Filologiya fanlari nomzodi, navoiyshunos Karomat Mullaxo‘jayeva bilan Husan Maqsudov suhbati
Inson yaralibdiki, u jismoniy va ma’naviy-ruhiy ehtiyoj qurshovida yashaydi. Jismoniy ehtiyoji qondirilgan vujud qoniqish hosil qilganidek, ma’nan ozuqlangan qalb (va albatta tafakkur ham) quvvatli bo‘ladi, tozaradi, yuksaladi… Taassufki, bugungi zamon kishisiga moddiyat birlamchi bo‘lib, adabiyot va san’at vaqtni oladigan bir narsadek tuyilayotgani ham bor gap.
Moddiyat va ma’naviyat kurashi ketayotgan shunday davrda mumtoz adabiyot, xususan, hazrat Navoiyni o‘qish va uqish ko‘pchilikka erish tuyilayotgani achinarli, go‘yo shusiz ham yashash mumkinday…
Filologiya fanlari nomzodi, navoiyshunos olima Karomat Mullaxo‘jayeva bilan hazrat Alisher Navoiy ijodi xususida suhbatlashdik.
– Karomat opa, suhbatimiz yoshlar jurnalida chop etilishini inobatga olib, uni bevosita hazrat Alisher Navoiy asarlarini o‘rganish va o‘rgatish masalasiga qaratsak.
Bugungi globallashuv jarayonining yaxshi tomonlaridan ko‘ra kishilarga, aniqrog‘i, yosh avlodga yetkazayotgan ziyonini ko‘rib, odamning ko‘ngli sal xira tortadi. Shunday esa-da, dilingiz nurafshon bo‘ladigan narsalar borligidan xursand bo‘lasiz: yaxshiyam dinu diyonat bor, adabiyot bor, san’at bor. Shular vositasida kelajak egalarini turli ma’naviy balolardan asrashga harakat qilamiz. Shukrki, Navoiy asarlarida biz istagan va bizga ma’naviy ko‘makdosh bo‘ladigan barcha narsa bor. Zero, hazrat Navoiy doim insonni KOMIL ko‘rishni istagan. Kishini nima komil qiladigan bo‘lsa, barchasi Navoiy asarlarida aks etgan. Shunday emasmi?
– Globallashuv, aslida, insoniyatning azaliy orzusi bo‘lgan. Vatandoshimiz Abu Rayhon Beruniyning Amerika qit’asi haqidagi farazlari, ispaniyalik Xristofor Kolumbning shu qit’aga qancha mashaqqatlar bilan yetib borishi, va nihoyat, florentsiyalik Amerigo Vespuchchi sharafiga ushbu qit’aning nomlanishi… Boburning Hindistonda vatan qurishi, bizning mintaqadan ketgan olimlar Beruniy, Ibn Sino, Farg‘oniy va boshqalarning arab dunyosida shuhrat topib, nafaqat musulmon olamida, balki butun jahonda shuhrat topishi… Xohlaysizmi-yo‘qmi, ana o‘sha davrlarda globallashuvning ilk kurtaklari namoyon bo‘lgan edi.
