Jurnalimizning sobiq rassomi, bolajonlarning bir necha sevimli multfilm qahramonlariga ovoz bergan mashhur so‘z ustasi, “Multiplikatsion filmlar studiyasi” rahbari, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Obid Asomovdan o‘zbek multiplikatsiyasidagi yangiliklar, istiqboldagi rejalar xususida so‘radik.
– Obid aka, suhbatlaringizning birida multiplikatsiya sohasidagi ishlarni noldan boshlash kerakligi haqida aytgan edingiz. Sir emas, o‘tgan davr mobaynida soha chindan ham rivoj topmadi – bolalarimiz qayta-qayta sevib ko‘radigan multfilmlar kam yaratildi. Xo‘sh, buning sababi nimada?
– Asosiy sabab sohaga yetarlicha e’tibor qilinmaganida. Menimcha, faqat multfilmlar emas, kinoda ham katta natijalarga erisha olmadik. Saviyasiz, didsiz ijodkorlarning bir haftada suratga olgan filmlari ko‘payib ketdi. Oddiyroq bir multfilm tayyorlash uchun kamida besh oy vaqt, katta mablag‘ kerak. Dunyo miqyosida olsak, bu sohada G‘arb davlatlari ancha ilgarilab ketdi. 90-yillar avvalida biz bilan deyarli bir xil vaziyatga tushib qolgan Rossiya Federatsiyasi ham keyinchalik multiplikatsiya sohasida o‘zini o‘nglab oldi. Chunki ularda mashhur “Soyuzmultfilm”ning maktabi saqlanib qolgandi. Sobiq ittifoq davrida “O‘zbekfilm” qoshida “Multtsex” bor edi. Bu studiya darajasidagi katta tashkilot emasdi. Chiqarilgan mahsulotlar ham unchalik ko‘p bo‘lmagan esa-da, har holda sifatli edi. Studiyada sohaning ustalari ishlardi. Keyingi vaqtlarda ko‘p animatorlar maoshning kamligi sababli chet ellarga ko‘chib ketib, faoliyatini o‘sha yoqlarda davom ettira boshladi. Bu eng muhim bo‘g‘in – mutaxassislarning yetishmasligiga olib keldi. Boshqa davlatlarda animatsiya sohasi kompyuterlashtirila boshlaganda, bizda qo‘l mehnatiga tayanildi. Bu jarayonni sekinlashtirdi. Hatto hozir ham kadrlar masalasi bizning eng og‘riqli nuqtamiz. Endi harakat boshlandi, yoshlarning xorijda malaka oshirib kelishlari uchun sharoitlar yaratilmoqda. Bundan tashqari, Toshkent davlat san’at va madaniyat institutida multiplikatorlik yo‘nalishining ochilishi ham tarixiy voqea bo‘ldi. Ana endi, sohaning haqiqiy egalari o‘zimizda yetishib chiqadi. Lekin baribir bularning mevasini totishimiz uchun biroz vaqt kerak.
– “Multiplikatsion filmlar studiyasi”ning faoliyati, umuman, yaxshi multfilmlar bevosita bolalar adabiyoti bilan bog‘liq. Shu ma’noda, bugungi bolalar adabiyoti sizni qanoatlantiradimi?
– Ochig‘ini aytsam, shu vaqtga qadar zamonaviy bolalar adabiyoti bilan unchalik tanish emasdim. Lekin hozir ishim taqozosiga ko‘ra, bolalar adabiyoti bilan tanishib chiqyapman. Har kuni qandaydir asar, stsenariyni o‘qiyman. O‘tgan qisqa muddatda chiqargan xulosam shu bo‘ldiki, nazarimda bugungi ijodkorlar bolalarning ko‘nglini topa olgani yo‘q. Biz bolalikda Xudoyberdi To‘xtaboyevning asarlarini qo‘ldan qo‘ymay o‘qirdik. Ustoz yozuvchi o‘sha paytlarda bolalarning qalbini his qilgan, ularning o‘y-xayollari, qiziqishlari, asosiysi, ko‘ngliga yo‘l topgan. Mana, hozir yangi asarlarni o‘qisam, 70-yillarning an’anasi hamon saqlanib qolganday tuyuladi. O‘sha eskicha voqealar, o‘sha til saqlanib qolgan. Ammo hozirgi, zamonaviy bolalarning nutqi, tili boshqacha emasmi? Ayrim ijodkorlar zamonning o‘zgarib ketganini, bugungi bolalar boshqa davrda, boshqa sharoitda yashayotganini tushunmayapti, menimcha. Nega bolalar ko‘proq xorij multfilmlarini tomosha qiladi, bilasizmi? Chunki bolalar kattalarning ular bilan bolalarcha gaplashishini yoqtirmaydi. Bugungi bolalar o‘zlari bilan xuddi kattalarday muomala qilinishini xohlaydi. Xorij multfilmlari ularga shuni bera oladi. Shuning uchun farzandlarimizga taqdim qilinayotgan asarlar ham ularning darajasiga mos bo‘lishi kerak.
