Bu odam bilan shunchaki gaplashib bo‘lmasdi. Chunki uning ko‘ngil dengiziga qayiq tashlash uchun Ernest Xemingueyning Santyagosiniki singari jur’at kerak edi. Buning ustiga kishida ma’naviy haq bo‘lishi lozimligidan odam istehola qilardi. Shu uchun uzoq tayyorgarlik ko‘rgandayman. Oradan yillar o‘tsa-da, hozir ham bunga tayyor bo‘ldimmi-yo‘qmi, bilmadim-u, lekin bilganim yozuvchi bilan gurunglashish judayam maroqli edi. Suhbatimizda uning yuragiga qay qadar kirib bordik, bu tashlagan qarmog‘imizning yemishi – to‘mtoq savollarimizning darajasiga boqliq bo‘ldi.
Musohabamiz kamchiligini o‘z gardanimga olgan holda Erkin A’zamning ko‘ngil dengizidan qarmog‘imizga ilinganlarni sizlarga ham ilindik.
– Boysundan Toshkentga kelganingizga ham yarim asrcha vaqt bo‘lay debdi. Ortga qarasangiz nimalarni ko‘rasiz?
– Asosan xatolar esga tushadi… Injiqligim olamga mashhur: uncha-muncha marralarga ham yetilgandir-u, lekin nuqul erishilmaganlari, noshudlikmi, behuda g‘ururmi orqasida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar pushaymonligi o‘rtaydi odamni. Endi foydasi yo‘q, albatta. Yo‘lning asosiy qismi o‘tib bo‘lingan. Hadeb orqaga qarayverishdan ish chiqmaydi. Ustoz Asqad Muxtorning “Sobirman” degan she’ri xuddi men haqimda yozilgandek. Nachora, nimaiki topgan bo‘lsak, bari kech keldi, kechikib keldi, aql ham kech kirdi… Darvoqe, aql kirdimi o‘zi? Unda nega kechagina qilingan ishlar, gapirilgan gaplar bugun nojo‘yadek, xatodek tuyuladi? Bugungilari-chi?.. Xudo biladi. Bu hol qachongacha davom etarkan? Qachon bizga aql enadi? “Vek jivi – vek uchis” deydi-ku ruslar. Umr degani shudir-da. Berganiga shukr, peshonada bori ekan deymiz-da, oshna!
– Soch-soqolingizga oq oralaganiga qaramay, sizni keksa deyishga til bormaydi. Tolstoy ellikdan o‘tganda “Iqrornoma”sini yozgan ekan. Taqqos qiladigan bo‘lsak, “Iqrornoma”ngiz yoziladigan vaqt allaqachon kelib bo‘lgan. Garchi shu paytgacha bunday asar qoralamagan bo‘lsangiz-da, bu shu yoshgacha nimalargadir iqror bo‘lganingizni inkor etolmaydi. Malol kelmasa, hayotiy xulosalaringiz haqida ham aytsangiz…
– “Tolstoylik”ka-ku da’vo yo‘q, bilasiz. Ammo bu degani iqror-tazarru etgulik hech qanday aybu gunohsiz bir musicha ekanimizni anglatmas – ayb ham ko‘p, gunohlar ham yetarli, xijolatu pushaymonliklardan qovrilib yurishlarni-ku aytmang. Shular alohida kitob qilib yozilmagani endi boshqa masala. Aytgand ay, sinchiklabroq qaralsa, yozgan narsalarimizdan uncha-munchasining izini topsa bo‘lar.
Egam biz bandalarini gunohga botib yashasin deb yaratmagandir-u, sinov dunyosidan sip-silliq, yakkash zafarlar ila o‘tishning ham iloji yo‘q-da. Mahovat tuyulmasin, men umr yo‘lini goho minalashtirilgan xatar maydoniga qiyoslagim keladi. Odam Ato ham bu dunyoga ilk qadamini nimadan boshlagani ma’lum…
Gapni hazrat Tolstoydan boshlagan edik, Tolstoy bilan davom ettirsak, shundayin avliyosifat zot ham ko‘zyumar chog‘i “bu dunyoning tagiga yetolmadim-a” qabilida “Ne ponyal” deya armon bilan o‘tgan ekan. Odam qanchalik avomfahm bo‘lsa, hayot haqidagi fikr-tasavvurlari shu qadar aniq, ya’ni jo‘n, sayoz bo‘ladi. Ehtimol, kaminaning qarashlari ham shu toifadandir. Inchunin, uning bugungi xulosalari deysizmi, hayotiy tutumlari deysizmi, bunday: o‘zingga, faqat o‘zingga ishon, o‘zingga suyangil, boshqasi bekor! Boshingga kelgan baloni-da o‘zingdan ko‘r, mard bo‘l! Qolgani – Yaratgan egamning qalamiga bog‘liq.