Bugun “tamaddunlar to‘qnashuvi”ni ham keltirib chiqarayotgan globallashuv bizning o‘zimiz yashayotgan olam haqida ko‘proq bilishga bo‘lgan qiziqishlarimiz, orzularimizning mahsuli. Bitta sayyorada yashab turib, unda kechayotgan voqealardan bexabarlikni bugun ko‘pchilik tasavvur ham qilolmaydi. Yer yuzida kechayotgan voqealarni, insonlar hayoti, turmush tarzi va boshqa ikir-chikirlarigacha kirib borishga bugungi kundagidek hech qachon yaqinlashmaganmiz. Ba’zan, butun dunyo kichik bir shaharcha, to‘g‘rirog‘i, qishloqqa aylanib qolgandek tuyuladi. Hamma voqealardan tongdayoq (uyqudan ko‘z ochib-ochmay) xabardor bo‘lib ulgurasan. Televideniye, radio va asosiysi, internet tufayli. Bu qaysidir ma’noda qiziq ham. Chunki dunyodagi qancha-qancha voqealardan, ulkan kashfiyotlardan bir zumda xabar topasan. Ayni paytda, har kuni negativ xabarlarni eshitish, agressiyaga to‘la zo‘ravonliklar, axloqsizlikka undovchi reklamalarni tomosha qilish, o‘qish har birimizning ruhiyatimizga ta’sir qiladi. Ko‘p vaziyatlarda bo‘lganidek, globallashuvning ham salbiy va ijobiy tomonlari bor. Shu bois, biz har safar uning nozik ta’sir kuchiga ega bo‘lgan ommaviy madaniyat bilan bog‘liq jihatlariga e’tibor berishga majburmiz. Balki tez-tez ijobiy voqeahodisa va masalalarga e’tibor qaratsak va ularni ko‘proq targ‘ib etsak, foydaliroq bo‘lardi. Chunki har bir mamlakatning siyosati, iqtisodi va boshqa sohalari bilan birga madaniyati, mumtoz san’ati va adabiyoti bor. Har bir insonda ruhiy yuksaklikka undaydigan ma’naviy ruhoniy ehtiyojlar bor. Ayniqsa, tarbiyachilar, muallimlar, va albatta, ota-onalar inson tarbiyasida shu jihatga ko‘proq e’tibor qilishlari zarur. Insonni kamolotga yetkazishda, avvalo, uning shaxs sifatidagi xususiyatlarini shakllantirish masalasi muhim o‘rin tutadi. Tarbiyada bosh masala shu. Chunki shaxs sifatida shakllangan inson o‘z fikriga ega bo‘ladi, har bir voqea-hodisaga o‘z munosabatini bildira oladi. Har kimga ergashib ketavermaydi. Ehtimol, bugun bot-bot takrorlayotganimiz ma’naviy immunitetni shakllantirishning bir yo‘li mana shudir. Adabiyot, shu jumladan, hazrat Alisher Navoiy ijodi bu masalada yaqindan yordam beradi, albatta. Chunki Navoiyning o‘zgalar xizmatida, so‘zning xizmatida kechgan umri, agar masalaning mohiyati anglab yetilsa, har bir inson uchun ibrat bo‘ladi. To‘g‘ri ta’kidlaganingizdek, Navoiy asarlari qahramonlari kamolotga intilishi bilan ajralib turadi. Ularni hayotdan uzoq bir mifga, qo‘l yetmas orzuga aylantirib qo‘ymaslik kerak. Har birida insonning baxti va baxtsizligi bilan aloqador tuyg‘ularni his etish, kitobxonni shu tuyg‘ularni kechirishga, yashab o‘tishga o‘rgatish kerak va mana shundagina biror natijaga erishish mumkin. Buning uchun Navoiy asarlarini o‘qitayotgan mualllimning – rahnamoning o‘zi shaxs sifatidagi xususiyatlarga ega bo‘lishi kerak. Agar biz Navoiyni tushunish darajasiga yaqinlasha boshlasak, ko‘plab muammolar o‘z-o‘zidan hal bo‘lib ketardi, deb o‘ylayman.
– O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid bir she’rida: “Hazrat Navoiyga yetmoq-chun, ey, dil, Yana besh yuz yillar yurmoq kerakdir”, deb yozgan edi. Shoir shu o‘rinda Alisher Navoiy ijodiy olamining kengligiga ishora qilib, inson bolasi bu zoti muborakning asarlaridagi ma’no-mazmunni to‘laligicha anglay olmaydi, demoqchi. Ammo bu satrlar bizning hazrat Navoiydan borgan sari uzoqlashayotganimizga ham ishoraday tuyiladi. Ulug‘ mutafakkir shoirimiz ijodi haqida yozilgan kitoblarni, tadqiqot ishlarini jamlasak, kattagina kutubxona bo‘lsa kerak. Ammo baribir Navoiy xalqning, ayniqsa, yosh avlodning ko‘ngliga bor bo‘y-basti bilan kirib bormayotgandek…
– Haqrost, Navoiy haqida ko‘p tadqiqotlar olib borilgan, yuzlab kitoblar, minglab maqolalar yozilgan. Bundan keyin ham yozilaveradi. Aytish mumkin bo‘lsa, ular Navoiyni tushunish, to‘g‘ri idrok etish yo‘lidagi urinishlar. Albatta, ushbu kitob va maqolalarning muayyan qismi Navoiyni tushunishga ko‘mak beradi. Biroq biz Navoiy asarlarini, iloji bo‘lsa, asliyatda o‘qishga o‘rganishimiz kerak. Lug‘at bilan, yordamchi izoh va sharhlar bilan bo‘lsa-da, Navoiy qalamidan to‘kilgan so‘zlarni anglashga urinishimiz lozim. Mehnat qilishdan cho‘chimasligimiz kerak. Maktablarda o‘quvchilarni shunga yo‘naltirib tarbiyalash, ta’lim berish burchimizdir.
