Million-million shamning shu’lasi (Ozod Sharafiddinov bilan suhbat) (1999)

Atoqli olim, yirik jamoat arbobi, mohir tarjimon, otashin publitsist, “Jahon adabiyoti” jurnalining tashkilotchilaridan va birinchi bosh muharriri Ozod Sharafiddinov hayot bo‘lganlarida 85 yoshni qarshilagan bo‘lardilar. Suhbat domlaning 70 yillik yubileylari arafasida yozib olingan, mazkur maqola bir adabiy jurnal uchun tayyorlangan edi. Bu orada domla yana kasalxonaga yotdilar. Kasalxonaga borib suhbat matni berilgan jurnal korrekturasini o‘qitib olishning mavridi emasdi. Shuning uchun suhbatdagi “Million-million shamning shu’lasi” jumlasini tanlab sarlavhaga chiqardik.
Domla kasalxonadan chiqishlari bilan uylariga qo‘ng‘iroq qilib hol-ahvol so‘rashgandan keyin, domla, suhbatni tayyorladik, yaqin oylarda chiqib qolsa kerak, dedim.
– Yaxshi, yaxshi, – dedilar.
– Domla, bir uzrimiz bor, vaqt tig‘iz edi. Sizni kasalxonada bezovta qilmasdan suhbatga matnning o‘zidan bir sarlavha tanladik, – dedim.
– Ha mayli, nima deb nomladinglar, – deb so‘radilar.
– Million-million shamning shu’lasi, – deb aytdim.
Bu domlaga ham ma’qul tushdi.
Biroq suhbat jurnalda nashr qilinmadi. Uni boshqa biror jurnalga berish haqida so‘z ochganimda, domla hozirchalik o‘zingizda tursin, dedilar. Shu bilan haligacha qo‘limizda turibdi.
Suhbatda aytilgan fikrlar, ayniqsa, kitobning inson shaxsini shakllantirishdagi o‘rni, o‘tmish merosga munosabat, ziyolilar mas’uliyati kabi masalalar, bizningcha, bugungi kunda ham o‘z dolzarbligini yo‘qotgani yo‘q. Shu sababli uni e’tiboringizga havola qilmoqdamiz.

Suhbatdoshdan

– Domla, Siz elu yurtning hurmatiga sazovor bo‘lgan jasoratli ziyolilardan birisiz.

Ijozatingiz bilan, suhbatimizni bevosita yoshlik yillaringizdan, dastlabki badiiy kitobdan olgan taassurotlaringizdan boshlasak.

– Mening bolalikdan beri eng yaxshi ko‘rgan asarim Mark Tvenning “Tom Soyerning boshidan kechirganlari” degan romanidir. Bu asar faqat meni emas, butun jahon bolalarining sevimli asari, uni o‘qib, undan zavqlanmagan odamni uchratish qiyin. Shuning uchun uni adabiyotning mangu asarlari qatoriga qo‘shishadi. Men birinchi marta bu kitobni o‘qiganimda 11-12 yoshlarda edim. Undagi voqealar xuddi mening hayotimdan olingandek edi. Tom Soyerning yoshi ham menikiday, qilgan sho‘xliklariyu shumliklari ham aynan menikiga o‘xshardi. Qo‘ying-chi, ko‘p o‘tmay men har qadamida sarishta va ozoda, batartib va risoladan chiqmaydigan Polli xolani kuydiradigan, har kuni biror yangi hangoma o‘ylab topadigan, topqir, dovyurak va mard Tomni jonimdan ortiq yaxshi ko‘rib qoldim. Har qadamimda uning maslahatlariga amal qiladigan, xatti-harakatlarimda unga taqlid qiladigan bo‘lib qoldim. Masalan, u Bekkini “yaxshi ko‘rib” qolgach, “yaxshi ko‘rgan odam, albatta, qizni bir marta o‘pmog‘i kerak” deydi. Men unga amal qilib, 4-sinfda yonimda o‘tirgan sinfdosh qizning betidan bir o‘pib, bir tarsaki yeganman.