– Bir domlamiz bor. Nuqul shu gapni takrorlagani takrorlagan: hamma buyuklarning shaxsiy hayoti, ya’ni oilasi buyukligi evaziga barbod bo‘lgan. Tarixga nazar tashlasak, domla ko‘pincha haq bo‘lib chiqadi. Rumiyning “Har qanday muyassariyat mahrumiyatdir, har qanday mahrumiyat muyassariyatdir” degan gapi ham o‘sha fikrni qo‘llaydi. Somerset Moemning “Oy va sariq chaqa” romani qahramonining taqdiri ham shu gapga isbot. Ammo yana bir masala bor. Balki ustozimiz o‘zi buyuk bo‘la olmagani uchun ham shunday taskin qidirayotgandir. Lekin unday desak, bir faylasuf akamizning “Oila – insonning o‘zidan ham muqaddas” degan hukmi odamni yana o‘ylantirib qo‘yadi va shaxsiyati “g‘arib” buyuklarga rahmingiz kela boshlaydi. Ayting-chi, taqdir sizga bu ikki yo‘ldan birini tanlash imkoniyatini berganda qanday yo‘l tutardingiz? Umuman, buyuk bo‘lish uchun oila qurmaslik yoki oilani barbod qilish shartmikan?
– Shart emasdir… Yo‘q, zinhor shart emas. Umuman, buyuklik deganda siz nimani, kimni nazarda tutyapsiz? Buyuk yozuvchi bo‘lmoqnimi? Yozuvchi deganlari ham avvalo odam-ku. Insonning o‘zidan, tabiat unga tuhfa etgan muqaddas a’moldan (burchu mas’uliyat ham shuning ichida) yuksakroq yana nima bor ekan?! Yozuvchilarni nazarda tutayotgan bo‘lsangiz, ijod yo‘lida oilaviy turmushdan behad naf va farog‘at ko‘rgan Dostoyevskiy yoki Buninu Bulgakovlarni, o‘zimizdan Oybegu Abdulla Qahhorlarni oling. Mudom biqinida hamkor turib, asarlarini chidam bilan o‘n martalab qayta ko‘chirib bergan oilaparvar Sofya Andreevnadek ayoldan umrining so‘nggi yillarida norozi yashagan Lev Tolstoy (dunyo tartibotidan ko‘ngli to‘lmay o‘tgan talabchan zot!) Dostoyevskiyning rafiqasini ko‘rganda nima deydi, bilarsiz: “Siz yozuvchining buyuk umr yo‘ldoshisiz!” Qarang, buyuk yozuvchining emas, yozuvchining buyuk ayolisiz mazmunida aytilayotir! Gap shundaki, mashhur insonlar hamma zamonda ham nufus jihatdan sanoqliroq keladi, ularning taqdiru a’moli barchaning ko‘zi o‘ngida, barchaning og‘zida bo‘ladi. Vaholanki, hayotda biron bir nom qozonmay o‘tayotgan ahli avom orasida oila qurmasdan yoki bor oilasini barbod etib yurganlar son mingta! Bularni hisobga olmaymiz, chunki ular jamiyat nazariga tushmagan-da.
