiladi, deb ayyuhannos solgan. E. Kalman degan akademik esa «Fandagi buzg‘unchilik» degan maqolasida o‘sha paytdagi mashhur matematik olimlar Yegorov bilan Bogomolovni sinfiy dushman, reaktsioner deb qoralagan. Aql bovar qilmaydi: nahotki «ikki karra ikki — to‘rt» degan qoidani kapitalistlarda boshqacha, bizda boshqacha talqin qilish mumkin bo‘lsa? Bunday desak, Xorazmiyning ming yil avval yaratgan «Algoritmi» ham «Quldorlik manfaatini himoya qiluvchi» kashfiyot bo‘lib chiqadi-ku!
Yaqin-yaqinlargacha tag‘in bir narsaga hech tushuna olmas edim. Urush arafasida eng yaxshi harbiy kadrlar repressiyaga uchradi. Buning jabrini ham xalq tortdi. Urushning dastlabki yillari ayniqsa og‘ir kechdi. Ne-ne navqiron yigitlar yog‘och miltiq bilan tankka qarshi borib, fashist zambaragiga yem bo‘ldi. Irsiyatni qoralash qishloq xo‘jaligi, chorvachilikni tang ahvolga solib qo‘ydi, kibernetikani «fandagi shallaqilik» deb e’lon qilish elektronika sohasida kapitalistik mamlakatlardan kamida 20—30 yil orqada qolishimizga sabab bo‘ldi. Eng iste’dodli qalamkashlarni «dushman» deyishdi. O‘zbek xalqi Qodiriydek, Usmon Nosirdek yulduzlardan judo bo‘ldi.
Urush-ku, 20 million qurbon evaziga g‘alaba bilan tugadi. Xo‘sh, keyin-chi? 50-yillarda bu mudhishlik nega tag‘in takrorlandi? Urushda qancha odam qurbon berilgan bo‘lsa, repressiya tufayli ham deyarli shuncha odam qamoqqa tiqilgan, xo‘rlangan, millionlab kishilar o‘ldirilgan. Nega 37-yil dahshatlaridan saboq chiqarilmadi? Shunisiga aqlim yetmas edi. Endi ayon bo‘ldiki, 37-yillarda qamalganlardan ba’zilari qandaydir mo‘jiza bilan omon qolgan, yurtiga qaytib kelgan. Maqsad, o‘sha «ishlar» nohaq bo‘lganini, kechirib bo‘lmas adolatsizlik ro‘y berganini xalq bilishini «eng yuqoridagi» qo‘li qonga botganlar aslo xohlamagan. Natijada 37-chi, keyinroq 40-yillarda qamalib, urushdan keyin ozodlikka chiqqanlarni qaytadan qamashgan. Ularga yuz minglab yangi qurbonlar qo‘shilgan.
Said Ahmad. Faqat bu emas, hali aytganimdek, xalqni bo‘ysundirish uchun vahimada tutib turish kerak bo‘lgan. Bu ishda repressiya qo‘l kelgan… Men qamoqda yotib bularni asta-sekin tushuna boshladim. Ammo gunohim yo‘qligi, bir-ikki haftada, uzog‘i bilan bir oyda chiqib ketishimga ishonar edim. Bir hafta emas, bir oy emas, o‘n oy emas, o‘n bir oy «odinochka»da o‘tirib, so‘roq berdim.
O‘tkir Hoshimov. Gunohingiz yo‘q, hech qanday isbot yo‘q. So‘roq davom etyapti deng?
Said Ahmad. Shoshma. Avval Saidaxonning boshidan o‘tganlarini eshit. Balki bu savdolarning hammasini senga aytmagandir. Tirik bo‘lsa, o‘zi gapirib berardi. Men undan eshitganlarimni aytib beray. Bir xotinning eriga sadoqati bo‘lsa, Saidachalik bo‘lar. Eri «xalq dushmani» ekanini eshitgan zahoti sudga ariza berib, ajrashganlarni ham ko‘rdim, erini dushmandan olib feodalga solib, gazetaga xat yozganlarni ham, erini qamatgan xuddi o‘sha tergovchiga o‘ynash bo‘lib olgan xotinlarni ham… Saidaning zuvvalasi boshqa edi…
Shunday qilib desang, men u yoqda yotibman, Saidani «xalq dushmani»ning xotini deb universitetda turtkilay boshlabdilar (Saidaxon Andijon o‘qituvchilar institutini bitirgan bo‘lishiga qaramay SAGUda o‘qiyotgan edi). Oradan ko‘p o‘tmay Yozuvchilar soyuziga chaqirishadi. «Xonim, siz bizni uyaltirib qo‘yayapsiz, qamoq eshigiga tugun ko‘tarib, «peredacha» olib borayotgan emishsiz, Yozuvchilar soyuzining a’zosiga bunaqa qiliq yarashmaydi, ustiga-ustak partiyaga kandidatsiz», deb «akalarcha» nasihat qilishadi. Saidaxon bo‘sh kelmaganidan keyin hujum kuchayadi. G. Milchakov (A. Qahhor bu kimsani «o‘zbek adabiyotining qotili» degan edi) M. Sheverdin, Z. Fatxullin o‘rtaga olib, dag‘dag‘a qilishadi: «Ering xalq dushmani! Endi uning tirigi tugul o‘ligini ham ko‘rmaysan! Qani ayt, ajrashasanmi-yo‘qmi? Yo o‘zing ham qamalging kelyaptimi?» Saida bilan ZAGSdan o‘tmaganimni hali aytuvdim. Qonun jihatidan olganda pasportida pechat yo‘q. Saida bir og‘iz biz qonuniy er-xotin emasmiz, desa qutulib qo‘ya qolardi. Yo‘q! Saidaxon boshqacha javob qiladi. «Yaxshi! deydi.— Men erim bilan ajrashishim mumkin. Lekin bitta shartim bor: erim «Men xalq dushmaniman», deb o‘z og‘zi bilan menga aytsin! Qo‘llaringdan kelsa, meni yuzlashtiringlar!» Uni haqorat qilib, xonadan quvib chiqaradilar. Ertasiga Saida Yozuvchilar soyuziga a’zolik hujjatini pochta orqali jo‘natib yuboradi… Sarson-sargardonlik shundan keyin boshlanadi.
Saidaning she’riyat haqida yozgan diplom ishi bekor qilinadi. (Maqsad universitetni bitirishiga xalaqit berish bo‘lgan). Shunda u qisqa vaqt ichida «Oltin vodiydan shabadalar» romanida kommunistlar obrazi» degan mavzuda qaytadan diplom ishi yozadi va yoqlaydi. Biroq unga ish bermaydilar, she’rlari bosilmaydi. Qayerga borsa, «xalq dushmani»ning xotini deb ola qaraydilar. Oilada ahvol tanglashadi. Onam, xotinim yarim och hayot kechira boshlaydilar.
Nihoyat, Saidaxon respublika Kompartiyasi Markaziy Komitetiga, xotin-qizlar bilan ishlash bo‘limidagi Halima Muhiddinova degan mas’ul xodima qabuliga kiradi. «Partiya va hukumatimiz xotin-qizlarni aktiv hayotga tortish uchun ko‘p harakat qilyapti. Lekin men ertadan boshlab paranji yopinishga qaror qildim!» deydi-da, qo‘lidagi ikkita diplomni (Andijon o‘qituvchilar instituti va SAGUni bitirganlik haqidagi hujjatlarni) uloqtirib chiqib ketadi. Uni yo‘ldan qaytarib kelishadi. Yordam berishadi. «Yordam» shu bo‘ladiki, uni Qo‘yliqdagi koreys maktabiga rus tili o‘qituvchisi qilib tayinlaydilar. Tabiiyki, Saida rus tilidan dars bera olmaydi, ishdan bo‘shashga majbur bo‘ladi. Uyda o‘tirib, mashinistkalik qila boshlaydi. Studentlarga konspekt ko‘chirib, choychaqa ishlaydi. «Abay» romanining tarjimasini ko‘chiradi… Ba’zan uncha yoqtirmagan odaming dunyoda eng asil odam bo‘lib chiqishi mumkin. O‘sha paytlarda Davlat nashriyotida Kasabov degan buxgalter bo‘lar edi. Nashriyotda qalam haqi olishga borgan jamiki yozuvchilardan «cho‘tal» undiradigan odati bor edi. Bu qilig‘i hammaga ham yoqavermas edi. Shuning uchun unga «Qassobov» deb laqab qo‘yilgandi. Saida ham «Abay» romanini ko‘chirgani uchun haq olganida Kasabovga o‘n so‘m (eski puldan) beradi. Shunda Kasabov aytadi: «Sendan pul olib esimni yeganim yo‘q. Sen, qizim, ko‘p xafa bo‘lma. Bu kunlar unut bo‘lib ketadi. Ko‘rasan, ering yaqinda oqlanib keladi…» Oilamizning eng yaqin odamlari qadamini uzib ketganida yetti yot begona kishidan bunday gap eshitgan Saida yig‘lab yuboradi…
Kezi kelganda Saidaga (demak, menga ham) otalik qilgan tag‘in bir odamni aytishim kerak. Bu — Birlashgan nashriyot (hozirgi O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitetining nashriyoti) direktori Vasiliy Fedorovich Arxangelskiy edi. «Xalq dushmani»ning xotinini ko‘rsa hamma besh chaqirim nariga qochib yurganida Saidani shu odam ishga oladi.