– Hozirgi maktab o‘quvchilariga “Alisher Navoiyning qaysi she’rlarini bilasiz?” deb savol bersangiz, deyarli barchasi “Kelmadi”, “Sanga” radifli g‘azallari va “G‘urbatda g‘arib…” deb boshlanuvchi ruboiysini aytishadi, xolos. Buning sabablarini o‘zimcha anglaganday bo‘laman: necha yillardan beri u darslikdan bu darslikka bir xil g‘azallar va bir xil tahlillar ko‘chib o‘tyapti; mumtoz adabiyot, xususan, Alisher Navoiy asarlarini ta’lim jarayonlarida o‘qitishda yaxshi tizim yaratilmayotgandek… Umuman, maktab darsliklaridagi mumtoz adabiyot, xususan, Navoiy ijodining yoritilishi qoniqarli darajadami?
– Bir paytlari professor Natan Mallayevning maktablar uchun yaratilgan darsliklarini bugun tez-tez eslaydigan bo‘lib qoldik. Muayyan sistemaga ega bo‘lgan bu darsliklarda materiallar bolaning yosh xususiyatlari bilan bog‘liq holda taqdim etilardi. Yuqori sinflar uchun adabiyot darslari ikki asosiy kitob – nazariy masalalar o‘z ifodasini topgan maxsus darslik hamda manbalar saralab jamlangan xrestomatiyaga asoslanib o‘tilardi. O‘qituvchi uchun ham, o‘quvchi uchun ham ishlash oson kechardi. Bugungi adabiyot darsliklarini qo‘lga olganda, nafaqat o‘quvchi, balki o‘qituvchining ham hafsalasi pir bo‘ladigan o‘rinlar talaygina. Nega bu ahvolga tushib qoldik? Katta-katta olimlarimizning mehnati nega samara bermayapti? Nega maktabda, litseyda o‘qiyotgan o‘quvchining chetdan qo‘shimcha dars olishga ehtiyoji haddan ortiq kuchayib ketdi, bunday “ta’lim” uchun xususiy yo‘l bilan qo‘shimcha “darslik” va “qo‘llanmalar” chop etilyapti? Qo‘shimcha darslarning hammasi, u adabiyot bo‘ladimi, matematikami, buning farqi yo‘q, ta’lim-tarbiya bilan birga olib borilmaydi, kerak bo‘lsa, ko‘p fanlardan faqat yodlatish yo‘li bilan maqsadga erishiladi. Qarabsizki, shunday usulda o‘qib, oliy o‘quv yurtiga yuqori ball bilan kirgan talaba hamma narsani qaytadan boshlashi kerakligini tez orada tushunib yetadi. Nazarimda, qo‘shimcha darslarga ruju qo‘yib o‘qishga kirayotganlarda muayyan tizim yo‘q, ular ko‘pincha fanlararo integratsiyani his qilmaydilar. Chunki ular fanni bilimli bo‘lish uchun emas, faqat imtihondan o‘tish uchungina o‘zlashtiradilar.
