1. Kimdir adabiyotimiz yuksalish pallasida desa, kimdir buning aksini tasdiqlaydi. Sizningcha, qay biri haq va nega?
2. Hozirgi adabiy jarayondagi qaysi muammo sizni eng ko‘p tashvishga soladi? Ushbu muammoni bartaraf etishning qanday samarali yo‘lini ko‘rsata olasiz?
3. Keyingi paytda zamondosh adiblarimizdan kimlarning kitoblarini o‘qidingiz? Qaysi asar sizga ma’qul keldi-yu, qaysi asardan ko‘nglingiz to‘lmadi? Buning sabablari nimada?
Mazkur anketa yordamida bugungi adabiy jarayonning yutuq va kamchiliklari haqida bir qur fikrlashib olsak, foydadan xoli bo‘lmas. Axir, aytadilar-ku, “Kengashli to‘y – tarqamas”, deb. Shunday ezgu niyat ila anketamiz savollariga navbatdagi javobni e’tiboringizga havola etayotirmiz.
1. Aslida shunaqa qarama-qarshi fikrlarning bo‘lishi tabiiy va bu hol, meningcha, adabiy jarayon bilan emas, ko‘proq inson tabiati bilan bog‘liq. Qulog‘ingizga chalingandir, el ichida goho “falonu falonlardek adibu shoirlar o‘tib ketdi-ya, endi undaylar tug‘ilmasa kerak” qabilidagi gaplar eshitilib qoladi. Ayonki, bunday deguvchilar nazdida, bugungi adabiyotimiz — tanazzul holatida bo‘lmasa ham, depsinish, turg‘unlik holatida. Ularni ham tushunsa bo‘ladi. Negaki, kishi yoshlikda muhabbat qo‘ygan adibu shoirlarning dard-quvonchlari, orzu-intilishlari ko‘ngliga yaqinligi bois ular ijodini teran tushunadi, kitoblarini yutoqib o‘qiydi – alal-oqibat ularga sidqidildan ixlos qo‘yadi. Vaqt esa beayov o‘taveradi: yangi iste’dodlar maydonga chiqadi, ularning boshqalar qalbida aks-sado bergan dard-quvonchlari, orzu-intilishlari esa, ajabki, unga begonadek, tushunarsizdek tuyuladi. Xullas, bunday sharoitda avvalgilarning bugungi adabiyotda depsinish, keyingilarning esa yuksalish bor deb bilishlari sira ajablanarli emas.
O‘zimga qolsa, bugungi adabiyotda yuksalish borligiga shubha qilmayman. Lekin bu yuksalish, nazarimda, 60-yillarda boshlangan va 70-yillar adog‘ida kuchli tezlanish olgan yuqoriga tomon harakatning davomi, xolos. Shunga ko‘ra, muammoni biroz boshqacharoq qo‘yish kerakka o‘xshaydi: yaqin o‘tmish adabiyoti berib turgan quvvat manbai yana qanchaga yetar ekan? Adabiyot, umuman, badiiy tafakkur rivojini ta’minlovchi yangi quvvat manbalarini ocha bilamizmi? Hozirgidek “Oqqan daryo — oqaveradi”, degan o‘yda xotirjam yuraversak, o‘sha daryo irmoqlariga suv berayotgan buloq ko‘zlari yopilib ketmasmikan?..
2. Nazarimda, eng katta muammo – hozirgi adabiyotning o‘quvchini boy bergani. Albatta, buning turli-tuman sabablari bor: televideniye, internet rivoji, kitob nashri va savdosi tizimining bozor sharoitiga moslasha olmayotgani… Unday desak, qirqqa kirmay qirqdan ziyod kitobi (kattagina tirajlarda!) chop etilgan adiblar, yiliga uch-to‘rttadan to‘plamini “armug‘on” etayotgan shoirlar ham bor-ku?! Endi kitob muqovalaridan viqor bilan boqib turgan shu adibu shoirlar yoniga “Qirq yildan beri qalam tebratib kelaman, uyushma kitobimni chiqarib berarmikan” yoki “Iltimos, nashriyot hisobidan kitobimni chop etib bersangiz” mazmunidagi arizalari bilan turli idoralarga qatnab yurganlarni qo‘yib ko‘ring. Yo‘q, bu holni birinchi toifa yozgan bitiklarning ommabop, ikkinchi toifa yaratgan asarlarning esa yuksak adabiyotga daxldorligi bilangina izohlab bo‘lmaydi.