Biror shaxsiy sababga ko‘ra hayotda toq o‘tishni lozim ko‘rganlarga esa istisno nazari bilan qaragan ma’qul. Buyuklik rutbasiga bevosita bog‘liq zarur shart emasdir bu. Hali aytganimizdek, buyuklar ham to‘rt muchasi but, ammo ular ham xom sut emgan bandalar…
Kaminaga kelsak, uncha-muncha da’volarimiz bordir, el qatori deganday. Lekin shundan ortiq emas, ishoning. Shukr, es-hush joyida, haddimizni bilamiz. Biroq siz aytayotgan tanlov sharti ko‘ndalang bo‘lganida ham oiladan voz kechish masalasi xayolga kelmasdi-yov. Tarbiyamiz shunday. (Balki shuning uchun buyuklik nasib etmagandir?..) Yana qo‘shsak, ruslarning ta’birini qo‘llaganda, muayyan maqsadga yetishuv sharti shunga ketgan sarfu xarajatni qoplamog‘i darkor. Jaydarirog‘i esa – eshagidan tushovi qimmat bo‘lmasligi kerak.
Taassufki, chorraha boshida turgan odamning har doim ham maqbul yo‘lni tanlamog‘i dushvor. Qismat chorrahasi – “anglab bo‘lmas sir”.
– Qo‘pol bo‘lsa ham aytay: avvalgi suhbatlaringizning birida bir ayol sizdan farzand ko‘rish niyatida oldingizga kelganini, biroq siz uni inkor qilganingizni aytgandingiz. Ammo boshqa ba’zi yozuvchilar ko‘plab yaxshi asarlarning bitilishiga ayollar sabab bo‘lganini va ular bundan minnatdor ekanini yashirmaydi. “Zabarjad”u “Parizod” singari o‘zbek kinosini yuksak darajaga olib chiqqan asarlarni “qizlarga qaramasdan” ham yozsa bo‘lar ekan-ku?
– Qaysi suhbatda ekan shu gap? Eslayolmayapman, rosti. Odamni bunday xursand qilmang-da…
– O‘zaro suhbatlarning birida. Ancha yillar burun bir sabab bilan boshim aylanib huzuringizga borganimda.
– Jiddiyatga ko‘chsak, agar siz aytayotgan gap chindan-da bo‘lganida ham men uni joriyalab elga yoymasdim, ishoning. Aslo. Erkaklikdan emas bu ish. Tilga olingan asarlar uchun kimlardandir minnatdordirman, ammo ularning nomini hech qachon kimsaga aytmayman. Qolaversa, “Anna aslida o‘zimman” degan Tolstoy bobo o‘sha telbavor ayolga qo‘shilib o‘zini poyezdning tagiga tashlamaydi-ku! Tasavvur, taassurot kabi tuyg‘ular bekorga berilmagandir yozadigan mardumga!
– Olimlar adabiyot va san’atga “Hayotdan bir pog‘ona yuqori bo‘lishi kerak” degan talab qo‘yishadi. Tolstoy bobo esa asarlari bilan hayotdan yuqorilagan Dostoyevskiy va Shekspirning “aqlli” qahramonlarini ayamay “kaltaklagan”. Lekin shunga qaramay na “Telba”, na “Hamlet” tarix sahnasidan tushib qoldi. Qizig‘i, uchala buyuk ham o‘z o‘rnini hech kimga bermay yashab kelmoqda.
Endi pastroqqa tushsak, sizning asarlaringizni o‘qigan yoki ular asosida ishlangan filmlarni ko‘rganlar orasida ham “hayotda bunaqasi bo‘lmaydi” degan gaplarni eshitib qolaman. Hatto bir institutning professor domlasi ma’ruzalarining birida talabalariga “Parizod” filmi bosh qahramonini “kim yetaklasa, shunga qo‘shilib ketaveradi, bu o‘zbek millatiga xos xususiyat emas, hayotiylikdan uzoq” deb uqtiribdi.
Bu kabi bahslar shu paytgacha yashagan, yashayapti, yashayveradi. Ammo adabiyotu san’atni mezonu qoliplarga sig‘dirib bo‘larmikan?
