– Anvar aka, har bir sohada, ayniqsa, ijodda iste’dodning ahamiyati beqiyos, deymiz. Sizningcha, iste’dod insonga tug‘ma beriladigan ilohiy tuhfami yoki keyin shakllanadigan ko‘nikmami? Iste’dodni toblash uchun yosh ijodkor nimalarga e’tibor qaratishi lozim deb hisoblaysiz?
– Iste’dod qondan qonga o‘tadigan, ayrim insonlarga bo‘nak sifatida beriladigan taqdirlov bo‘lsa kerak, deb yuraman o‘zimcha. Balki, biron-bir maqsadga tirishqoqlanib intilaverish, o‘ta mehnatsevarlik orqali yuksak malakaga erishsa bo‘lar; tug‘ma iste’dod egasi esa, hatto yalqovlikda ham, e’tiborni tortuvchi qirralari bilan bo‘lak yalqovlardan yaqqol ajralib turaveradi. Kishidagi iste’dod, asosan, zahmatlardan cho‘chimaslikda, uzluksiz izlanishlarda, bilimdonlar bilan suhbatlashuvlarda, bahslarda, faoliyatdagi domiy bellashuvlarda kun sayin toblanaveradi. Parvarishlab borilmagan iste’dod ekilganicha qarovsiz qolib ketgan ko‘chatni eslatadi.
– Ijodkorning xarakteri uning uslubini belgilaydi, degan gap bor. Demak, yozuvchi yoki shoir o‘z tabiatiga sodiq qolishi, uni turli ta’sirlardan asrab-avaylashi orqali, aytish mumkinki, o‘ziga xos uslubini shakllantiradi. Shundoq bo‘lsa ham, barcha ijodkorlarning shaxsiyatida qaysi jihatlar mujassam bo‘lishi shart deb hisoblaysiz?
– Ola-bula rangga bo‘yalgan mushuk yo‘lbarsga aylanolmaydi. Biz ijodda, kimlargadir havas qilib, taqlid qilib, o‘zimizni boshqacha ko‘rsatishga nechog‘li urinmaylik, u yoki bu voqelikka munosabat bildirishda, baribir, kimligimiz ochilib qolaveradi. O‘zligimizdan qolmaganimiz yaxshi. Siz haqsiz – menligiga sodiq adibning ijod uslubi, asosan, uning xarakteri hududida shakllanadi, ozmi-ko‘p o‘ziga xoslik aynan shu jarayonda hosil bo‘la boradi.
Ijodkor shaxsiyatida qanday jihatlar mujassam bo‘lishi kerakligiga kelsak, birinchi navbatda, qaysi yurtning fuqarosi, qaysi millatning farzandi ekanligini hayotda ham, ijodda ham kunu tun his qilib turishi shart. Badiiy adabiyotdan tashqari, avvalo, o‘z elatining kechmishiga, madaniy-ma’naviy merosiga, buyuk allomalariga, dovruqli arbobu sarkardalariga oid tarixiy asarlar bilan imkon qadar ko‘proq tanishib borishi behad foydalidir. Jahonni tanish o‘zligini tanishdan boshlangani ma’qul. Oddiy odamlar bilan ko‘proq birga bo‘lish adib uchun mahorat akademiyasi vazifasini o‘tashiga shubham yo‘q. Shundagina, uning yozganlari o‘zbekning og‘aynisiga aylanadi. Xalq tilidagi go‘zalliklarni, iboralaridagi teranliklarni, pisandalaridagi o‘tkirliklarni hech bir “imlo lug‘ati”dan, hech bir “izohli lug‘at”dan, hech bir ilmiy-ma’rifiy asardan topib bo‘lmaydi. Ularni rasmiyatchilik soya solmaguchi chapanicha suhbatlardan, ulfatona chaqchaqlashuvlardangina “o‘marish” mumkin.
– Samimiyat – adib uchun eng muhim fazilatlardan biri, deyishadi. Siz ijoddagi samimiyatni qanday tushunasiz?