Shu o‘rinda yozuvchilarimizga kichik murojaatim ham bor. Hurmatli yozuvchilar, bizda bugun yaxshi asar – stsenariylarga ehtiyoj katta. Farzandlaringizni, nabiralaringizni o‘ylab, ularga ham atab ijod qiling. Bugun davlat tomonidan 10 daqiqalik multfilm uchun 390 million so‘m ajratilgan. Demak, yaxshi stsenariy uchun qalam haqi ham yomon bo‘lmaydi. Albatta, buni ham hisobga oling.
– Televideniye va internet rivojlangan zamonda xorij multfilmlarini tomosha qilish imkoniyati keng. Qaysidir ma’noda, ortida milliard dollarlik sarmoyasi bor yirik kompaniyalar bilan raqobat qilishga to‘g‘ri keladi. Bu boradagi rejalaringiz qanday? Milliy multfilmlarimiz xorijdagisidan qanday farq qiladi, tomoshabinlarni nimasi bilan o‘ziga jalb etadi?
– Bilasizmi, men hamma narsaga real qarab, vaziyatni real baholab o‘rganganman. Shu ma’noda, siz aytayotgan kinokompaniyalar bilan raqobatlashib bo‘lmaydi, aslo. Bu haqda o‘ylash ham, bunga urinib vaqtni behuda sarflash ham kerak emas. Ammo shunisi aniqki, bizning studiyada iste’dodli, katta salohiyatga ega ijodkorlar bor. Ular orasida xalqaro animatsiya festivallarida, nufuzli multiplikatorlar tomonidan e’tirof etilib, Gran-pri olganlari bor. To‘g‘ri, biz hali bir yarim soatlik multfilm ishlab hammani lol qoldirib qo‘yganimizcha yo‘q. Ammo shuni orzu qilamiz. Shu maqsad yo‘lida izlanamiz. Men istaymanki, bizning multfilmlar ham kinoteatlarda qo‘yilsin. Ularga sarflangan mablag‘lar bir necha barobarga ko‘payib o‘zimizga qaytsin. Misol uchun, dunyoga mashhur “Qirol sher” multfilmini olib ko‘ring. Uni 450 ta mutaxassis 5 yil davomida tayyorlagan. Loyiha uchun millionlab dollar sarmoya kiritilgan. Ammo shunday bo‘lishiga qaramay, asar uning ijodkorlariga katta foyda keltirgan. Bizda ham multiplikatsiya sohasini katta daromadli sohaga aylantirish imkoniyati bor. Biz hozircha buni o‘zbek tomoshabinlari miqyosida amalga oshirishimiz mumkin. Aytaylik, biz yaratgan milliy qahramonlar brendga aylanib, reklama orqali har bir bolaning kundalik turmushiga kirib, uning o‘yinchoqlariga aylansa, qahramon suratlari shirinliklarning zarqog‘ozidan, kiyimlar va xona devoridagi suratlardan joy olsa, ko‘plab tadbirkorlarga foyda keltiradi. Bu ham ijodiy jihatdan, ham moddiy jihatdan bizning yutug‘imiz bo‘ladi.
Boshqa tarafi, biz bugun dunyoda g‘oyaviy kurashlar kechayotganini ham unutmasligimiz kerak. Aytmoqchimanki, beozor ko‘ringani bilan xorijiy multfilmlarda katta g‘oyalar bor. Ular bolalarning ongi, o‘y-fikrlariga ta’sir etmay qolmaydi. Shuning uchun hozir milliy ruhdagi, xalqimizning boy qadriyatlari bilan oziqlangan asarlarni yaratish zarurati bor. Bundan tashqari, bolalarga ko‘proq ular bilgan, ko‘rgan narsalarni aks ettirgan, milliy koloritdagi multfilmlar qiziq tuyuladi. Biz hozir mana shu ehtiyojni qondirishga harakat qilamiz.
– Bugun bolalarni ertaklar bilan rom etish mushkul. Zero, kompyuter texnologiyalari asrida voyaga yetayotgan jajji avlod g‘ayritabiiy, mubolag‘aviy voqealarga unchalik ishonmaydi. Siz bunday vaziyatda qanday yo‘l tutmoqchisiz?