Saidaning kandidatlik muddati tugab, partiyaga haqiqiy a’zolikka o‘tish paytida tag‘in ishkal chiqadi. Yozuvchilar soyuzidagi Milchakov boshchiligidagi «siyosiy hushyor» kimsalar «dushmanning xotini qanday qilib kommunist bo‘lishi mumkin», deb nashriyot partiya komitetiga zug‘um qila boshlaydilar. Ammo nashriyot ishchilari (ruslar, o‘zbeklar) Saidani qattiq himoya qiladilar, partiya safiga qabul etishni talab qiladilar. Kurash ishchilar g‘alabasi bilan tugaydi. Keyinroq Saida «Gulxan», «O‘zbekiston xotin-qizlari» jurnallarida ishlaydi. Saida meni ozod qilishni so‘rab, Usmon Yusupov nomiga ariza yozadi. Onam arizani ko‘tarib Usmon ota qabuliga boradi. To‘g‘ri yo‘l bilan kirish qo‘lidan kelmagach, otaning yo‘lini poylaydi. Bir kuni tong pallasi Usmon ota mashinadan tushganida oldiga yugurib boradi. «Siz Usmon otamisiz?» deb so‘raydi, «Ha», deydi Usmon Yusupov. «Yolg‘on gapirmayapsizmi?» — deydi onam. «Ishonmasangiz mana bu odamlardan so‘rang», deydi Usmon ota, atrofdagilarni ko‘rsatib. Odamlar tasdiqlaganidan keyin onam arizani Usmon otaga topshiradi. «Haqiqat qiling» deb yig‘laydi.
Usmon ota soyuzga telefon qiladi. «Mabodo o‘ttiz yashar yosh yozuvchi «xalq dushmani» bo‘lsa, senlar qayoqqa qaragan eding», deb qattiq koyiydi. Bu paytda men Qozog‘iston cho‘llarida jazo muddatini o‘tayotgan edim… Saidaxon bilan qamoqdan qutulib kelganimdan keyingina ZAGSdan o‘tdik… Mana, Saida vafot etganiga 12 yil bo‘ldi. Pasportimni almashtirganimda 3AGS pechatini qaytadan bostirdim. Saida vafotidan keyin ham meniki…
…Ruslar «on sidit v tyurme» deydi. Tatarlar birovga do‘q qilsa, «turmag‘a o‘tirtam» deydi. Biz — o‘zbeklar «qamoqqa tushdi», «qamoqda yotibdi», deymiz. O‘n bir oy «odinochka»da bo‘lganimda bir narsani angladim. Turmada «yotilmas» ekan, aynan «o‘tirilarkan». Darchasiga temir panjara tutilgan katalak xona. Darcha jonivor ham qo‘l yetmas joyda, tepada.
O‘tkir Hoshimov. Kechirasiz, Said Ahmad aka. Hech e’tibor berganmisiz? «Odinochka»da uzoq muddat o‘tirgan odamlardan ba’zilarining ko‘z qorachig‘i yuqoriga qarab qoladi. Muntazam nurga, tashqariga termo‘lib o‘tirgandan bo‘lsa kerak.
Said Ahmad. Yaxshi kuzatibsan. Tashqi hayot bilan bog‘laydigan birdan-bir narsa — o‘sha panjarali darcha… Osmonni ko‘rasan. Bulutlarni. Ichkarida esa… Burchakda hojatga ishlatiladigan najas paqir. Yotish mumkin emas. Yakkash o‘tiraman. Yotsam, eshik tuynugidan dam-badam mo‘ralab turadigan nazoratchi o‘shqiradi. «Kartserga tiqaman, ablah!» Odam yurmasa, yotmasa, oyog‘i shishib ketarkan. Botinkam siqib, azob beradi. Kuyovligimda kiygan kulrang koverkot kostyum-shimim bo‘lardi. (Buyoqqa o‘sha kiyimda kelgan ekanman.) Ikki qo‘limni ikki tizzamga tirab o‘tiraverganimdan shimimning tizzasini ko‘zi yaltirab, qatirmoch bo‘lib ketdi.
Qishin-yozin piyma kiyib yuradigan nazoratchi (kamera eshigiga kelib quloq solsa, qadam tovushi eshitilmasin, deb piymada yuradi) ora-chora temir eshikdagi ovqat uzatadigan tuynukchani ochadi-da, hech gap yo‘q «O‘zing ablahsan!» deb baqiradi. «Men sizga nima dedim?» desam, «Gapirmasang ham bilaman, ichingda meni so‘kyapsan», deydi. Kechasi yotganda albatta adyoldan boshni chiqarib, chalqancha uxlash shart. Chiroqni xuddi ko‘zingga to‘g‘rilab qo‘yadi.
So‘roq boshlandi. Konyuxov, Korshunov deganlari tergov qiladi. Boshlig‘i Genkin degan kimsa ekan. (Yaqinda «Izvestiya» gazetasida o‘qib qoldim. Bu shaxs 37-yillarda Tuxachevskiydek buyuk sarkardaning «aybini bo‘yniga qo‘ygan» odam ekan. Ularning oldida men kimman! Demak, qismatim oldindan hal qilinganini o‘sha paytda bilmabman. Gunohim yo‘q, baribir chiqarib yuboradi, deb o‘ylabman).
Meni Jinoyat Kodeksining 66-moddasi 1 va 2 bandlari bilan ayblashdi. «Sovetlarga qarshi propaganda olib borgani uchun», «Uyida taqiqlangan adabiyot asragani uchun». Har gal so‘roqda bir gapni qaytaradi.
— Xo‘sh, qaysi tashkilotga a’zo eding? Qo‘poruvchi tashkilotda yana kimlar bor edi? Maqsadlaring nima edi?
Men ham bir gapni qaytaraman:
— Hech qanaqa qo‘poruvchi tashkilotni bilmayman. Siz bilsangiz ayting, bo‘ynimga qo‘ying.
— Biz-ku, hammasini bilamiz. O‘zing aytsang, gunohing yengillashadi. O‘ylab ko‘r…
Hammasi tuhmat bo‘lsa, nimani o‘ylay?! O‘n kun o‘tadi, o‘n besh kun o‘tadi… Tag‘in so‘roq. Tergov ba’zan kechasi bilan davom etadi. Tergovchining biri dam olayotganida boshqasi so‘roq qiladi. Dalil topilmaganidan keyin yangi aybnomalar taqadilar. «Asarlarida o‘rtoq Stalinning rahbarlik roli ko‘rsatilmagan», «Xalqlar do‘stligi kuylanmagan». «Asarlarida rus xalqi vakilining obrazi yo‘q».
O‘tkir Hoshimov. Xalqlar do‘stligini tarannum qilish, rus xalqi vakili obrazini asarga olib kirish masalasida yuzakilik avjiga chiqqan edi. Yaqin-yaqinlarda ham
«Masha sevar Omonni, Mikola Soraxonni. Bo‘yiga teng bo‘ylari, Qachon bo‘ladi to‘ylari! A-a!qabilidagi qo‘shiqlar yozilar va kuylanar edi. Go‘yo Omon Mashani tezroq xotin qilib olsa-yu, Soraxon Mikolaga tega qolsa, xalqlar do‘stligining eng yuksak cho‘qqisi — shu. Go‘yo xalqlar do‘stligining bundan teranroq ildizlari yo‘qdek. Asarlarga rus xalqi vakilining obrazini kiritish bundan battar edi. Asar qahramonlarining birontasi ming chirangani bilan hal qilolmay turgan masalani rus o‘rtoq keladiyu bir zumda yechib bera qoladi. U hech xato qilmaydi. Hammadan aqlli… Axir bu maqtov emas, haqorat-ku! Chinakam bag‘ri keng rus xalqini mayna qilish-ku! Bular ham o‘sha zamondagi beburd «talab»larning sadosi bo‘lsa ajabmas.
Said Ahmad. Keyin undan ham antiqa «gunohlar» topishdi. «Oting nega Said Ahmad, nima saidlar avlodidanmisan? Yo ota-onang Said Olimxonga taassub qilib senga Said Ahmad deb nom qo‘yganmi?» So‘ng bir hikoyamga yopishib olishdi. Men ovsar o‘sha hikoyaga «Oqsoqol opa» deb nom qo‘ygan ekanman. Hikoyada qishloq soveti raisi bo‘lmish ayolning jonkuyarligi maqtalgan edi. Ruschaga «Beloborodaya sestra» deb tarjima qilishdiyu, sen o‘zbek sovet ayolini soqolli degansan, demak, feodalsan, deb tag‘in bitta ayb taqashdi.