– Ijoddagi samimiyat – o‘z qurbing darajasidan balandroqqa sakrashga chiranmaslikda, o‘zingda yo‘q narsani bordek ko‘rsatishga urinmaslikda namoyon bo‘ladi, chamasi.
– “Ajinasi bor yo‘llar” kitobingiz aynan samimiyati, rost ifodalari bilan o‘quvchini rom qiladi. Shaxsan o‘zim ham kitobning ayrim joylarini yayrab kulib, ayrim joylarini yig‘lab o‘qidim. Asarda nafaqat ba’zi birovlarni, o‘zingizni ham ayamagansiz. Holbuki, biz o‘qigan ko‘plab memuarlarda muallif faqat o‘zining yutuqlari, ijobiy fazilatlari haqidagina to‘xtaladi. Sizning asaringizda esa “Boburnoma”ga xos to‘g‘riso‘zlik, mardona ruhni ko‘ramiz. O‘zingiz haqingizda bunday rost, ochiq kitob yozishga sizni nima undadi? Agar imkoni bo‘lganda, ana shu umr sahifalarining qayerlarini o‘zgartirgan, qayta yozgan bo‘lardingiz?
– Bu asarda meni borini boricha yozishga undagan asosiy omil kitobxonlarni sirdosh oshnalarim deb tasavvur qilganim bo‘lsa, ajabmas. Iloji bo‘lganida, ya’ni kitobni ortiqcha semirtirib yuborishdan cho‘chimaganimda, eng avvalo, o‘tgan umrim mobaynida menga xolisona yaxshilik qilgan ming-minglab kishilar to‘g‘risida birma-bir to‘xtalgan, zig‘irdekkina muruvvat ko‘rsatganlarni ham alohida tashakkurlar bilan tilga olib o‘tgan bo‘lardim. Ko‘lami, ahamiyati nechog‘li ekanidan qat’i nazar, har qanday yaxshilik mukofotga loyiqdir.
– “Mukofot” degan gapingizni eshitib, bir narsa yodimga tushib qoldi. Ijodkor do‘stlarimizning aytishicha, Toshkent davlat pedagogika universitetida bo‘lgan ijodiy uchrashuvda ko‘p yillar oldin Yozuvchilar uyushmasida mas’ul vazifalarda ishlagan ardoqli adibimiz Nosir Fozilov siz haqingizda so‘zlab, Anvarjonning qaysarlik tomonlari ham bor, uni ikki-uch marta adabiy mukofotga, bir marta yoshlar tashkiloti mukofotiga loyiq topganimizda, nimagadir, olmayman deb turib olgan edi, degan ekan. Nima sababdan olishni istamagansiz?
– Nega istamas ekanman? Aslida, ichimda xohlab turganman. Faqat, bunaqa mukofotlarni o‘ntacha kitobim bosilib, anchagina tanilib bo‘lganimdan keyin emas, nashriyotlarga yo‘lim ochilishida foydasi tegadigan paytlarda, ya’ni ikkinchi yoki uchinchi kitobim chiqqanidayoq berishlari kerak edi, deb o‘zimcha arazlaganman, xolos.
– Ochig‘ini aytsam, balandparvozroq javobni eshitsam kerak, deb turgandim. Kutilmaganda, usta Gulmatdek to‘g‘risini aytib qo‘ya qoldingiz. Darvoqe, siz kashf etgan usta Gulmat, Kulkul afandi “devon”lari o‘quvchilar orasida mashhur. Hatto adabiyot tarixida shunday mumtoz shoirlar o‘tgan ekan-da, deb o‘ylovchi soddaroq muxlislar ham topilib turganini bilamiz. Bunday g‘aroyib asarlarning tug‘ilishiga ilkavval nima sababchi bo‘lgan? Bunday yondashuv, uslubning sizga bergan qulayligi, an’anaviy hajviyotdan ko‘ra ustunligi nimada? Va yana bir savol – sizning tasavvuringizdagi Gulmat va Kulkul asosan nimasi bilan bir-biridan ajralib turadi?