Maktab darsliklarida Alisher Navoiy ijodining taqdim etilishida muayyan sistema yo‘q. Bolaning yosh xususiyatlarini hisobga olgan holda oddiylikdan murakkablikka qarab borishdek eng muhim printsip buzilgan. Qo‘pol bo‘lsa ham aytish kerak, takrorlar, o‘rinsiz taqdim etilgan matnlar har bir sinf darsligida uchraydi. Bugun ta’lim-tarbiyani bog‘chadan maktabgacha, ya’ni tarbiya muassasalaridan boshlash muhim masala sifatida ko‘tarilgan paytda, kerak bo‘lsa, maktabgacha ta’lim muassasalari, umumta’lim maktablari va oliy ta’lim mutaxassislari birgalashib mumtoz adabiyot bo‘yicha mavzularning uzviyligini ta’minlash bo‘yicha dasturlarni birgalikda tuzib olishlari, ularning kontseptsiyasini puxta ishlab chiqishlariga jiddiy ehtiyoj tug‘ilgan. Shunda Alisher Navoiy ijodiga ham shu nuqtai nazardan maxsus murojaat qilish imkoniyati tug‘iladi.
Endi, siz aytgandek, Navoiyning faqat “Kelmadi”, “Sanga” radifli g‘azallari va “G‘urbatda g‘arib…” deb boshlanuvchi ruboiysining ommalashib ketishiga kelsak, bu ayrim o‘qituvchilar “mehnati”ning samarasi. Aslida, bolalarimizning imkoniyatlari juda baland. Ayniqsa, yodlash qobiliyati. Yaqinda Surxondaryoning Sariosiyo tumanidagi 12-maktabda bo‘ldik. Navoiydan, boshqa mumtoz shoirlarning asarlaridan yuzdan ortiq she’r yod olgan o‘quvchilarni ko‘rdik. G‘azalxonlikdan musobaqa boshlandi. Ishtirokchilar orasida boshlang‘ich sinf o‘quvchilari ham bor edi. Hatto shoirning katta-katta dostonlarini yod olganlar bor. Tumandagi boshqa maktablardan ham vakillar keldi. Hayratda qoldik… Bunday muvaffaqiyatlar ortida o‘z kasbini sevadigan, fidoyi o‘qituvchilar bor edi. Menimcha, o‘z kasbini sevish, halol mehnat qilish, bu ommaviy hayqiriqlarni bir chetga qo‘yib, ko‘ngilning tubiga cho‘kib, vatanni sevish demakdir. Shu narsa aniqki, o‘quvchining nechta g‘azal yodlashi-yu, qaysi kitobni o‘qishi, eng avvalo, o‘qituvchiga bog‘liq. Yaxshi o‘qituvchi o‘quvchiga qanot beradi. Navoiydek buyuk insonlarni shunchaki emas, balki asarlari orqali, ibratli hayot yo‘lini anglatish orqali sevishga o‘rgatadi. Balki vatanni sevishga shu yo‘l bilan borilar…
– Shu o‘rinda bir voqea yodimga keldi. Talaba paytimiz, aniqrog‘i, o‘zbek tili va adabiyoti yo‘nalishining ikkinchi bosqichida tahsil olib yurgan chog‘larimiz edi. Biz seminar darsi deb ataydigan, ma’ruzalar o‘qib bo‘lingach, o‘zlashtirilgan bilimlar alohida baholab boriladigan yakka tartibdagi dars mashg‘ulotimizni mumtoz adabiyotdan unchalik uzoq bo‘lmagan bir fan nomzodi olib borardi. Mavzu Navoiy “Xamsa”sidagi “Layli va Majnun” dostoni, uning mazmun-mohiyati haqida edi. Xullas, talabalarning fikridan unchalik qoniqmadi shekilli, ustozimizning o‘zi dostondagi oshiqlik, jununlik haqida so‘zlay ketdi: “Majnun shunday sevganki, uning ko‘ziga hech nima ko‘rinmay qoladi, boshqa narsalarda ham u Laylining jamolini ko‘rganday bo‘ladi. Mana, masalan, yigitlar qaysidir qizni sevib qolsa, hatto avtobusdagi chiptachi ham unga o‘z sevgilisi bo‘lib ko‘rinadi, chipta oling, desa, unga tikilib turaveradi. Sevgi shunday bo‘ladi”, degan mazmundagi gaplarni aytdi hamda ishqi ilohiyni o‘quvchilarga shunday sodda, zamonga moslab o‘rgatish kerak degan nuqtai nazarni bo‘lajak til va adabiyot mutaxassislariga uqtirdi. Xo‘sh, aslida bu qanchalik to‘g‘ri? Sizningcha, Navoiy nazdidagi IShQni qanday tushunmoq va tushuntirmoq lozim?