O‘tkir Hoshimov. Bema’nilik! Absurd! «Tavba-tazarru» filmida bir detalga e’tibor berganmisiz? Qamoqqa tushgan personaj «ha, men kontrrevolyutsion tashkilot a’zosi edim, maqsadim Bombaydan Londonga tonnel qazish edi», deb «aybini bo‘yniga oladi». Nega unaqa deding, deb so‘rashsa, «Tergov hujjatlari yuqoriga borib yetsa, meni nohaq qamashganini bilib, ozod qiladi», deydi. Qizig‘i shundaki, Abdulla Qahhorning «Zilzila» qissasida ham xuddi shunga o‘xshash epizod bor. (Afsus, qissa chala qolgan. Chamasi, Abdulla aka baribir bu asar e’lon qilinmaydi, deb hafsalasi pir bo‘lgan shekilli). Asar qahramoni «men aksilinqilobiy tashkilot a’zosi edim. Kaspiy dengiziga borib, katerda Qora dengiziga o‘tmoqchi edim», deb «tan oladi». Kaspiydan Qora dengiziga katerda o‘tish haqida gapirishning o‘zi kulgili. O‘rtada Kavkaz tog‘lari yotibdi. Qarang, ikki ijodkor bir-biridan mutlaqo bexabar holda bir narsaga ishora qilyapti. Qo‘yilgan aybnomalar g‘irt bema’niligini aytmoqchi. Nachora. Mantiqsiz savolga mantiqli javob berib bo‘lmaydi.
Said Ahmad. Mantiqsiz so‘roqlar jonga tegar edi. Bora-bora so‘roq paytida, shimimning qatirmoch bo‘lib ketgan tizzasiga tirnog‘im bilan tergovchining rasmini chizadigan odat chiqardim. Tergovchi tepamga kelib, o‘zining rasmini tomosha qiladi. «O‘xshatibsan, ablah» deydi-da, «o‘chirib tashla!» deb o‘shqiradi. Yangi savollarni o‘ylab topadi.
— Chet el jurnallarini o‘qib turasanmi?
— Yo‘q. .
— Hech ko‘rganmisan?
— Bir marta ko‘rganman.
— Qaysi jurnalni?
— Esimda yo‘q. Amerikaning jurnali bo‘lsa kerak.
— Qayerda ko‘rgansan?
— Sartaroshxonada.
— O‘qiganmisan?
— Yo‘q. Ingliz tilini bilmayman. Rasmlarini tomosha qilganman.
— Rasmlari chiroyli-a?
— Chiroyli.
— Qog‘ozi yaltiroq, a?
— Yaltiroq.
— Mana endi hammasi ayon bo‘ldi. Demak, Amerikaning jurnali yaxshi, o‘zimizning «Ogonyok» yomon. Shundaymi? Amerika jurnalidagi rasm chiroyli chiqqan. Bo‘yog‘i yaxshi. Demak, u yerda ximiya sanoati rivojlangan. Bizda esa rivojlanmagan. Qog‘ozi yaxshi deding. Demak, u yerda qog‘oz ishlash sanoati zo‘r. Mashinalari yaxshi. Bizniki esa—yomon. Demak, kapitalistik sistemani ulug‘lab, sotsialistik sistemani qoralayapsan. Bilamiz, hammasini bilamiz! Sen a’zo bo‘lgan kontrrevolyutsion tashkilotning raisi Oybek, sekretari Yashin. Tashkilotda Shayxzoda, Mirtemir, Turob To‘la, Asqad Muxtor, Shukrullo, Shuhrat, sen borsan. Boshqalarniyam bilamiz. Qani, ayt. O‘zing ayt. Tashkilotda yana kimlar bor edi? Maqsadlaring nima edi?
Savollar mana shu. Ertasiga hammasi qaytadan boshlanadi.
O‘tkir Hoshimov. Urarmidi?
Said Ahmad. Bir marta urgan. Hadeb indamay o‘tiraverganimda ingichka qilib buklangan «Pravda» gazetasi bilan boshimga urgan. Orasida metal chizg‘ich bor ekan. «Nega urasan?» desam, kulgan. «Ie, hali sen «Pravda»ga qarshimisan, yaxshi, buniyam yozib qo‘yamiz…»
Burchakdagi kamerada yotardim. Radio karnayining tovushi, ko‘chadan o‘tayotgan odamlarning gangir-gungir gaplari eshitilib qolardi. Ba’zan kafedan ichib chiqqan mastlarning qiyqirig‘i quloqqa chalinardi. To‘g‘risi, o‘shalarga judayam havasim kelardi. Bir kuni Turob To‘la bilan Mirmuhsin radioda she’r o‘qidi. Do‘stlarimning o‘zini ko‘rib turgandek dilim yorishdi. Ertasiga so‘roq paytida tergovchi aytdi:
— Oybek aybini bo‘yniga olib bo‘ldi. Falonchi-falonchilar (Turob bilan Mirmuhsinning ham nomini aytdi) ham gunohiga iqror bo‘ldi. Bitta seni deb hammasi qiynalib sud bo‘lishini kutib o‘tiribdi. Sen gunohingni bo‘yningga olsang, hammangni lagerga chiqarib yuboramiz. Harqalay ochiq havoda yurasanlar.
— Radioning odami bu yerga keldimi yo o‘zlari borishdimi? — dedim o‘zimni ovsarlikka solib.
— Qanaqa radio?
— Turob To‘la bilan Mirmuhsin kecha radioda o‘qigan she’rini shu yerga kelib yozib olishdimi yo o‘zlari radioga bordimi?
Tergovchining ko‘zi ola-kula bo‘lib ketdi.
— Hali radio eshitaman degin…
O‘sha kuniyoq chumchuqning ham ovozi kirmaydigan boshqa kameraga tiqishdi.
Tag‘in bir safar yangi aybnoma taqaydigan bo‘ldi. Go‘yo men 5 noyabrdan 6 noyabrga o‘tar kechasi Ramz Bobojonning uyiga mehmonga borganman. Leningraddan qaytib kelgan Ramz go‘yo «u yoqlarda odamlar maza qilib yashayapti» degan va bu bilan millatchilik qilgan. Men o‘sha kuni Ramz Bobojonning uyiga bormaganim aniq. Shuni aytdim. Keyin qo‘shimcha qildim.
— Ramz unaqa deganiga ishonmayman. Blokadadan chiqqan Leningradda odamlar mazza qilib yashashi mumkin emas.
Kameraga qaytib kirgandan keyin o‘sha kuni qayerga borganimni esladim. O‘sha kecha O‘rta Chirchiq rayonidagi mashhur paxtakor Zamira Mutalova haqida ocherk yozib, raykomdan «Qizil O‘zbekiston» gazetasiga telefonda ocherkni diktovka qilgan ekanman, o‘sha yerda tunab qolgan ekanman. Navbatdagi so‘roqda tergovchiga shuni aytdim.
— Ishonmasanglar raykomdan so‘ranglar. Ocherk bayram kuni gazetada bosilgan.
Xullas, bu tuhmat ham ish bermadi: topgan guvohining o‘zi boshini changallab qoldi. Tilimdan ilintirish uchun uch kun latifa ayttirib ham ko‘rdilar. Tergovchi «seni latifaga usta deyishadi, qani eshitaylik», deb turib oldi. Ro‘parangda birov pichoq o‘qtalgandek dag‘dag‘a qilib tursayu, tag‘in «hozir kuldirasan» deb talab qilsa g‘alati bo‘larkan. Nachora, esimga kelgan uyat-uyat latifalarni aytishga majbur bo‘ldim. Bundan ham ish chiqarisha olmadi. («Siyosiy» latifa kutayotgani aniq edi). «Odinochka»ga tushganimga sakkiz oycha bo‘lib qolganida kameraga Ilya Grigorevich Rafkin degan odamni ham qo‘yishdi. Dardlashadigan kishi topilganiga quvondim. Rafkin Qo‘qonda vrach bo‘lib ishlagan ekan. Uni ham tuhmat bilan qamabdilar. U bir gapni ko‘p qaytarar edi. «Tuhmatmi, balomi, bo‘ynimga olaman-u, lagerga chiqib ketaman». Keyin sekin-sekin meni ham ko‘ndirishga urina boshladi. «Yosh ekansiz, uka, bergan qog‘oziga qo‘l qo‘yingu qutuling. Sud qilar, hay besh-olti yil berar. Bu katalakda o‘lib ketishdan nima foyda?!» Bir narsani sezib qoldim. Rafkin so‘roqqa chiqib, buterbrod ko‘tarib keladigan odat chiqardi, «Ha?» desam, «Xotinim peredacha olib keldi», deydi. Xotinining peredachasida bufetning buterbrodi nima qiladi? Bildimki, u provokator, tergovchi ataylab qo‘ygan odam. Uning xoinligini yana bir narsadan bilib oldim: Rafkin har gal «so‘roqqa chaqirilganida» ich kiyimini yangilab keladi, oyog‘ida yap-yangi paypoq… U bilan gaplashmay qo‘ydim. Oxiri uni olib chiqib ketishdi. Qayta ko‘rmadim. Bir gal so‘roqqa chaqirishdi, tergovchi kattakon daftarni o‘qib o‘tiribdi. Varaqlaydi-da, bosh chayqab qo‘yadi.
— Xusanxo‘jayev Saidaxmat, — deydi-da, daftarni yana varaqlaydi. — Bu yerda ham Xusanxo‘jayev… Mana, yana ikki joyda Xusanxo‘jayev… Shuncha hunar ko‘rsatishga qachon ulgurding?..
Shu payt nima bo‘ldiyu, uni chaqirib qolishdi. O‘rniga boshqa tergovchi kirdi. Daftarni varaqlab kuldi:
— Obbo azamat-ey! VKP(b) tarixidan erinmay konspekt yozibdi-ku.