– Gulmatning tug‘ilishiga buyuk Abdulla Qodiriyning Kalvak maxzum, Toshpo‘lat tajang haqidagi ichakuzdi hajvlari sabab bo‘lgan. Shunaqa chapanilar shoir bo‘lishga intilsa, qanaqa she’rlar to‘qigan bo‘lardiykin, deb o‘yladim-u, beixtiyor yoza boshladim. Bir-ikkitasini barmoq vaznida bitdim. Nimadir yetishmayotgandek tuyulaverdi. O‘ylab ko‘rsam, Kalvak maxzumga zamondosh bo‘lgan “eskicha shoir”ga g‘azal janri ko‘proq yarasharkan. Aruzga uncha epim bo‘lmasa ham, tavakkaliga yozaverdim. Gulmat qahqahalarining an’anaviy hajviyotdan farqi, qulay tomoni (ustun tomoni demaganimiz tuzuk) shunda ediki, o‘n to‘qqizinchi asrning oxirlari, yigirmanchi asrning boshrog‘ida yashab o‘tgandek taassurot uyg‘otuvchi bu yasama shoir tilidan o‘sha saksoninchi yillarning qolipiga sig‘maydigan ancha-muncha tig‘dor so‘zlarni aytish imkoniyati tug‘ilgandi. Senzurachilar ulardan ba’zilarini gazeta-jurnal sahifalaridan olib tashlasa-da, bu qadim zamondagi gaplar-ku, degan bahona bilan noshirlar bir qismini chop etib turishardi. Keyin, Gulmatning nevarasi Kulkul afandi paydo bo‘ldi. Ikkovining orasidagi asosiy farq shuki, Kulkul afandi buvasidan ko‘ra birmuncha zamonaviy.
– Hajviy she’rlaringiz mumtoz adiblarimiz ifodasiga, tiliga yaqin uslubda yozilgan. Buning sabablarini hozirgina aytdingiz. Bu usul hajviy adabiyotimizda urfga aylandi. Hatto qiziqchilar, askiyachilar ham shu yo‘lga o‘tib, odamlarni kuldirgan paytlar bo‘ldi. Bunday she’rlar barmoq vaznida yozilsa, ta’sir kuchini yo‘qotadimi?
– Bu hajvchining mahorati darajasiga bog‘liq. Masalan, Erkin Vohidovning “Matmusa” turkumidagi hangomalari barmoq vaznida bitilgan bo‘lishiga qaramay, Gulmatdan ko‘ra mashhurroq bo‘lib ketdi.
– Kichkintoylarga atalgan biri falsafiy, biri yumoristik she’rlar, bolalarbop g‘azallar, qissalar, hikoyalar, pesalar – ijodingizning yirik bo‘g‘inlari. Kattalar uchun ham turli janrda jozibador asarlar bitgansiz. Albatta, ularning har biri siz uchun nihoyatda qadrli. Ammo, shunday bo‘lsa ham, ayting-chi, agar sizga shulardan faqat biri bilan shug‘ullanish talabi qo‘yilganida, qaysi birini tanlagan bo‘lardingiz?
– Sira ikkilanib o‘tirmay, bolalar she’riyatini tanlardim, albatta. Bolalarga qo‘ldan kelgancha yaxshilik qilib yashashdan ortiqroq saodat yo‘q men uchun.
– Bolalarga yozish o‘ta mas’uliyatli ish ekani ko‘p bor aytilgan. Chunki, egri g‘oyali asar bolalarning murg‘ak ongini bir umrga majruh qilib qo‘yishi mumkin. Shu bois, kichkintoy kitobxonlarga atalgan she’r, hikoya, qissalar qiziqarli bo‘lishi bilan birga, ularning mohiyatiga ulkan umuminsoniy, ezgu g‘oyalar jo qilinishi kerak. Shundan kelib chiqib, so‘ramoqchiman – yosh o‘quvchilarga taqdim etilayotgan asarga kattaroq falsafiy ma’no yuklashda uning zerikarli, “og‘ir” bo‘lib qolmasligini ta’minlash uchun adib nimalarga e’tibor berishi, nimalarga rioya qilishi lozim?