– Men bolalarni ertak bilan rom qilib bo‘lmaydi, degan gapingizga qo‘shilmayman. Chunki ertakdagi o‘ziga xoslikni, g‘aroyib syujet va g‘oyalarni hech bir yozuvchi yarata olmaydi. Baribir ertaklarning ming yillik siri kattayu kichikni o‘ziga jalb etib qolaveradi. Ammo zamon nuqtai nazaridan ertaklarga biroz boshqacha yondashish mumkin-ku. Misol uchun, Gollivudning “Olovuddin va sehrli chiroq” multfilmini eslang. Multfilm “Ming bir kecha” ertaklari asosida tayyorlangan. Lekin davr talabi bilan multfilm voqealariga zamonaviy elementlar ham qo‘shilgan. Asar qahramoni jin, bir qarasangiz, gitara chaladi, bir qarasangiz, “Ferrari” haydab keladi. O‘tmish bilan zamonaviylikning sintezi bu asarni dunyoga mashhur qildi. Xuddi shunday, Zumrad ham doim uyni supurgida supurishi shart emas-ku. Balki endi u uyni changyutkichda tozalar. Qimmat esa kun bo‘yi telefon o‘ynab o‘tirgani uchun bolalarda yomon taassurot qoldirar. Xullas, ertaklar eskirib qoldi deb, bolalarni ulardan uzoqlashtirish to‘g‘ri emas. Kerak bo‘lsa, ertaklarni bolalarga yaqinlashtirishning yo‘llarini topish kerak.
– Xorij multfilmlaridagi superqahramonlar juda ommalashib, dunyo bolalarining ongu shuurini egallab olmoqda. Bu qahramonlar ishtirokidagi multfilm hamda badiiy filmlar allaqachon farzandlarimizning ham ko‘nglidan joy olib ulgurdi. Nima deb o‘ylaysiz, bizda ham milliy superqahramonlar yaratib, ularni ommalashtirish vaqti kelmadimikin?
– Gapingizda jon bor. Bizda nafaqat superqahramon, balki bolalarning oddiygina qahramonlari ham deyarli yo‘q. Hamma xorij multfilmlaridagi qahramonlarni biladi. Men shu yerda faoliyatimni boshlabmanki, milliy multfilm qahramonlarini yaratishni bosh maqsadim qilib olganman. Bu borada bizga yozuvchi va rassomlarning yordami juda zarur. Yaqinda milliy qahramonlar qiyofasini yaratish bo‘yicha tanlov ham e’lon qildik. Mayli bizga o‘sha qahramonni chizib berishmasin. Ammo, asosiysi, bizga qimmatli g‘oyani berishsin. Bu qahramon biror bola, meva yoki buyum bo‘lishi ham mumkin. Lekin, muhimi, u hammani o‘ziga rom etsin. Mana, masalan, rossiyalik multiplikatorlarning “Masha bilan ayiq” multfilmi juda mashhur bo‘lib ketdi-ku! Hozir bu multfilmni sevib tomosha qilmagan, bilmagan o‘zbek bolasi bo‘lmasa kerak. Ammo bu multfilm, aslida, to‘liq rossiyalik ijodkorlar tomonidan ishlanmagan. G‘oya va stsenariy ruslarniki bo‘lsa ham, animatsiya yaratish ishlari AQShlik mutaxassislarga buyurtma qilingan. Chunki hatto Rossiyada ham bu qadar yuqori sifatli multfilmlarni yaratish imkoni yo‘q. Ularning boshqa bir qancha multseriallari ham Xitoy, Amerika kabi davlatlarda tayyorlanadi. Menimcha, buning yomon tomoni yo‘q. Biz ham shunday qilishimiz, bolalar uchun sevimli multfilmlar loyihasi, stsenariysini ishlab, uni Hindiston, Ukraina, AQShdagi animatorlik studiyalarida buyurtma asosida suratga olishimiz mumkin. Bu qaytanga xorij tajribasini o‘rganishda bizning mutaxassislar uchun yaxshi imkoniyat hisoblanadi.
– Yurtimizda xususiy kinostudiyalar ko‘p. Ba’zan yaxshi, ba’zan saviyasiz mahsulotlar bilan bo‘lsa-da, ular faoliyat yuritmoqda. Ammo xususiy studiyalar multfilm ishlashda faol emas. Buning sababi nimada? Sizda ular bilan hamkorlik qilish imkoniyati bormi?
– Xususiy studiyalar bor. Biz ular bilan hali jiddiy hamkorlikni yo‘lga qo‘ymadik. Chunki ularda ham holat, imkoniyat biznikiday. Xususiy studiyalarning yutug‘i kompyuter bilan ishlaydigan yaxshi mutaxassislarga egaligida. Ammo bizda ijodiy imkoniyat kengroq. Balki kelajakda kuchlarimizni birlashtirib, biror loyihani amalga oshirarmiz…
– Obid aka, qimmatli vaqtingizni ayamay biz bilan suhbat qurganingiz uchun rahmat. O‘zingizga va jamoangizga ilhom, g‘ayrat tilab qolamiz.
Sa’dullo Quronov suhbatlashdi.
«Yoshlik» jurnali, 2018 yil, 8-son