Bir ozdan keyin boyagi tergovchining o‘zi qaytib kirdi. Sherigi chiqib ketdi.
— Xo‘sh, — dedi daftarni varaqlab. — Qayerda to‘xtagandik?
— Xusanxo‘jayev VKP(b) tarixiga kirgan joyiga kelib to‘xtagandik.
— Nima? Qayoqdan ko‘rding? — dedi u chinqirib.
Hech esimdan chiqmaydi. Bir kuni so‘roqqa olib chiqishdi, Derazadan qarasam, qalin qor yog‘ibdi. Terak uchida qarg‘alar g‘ujg‘on o‘ynayapti.
— Qayoqqa qarayapsan? — dedi tergovchi.
— Daraxtni tomosha qilyapman, chiroyli bo‘pti. Toshkentda shunday baland teraklar borligini bilmagan ekanman.
— Shunaqami? — tergovchi labini burib kinoyali iljaydi.— Men seni o‘t ham o‘smaydigan joyga jo‘natmasam, otimni boshqa qo‘yaman!
Fevralning boshlarida tergov tugab, Saidaxon bilan uchrashtirishdi. Tergovchi siyosatdan, tergov ishlaridan, tashqarida bo‘layotgan voqealardan gaplashish mumkin emas, aks holda uchrashuvni to‘xtatib qo‘yaman, deb tayinladi, o‘zi gaplarimizga quloq solib tikilib o‘tiraverdi.
Nimani gaplashishni bilmasdik. Saidaxon ham hayron. Shunda u «Sizga pijama olib qo‘ydim, bu yerdan chiqqaningizdan keyin kiyasiz» dedi.
Tomog‘imga mushtdek bir nima tiqildi. Gapirolmay hiqillab qoldim. Ko‘zlarimdan yosh chiqib, o‘kirib yig‘lab yubordim. Shuncha urinaman, yig‘ini to‘xtatolmayman. Saidaxon bilan hech nimani gaplasholmadik. Svidaniyaga ajratilgan besh minut mening hiqillab yig‘lashim bilan o‘tib ketdi.
Kameraga qaytib tushganimda nima uchun yig‘laganimning sababini o‘ylay boshladim. Dahshatli tergovda, haqoratlar, kamsitishlar avj olgan paytlarda ham, tongotar so‘roqda ham ko‘zimga bir tomchi yosh kelmagandi. Endi nega bunaqa bo‘ldi?
Esimni tanibmanki, o‘z tashvishimni o‘zim ko‘targanman. O‘n ikki yoshimdan mehnat qilaman. Ust-boshimni o‘zim olganman. Qornim tashvishi ham o‘zimda edi. Kollektivlashtirish yillarida kolxozlarga chiqib arab alifbesida, keyin lotin alifbesida alvonga shiorlar yozardim. Shu uchun menga haq to‘lashardi. Qishloq choyxonalariga «Lenin burchagi» yasardim. Unga ham haq to‘lashardi. Fotochilik qilib, viveskalar yozib tirikchilik qilganman. O‘ylab qarasam, yoshim o‘ttizga yetib biron odam menga na bitta do‘ppi, na bitta paypoq olib bergan ekan.
Saidaxonning «Sizga pijama olib qo‘ydim», degani yurak-yuragimga borib tekkan ekan. Umrimda birinchi marta men to‘g‘rimda o‘ylaydigan odam bor ekan, deb hayajonlanib ketgan ekanman.
Nihoyat, «odnochka»da salkam o‘n bir oy o‘tirgach, 1951 yil 8 mart kuni umumiy kameraga o‘tkazdi. Ancha yengil tortdim. Demak, aybim yo‘q ekan. Bo‘ynimga qo‘yadigan «gunoh» topilmadi. G‘alati odamlar bor edi bu yerda. Eslasam kulishni ham bilmayman, yig‘lashni ham. Umumiy kamerada uzoq vaqtdan beri o‘tirgan, soqoli ko‘ksiga tushgan chol bor ekan. Aniq esimda yo‘q, harqalay Badaxshon tomonlaridan bo‘lsa kerak. Odamlar uni gapga soladi:
— Ota, sizni nega qamadi?
— Man hayron,— deydi chol.
— Nima gunoh qiluvdingiz o‘zi?
— Man gunoh qilgon? Yo‘q, men gunoh qilgon yo‘q. Men ukamga to‘yga borgon…
— Ukangizning to‘yiga borsangiz qamaydimi?
— Man hayron,— deydi chol.— Man to‘yga borgon. Mani agent degon. Yapon agenti degon.
— To‘yga qanday borgan edingiz?
— Qanday? Meshni puflagon. Panjning u betiga meshda o‘tgon. Ertasi to‘ydan qaytgon. Shapkali chegarachi mani ushlagon, agent degon…
Ma’lum bo‘lishicha, chol Panj daryosining nariga betiga ukasining to‘yiga meshga minib o‘tgan. Buni qarangki, daryoning u beti Afg‘oniston ekan. Qishloq odamlari avvallari ham meshda uyoqdan-buyoqqa o‘tib yurishgan. Chol to‘ydan qaytib bu sohilga o‘tganida ushlab olishgan, Yaponiya agenti deb qamashgan. Yapon razvedkasi ahmoqmiki, savodsiz bir cholni agent qiladigan, deydigan odam yo‘q. Chol sho‘rlik bir necha oydan beri qamoqda.
— Endi nima qilasiz, ota? — deb so‘rashadi hangomatalab aristonlar.
— O‘tiravergon.
— Iya, xolangizning uyimi bu o‘tiraveradigan?
— Xolamning uyi? Yo‘q, man hukumatimning uyiga o‘tirgon.
Ana sizga «siyosiy dushman»ning tushunchasi, Shu beozor cholki siyosiy dushman bo‘lsa, bilmadim…
Umumiy kameradagilar «shuncha so‘roq qilib, ayb topolmabdi, erta-indin sizni chiqarib yuboradi», deyishganida ichimda chiroq yonib ketgandek bo‘ldi.
Indiniga esa… «Xusanxo‘jayev! Sen «troyka» («osoboye soveshaniye») qarori bilan xalq dushmani sifatida o‘n yilga hukm qilinding», degan qarorni o‘qib eshittirishdi. Hech qanday dalilsiz, hech qanday sudsiz. O‘sha zahoti qopimni orqalatib, ochiq mashinaga o‘tqazishdi. Yuk stantsiyasiga olib borishdi. Stantsiyada Sharifa Abdullayeva degan olima o‘qituvchimni ko‘rib qoldim. Opa meni ko‘rib turgan joyida to‘xtab qoldi. Faqat bir og‘iz «ketdim, ketdim», deyishga ulgurdim.
Shu kungacha, o‘n oydan ortiq «odinochka»da yotganimda ham, tanholik azobida qiynalganimda ham ko‘nglimda bir ilinj bor edi. «Dunyoda haqiqat bordir axir, gunohim yo‘q, chiqib ketaman», deb o‘ylardim. Vagonga chiqqanimdan keyin ichim bo‘m-bo‘sh bo‘lib qoldi. Tamom! Endi yurtimga qaytib kelmayman. Tupurdim adolatga ham, haqiqatga ham! Hammadan, o‘sha Stalindan ham, Beriyadan ham qo‘limni yuvib, qo‘ltiqqa urdim. Shunda bir haqiqatni aniq angladim. «Xalq dushmani» deb qamalganlar g‘irt tuhmatga yo‘liqqan. Hammasi yolg‘on, bo‘hton!
Hammasi tamom bo‘ldi. Meni olib ketishyapti. Mahbuslar vagonining kupelaridan eshiklar olib tashlanib panjara o‘rnatilgan. Xuddi hayvonot bog‘idagi vahshiy hayvonlar saqlanadigan qafasning o‘zi.
O‘ylayman. Nima gunoh qilgan edim? Shunday haqoratlarga arziydigan biron jinoyat qilganmidim?
Tergovda uyqu bermasdi. Faqat bitta gap: «O‘zing ayt». «O‘zing aytsang, gunohing yengillashadi»…
Shu bo‘htonlardan qutulsam bas, deb o‘zimga-o‘zim tuhmat qildim. Yo‘q «gunohlarim»ni bo‘ynimga oldim. Albatta, tergovchi bu gallarni kimga va qachon aytganding, deb so‘rardi.
Shunda men o‘lganiga o‘n-o‘n besh yil bo‘lib ketgan tanishlarimni aytardim. Shu gapni aytganimga ikki yil, yo uch yil bo‘ldi, deyman. Tergovchi aytganlarimni yozib boradi. Menga imzo chektiradi. Umidim suddan. Sud paytida men bu gaplarni aytgan paytimda bunaqa odamlar bo‘lmagani, allaqachon o‘lib ketgan ekani aniq bo‘ladi, deb umid qilgandim. Men kutgan sud bo‘lmadi. Na prokurorni ko‘rdim, na sudni, na oqlovchini.
Vagonga bosishganida mendan oldin qamalib, otilib, yo‘q bo‘lib ketgan mashhur odamlar xayolimdan o‘tdi. Demak, ular ham xuddi mendek sudsiz yo‘q qilib yuborilgan.