– Ishoning-ishonmang, shunday gaplar meni xursand qiladi. Demak, murod hosil: yozganlarimiz loqayd qoldirmabdi, kimningdir qitiq-patiga tegibdi, g‘ashini qo‘zg‘abdi, kimdir ularni o‘zi ko‘rgan-bilgan (faqat o‘zigina!) hayotiy manzaralarga taqqoslamoqqa intilibdi, nomuvofiqliklar ham topishga ulguribdi. Demak, odatdagi qoliplarga to‘g‘ri kelmas ekan, o‘zgacha ekan – yaxshi-da! Demak, eski sxemalar yorib chiqilibdi, kamina bundan baxtiyor – aslida muddao ham shu edi. Negaki, sotsrealizm chizib bergan andozalar hamon adabiyotimiz yo‘liga to‘g‘anoq bo‘lib turgani sir emas. Yozilgan har bir asarni o‘sha tog‘oraga solib baholamoqqa o‘rganib qolganmiz: sig‘adimi, yo‘qmi? Ya’ni – hayotda bo‘lganmi, yo‘qmi? Badiiy asarning vazifasi voqelikni aynan aks ettirish, nusxakashlik emasligi, hayotni, demakki, jumboqdan-jumboq inson ko‘nglini tadqiq etish, inson haqiqatini ko‘rsatib berish, muxtasar ifodalaganda, u muallifning hayot haqidagi qarashlari, falsafasi, nuqtai nazarining majoziy in’ikosi ekaniga iqror bo‘lmoqqa bo‘ynimiz yor bermay kelayotir. Jahon adabiyotiga bir nazar tashlab ko‘ring, sizu biz bilgan hayot mantig‘iga tushavermaydigan voqea-hodisalaru holatlar tasviri qanchadan-qancha! Adabiyot jo‘n, kundalik voqelik tasviri emasligi ma’lum gap-ku!
O‘sha hurmatli professorimizning qo‘llarida o‘zbek millatiga xos xususiyatlar ro‘yxati bo‘lsa bordir, ammo bizda yo‘q va shunisidan mamnunmiz. Chunki biz o‘zimiz mansub millatning bir talay xos qirralari, fazilatlaridan xabardor ekanimiz holda, uni dunyodagi hech kimdan kam ham, ziyod ham bo‘lmagan insonlar jamiyati deb bilamiz va shu jamiyatning har bir a’zosiga avvalo tirik inson, mavjud ezgu jihatlari bilan bir qatorda nuqsonlari bilan-da jonli, jozibali, murakkab zot sifatida qaraymiz. Yozmalarimizdagi ayrim g‘ayritabiiy holatlar ildizi ana shundan qidirilsa, bizningcha, haligidek biryoqlama talqinlarga hojat qolmasdi.
“Parizod” masalasida shuni aytish kerakki, undagi kelinchak obrazi – ramz, timsol, boringki, estetik idealdir, badiiy adabiyot shularsiz kun ko‘rolmaydi-ku. Obrazlar bilan ish tutadigan yozuvchining bunga haqqi borgina emas, bu uning burchi, vazifasi. O‘zingiz ta’kidlab turibsiz-ku, “adabiyotu san’atni mezonu qoliplarga sig‘dirib bo‘larmikan?” Shularga moslangan kuni u o‘sishdan to‘xtaydi, haligidek nusxakashlikka o‘tadi. Mashhur klassik fig‘on ila aytgan so‘zlarni eslang: “Bu dunyosi naqadar diqqinafas-a, afandilar!”
– Bugungi yozuvchi “Anna Karenina”yu “Urush va tinchlik”ka sig‘dirilgan mazmunni ikki yo uch yuz, nari borsa, besh yuz betlik kitobga sig‘diradi degan tasavvurim bor. Tan olish kerak, bugungi zamon har jihatdan, har sohadan ixchamlikni talab etmoqda. Bu adabiyotga ham ta’sir qilmay qolgani yo‘q. So‘nggi paytlarda jahon adabiyotida, undan ta’sirlangan holda o‘zbek adabiyotida ham “modern” otlig‘ jajji hikoyalar, ixcham qissalar, muxtasar romanlar yozish urfga kirdi. Epik ko‘lamdorlikni asar hajmi bilan belgilash mumkinmikan, umuman, yangilanayotgan adabiy jarayonning yetakchi xususiyatlari qaysilar deb o‘ylaysiz? Ehtimol, shakl zamonga moslashgan holda qisqarib, mazmun kuchayib borayotgandir, a?