– Fan nomzodi degan nomni ko‘tarib yurgan bu o‘qituvchingiz Navoiyni juda jo‘n tushuntiribdi, degan gapni faqat men emas, bu voqeani eshitgan har qanday odam aytishi mumkin. Albatta, sizlar uning sayoz gapirganini bilib turgansiz.
Navoiy asarlari mazmun-mohiyatini tashkil etgan ishqni mukammal tushunish uchun uning asarlarini to‘liq o‘qish kerak. Shoirning asarlari tizimli adabiy olam. Undagi bir masalani tushunish uchun ikkinchisiga murojaat qilish va uchinchisidan asosli sharh topish mumkin. Shoir bir dostonida: “Bo‘lmasa ishq ikki jahon bo‘lmasun, Ikki jahon demaki, jon bo‘lmasin”, degan bo‘lsa, boshqasida “Ey ishq g‘arib kimyosan…” degan fikrlarini beradi. “Mahbub ul-qulub”da ishqqa mukammal ta’rif berib, uning darajalarini ko‘rsatadi. Bular Navoiyning boshdan-oyoq ishqning sirlariga ko‘milgan minglab g‘azallarini tushunishda bir ochqich vazifasini o‘tashi mumkin.
Navoiyning barcha asarlarini mukammal o‘zlashtirishni hammadan talab qilib bo‘lmas, biroq shoir ijodi bilan shug‘ullanayotgan, uning asarlari yuzasidan tadqiqotlar olib borayotgan xodimlar bunga amal qilishi kerak. Chunki to‘g‘ri xulosaga kelish uchun Navoiy badiiy olamidan, uning dunyoqarashidan yaxshi xabardor bo‘lish kerak, zero, tadqiqotlarning natijalari Navoiy asarlarini o‘qitish va anglatishga xizmat qilishi zarur.
– “Xamsa” dostoni Hazrat Navoiy ijodining yuksak cho‘qqisi. Ushbu “panj ganj”ning butun ichki botiniy ma’no-mazmunini o‘quvchilarga ochib berish borasida, ayniqsa, istiqlol yillarida ko‘zga ko‘rinarli ishlar amalga oshirildi. Kutubxonalarda doim bir narsaga ko‘zim tushadi: yoshlar (hatto til va adabiyot mutaxassisligi talabalari ham) “Xamsa”ning zamonaviy o‘zbek tiliga tabdil qilingan (deyish mumkin bo‘lsa) yoxud nasriy holda bayon etilgan, faqat syujet tizimidan iborat talqinini o‘qishmoqda. Shu kitoblar vositasida Navoiy ularning ko‘z o‘ngida gavdalanmoqda. Bu xavotirli hol, deb o‘ylayman. Negaki, bunday kitoblar yoshlarni Navoiydan uzoqlashtiradi, hazrat aytmoqchi bo‘lgan maqsad-muddaolar yo‘qolib ketadi, oshiqlarning Yorni ko‘rib, hushdan ayrilishlari kulgili, xayoliy holday ko‘rinaveradi…
– Navoiy asarlarini, jumladan, “Xamsa”ni tushunish faqat bugun emas, hamma zamonlarda ham oson kechmagan. Buning ko‘p sabablari bor. Jumladan, shoirning o‘zi ham “Xamsa”ning yaratilish sabablari haqida gapirganida, uncha-muncha odam unga yaqinlasha olmasligini bashorat qilgan edi. Albatta, shoirning ushbu fikrlari uning taqlidchilariga qaratilgan bo‘lsa-da, “Xamsa” botinidagi mazmundan ko‘pchilikning aqli shoshib qolishi haqidagi gaplari ham bejiz aytilgan emas. Demak, “Xamsa” yozilishidan oldinroq, uning tarhi tuzilayotgan paytidayoq mukammallik va teranlik maqsad qilib olingan. Bu Navoiy dahosining hosilasi. Shuning