Tug‘ilib o‘sgan, qancha quvonchu g‘amlarimga guvoh bo‘lgan qadrdon shahrimdan olib ketishyapti. Kamdan-kam odamga nasib qiladi, bu yo‘llardan qaytib kelish!
Bitta kupega yigirma to‘qqiz kishini tiqishdi. Birovning oyog‘i birovning boshiga tegib turibdi. Birovning qopi birovning biqinida… Havo yetishmaydi. Qo‘limizda kishan!
O‘tkir Hoshimov. Kishan?
Said Ahmad. Kishan! G‘ing deganga jo‘n kishan emas, fashistlar ishlatgan nemis kishanini uradi. Unisi antiqa narsa! Aristonning bir qo‘lini qo‘ltig‘i ostidan, ikkinchisini yelkasi osha orqaga tortadi-da, shu alpozda «nemischa» kishan uradi. Odam bu ahvolda uzoq turolmaydi, ikki qo‘lini ikki yoqqa tortishga majbur bo‘ladi. Qo‘li qimirlagan sayin kishan suyakni qisa boshlaydi. Unga sari battar tipirchilaydi, tipirchilagan sayin kishan halqasi suyakni g‘ajiyveradi…
Bir necha kun yurib, Shimoliy Qozog‘istonning Petropavlovsk shahriga bordik. Kim qaysi lagerga borishi shu pereselenniy punktda ma’lum bo‘ldi. Meni Jezqazg‘onga jo‘natdilar. Aytmoqchi, shu yerda bir rus kishi menga juda beshafqat, juda achchiq bir haqiqatni tushuntirdi. «O‘n yilga kesildim, demak, rosa o‘n yildan keyin qutulib chiqaman, deb umid qilma. Kun sanama. O‘shanda o‘zingga yaxshi bo‘ladi. Osoboye sovesheniye qarori bilan qamalgan odamning oqlanishi og‘ir. To‘qqiz yilu o‘n bir oy o‘tganidan keyin arzimagan bahona topib, senga yana o‘n yil yopishtirib qo‘yishlari hech gap emas. Shuni unutmaginki, sen «xalq dushmani»san».
Tergovchi, seni o‘t o‘smaydigan joyga surgun qilaman, deganida bilib gapirgan ekan. Hammayoq qip-qizil cho‘l. Bahor payti atrof ko‘m-ko‘k bo‘lib ketadi. Ammo bu — o‘t emas. Qorlar erigandan keyin mis ma’dani bilan to‘yingan tuproq ko‘karib ketadi. Unda-bunda yilt etgan ko‘kat ko‘rinadiyu, ayovsiz oftobda darrov qovjirab qoladi. Lager boshlig‘i Kozlov degan odam bilan gaplashganim esimdan chiqmaydi.
— Mening gunohim yo‘q, graJdanin nachalnik, sudsiz hukm qilishdi, hech qanday jinoyat qilgan emasman,— dedim.
Boshliq kuldi:
— Nima, sening jinoyat qilishingni kutib o‘tirish kerakmidi? Senlar tomonda Sirdaryo oqadimi?
— Oqadi.
— Temir yo‘l o‘tgan ko‘prigi ham bormi?
— Bor.
— Ana! Bordiyu sen qo‘poruvchilar gruppasi bilan o‘sha ko‘prikni portlatib yuborsang, bilasanmi, davlat necha million so‘m zarar ko‘rgan bo‘lardi? Undan ko‘ra lagerda yurganing yaxshi-da! Bitta sen o‘lganing bilan davlat hech nima yo‘qotmaydi. Ko‘prik portlasa, ana u dahshat.
Ana mantiq!
Lagerda ashaddiy kallakesarlar bilan taniqli olimlar, benderachi, vlasovchilar bilan nemis kontslageridan qochib, partizanlar orasida jang qilgan va oxir oqibat qamoqqa tushgan fidoyi frontoviklar, o‘g‘rilar bilan sobiq davlat arboblari, Turkiston legionida xizmat qilganlar bilan bir bo‘lak shokolad uchun nemis varaqasini yopishtirgan, Boltiqbo‘yi respublikasidan olib kelingan o‘smir bolalar — hammasi aralash-quralash bo‘lib ketgan. Kallakesarlar «siyosiy dushmanlar»ni mazax qiladi. «Ha, intelligentlar, Vatan xoinlari, ahvoling qalay?»
Ertalab aristonlarni besh kishi-besh kishidan qilib safga tizadi. Soqchi baland ovozda baqiradi: «Safdan ikki qadam o‘ngga, ikki qadam chapga chiqish — qochish hisoblanadi. Ogohlantirmasdan otib tashlanadi!» Saf mis koniga yo‘l oladi. Ikki tomonda soqchilar, atrofida it aylanib yuradi. Mis konida ishlash og‘ir. O‘pka sob bo‘ladi. O‘lib qolganlarni olib chiqib ketayotganlarida soqchilar har ehtimolga qarshi murdaning uch-to‘rt joyiga nayza sanchib ko‘radi. (Aldayotgan bo‘lmasin tag‘in!)
Qishda baraklardan biriga o‘t tushdi. Kimdir paytavasini quritish uchun pechka yoniga yoyib qo‘ygan bo‘lsa kerak. Sahar pallasi edi. Barak ustidan qulflab qo‘yilgan. Men hovlida edim. Nazoratchiga uvvalo yalinaman, qani eshikni ochsa! «Nachalnik ruxsat bermaguncha ochmayman», deydi. «Axir, ikki yuzta odam yonib bitadi-ku», desam, parvo qilmaydi. «Ikki yuzta bosh, to‘rt yuzta qo‘l, to‘rt yuzta oyoq hisobga to‘g‘ri kelsa bas. O‘likmi, tirikmi, menga farqi yo‘q». Xayriyat, nachalnik buyruq berib, barakni ochib yuborishdi.
O‘tkir Hoshimov. Said Ahmad aka! V. Shalamovning «Kolima hikoyalari» turkumida lager hayotining dahshatlari tasvirlangan. Yozuvchi o‘sha turkumga yozgan so‘zboshisida «Bu hayotni tasvirlash uchun yuzta Soljenitsin kamlik qiladi», deb aytgan. Chindan ham bu mavzu adabiyotda juda oz yoritilgan. Soljenitsinning «Ivan Denisovichning bir kuni» qissasi, A. Ribakovning «Arbat farzandlari» romani, qisman «53-yilning sovuq yozi» filmida shunday tasvir bor. Soljenitsinning «GULag arxipelagi» romani bizda bosilmagan. Chet elda bu romanni rosa ko‘tar-ko‘tar qilishdi. Asarni o‘qimaganimiz uchun bir narsa deyish qiyin. Ammo romanning nomida juda achchiq kinoya bor. Butun mamlakat Glavnoye upravleniye lagerey (Qamoqxonalar Bosh boshqarmasining) lagerlari bilan to‘lib ketgan, butun bir arxipelagga aylangan edi, degan ma’no yotibdi… Nima bo‘lganda ham tariximizda shunday bulutli kunlar ro‘y bergani rost. Uni o‘zimizning qalamkashlar halol va xolis tasvirlamasa, muxoliflarimiz battarroq do‘mbira qilaveradi.
Said Ahmad. Bunaqa asarlar o‘sha paytdayoq yaratilgan. Bizda emas, chet elda… Oramizda qardosh mamlakatlarning kommunistlari ham bor edi. (Ular ham josus deb qamalgan). O‘shalar Angliyada chiqqan «Temir parda» degan film haqida gapirishardi. Film fonida «Shiroka strana moya rodnaya» degan mashhur qo‘shiq yangrab turadi. «Gde tak volno dыshit chelovek» («Hech yerda inson bizdagichalik erkin nafas ololmaydi») degan paytda ko‘mir konida qon tufurib ishlayotgan aristonlar, «Chelovek proxodit kak xozyain» («Inson bizning yurtda xo‘jayin kabi erkin yuradi») deganda soqchilaru itlar qurshovida ishga ketayotgan mahbuslar ko‘rsatilar ekan. Ha, mamlakatimizni butun dunyo oldida sharmanda qilishga o‘sha zamondagi qo‘rquv saltanati sabab bo‘ldi… Shubhasiz, biz buni tushunardik. Ammo tilni tishlashga majbur edik. Har bir barakning o‘z «seksot»lari (sekretniy sotrudnik) bo‘lardi. Bugun aytgan ehtiyotsizroq gaping ertaga nazoratchiga yetib borishi hech gap emas. Boshliqlar ora-chora «ahvol so‘rab» turadi. Brigadada ishlaydigan mahbuslarni navbatma-navbat kabinetida qabul qiladi, har biri bilan ikki minutdan gaplashadi. «Ishlar qalay, shikoyat yo‘qmi?» «Seksot» shu ikki minut ichida kim nima deganini aytib ulguradi.