– Savollaringizga zimdan o‘zingiz javob berib qo‘yarkansiz-a! Kuzatishlaringiz o‘rinli, do‘stim. Kechayotgan tezkor davr ruhiga mos adabiyotda ham ekspresslashuv, tig‘izlashuv, ana shuning hisobiga ixchamlashuv jarayoni yuz berayotgani bor gap. Epiklik tushunchasi hajmdan mazmunning teranligiga ko‘chayotirki, bu holni faqat olqishlamoq kerak. Voqelikning sirtqi tasviriga emas, mohiyatiga, ifoda usullariyu bevosita matnga e’tibor kuchaygani quvonarli xususiyatlardan desak bo‘ladi. To‘g‘ri-da, yuz betda ifodalash mumkin bo‘lgan mazmunni ikki yuz sahifa qilib cho‘zishning nima hojati bor?! Bu hol kechagi zamonda – kitobning hajmiga qarab qalam haqi to‘langan sharoitda qo‘l kelgandir; o‘sha davrning yozarmonlari yostiqdek-yostiqdek “polotno”lar yaratishga zo‘r berdilarki, bugun ularni o‘qiydigan serbardosh mard qani deng! Bir yozuvchi do‘stimning o‘qiganda kishi ichiga kirib yashaydigan romanlar yo‘q, deb qayg‘urgani esga tushadi; behisob voqea-hodisalarni qamraydigan serqatlam asarlarni nazarda tutgan edi u. Shunday asarni yozishga vaqt qani, uni o‘qishga toqat qani deyman men.
Nafsilamri, asar rostakamiga qiziqarli, sermazmun bo‘lsa, o‘qiyotganda uning hajmi, necha sahifadan iboratligi ham ko‘zingizga ko‘rinmaydi. Hadeb bir gapni chaynayveradigan, uzundan-uzoq, ahamiyatsiz tafsilotlar bayoniga qurilgan “polotno”lardan xudo asrasin! Ustoz Abdulla Qahhor aytganidek, unaqa narsalarni do‘ppingizni hidlab-hidlab o‘qimoqdan o‘zga chorangiz yo‘q. Bugungi kunning besabr kitobxoni esa “do‘ppisiz” – o‘qimaydi-qo‘yaqoladi, shuniki to‘g‘ri. Kechagi zamondagi ko‘plab “polotno”lar ana shunday qismatga loyiq topilgani bugungi adiblarimizga saboq bo‘lishi kerak.
– Bir paytlar Sadriddin Ayniyning “O‘tkan kunlar”ni yozayotgan Abdulla Qodiriyga bergan maslahati, Abdulla Qahhorning Shukur Xolmirzayev va O‘tkir Hoshimovga yozgan maktublari mashhur bo‘lgan ekan. Bugun ustoz ijodkorlar bilan yosh nasrchi-qalamkashlar o‘rtasida qandaydir uzilish borday. Bahs-munozaraga boy adabiy davralar ham kam o‘tkazilayotir, yosh yozuvchi-ijodkorlarning shakllanishida, ularga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatishda, savollariga javob berishda ustoz yozuvchilarning rag‘bati kamday. Hamma o‘z kunini o‘zi ko‘rayotgani uchunmi, kattalardan xafa bo‘lish o‘rinsizday tuyuladi ba’zan. Ayting-chi, o‘zingiz yoshlarni o‘qib turasizmi, umuman, kelajak adabiyotidan umidingiz qanday?
– Abduqayum Yo‘ldosh, Zulfiya Qurolboy qizi, Isajon Sulton, Nabi Jaloliddin va yana boshqa nisbatan yosh do‘stlarimning kitoblari qo‘limga tushsa, albatta o‘qiyman. Yaqinda “Jahon adabiyoti” majallasida Muhammad Sharifning bir turkum hikoyalarini o‘qib, o‘zim yozgandek xursand bo‘ldim. Har ko‘chada, ko‘ringan odamga shuni ta’riflab yuribman hozir. (Muallifiga maktub yozish kerak edi-ya!) “Jahonga bo‘ylashib” degan ruknda e’lon qilinibdi. Menimcha, rukn to‘g‘ri tanlangan, hikoyalar shunga munosib!