Men misisipilik bu ajoyib bolaning hayotda borligiga sira shubha qilmasdim. Shuning uchun Amerikaga qochib ketmoqchi, u yerda Tomni topib, “Shunaqa-shunaqa, men Toshkentdan keldim, sen bilan birga qaroqchilik qilib yurmoqchiman” demoqchi bo‘ldim. Biroq bu niyatim fosh bo‘lib qoldi, uydagilar yo‘lga atab yig‘ib yurgan qotgan nonlarni musodara qilishdi, o‘zim esa boplab kaltaklandim. Biroq bular mening “Tom Soyer”ga muhabbatimni susaytirgani yo‘q. Hozirga qadar bu kitobni kamida 10 marta o‘qigandirman. Uning mazmunini, undagi har bir voqeani yod bilaman, hozir ham romanni boshidan oxirigacha aytib berishim mumkin, lekin biror munosabat bilan kitobni qo‘limga olib qolsam, yana hamma narsani unutaman-u, uni o‘qishga tushaman. Ehtimolki, mening adabiyotshunos bo‘lishimga, bir umrga kitobga mehr qo‘yishimga shu asar ham sababchi bo‘lgan bo‘lsa ajab emas. “Tom Soyerning boshidan kechirganlari” hamma zamonlarda, hamma qit’alarda, hamma bolalar o‘rtasida sevilib o‘qiladigan umrboqiy asarlardandir.

– Kitob o‘qishning inson shaxsi shakllanishidagi o‘rni to‘g‘risida ham to‘xtalsangiz.

– Dunyoda boshqa hech narsa inson shaxsini shakllantirish va ulg‘aytirishda kitobchalik katta rol o‘ynamaydi. O‘tgan donishmandlar, mutafakkirlar, adiblar, shoirlarning birortasi yo‘qki, kitobning roliga yuksak ta’riflar bermagan bo‘lsin. Ularning hammasi kitobni insoniyat kashfiyotlari ichidagi eng ulug‘ ne’mat deb hisoblashadi. Avstriya yozuvchisi Stefan Sveygning boshdan-oyoq kitobga bag‘ishlangan “Kitob – turfa dunyo­ning ochqichi” degan juda zo‘r maqolasi bor. Unda kitob haqidagi teran va batafsil mulohazalardan tashqari savodsiz, umrida birorta kitob o‘qimagan, umuman, xat tanimaydigan odamning qiyofasini chizib beradi. Adib o‘zining hayratini bunday ifodalaydi:

“… qanday qilib kitoblardan esuvchi dunyo shabadalaridan bebahra nafas olmoq mumkin? Men… kitob o‘qishni bilmaydigan va shu vajdan ma’naviyat olamidan ajralgan odamning ahvolini tasavvur qilishga urindim… Ammo bunaqa odamning miyasini tasavvur qilolmadim, garang odam birov gapirib berganiga qarab, musiqaning sehrli kuchini anglamaganidek, men ham butun umr davomida bironta kitob o‘qimagan insonning fikrlash tarzini anglay olmadim”. Men 70 yoshlik umrimda o‘zim uchun kashf etgan eng muhim haqiqatlardan biri shuki, kitob o‘qimaydigan odam o‘zini dunyodagi eng katta boylikdan mahrum qiladi.

Xo‘sh, kitob odamga nima beradi?

Birinchidan, kitob bilim beradi, dunyo haqida, turli mamlakatlarning yashash tarzi to‘g‘risida, ularning tarixi, jo‘g‘rofiyasi, iqtisodi, xalqlarning rasm-rusumlari to‘g‘risida bir umr xotirangizdan o‘chmaydigan tasavvurlar beradi.

Ikkinchidan, “inson” degan g‘oyatda murakkab, g‘oyatda ziddiyatli, g‘oyatda tilsimli bir mavjudotning psixologiyasi, ichki dardlari, olamni idrok etish, yashash uchun kurashi, ulug‘ligi va zabunligi, zo‘rligi va ojizligi haqida tasavvur beradi. Bularning bari sizni teran fikrlashga o‘rgatadi.

Uchinchidan, kitob sizning tuyg‘ularingizni tarbiyalaydi, estetik didingizni shakllantiradi, tabiatingizda dag‘allik, shafqatsizlik bo‘lsa, ularni yumshatadi, qalbingizda ezgulik, olijanoblik yaproqlarining yozilishiga yo‘l ochadi. Ko‘p kitob o‘qigan odam kitob o‘qimaganga qaraganda dunyoni butunlay boshqacha qimmatda va boshqacha ranglarda, boshqacha nisbatlarda qabul qiladi.

– O‘zbek xalqi qanday madaniyatning, ulug‘ tarixning merosxo‘ri ekanligini yoshlarga anglatish borasida qilinayotgan ishlardan ko‘nglingiz to‘ladimi? Bu borada yana nimalar qilish lozim deb o‘ylaysiz?