Bir jihatdan men omadli ekanman. Rasm chizishim ish berdi. Lagerdagi stendlarni bezataman. Bir smenada qaysi brigada qancha ruda qazib, qancha portlatgani, qancha tosh tashiganini hisoblayman… Hammadan avval turib pekarniy (nonvoyxona)dan bir kurak cho‘g‘ olib kelaman. Konserva bankaga qora moy to‘ldirib, cho‘g‘da eritaman. «Xudojnik, boshla!» deb buyuradi nazoratchi. Mahbuslar qator bo‘lib keladi. Ularning egnidagi o‘chib ketgan nomerlarni to‘rt joyga — kuragiga, ko‘kragiga, shimining yonboshiga, shapkasiga qaytadan yozaman. Odamning pashshachalik qadri yo‘q. Bir burda non uchun birov birovni so‘yishi mumkin. Hunari — assenizator bo‘lgan yoshgina yigit bor edi. Uning vazifasi to‘lib ketgan hojatxonadagi najasni aravaga ortib tashish edi. Tushlik paytida oshxonaga kirib keladi. Hammayog‘i iflos. «Qani, qaysi biringni o‘pay?» deydi. Hamma bir yoqqa qochib, yo‘l bo‘shatadi. Ko‘proq ovqat suzib berishadi.
O‘tkir Hoshimov. Shunday sharoitda ham insonlik qiyofasini saqlab qolganlar bo‘lgandir axir. Hayvon odamga aylana olmaganidek, odam ham butunlay hayvonga aylanib ketmaydi-ku!
Said Ahmad. Albatta! Nomer yozayotganimda mahbuslar iltimos qilishardi. «Chiroyli qilib yoz, xudojnik, akkuratniy yoz!» Ba’zilari xotinining sarg‘ayib ketgan fotosuratini olib keladi. «Mana shuni chiroyli qilib ishlab bersang, temaki olasan». Xotinining suratiga qarab rasm chizaman. Chiroyli qilib. Lablarini qizilga bo‘yayman. Bo‘yniga marjon taqaman… Beriya otilib mahbuslarga oilasi bilan uchrashishga ruxsat tekkanida menga rasm ishlatib, evaziga durustroq ovqat suzib beradigan oshpaz rosa so‘kkani esimdan chiqmaydi. «Xudojnik bo‘lmay o‘l! Kecha xotinim keldi. Sen chizgan rasmga hech o‘xshamaydi, kampir bo‘pqopti!» Yigirma yil ichida xotini kampir bo‘lmay qiz bo‘lsinmi?
Odamlar uyini, bola-chaqasini sog‘ingani uchun ba’zilar barakda musicha, o‘zining ovqatidan oz-oz berib mushuk boqar edi. Bir gal bittasining mushugi bolaladi. O‘lgudek pes bir nazoratchi bo‘lardi. Yettita mushuk bolani qopga solib chiqib, nonvoyxonaning lang‘illab turgan oloviga uloqtirgani esimda. Ziyolinamo bir odam unga qarab: «Tfu, sen odam emas, sadistsan!» dedi. «Sadist» degan so‘zning ma’nosini o‘shanda birinchi marta tushunganman.
Tag‘in bir voqea esimdan chiqmaydi. Aprel oyi bo‘lsa kerak. Zonaning tikanli simi orqasida bitta lola ochilgan ekan. Muddatini o‘tab bo‘lishiga bir oy qolgan surxondaryolik yigit chidab turolmadi shekilli, yugurib bordi. Sim orasidan qo‘l cho‘zib endi lolani uzmoqchi edi, vishkada turgan soqchi uni qochmoqchi deb o‘ylab, otib qo‘ydi…
Hayotda fojia ham, kulgu ham aralash bo‘ladi. «Premblyud» («Premialnыe blyuda») degan gap bor edi. Planini oshirib bajargan odam bitta ponchik (bo‘g‘irsoq) mukofot olardi. Bir kuni qarasam, soddaroq bir yigit barak soyasida ponchik ushlab o‘tiribdi.
— Yemaysizmi, axir? — desam o‘tiribdi.
— Aka, xudo xohlasa uyga borsam, xotinimga bi-ir qozon pirimbulut pishirtirib, to‘yib yeyman-da!
Bu sharoitda yashash ziyolilarga og‘ir edi. Ko‘pchiligiga «siyosiy dushmanilikdan tashqari «millatchi» degan og‘ir gunoh ham yopishtirilgan.
O‘tkir Hoshimov. Oktyabr inqilobining to‘fonlari shiddatli bo‘ldi. Shubhasiz, inqilobga qarshi kurashgan ashaddiy dushmanlar, g‘irt millatchilar ziyolilar orasida ham bo‘lgan. Biroq revolyutsiya mohiyatini darhol tushunib yetmaganlar ham oz emas edi. Va bu ham tabiiy hol edi. Dastlabki paytda ijodida hayotdan nolish, millatchilik ruhi sezilgan (Cho‘lpon va Fitratning ba’zi asarlariga o‘xshab) qalamkashlar mamlakatdagi hamma adabiyotda ham bo‘lgan. Iste’dodli qalamkashlar oradan ko‘p o‘tmay lenincha pozitsiyaga o‘tgan. Ammo ularning ko‘piga faqat bir tomonlama — «dushman» deb, «millatchi» deb qarash yaqin-yaqinlargacha davom etib keldi. Ustiga-ustak sovet maktabida o‘qib ta’lim olgan, pioner, komsomol, kommunistik partiya safida o‘sib-ulg‘aygan ayrim ziyolilarni «millatchi» degan vahimali gap bilan qo‘rqitish hollari kechagi kungacha ham yo‘q emas edi. 70-yillarda yosh shoir ona tili haqida she’r yozib oblast gazetalaridan birida e’lon qiladi. Tirnoq tagidan kir izlaydigan vahimachilar she’rga darhol «siyosiy tus» berib, yosh shoirni «millatchi» sifatida muhokama qiladilar.
Axir Rasul Gamzatovning ham shunday she’ri bor-ku, deydi yosh shoir. «Xohlasak o‘sha Gamzatovingni ham muhokama qilib jazolaymiz», deyishadi. Qoyil! Shahar miqyosidagi amaldorcha jahon miqyosidagi shoirni jazolamoqchi! Qo‘yib bersangiz, cho‘ponga eshak minishni o‘rgatadigan «bilimdon»lar shunaqalardan chiqadi. Ular, modomiki amalim bormi, hamma narsani hammadan yaxshi bilaman, deb o‘ylaydi. Gamzatovning «Dog‘istonim» asari mamlakatdagi deyarli hamma tillarda e’lon qilindi. Bizda esa «Guliston» jurnalida yarmisi chiqqan joyida to‘xtatib qo‘yildi. Erkin Vohidovning «O‘zbegim» she’ridan ham illat izlashdi. Qiziq, nega bir xalq shoiri o‘z tili, o‘z xalqi bilan faxrlanishi mumkinu, ikkinchi bir xalq vakilining bunga haqqi yo‘q? Ijodga, ijodkorga bunday «ma’muriy» hukmronlik qilish faqat odamlarni kamsitibgina qolmaydi, xalqlar do‘stligiga rahna soladi. Bunday uslubda ishlaydiganlar internatsionalizmni doston qiladiyu, aslida ularning o‘zi internatsionalizm dushmani. Chunki bir xalqni ulug‘lash hisobiga ikkinchi xalqni kamsitish hech qachon yaxshilikka olib bormaydi. SSSR Yozuvchilar soyuzi plenumida shu gaplar ro‘y-rost aytildi. Aslida bu ham o‘sha qo‘rquv saltanatining sadosi ekanligi ayon. Partiya XXVII s’ezdi milliy iftixor tuyg‘usiga hurmat bilan qarash kerakligini ta’kidladi. Milliy o‘ziga xoslik bilan millatchilikni aralashtirib yubormaslik kerak.
Said Ahmad. U paytlarda bunaqa fikrlarni aytish u yoqda tursin, o‘ylashga ham qo‘rqar edi odam. Lagerdagilarning Stalinga munosabati yomon edi. 50-yillarga kelib nohaq azob chekayotganlar ancha narsani tushunib yetgan edi. Lagerdagi «siyosiy» mahbuslar orasida qilcha ham aybi yo‘qligini bayon qilib Stalinga xat yozganlarning birontasi «dohiy» muruvvati bilan ozodlikka chiqqanini ko‘rganim yo‘q.
O‘tkir Hoshimov. Said Ahmad aka! Yaqinda avtobus beqatida shu mavzuda katta bahs bo‘ldi. Bir chekkada quloq solib turdimu bu anchayin jo‘n masala emasligini tushundim. Bahs uzoq davom etdi. Odamlar qizishib, baqirib gaplashar edi.
«Stalin xalqlar otasi emas, xalqlar jallodi edi!»
«Bekor gap. Stalin qattiqqo‘llik qilmasa, hozir sen nemisning qo‘lida qul bo‘lib yurarding!»
«Stalin kolxoz tuzaman deb qishloq xo‘jaligini rasvo qildi. Eng tajribali dehqonlarni quloq deb Sibirga surgun qildi, kolxoz tajribasiz, landovur, dangasalar qo‘lida qoldi».
«Urushdan keyin har yili arzonchilik bo‘lgani esingizdan chiqdimi? Hamma narsa mo‘l-ko‘l edi».
«Sening shahringda shunday bo‘lsa bo‘lgandir. Qishloqda odamlar ochidan o‘lgan».
«Nemis Moskva ostonasiga kelganida Stalin qochmagan. Vatan uchun o‘z o‘g‘lidan voz kechgan».