– To‘g‘risi, siz bilan suhbatlashishni uch yil avval reja qilgandim. Biroq ana-mana deguncha oradan shuncha vaqt o‘tib ketibdi. Endi o‘sha mahallarda sizga bermoqchi bo‘lgan savollarimning ichida: “O‘sha go‘zal asarlaringiz – “Anoyining jaydari olmasi”, “Otoyining tug‘ilgan yili” hali-hali sevib o‘qiladi. Biroq bugun o‘quvchilar “O‘tkan kunlar”, “Otamdan qolgan dalalar”, “Lolazor” kabi romanlarning shaydosi va gadosi. Shunday romanlarni yozishga qodir bo‘lgan yozuvchimiz shu kunlarda kinoga o‘ralashib qoldi…”, degani ham bor ekan. Bugun o‘sha fikrim o‘zgaribdi. Negaki, san’atni nozik tushunadigan ko‘pchilikning nazarida, sizning asarlaringiz asosida ishlangan kinolarning birortasi yomon chiqqani yo‘q. Kimning qo‘liga tushsa ham manaman degan film bo‘lyapti. Bir bilgich do‘stimizning aytganidek, bu filmlar o‘zbek kinosini yangi bir yuksaklikka olib chiqdi, boshqa o‘zanga burib yubordi. Festivalu tanlovlardan sizga va bu filmlarga oqib kelayotgan mukofotlar ham buni tasdiqlaydi.
– Bo‘ldi, bo‘ldi, savolingizga o‘tavering.
– Shunga qaramay, romanga ham qo‘l urdingiz. Balki tishim yaxshi o‘tmagani uchunmi yo boshqa biror sababmi, “Shovqin” meni “Dilxiroj”u “Zabarjad”, “Qarzdor”u “Parizod”chalik hayratlantirmadi. Ming bora uzr so‘ragan holda shuni aytmoqchimanki, bu asar menga go‘yo “Erkin A’zam roman yozmadi” degan gapdan qutulish uchun qoralangandek tuyulaveradi…
– Uzr so‘rab ovora bo‘lmang, do‘stim, ochiq iqroringiz uchun yana rahmat sizga. Har kimning ta’bi-da, “kimgadir yoqar lola, kim – atirgul shaydosi”. Didu ta’b bobida hakam yo‘q, insonning eng olijanob huquqlaridan biri ham shu.
Ammo “Shovqin” roman yozish uchungina bitilmagandir. Kaminangiz, shukrki, unaqa orzu-havaslar pallasidan o‘tib bo‘lgan, asarning qadru bahosi uning peshonasiga bosilgan tamg‘a – janriga qarab belgilanmasligiga aqli yetadi, qolaversa, ilgari ham bu ishga urinib ko‘rgan. Andak katta ketilsa ruxsatmi? Shu kitobni – shunday kitobni men yozmasam boshqa odam yozmas edi! Negaki, unda aks etgan manzaralarga shaxsan guvoh bo‘lganman, ular meni ko‘p zamon bezovta qilib, o‘ylantirib yurgan, yozilmasa uvoldek tuyuldi. Romanning qanday chiqqani esa boshqa masala. Nazarimda, kechagi kunlarimizdan naql etgan bu asar voqelik talqini va personajlarga yondashuv jihatidan birmuncha ilgarilab ketib yozilgan bo‘lsa kerak. Bu hol yaxshilikkami yo boshqami, unisini aytolmayman. Notanish narsa bir qarashda kishiga erish tuyuladi, g‘ashini ham keltirishi mumkin. Fahmimcha, siz mendan yana-tag‘in “Zabarjad”u “Parizod”larni kutgan chiqarsiz. Bir kirilgan suvga qaytib kirmoq behudaligini, xususan, adabiyotda bu hol fazilat sanalmasligini unutmasligimiz darkor.
Yana ham kim biladi deysiz…
– Oxirgi kinoqissangiz film qilinganiga ham, mana, bir yildan oshibdi. Fikrimcha, o‘shandan beri o‘zbek kinosida jimjitlik. Andishasiz gapiradigan bo‘lsak, rejissyorlaru xos muxlislar sizning “og‘zingiz”ni poylab qolishgandek. Endi ularni va bizlarni qachon xursand qilasiz?
– Osmonga ko‘tarvordingiz-ov. Birovni “xursand qila oladi”mi, yo‘qmi, aytay: shu yaqin kunlarda “Xonadon egasi” nomli film ekranga chiqsa kerak. “Tanho qayiq” degani esa kelgusi yil suratga olinishi mo‘ljallangan. Hozircha shu.
Fozil FARHOD o‘g‘li suhbatlashdi.