uchun o‘z zamonidayoq Navoiy asarlari lug‘ati tuzila boshladi. Bilamiz, shoir asarlarining tili ancha murakkab. Chunki shoir “Xamsa”da turkiy tilning butun imkoniyatlarini, jumladan, so‘z o‘zlashtirish imkoniyatlarini ham ko‘rsatgan edi. Qadimgi turkiy tildagi, kerak bo‘lsa, shevalardagi so‘zlarning, arabiy, forsiy va boshqa tillardan ham o‘zlashgan so‘zlarning qo‘llanilishi turkiy tilning va, albatta, Navoiy imkoniyatlari ulkanligining namoyishi. Shu bois o‘sha davrdayoq lug‘atlar yaratilgan. Bugun ham ularni tushunishda qiynalayotganimizdan qo‘rqmasligimiz, lug‘atlar bilan ishlayotganimizdan uyalmasligimiz kerak. Biroq masalaning ikkinchi tomoni bor. Bu asarlar mazmun-mohiyatini to‘g‘ri tushunish masalasi. U idrok etish bilan, tafakkur bilan bog‘liq jihat. E’tibor qilsak, Navoiydan keyin XX asr boshlarigacha bo‘lgan vaqt mobaynida yaratilgan adabiy manbalar ichida shoir “Xamsa”sining nasriy bayonlari asosida maxsus asarlar, muallifi ma’lum yoki noma’lum bo‘lgan alohida-alohida dostonlar, kitoblar vujudga keldi. XX asrda va bugun XXI asrda ham shoir asarlarini kitobxonlarga yaqinlashtirish uchun turli nashrlar amalga oshirilmoqda. Bir paytlari Sadriddin Ayniy boshlagan, kitobxonga “Xamsa”ni oson tushuntirishga mo‘ljallab yaratilgan nashr bugun ham dolzarbligini yo‘qotmagan. Akademik G‘afur G‘ulomning “Xamsa” dostonlaridan biri – “Farhod va Shirin”ni tabdil qilishi kitobxonni Navoiyga yaqinlashtirish istagidagi harakatlar edi.
Bugun “Xamsa” dostonlarining baytma-bayt nasriylashtirilgan nashrlari, tabdillari hamda nasriy bayonlari kitobxonlarga yetib borgan. Siz aytmoqchi, bu nashrlar ba’zan kitobxonni Navoiydan uzoqlashtirib qo‘yishi ham mumkin.
Albatta, to‘g‘ri bajarilmagan tabdil va nasriy bayonlar shunday xulosaga olib kelishi mumkindir. Ammo ustoz Ayniy va akademik G‘afur G‘ulomdek ilmiy-badiiy tafakkur sohiblari bu ishga qo‘l urayotganda nimanidir o‘ylagandir. Ruslarning “Igor jangnomasi” deb nomlangan kitobi bor. O‘sha kitobning o‘nga yaqin yangicha tabdil, tarjima nashrlari mavjud. Bu sanoq men bilganlarim. Yana qancha nashrlari bordir. Aytmoqchimanki, muayyan asarni tushunish uchun bu kabi tajribalardan cho‘chimaslik kerak. Axir asarni muzey uchun saqlab qo‘ymaymiz-ku! Biroq har qanday ishda bo‘lgani kabi bu o‘rinda ham muayyan printsiplarga rioya qilishimiz, Navoiy dahosining hurmatini o‘z o‘rnida saqlashimiz kerak. Shunda har xil chalg‘ituvchi fikrlarga yo‘l qo‘ymaymiz.
Bugun faqat biz emas, balki butun dunyo Navoiydek daholarning asarlariga ehtiyojmand. Shunday ekan, Navoiyni o‘qishdan, uqishdan hech qachon charchamaylik.
– Mazmunli suhbatingiz uchun rahmat. Siz ham Navoiy asarlarini o‘qitishda, xalqqa yaqinlashtirishda xizmat qilishdan tolmang.
«Yoshlik» jurnali, 2018 yil, 2-son