Shunda o‘zim ko‘rgan filmlar, o‘qigan kitoblarim esimga tushdi. «Tavba-tazarru» filmi, A. Ribakovning «Arbat farzandlari», D. Graninning «Zubr», V. Dudintsevning «Oq libos» asarlarida shaxsga sig‘inishning fojiali oqibatlari turli tomondan ko‘rsatilgan. Marhum adib A. Bekning «Ertasi kuni» romanida esa (asar ancha avval yozilgan, ammo bosilmagan) Stalinning yoshligi tasvirlanadi. U o‘ziga Koba (Kazbegining «Podarkush» romanidagi adolatparvar, jasur qahramon yigit nomi) laqabini olganligi, chindan ham jasur yigit bo‘lgani, ammo fe’lida shaxsiyatparastlik, hokimiyatga intilish yoshligidanoq kuchli bo‘lganligi, bu yo‘lda har qanday qing‘ir yo‘ldan toymasligi, shafqatsizligi hujjatlar asosida yozilgan. Shunga qaramay, Stalinning Ulug‘ Vatan urushidagi xizmatini baribir tan olish kerak shekilli. Lekin bu palladagi ayrim chalkashliklar ham e’tibordan chetda qolayotgani yo‘q. Akademik A. Samoylov 1942 yil 28 iyul kuni chiqqan «Bir qadam ham orqaga chekinilmasin!» degan buyruq bir jihatdan to‘g‘ri bo‘lgani, ikkinchi jihatdan esa talay qismlarning manevr qilolmay behuda qirilib ketganini aytadi.
A. Samsonov 1941 yil, 16 avgust kuni chiqqan 270-buyruq bilan asirga tushganlarning hammasi Vatan xoini deb e’lon qilinishi fojiali oqibatlarga olib kelgani, ularning o‘zigina emas, bola-chaqasi ham repressiyaga uchragani o‘taketgan adolatsizlik bo‘lganini yozadi.
Xullas, bular — murakkab masalalar. Harqalay, bunday fojialar uchun yolg‘iz Stalinni ayblash to‘g‘ri bo‘lmasa kerak. Atrofdagilarning ham ulushi bo‘lgandir? Ba’zan o‘ylab qoladi, odam. Balki stalinizmni zamonning o‘zi yaratgandir. Agar bu Stalin bo‘lmasa boshqa Stalin boshqacharoq ko‘rinishda paydo bo‘larmidi… Bilmadim…
Bundan tashqari yana bir andishani aytmasam bo‘lmaydi. Bizning avlod ham «xalqlar otasi»ni go‘dakligimizdan ulug‘lab o‘rganganmiz. Stalin o‘lganida beshinchi sinfda o‘qirdim. Yig‘lab she’r yozganim esimda. Hozir ko‘p haqiqatlar ochilyapti. Xohlaymizmi-yo‘qmi, inson psixikasi turg‘un bo‘ladi. Stalinning ulug‘ dohiyligiga shak keltirmaydigan, bu odam haqida biron og‘iz tanqidiy so‘z eshitsa ranjiydigan odamlar oz emas. Shakkoklik qilayotgan bo‘lsam, uzr so‘rayman. Bu — mening shaxsiy fikrim, takror aytaman, harqalay Stalinning Ulug‘ Vatan urushidagi xizmatlarini kamsitish insofdan bo‘lmasa kerak. Eslab ko‘ring: nemis Moskva ostonasiga kelib qolganida «Stalin Moskvadan jilmadi!» degan shiorning o‘zi minglab jangchilarga ruh bergani yolg‘on emas. Beixtiyor asirlikka tushib qolgan o‘g‘lining jonidan azbaroyi printsip uchun voz kechgani (qahr bilan bir qarashda insoniy munosabat bobida tagiga yetish anchayin mushkul bo‘lgan printsipiallikning aralashib ketishini qarang: asirga tushganlar hammasi — Vatan xoini deyish noinsoflik, lekin shu yo‘lda hatto o‘z jigarbandidan ham voz kechish g‘alati) bularni biryoqlama baholash mushkul.
Tehron konferentsiyasidan keyin esa AQShda atom quroli yaratilgani haqida Trumen tantana qilib gapirganda Stalin raqiblaridan ruhan ustun kelgani ham fakt. Bundan tashqari bu odamning ortiqcha hashamlarsiz yashagani, o‘zidan keyin mamlakat rahbari bo‘lgan ayrim kishilarga o‘xshab ko‘ksiga qo‘sha-qo‘sha oltin yulduzlar taqmagani, biroq ayni zamonda buryatiyalik Engelsina degan qizaloqni qo‘lida ko‘tarib turgan surati butun dunyoga doston bo‘lganiyu, «bolalarning eng yaqin do‘sti» degan unvonga sazovor bo‘laturib, aynan shu qizchaning otasini «xalq dushmani» sifatida ottirgani, onasini o‘ldirgani, qizaloqning o‘zini esa surgun qilgani, mamlakat gazetalarida har kuni Stalin surati bosilib turgani ham fakt. Daf’atan tushunish qiyin bo‘lgan murakkab taqdir, murakkab shaxs. Nazarimda har kimning savob va gunohini taroziga tortib ko‘rish kerakligini, nima bo‘lganida ham bu haqda biz emas, shaxsga sig‘inish uqubatlarini o‘z boshidan kechirgan, o‘z ko‘zi bilan ko‘rganlar ko‘proq gapirgani ma’qulga o‘xshaydi. Bu masalada sizlarning avlod bizning avlodga nisbatan bir necha karra ortiq ma’naviy huquqqa ega.
Said Ahmad. Stalinning savobidan gunohi — ko‘p. Ba’zilarda NKVD organlari jallodlik vazifasini bajargan, degan fikr bo‘lishi mumkin. Endi ayon bo‘ldiki, Stalin eng avval o‘zining yo‘rig‘iga yurmaydigan chekistlarni yo‘q qilgan. 1936—1937 yillarda 20 ming chekist qamalgan. Ko‘pchiligi otilgan. Bunday organlarga salla so‘rasa, kalla olib keladigan betayin yaltoqilarni boshliq qilib qo‘ygan. (Ejovdan tortib Beriyagacha shunday kimsalar bo‘lgan.) Shunday vaziyat tug‘ilganki, bu odamga qarshi borishga hatto uning atrofidagi eng taniqli kishilarning ham yuragi betlamaydigan bo‘lib qolgan. Umumxalq oqsoqoli Mixail Kalininning xotini «xalq dushmani» sanalib, qamoqqa tiqilgani, Kalinindek Prezidentning qo‘lidan hech narsa kelmaganini eslasang, ko‘p narsa ayon bo‘ladi. Hech esimdan chiqmaydi. Stalin o‘lgan kuni lagerda o‘ziga xos namoyish bo‘ldi. Minglab mahbuslarni safga tizib, tikka turg‘azib qo‘ydi-da, «xalqlar otasi»ning vafot etgani haqidagi xabarni o‘qiy boshladi, Shunda safdagilar yerga o‘tirib ola boshladi. Nazoratchilar safning u boshiga yugurib, odamlarni o‘rnidan turg‘azsa, bu boshidagilar o‘tirib oladi. Bu — motam mitingiga qarshi isyon edi.
«Tashqaridagi» hayotda esayotgan shabadalar lagerga ham yetib bordi. Beriya otilgandan keyin baraklar derazasidagi temir panjaralar olib tashlandi. «Osoboye soveshaniye» qarori bilan qamalgan «siyosiy» mahbuslarga munosabat o‘zgardi. «Osoboye soveshaniye» degan tashkilot qonundan tashqari deb topildi. Sudsiz, dalilsiz hukm qilingan, «maxsus qengash» qarori bilan kesilganlar tegishli organlarga shikoyat bilan murojaat qilishi mumkin, deyishdi. Har haftada besh-olti kishi ozod qilingani haqida hammani to‘plab, ma’lum qila boshladilar… Men ham ariza yozdim.
1955 yil 18 martga o‘tar kechasi «siyosiy» tush ko‘rdim. («Siyosiy dushman» «siyosiy» tush ko‘rsa kerak-da!) Baland bir tepalik ustida Lenin turganmish. Haykalmi, deb bunday qarasam, yo‘q, tirik emish. «Ketaver, ketaver», deb qo‘l siltabdi, Uch-to‘rt qadam yurib, tag‘in o‘girilib qarabman. Lenin tag‘in qo‘l siltab, ketaver, debdi.
Nemis plenida bo‘lgan Qori aka degan namozxon odam bor edi. Tushimni aytib, ta’birini so‘radim.
— Inshollo yorug‘likka chiqqaysiz,— dedi Qori aka.— Bu yerdan ketsangiz bir shartim bor: ko‘rpangizni menga tashlab ketasiz. Qalingina.
— Ko‘rpa sizdan aylansin! — dedim hovliqib.
O‘sha kuni odatdagidek hammani to‘plab, lager boshlig‘i e’lon qildi:
— Mahbus Husanxo‘jayev, siz ozod bo‘ldingiz!
Karaxt bo‘lib qoldim. Qulog‘imga ishonmayman.
— O‘rtoq Husanxo‘jayev, desangiz ishonaman! — dedim entikib.
— O‘rtoq Husanxo‘jayev,— dedi lager boshlig‘i.— Siz ozodsiz. Lager ma’muriyati nomidan halol mehnatingiz uchun sizga minnatdorchilik bildiraman.
