MUXBIR: Sobiq muftiyning iste’foga chiqishining talab etilishi va yangi muftiy saylanishi musulmonlarni O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari Diniy boshqarmasi xodimlari ishidan norozi ekanliklarini ko‘rsatdi. Sizdek tadbirkor yo‘lboshchining ish boshlashidan ular ko‘pgina o‘zgarishlarni kutishmoqda. Hozir O‘rta Osiyo va Qozog‘iston Diniy boshqarmasida nimalar o‘zgardi va qanday ishlar rejalashtirilmoqda?
MUFTIY: Bismillahir rohmanir rohim. Bugun nafaqat O‘rta Osiyo va Qozog‘iston Diniy boshqarmasida, balki ko‘pchilik jamoatchilik tashkilotlari bilan bo‘lgan o‘zaro munosabatlarimizda ham sezilarli o‘zgarishlar bo‘lyapti.
Keling, dastlab ichki holatga to‘xtalaylik. Biz albatta hozir birinchi navbatda masjidlarga malakali imom, xatiblar tayyorlab berishga butun e’tiborni qaratmoqdamiz. Birinchidan, ular xalq orasida ishlashadi. Ko‘pchilik talabiga javob berish oson emas. Ikkinchidan, O‘rta Osiyo va Qozog‘iston jumhuriyatlarida ko‘plab masjidlar ochilmoqda. Ularga malakali imomlar juda-juda zarur. Bu ishni ijobiy hal etish uchun butun imkoniyat bilan harakat qilyapmiz.
Bugun biz uchun asosiy-qiyinchiliklardan yana biri musulmon jamoalarini diniy adabiyotlar bilan to‘liq ta’minlash. Xorijiy ellardan kitoblar keltirish borasida ba’zi sa’y-harakatlarni boshlab qo‘yganmiz. Inshoolloh tez kunlarda ularning bir qismi qo‘limizga tegadi. Shuningdek «Sovet sharqi musulmonlari» jurnali nusxasini ko‘paytirish, boshqa ba’zi bir kitoblar chop etish rejamiz bor.
Diniy boshqarmamiz vakillarini jamiyat hayotiga chuqurroq yondoshishiga kelsak, bu borada shu paytgacha sezilarli harakatlar kam edi. Albatta bunga sizlardagi turg‘unlik davri bo‘lganidek diniy boshqarma rahbariyati aybdor. Biz har bir sohada jumhuriyat hayotiga faol ishtirok etishga tayyormiz. Chunki Islom – nafaqat din, balki hayotning ajralmas bir bo‘lagidir. Darvoqe, hozir jamiyatimizda o‘z yechimini kutayotgan ko‘plab muammolar yuzaga kelmoqda. Bularni hal qilishda albatta hamjihatlik zarur.
Ana shunday muammolardan biri bu – millatlararo munosabatdir. U bugun hamma-hammani tashvishga solmoqda. Millat ajratish yoki boshqa millat vakillarini kamsitish tushunchalari Islomga yot. By ta’limot bizning muqaddas Qur’oni Karimda yozib qo‘yilgan. Menimcha, musulmonlarga yana bir bor eslatib o‘tishning hojati bo‘lmasa kerak.
Hali yuqorida aytganimdek, jamiyat hayotini to‘g‘ri izga solishda hamjihatlik juda-juda zarur. Shunga ko‘ra diniy jamoa vakillariga radio, televideniye hamda gazetalardan kengroq va erkinroq o‘rin ajratish zarur. Albatta bu borada hozir imkoniyatlar yaratilyapti.
Boshqa din vakillari bilan ham yaqin aloqalar o‘rnatilmoqda. Millatlararo munosabatlarni yaxshilash, sotsial adolatni qaror toptirish borasida, Bolalar fondiga yaqindan yordam uyushtirishda rus provaslav cherkovining Toshkent va O‘rta Osiyo noziri Lev bilan hamkorligimiz yaxshi natija beryapti. Bu bizga nihoyatda zarur. O‘ylaymanki, bunday hamkorliklar yanada mustahkamlanadi.
MUXBIR: Ko‘plab g‘ayri musulmonlar Islomga boshqa diniy e’tiqodga ega bo‘lgan kishilar bilan Islom huquqi uchun muqaddas urush olib boruvchi din deb g‘azabga kelishgan. Zamonlar o‘zgarishi bilan biz bugun ko‘plab sabr-toqat, tinch-totuvlik to‘g‘risida gapiryapmiz. Alloh uchun jihod qilish (urush) tushunchasi ham zamonga qarab o‘zgaradimi?