– Yo‘q, ko‘nglim to‘lmaydi, albatta. Avvaliga bir voqeani aytib beray: bundan 30 yillar muqaddam Tataristonda bo‘lgan edim. Bir kuni Abdulla To‘qay qabrini ziyorat qilgani bordik. Uning mozoriga juda yosh olamdan o‘tgan buyuk shoirning haykali o‘rnatilgan ekan. Sukunat. Yengil shabada, tollar bargining shivir-shivirigina eshitiladi. Dunyoning bebaqoligini, umrning bevafoligini o‘ylab, beixtiyor ma’yus tortasiz. Shu choq allaqayoqdandir bir kampir paydo bo‘lib qoldi. Uning bukik qaddi-qomati, ajin bosgan yuzlari, bo‘yi baravar keladigan hassasini to‘qillatib, imillab yurishiga qaraganda ancha yoshga borib qolganga o‘xshaydi. Kampir oldimizga kelib biz bilan so‘rashdi, qayerdan ekanligimizni bildi, keyin bamisoli bir professorday Abdulla To‘qayning kimligi-yu, buyukligi nimada ekanligini bizga gapira ketdi. Uning “ma’ruza”si To‘qay hayotining biz bilmagan tafsilotlariga to‘la edi. Biz kampirning hikoyasini jon qulog‘imiz bilan tingladik. U, albatta, yozuvchi yo shoir emas, hatto o‘qituvchi ham bo‘lmagan ekan. Butun umri uy bekasi bo‘lgan ekan. Lekin Abdulla To‘qayni, tatar adabiyotini va umuman adabiyotni jon-dildan yaxshi ko‘rar ekan. Tabiiyki, biz kampirning iqtidoriga, didiga, xotirasiga qoyil bo‘lib, unga tasannolar o‘qidik. Lekin, sirasini aytganda, bu unchalik favqulodda hodisa emas edi. Hayotda bunday iqtidorli odamlar ko‘p uchraydi. Lekin meni qoyil qoldirgan narsa – boshqa narsa bo‘ldi. O‘shanda men bir oy davomida Tataristonni boshdan-oyoq kezib chiqdim, hamma yirik shaharlarida, o‘nlab qishloqlarida bo‘ldim, korxonalar va kolxozlariga bordim, xonadonlarda mehmon bo‘ldim. Buni qarangki, har bir qishloq yonida uzoqdan ko‘rinib turadigan ozoda va sarishta joy bo‘lar ekan – tatarlar uni “ziyorat” deb atashar ekan. Bu o‘zimizning tilda “qabriston” degani ekan. Qishloq ahli qabristonda yotgan avlod-ajdodlarini juda qadrlar, ularning hayotda qoldirgan izlarini batafsil bilishar ekanlar. Har bir qishloq, har bir xonadonda odamlar Abdulla To‘qayni juda-juda qadrlar, uning she’rlarini, hikmatlarini yod bilishar, boshidan kechgan voqealarni xotirlab yurisharkan. Faqat yoshi o‘tganlar emas, maktab bolalari ham, o‘spirinlar ham, endigina oila qurgan yosh-yalanglar ham. Har bir qishloqda Abdulla To‘qayning kichkina bir haykali, uning tubida – gullar … Shunda butun xalqning o‘z shoiriga, o‘z adabiyotiga, o‘z merosiga, o‘z tarixiga muhabbatini ko‘rib qoyil qolgandim.

Qani endi bizda ham butun xalq qalbida shunday yalpi muhabbat nish ursa, uning ongida o‘zining o‘zbekligi uchun iftixor tuyg‘ulari to‘lqin ursa. Bu borada hozir ko‘p ishlar qilinyapti. Menimcha, milliy g‘ururni, milliy qadriyatlarga muhabbatni qon-qonimizgacha singdirmaguncha, uni tafakkurimizning tarkibiy qismiga aylantirmaguncha, maqsadga erishib bo‘lmaydi.

– “Jahon adabiyoti” jurnalining tashkilotchisi, bosh muharririsiz. Jurnalda turli tillardagi nodir asarlarning tarjima qilib bosilayotganligi O‘zbekiston madaniy hayotida katta voqea bo‘ldi. Sizningcha, bu kelgusida qanday mevalar berishi mumkin?