Qarag‘andadan poyezdga chiqish mashaqqat bo‘ldi. Ozodlikka chiqqan minglab kishilar poyezd kutyapti. Chu stantsiyasiga amallab yetib oldim. Bu yerda sobiq mahbuslar undan ham ko‘p. Sibirdan taxta olib kelayotgan o‘zbeklarni ko‘rib qoldim. O‘shalarning vagoniga chiqib oldim. Bir haftada Toshkentga yetib keldim. Qarasam, vokzalda opam, Saidaxon, jiyanlarim kutib turibdi. (Qayerdan xabar topishganini keyin bildim. Hozirgi mashhur rassom Chetkauskas men bilan lagerda birga yotgan edi. O‘sha yigit telegramma yuborgan ekan).
Uyga yetib borganimizda oyim meni eshikdan emas, devor oshirib tushirdi. (Nega bunday irim qilganini bilmayman.) Shunday qilib, besh yil deganda uyimga qaytib keldim. Yozuvchilar soyuziga Abdulla Qahhor rais ekan. «Mushtum» jurnaliga ishga joyladi.
Andijonga borib Saidaxon bilan qaytadan to‘y qildik.
Jon-jahdim bilan hikoyalar yoza boshladim. Hikoyalarimni radioda paydar-pay e’lon qilib borgan Jonrid Abdullaxonovdan, kinostudiyadan tarjima uchun stsenariylar bergan Mannon G‘anidan hamon minnatdorman. To‘g‘ri, minbarga chiqib «bu muncha ko‘p yozayapti», deb visirlaganlar ham bo‘ldi… Baxillik qilganlar ham topildi…
O‘tkir Hoshimov. Shoshmang, oqsoqol! Mana endi, muhim bir nuqtaga yetib keldik. Stalin aybdor deymiz. Beriya — jallod deymiz. Ularning atrofidagilarda gunoh ko‘p deymiz. To‘g‘ri! Lekin bu jinoyatlarda salla ol desa, kalla olgan hamkasblar ham ishtirok etgan-ku! O‘z jonini asrash uchun boshqalarni qurbon qilganlar-chi? Tuhmatchilar, chaqimchilar-chi? Ichiqoralar-chi?! Bu fojialarda iste’dodli hamkasblarini yo‘q qilib, shu bilan o‘zi tanho qolishni o‘ylaganlar asosiy aybdorlardan biri emasmi? Mayli, Siz-ku hali tanilmagan yosh qalamkash bo‘lgansiz. Ammo Qodiriy, Usmon Nosir, Cho‘lpon, Fitrat (bu ikki ijodkorning ba’zi asarlaridagi g‘oyaviy xatolardan qat’iy nazar), Shayxzoda, Mirtemir singari el mehrini qozongan shoir va yozuvchilarning nomi qoralanishida g‘arazgo‘ylarning aybi yo‘qmi? Ular azbaroyi hasad o‘tida yonganligidan shunday qilmaganmikin?
Mana, Sotti Husaynning gaplari… «Abdulla Qodiriy «O‘tgan kunlar» bilan o‘tkazib kelgan muddaosini yaxshilab kiyintirib… so‘z ustida ko‘p ishlab, sinfiy vazifasini bajargan… Ikki-uch iskanja tahlikasida turgan shahar mayda burjuaziya sinfi uchun birdan bir qurol — so‘z edi. Hayajonli, muloyim, shafqatli, «xolisona» usta so‘zlariga bino qo‘ydilar. Shuning uchun badiiy lafz (til) mayda burjuaziya uchun eng qulay qurol bo‘lmishdir. Bunday so‘z unga juda muddaolik (tendentsiozniy) bo‘lib, so‘z orqali ijtimoiy-sinfiy tashviqotchilik bilan ovora bo‘ladir…»
Gap qayoqqa qarab ketayotganini sezyapsizmi? Ko‘nglingizga kelmasin-ku, Said Ahmad aka, til mahorati bobida, mana oltmish yildan oshdiki, bironta o‘zbek yozuvchisi «O‘tgan kunlar» darajasiga ko‘tarila olganimiz yo‘q. Sotti Husayn esa Qodiriyning eng zo‘r fazilatidan qusur izlayapti. Tili bilan odamlarni chalg‘itib, sinfiy dushmanlik qildi, demoqchi. Deylik, shaxsan Stalin uning peshonasiga to‘pponcha o‘qtalib, aynan shu gaplarni yozasan demagandir. Axir, bu Qodiriyni otishga hukmnoma-ku! Mabodo Sotti Husayn tanqidchilik bobida inqilobiy o‘zgarish yasab yuborgan daho bo‘lgan taqdirda ham mana shu gaplari uchun xalq qarg‘ishiga uchrashga loyiq emasmi? Hamkasblariga tuhmat qilganlar yozuvchilaru shoirlar orasida ham bo‘lgandir…
Said Ahmad. Bo‘lgan. Faqat men emas, shubha bilan qamoqqa tushgan talay yozuvchilaru olimlar ustidan «dalil» to‘plab chaquv uyushtirganlar ham, yo‘q yerdan ayb topib xarakteristika yozganlar ham, tuhmatdan iborat guvohlik berganlar ham bo‘lgan. Ba’zilari haliyam yuribdi. Bir xillari qo‘rqqanidan shunday qilgan, ba’zilari ichiqoralikdan… Ularning nomini ataylab aytmadim. (Qasos olgandek bo‘lmay). Lekin bir narsani afsus bilan aytishim kerak. O‘zi xalq mehrini qozonolmagani uchun ichini it tirnab yurgan hasadgo‘ylar hozir ham yo‘q emas. Xudo ko‘rsatmasin, o‘shanday zamonlar qaytib kelsa (qaytib kelmaydi, endi partiya bunga yo‘l qo‘ymaydi) talantli yozuvchilarga ming xil «siyosiy» ayb taqab, o‘zi «mashhur» bo‘lib qolishga intiladiganlar bugun ham urchib ketishi mumkin. Ular bir narsani hech tan olgisi kelmaydi. Yozuvchini asari ko‘taradi. Qolgani o‘tkinchi gaplar.
O‘tkir Hoshimov. Shuncha azobdan keyin asar yozish og‘ir kechmadimi? Hikoyalar, qissalar, «Ufq», yangi romaningiz «Jimjitlik» o‘z yo‘liga. «Kelinlar qo‘zg‘oloni»-chi? Shuncha razolatlarni boshdan kechirib, bunday xushchaqchaq asar yozish…
Said Ahmad. Balki o‘sha g‘am-kasofatni unutish uchun ham xushchaqchaq narsalar yozgim kelgandir. Chamamda meni ikkita narsa qutqarib qoldi. Bittasi hazil-huzilga o‘chligim. Yumor hissining kuchliligi. Ikkinchisi shuki, juda kam uxlayman. Doim tetik bo‘lishga harakat qilaman.
O‘tkir Hoshimov. Tilimning uchida turgan tag‘in bir narsani so‘rashim kerak. Boshiga savdo tushgan yoki o‘zi qamalmagan taqdirda ham davr fojiasini ko‘rsatishni qalamkashlik burchi sanagan talay adiblar qachon chiqish-chiqmasligini o‘ylab o‘tirmay bu haqda yaxshi asarlar yozib qoldirgan ekan. Afsuski, bizda bunday kitoblar deyarli yozilmagan. Mana, sizning o‘zingiz…
Said Ahmad. Yozish uyoqda tursin, «taqiqlangan adabiyotni asragani uchun» qamoqqa tiqilgan odam qatiqni ham puflab ichadigan bo‘lib qoladi. To‘g‘ri, Xrushchyov paytida yaxshi o‘zgarishlar boshlandi. O‘shanda yozishga bir shaylandim. Keyin tag‘in hammasi «bosdi-bosdi» bo‘ldi. Endi yorug‘likka chiqqanda nima keragi bor, deb o‘yladim. Yozganim bilan baribir chiqmaydi, dedim. (O‘sha paytda chiqmasdi ham.) Qo‘lyozmani qayerga yashiraman, degan xayolga bordim. (Umuman bu holatni boshiga tushgan odam biladi.) Harqalay, qismatimdan nolisam, ayb bo‘ladi. «Xalq dushmani» edim, «Xalqlar do‘stligi» ordeni berishdi, Xalq yozuvchisi bo‘ldim.
O‘tkir Hoshimov. Said Ahmad aka! Suhbatimizda nima degan bo‘lsangiz, hammasini batafsil, o‘zimdan biron so‘z qo‘shmasdan, qog‘ozga tushirishga va’da beraman. Ammo tag‘in bir gapni aytishim kerak. Aql o‘rgatyapti deb o‘ylamangu, menimcha bu voqealarni baribir o‘zingiz asar qilib yozishingiz kerak, shekilli. Mana shu suhbatimizning o‘zida juda hayajonli romanni ko‘rib turibman. Aqalli qissa yoki turkum hikoyalar…
Said Ahmad. O‘zing ham yozuvchisan-ku, ukam. Nahot bir narsani tushunmasang. Gapirib berish boshqa, asar yozish boshqa. Yozish uchun hammasini yurakdan o‘tkazish kerak. His qilish kerak. Yurak ko‘tarmaydi, yurak tamom bo‘lgan, ukam, asab chidamaydi. Tushuninglar axir…
1988 yil.
“Sharq yulduzi” jurnali, 1989 yil, 4-son