MUFTIY: Jihod haqida bizning sharqshunoslarimiz biroz mulohazasiz fikr yuritganlari tufayli shunday tushuncha yuzaga keldi. Albatta Qur’oni Karim oyatlarini yuzaki tarjima qilganda g‘ayri musulmonlarni qatl qilish g‘oyasi olg‘a suriladi. Lekin uni sharhlash, kengroq ma’noda talqin etmoq zarur. G‘ayri musulmonlarni qatl etish to‘g‘risidagi oyatlar ma’lum bir davrga mo‘ljallangan edi. Kaysiki Makkai Mukarrama va Madinai Munavvaraga g‘ayri dinlarni qo‘ymaslik uchun. U yerlarda Islomning bu qonuni hozir ham amal qiladi. Lekin shuni unutmaslik kerakki, hozir dunyoning ko‘plab mamlakatlarida, jumladan Suriyada, Iordaniyada, Misrda musulmonlar xristianlar bilan yonma-yon yashashadi.
Jihod tushunchasiga kelsak, bu keng ma’noni kasb etadi. O‘z ustida ishlash, bilimini muttasil oshirib borish bu ham Haq yo‘lidagi jihod. Jihod – bu nafaqat qonli to‘qnashuv, balki inson o‘zidagi ishonchsiz tuyg‘ularni yenga olishidir. Shu bois bu yerda jihodni tor ma’noda tushunmaslik kerak. Balki uni Islom boshlaridagi talqinda mushohada qilmoq zarur.
MUXBIR: Bundan bir necha yil oldin din arboblari bilan muxbirlarning bunday erkin suhbatlashishiga imkon yo‘q edi. Agar yodingizda bo‘lsa, «Moskovskiye novosti» haftanomasida «Mixail Gorbachevning uch olamshumul xatosi» sarlavhali shov-shuvli maqola berilgandi. Ana shu maqolada ingliz muallifi mamlakatning hozirgi rahbarlari yo‘l qo‘ygan olamshumul xatolardan biri bu Islomni siyosiylashtirish va uning harakat doirasiga kengroq yo‘l ochib berishda, deb baholadi. Ana shu nuqtai nazarga Sizning munosabatingiz qanday?
MUFTIY: Musulmonlar bilan davlat o‘rtasidagi munosabatlarning yomonlashishida G‘arb tashviqoti juda nozik o‘rin tutadi. Men buni bilaman va his qilaman. Ular chop etayotgan maqolalar o‘z yo‘nalishiga ega. Masalan, g‘arblik muxbirlar bu yerga kelib, musulmonlar hayoti bilan yaqindan tanishadilar. Ular bilan davlat o‘rtasidagi munosabatni obdon o‘rganishadi. U yoqqa qaytgach esa bu yerdagi taassurotlar belgilangan ramkaga solinadi. Ana sizga natija. Shu sababli ham ular sovet davlati Islomga qarshi, masjidlar yopilgan, ibodat qilish ta’qiqlangan iboralari atrofida jumlalar tuziladi. Maqsad bitta. Shu yo‘l bilan musulmon davlatlarining bizning mamlakatimizga bo‘lgan munosabatini salbiy tomonga o‘zgartirish.
Bizning auditorimiz manfaati uchun esa ular boshqa bir gapni aytishadi. U yoqda musulmon davlatlari o‘z asoschilariga ega. Ular jihodga chaqiradilar. Ularning saflari tez o‘sib boradi va qachonlardir kelib bizning mamlakatimiz davlati uchun havfli kuchga aylanadi. Bularning hammasi qarama-qarshiliklar chiqarish uchun qilinayotgan urinishlardir. Iymonim komilki, oddiy va haqiqiy musulmonlar o‘zaro tinch-totuv yashash tarafdoridirlar. Ular o‘z mamlakatining teng huquqli fuqarolari sifatida diniy e’tiqodlari erkinligini istaydilar.
Hozir barchamiz vijdon erkinligi haqidagi yangi qonunni sabrsizlik bilan kutyapmiz. Agar u qabul qilinsa, yana byr bor qayta qurishning aniq mohiyati ochiladi.
Qayta qurishning kelajakda yanada keng miqyosli takomillashuvi uchun hozir bizga faqat tinch-totuv hayot zarur. Shu sababli ham men barcha dindosh va dildosh birodarlarimizni tinchlikka, o‘zaro milliy totuvlikka chaqiraman.
«Komsomolets Uzbekistana» ro‘znomasi, 1990 yil, 8 fevral.