– Bolaga atab yozilayotgan asarni ovqat deb faraz qilsak, o‘ta issiq bo‘lsa, og‘izni kuydiradi; o‘ta sovuq bo‘lsa, ichakni shamollatadi. Ammo, ikkovidan ham xavflirog‘i – butkul bemazasi, bitta tuzi past asar bolani kitobdan umrbod bezitib tashlashi hech gapmas. Shu bois, bolalarga yozayotganda, adib o‘zini ularga o‘yinchoq yasayotgandek tutib, ularda bu narsaga qanday qilib ko‘proq qiziqish uyg‘otish mumkinligini, farzandlarimizni u nimalarga o‘rgatishi bilan alohida ahamiyat kasb eta olishini oldindan chamalab turmog‘i lozim. Bolalarga bag‘ishlab yozishda kichkintoylar tushunchasidan, ularning o‘ziga xos atvoridan, odmiginga fikrlashlaridan, shiringina, soddagina gaplashuvlari doirasidan ortiqcha uzoqlashib ketmaslikka rioya qilish talab etiladi. Eng qiyini mana shuni uddalashdir. Bolalarning tabiatiga yot kitob bolalarga qo‘shilib “o‘ynolmaydi”.
– Kitoblari o‘nlab xorijiy mamlakatlarda chop etib kelinayotgan nomdor adibimiz Xudoyberdi To‘xtaboyev Yozuvchilar uyushmasida bo‘lgan yig‘inda ijodingiz haqida to‘xtalib, Erkin Vohidov, Abdulla Oripovlar kattalar adabiyotida qanday tub o‘zgarishlar yasagan bo‘lsa, Anvar Obidjon bolalar adabiyotida xuddi shunday inqilob qildi, uning asarlarini allaqachon jahonga olib chiqishimiz kerak edi, degan gaplarni aytdi. Siz o‘zingiz tarjima masalasiga qanday qaraysiz?
– O‘zimdagi kamchiliklardan biri – boshqalarning asarini tarjima qilishga hafsalam yo‘qligi. Marshakning besh-oltita she’rini o‘zbekchaga o‘girib, qancha-qancha totligina so‘zlarni, ko‘rkamgina iboralarni birovning she’riga ishlatib yubordim-a, deb ichimda tixirlanganim esimda. Keyinroq belorus adibasi Olga Ipatova mening “Alamazon va uning piyodalari” kitobimni, ba’zi she’rlarimni ruschalashtirib, o‘zining bir qissasini ham o‘zbek tiliga o‘girishimni so‘raganida, yo‘q deyolmagandim (uning ishi manzur bo‘lmay, Alamazon haqidagi asarimni, picha vaqt o‘tgach, o‘zbekchani suvdek ichvoradigan Zoya Tumanovaga boshqatdan tarjima qildirganman). She’rlarimni o‘zbekistonlik, rossiyalik bir necha qalamkashlar ruschaga aylantirib ko‘rishgan. Ochig‘i, aksariyati ko‘nglimga o‘tirmagan. O‘lmas Umarbekov (iloyim, u kishining oxirati obod bo‘lsin) Yozuvchilar uyushmasi raisi ekanida, meni yo‘qlatib, bolalarga atalgan she’rlaringizni ruschaga so‘zma-so‘z tarjima qildiring, o‘zim ularni Moskvadagi nashriyotga topshirib, kitobingizni bostirib beraman, deb qoldi. Shunda men “noshukurchilikka o‘tib”, o‘zimizdagilardan, moskvaliklardan to‘rt-beshtasi she’rlarimni yengil-elpigina o‘girib yuribdi, siz aytayotgan nashriyotidagilar ham to‘plamimni o‘rtacharoq tarjimonlarga berishi mumkin, to o‘zimbop tarjimonni topmagunimcha shoshmay tursak maylimi, desam, hayronlanib tikilib qolgandi.