– Avvalo bir masalaga to‘xtab o‘tay: so‘nggi paytlarda ayrim odamlar “bizga g‘arb adabiyotining nima hojati bor? Uning ko‘p jihatlari bizning milliy an’analarimiz va milliy qiyofamizga to‘g‘ri kelmaydi, yoshlarimizning tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi” degan da’volarni oldinga surishyapti. Bu mutlaqo qo‘shilib bo‘lmaydigan da’vodir. Hech kimga sir emaski, bizning yurtimiz yoxud kengroq olsak, butun Markaziy Osiyo so‘nggi uch-to‘rt asr mobaynida butun jahondagi ijtimoiy rivojlanishdan orqada qolib ketdi. Buning turli sabablari bor, albatta. Ammo eng katta sabablardan biri – jahondan ajralib qolganimiz, uch xonlik shaklida o‘z qobig‘imizga o‘ralib olganimiz, o‘zimizga o‘zimiz mahliyo bo‘lib boshqalarni pisand qilmaganimiz emasmi? Bu yakkalik illatidan, maqtanchoqlik kasalidan endigina qutula boshlamoqdamiz. Nima, yana o‘z qobig‘imizga o‘ralib olaylikmi? Yana hozirgi zamon uchqichlarini yig‘ishtirib qo‘yib, tuyamizga minib, eski karvon yo‘llaridan sekin imillab ketaveraylikmi? Bugungi dunyo shitob bilan bir tomonga yo‘nalayotgan bir paytda biz bugungacha teskari tomonga yo‘l olaylikmi? Yo‘q, bu yo‘l faqat halokatga olib boradi. Birdan bir to‘g‘ri yo‘l jahonning rivojlangan mamlakatlari bilan hamdo‘stliklar yo‘lidir, ularning ma’naviy boyliklaridan bahramand bo‘lmoq, tajribalaridan foydalanmoq kerak. Chillaki chillakini ko‘rib chumak uradi, degan gap bor. Xuddi shunga o‘xshab, fikr ham fikrdan oziq oladi.

“Jahon adabiyoti” jurnali shu yo‘lda qo‘yilgan dadil qadamlardan biridir. Jurnal chiqa boshlaganiga endigina ikki yil bo‘ldi. Tahririyat unda eng yaxshi, eng teran asarlarni e’lon qilishga harakat qilyapti. Kitobxonlarning munosabatiga qaraganda, allaqachon tilga tushgan va qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘layotgan ayrim asarlarga qaraganda tahririyat bu bobda ba’zi muvaffaqiyatlarga erishdi ham. Lekin hozircha e’lon qilingan asarlar har qancha ma’qul bo‘lmasin, jahon adabiyoti deb atalgan buyuk bir ummondan bir tomchi, xolos. Jahon adabiyoti bitmas-tuganmas bir xazinadir, uning durdonalaridan hali ko‘p yillar davomida bahramand bo‘lishda davom etasiz. Hozircha esa bizni ikki narsa qiynayapti – eng yaxshi asarlarni topish va tanlash, ikkinchidan chinakamiga iste’dodli yorqin tarjimonlarning yetishmasligi. Yana bir narsa – jurnal o‘zining muayyan miqdordagi o‘quvchilariga ega bo‘lsa ham, ular kam. Biz yoshlarimizning loaqal to‘rtdan bir qismi jurnalning doimiy o‘quvchilari bo‘lishini istar edik.

– Asr boshlarida Behbudiy, Fitrat va Cho‘lpon singari o‘nlab ziyolilar millatning saviyasini ko‘tarib, mustabid tuzumga qarshi kurashmoqchi bo‘ldilar. Shu maqsadda o‘z hayotlarini ham ayamadilar. Siz shunday ijodkorlarning, xususan, Cho‘lpon hayoti va ijodini o‘rganishning tashabbuskorlaridan bo‘ldingiz. Sizning xizmatlaringiz bilan “navoiyshunoslik”, “qodiriyshunoslik” qatorida “cho‘lponshunoslik” degan tushuncha paydo bo‘ldi. Shu yo‘nalishda yana qanday ishlar qilish lozim?

– Mening nazarimda, “cho‘lponshunoslik” ham xalqimiz doim shug‘ullanadigan boqiy sohalardan biri bo‘lmog‘i kerak. Men “adabiyotshunoslar” deyayotganim yo‘q, “xalqimiz” deyapman. Bu bilan men, albatta, har bitta odamni adabiyotshuns bo‘lishga undayotganim yo‘q. Odamlar “cho‘lponshunoslik” bilan shug‘ullanar ekanlar, bundan “ikkinchi Cho‘lpon” bo‘lishga intilish kerak deb xulosa chiqarmasliklari kerak. Hech kimdan “ikkinchi Cho‘lpon” chiqmaydi, lekin har bitta odam Cho‘lpon bilan tanishib, o‘z yurtini cho‘lponchasiga sevmoqni, uning ozodligi, baxt-saodati yo‘lida cho‘lponchasiga fidokor bo‘lmoqni, cho‘lponcha g‘ururga ega bo‘lmoqni, zulmga, kishanlarga, adolatsizlikka cho‘lponcha nafrat bilan qaramoqni o‘rganishi kerak. Qani endi O‘zbekistonning har bir fuqarosi jonajon vatanimizning istiqboli yo‘lida, mayli, katta mash’ala bo‘lmasin, loaqal bitta sham yoqsa … Million-million shamning shu’lasi hamma yoqni munavvar qilib yuborar edi … Buning uchun Cho‘lponni bilish kerak, uni anglash kerak.