Bas, o‘zini yuksak adabiyotga doxil sanovchilar avom didiyu istaklariga moslashayotgan ijodkorlar, ularning qo‘lma-qo‘l bo‘layotgan saviyasi past asarlarini har qancha tanqid qilmasinlar, bu nav adabiy mahsulotni iste’mol qiluvchilardan har qancha nolimasinlar — hech narsa o‘zgarib qolmaydi, o‘quvchi uchun kurashmoq kerak. O‘quvchini jalb etishning birlamchi sharti esa o‘qishli asar yozishdir. Biroq o‘qishlilik – avom didiga moslashish emas, balki hayotning teran badiiy idroki, inson qalbiga chuqur kirib borishu badiiy mahorat hisobiga bo‘lmog‘i darkor. Ikkinchidan, bozor sharoitida yashayotgan ekanmiz — “Zamon senga boqmasa, sen zamonga boq” deydilar — bozorchasiga ish tutish ham kerak. Ya’ni bozorga mol olib chiqar ekansiz, “Kep qoling, op qoling!..” deya tomoqni zo‘riqtirish ham zarur bo‘ladi.
Aytmoqchimanki, yuksak adabiyotni kimdir targ‘ibu tashviq qilib bermaydi — mualliflar o‘zi bunga yeng shimarib kirishmog‘i darkor. Qalam ahli rasmiy taklif yoxud maxsus tayyorgarlik — poyondozlar, guldastalar, yakundagi sovg‘a-salomlaru ziyofatlarni kutmay, o‘quvchi omma ichiga kirib borishi — yonib she’r o‘qishi, asarlari haqida o‘quvchi bilan fikr almashishi, ular qalbiga yo‘l topishiyu o‘zi ham ularga yuragini ochishi — hozir judayam kerak. Agar “Mening vazifam — yozish!” degan iddao bilan cheklanilsa, hademay o‘quvchi ommaga yo‘l topish yanada qiyinlashadi. Zero, kun sayin mutolaa madaniyatidan uzoqlashib borayotgandekmiz: Abdulla Qahhorning “Bemor”ida daxriylik “kashf etilishi” va Abdulla Oripovning “Qachon xalq bo‘lasan, sen — ey olomon!” degan olovli misrasini, she’r kontekstidan butkul ko‘z yumgan holda, “kommunistik g‘oyalarga to‘la satr” deb talqin qilinishini ma’qullab “layk” bosuvchilar paydo bo‘layotgani shundan nishonadek ko‘rinadi menga. Darvoqe, ilgarilari badiiy asarni ijtimoiyotdan kelib chiqib tushunish va baholashni “vulgar sotsiologizm” deya qoralash urfda edi, yuqoridagi holni “vulgar nimaizm” desak bo‘ladi?..
3. Mutaxassis sifatida o‘qishdan ko‘ra qayta o‘qish, diqqat bilan o‘qish kabi amallar bilan ko‘proq band bo‘larkan odam. Shu jihatdan, masalan, Xurshid Do‘stmuhammad asarlarini bir sidra qayta o‘qidim, “Donishmand Sizif”ni esa, ikki-uch bor. Yozuvchining o‘arb bilan ijodiy bahsi haqida bir nima yozmoqni niyat etgandim, hali pishib yetilmadi chog‘i, to‘kilmay turibdi. So‘nggi vaqtlarda yana Ahmad A’zam asarlarini takror o‘qidim — ularni bir butun hodisa o‘laroq anglashga harakat qildim. Luqmon Bo‘rixonning “Quyosh hali botmagan” qissasi juda ma’qul tushib, buning sabablarini qoralagim keldi, shu asnoda yozuvchining boshqa asarlarini-da qayta varaqladim — ayni reja ham ortga surilib turibdi…
Aytganlarimdan adabiy jarayonni izchil kuzata olmayotganim, so‘nggi vaqtda yaratilgan asarlarning ko‘pini o‘qiyolmaganim, xullas, orqada qolayotganim ro‘y-rost ko‘rinib turibdi. Albatta, bu hol uchun kaminani yanishlari mumkin, “zimmasidagi vazifani bajarmayapti ekan”, deb. Sirasini aytganda, tanqidchi o‘laroq ozmi-ko‘pmi tanilganki odam bo‘lsa, maqomi — shu. Shuni o‘ylasam, tanqidchiligimizni tanqid qiluvchilar azbaroyi jo‘shib ketganda “Bizda tanqid o‘lgan!” deya iddao qilishlari g‘alat ko‘rinadi: o‘zi yo‘q narsa qanday o‘ladi?!
Dilmurod Quronov, filologiya fanlari doktori, professor
“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 2018 yil, 45-son