“Cho‘lponshunoslik”, menimcha, o‘z zimmasidagi vazifani bajara oladi.

– Hozirgi o‘zbek ziyolilari zimmasida qanday mas’uliyatli vazifa turibdi?

– Hozirgi paytda “ziyoli” degan so‘zning bahosi biroz tushib ketgandek ko‘rinadi. Biz, umuman, o‘qigan, ma’lumotli odamning hammasini “ziyoli” deb ataydigan bo‘lib qoldik. Bu – to‘g‘ri emas. Menimcha, “ziyoli” degan so‘z o‘qituvchi, injener, shifokor va hokazo kabi kasb egalarinigina bildirmaydi. Faqat o‘qigan emas, o‘qimagan odamlar o‘rtasida ham ziyolilar uchrab turadi. “Ziyoli” degan so‘z “nur” so‘zidan olingan bo‘lib, o‘zi nurli, fikri nurli odam atrofini qurshab olgan zulmatni, odamlarning fikr­laridagi zulmatni yoritmoqlari kerak. Ziyoli odamning eng muqaddas vazifasi ko‘r ko‘zlarni ochish, kar quloqlarni eshitadigan bo‘lishiga yordamlashishdir. Odamlar hammalari birday sog‘lom va bardam ko‘rinsalar-da, ularning ma’naviyatida, ruhiyatida katta-katta kemtiklar bor. Ziyoli ana shu kemtiklarni yo‘qotishga xizmat qilmog‘i kerak. To‘g‘risi, ehtimol, bitta ziyoli butun zulmatni yoritishga kuchi yetmasligi mumkin. Mayli, u kuchi yetadigan ishni qilsin, loaqal bitta sham yoqsin, u hech bo‘lmaganda zulmatning bir chekkasini yoritadi-ku! Mendan xafa bo‘lishmasin-u, hozir ko‘pgina ziyolilarimiz o‘z qadrlarini ancha tushirib yuborganday ko‘rinadi. Mening nazarimda, ziyolilik hamisha fidoyilik tushunchasi bilan bog‘liq bo‘lib kelgan. Xalqqa, yurtga xizmat qilish yo‘lida, ziyoli odam zinhor-bazinhor o‘z manfaatini, o‘z farog‘atini o‘ylamaydi, o‘ziga imtiyozlar, mukofotlar talab qilmaydi, aksincha, o‘zi qiynalsa-da, och qolsa-da, dakki eshitsa-da, zimmasidagi muqaddas vazifani o‘tashga harakat qiladi. Qachon shu masalalar haqida yozsam yo gapirsam, ko‘z o‘ngimga Sobit Komilov degan maktabdagi o‘qituvchimiz keladi. Yaxshi dars berar, biror soat dars qoldirmas edi, bolalarni o‘z farzandiday yaxshi ko‘rardi. Ayolmand odam edi. Urush davri bo‘lgani uchun juda qiynalib ketgandi. Hatto darsdan keyin Toshkent tevaragidagi hovlilarga borib, hosili yig‘ishtirib olingan dalalardan qolgan-qutgan turpmi, sholg‘ommi, lavlagimi olib kelib, shu bilan bolalarini boqqan kunlarini bilaman. Biroq bu odam biron marta ham sinfdagi o‘quvchilarning qo‘liga ta’ma bilan qaragan emas, buni xayoliga ham keltirgan emas, tilanchilikni, poraxo‘rlikni sira-sira o‘ziga munosib ko‘rgan emas. Afsuski hozirgi ziyolilarimizda boshqacha holni ko‘ramiz – ular o‘zlarining qusurlarini zamonning og‘irligi bilan izohlaydilar. Yo‘q, bu masalada zamonga ayb yuklamaslik kerak. Hamma gap vijdonning susayishi-yu, hakalak otib ketgan nafsda. Ziyolilar dastavval yo‘qolgan obro‘-e’tiborlarini qayta tiklamoqlari darkor.

– Qiziqarli va mazmundor suhbatingiz uchun katta rahmat!

Suhbatdosh: Jo‘ra Xudoyberdiyev

1999 yil

“Jahon adabiyoti, 2014 yil, 3-son