Umuman olganda, men, avvalambor, o‘zbek bolalari uchun yozaman. Aholimizning o‘n milliondan ziyodini tashkil etuvchi farzandlarimizning, loaqal, yuztadan bittasiga taniqli bo‘lib olsam ham katta gap, menga shuning o‘zi yetadi, shuning o‘zi ulkan baxt.
– Mashhur shved bolalar yozuvchisi Astrid Lindgren 1978 yili “Tinchlik mukofoti”ni olish chog‘idagi nutqida bolalarga jismoniy jazo berishning jiddiy oqibatlari haqida so‘zlagach, Shvetsiyada bolalarni urib jazolash qonunan taqiqlanadi. Yosh avlod qalbi va ruhiyatini yaxshi bilgan adib sifatida ayting-chi, bola tarbiyasida qattiqqo‘llik va erkalatishning me’yori, mezoni qanday? Bugungi ota-onalar, o‘qituvchilar yo‘l qo‘yadigan eng asosiy xatolar nimalardan iborat, sizningcha?
– Bolalarning baxtli hayotini, haq-huquqini himoya qilish butun dunyoning, jumladan, mamlakatimiz rahbariyatining-da diqqati markazida bo‘lib kelmoqda. Birlashgan Millatlar Tashkilotining “Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi”da bolalar haq-huquqiga oid maxsus bo‘limlar ham bor. Deklaratsiyalar, qonunlar yaxshi, ammo hayot boshqa narsa ekan – aynan shu masalada o‘zini jonkuyardek ko‘rsatib kelayotgan ba’zi davlatlarning askarlari bugun u yoki bu mintaqada bolalarning ustidan ayovsiz bomba yog‘diryapti, ularni yetimlarga, qochqinlarga aylantiryapti. Olamdagi barcha bolalarni o‘z farzandlarining, o‘z uka-singillarining o‘rniga qo‘yib ko‘ra oladigan mehrli, oqko‘ngil insonlarni tobora ko‘proq tarbiyalab yetishtira olsak edi, ayrim zo‘ravonlar buzishi mumkin bo‘lgan qonunlarni nazorat qilishga tugalay hojat qolmagan bo‘larmidi…
O‘z farzandlarimning dastlabki tarbiyaga muhtoj davrlari mening Toshkentdan ish topish uchun bir necha yil sarsonlanib yurgan, ish topganimdan keyin ham, to uyli bo‘lgunimcha, ulardan olisda yashab turgan paytlarimga to‘g‘ri kelgani bois, bolani to‘g‘ri o‘stirish bo‘yicha uquvli otalar qatoriga qo‘sholmayman o‘zimni. Shunga qaramay, ushbu soha mutaxassislarining fikrlari, namunali oilalarni ko‘rib-kuzatishdan yasagan xulosalarim, qadimiy udumlarimiz tubida yotgan noyob-noyob saboqlardan kelib chiqib aytishim mumkinki, ota-onalar qattiqqo‘llik bilan yovuzlikning, erkalatish bilan taltaytirishning orasidagi chegarani aniq his eta olishi bola tarbiyasida o‘ta muhimdir. O‘ylashimcha, biz ota-onalar, o‘qituvchi-murabbiylardan ayrimlarimizning eng yirik xatomiz – har bir bolaning fe’l-atvoriga qarab, har biriga ayricha-ayricha munosabatda bo‘la olishni goho to‘kis o‘rinlatolmaymiz.
– Jamiyatimiz katta yangilanishlar, o‘zgarishlar ichida yashayapti. Bugun mamlakatimizda adabiyotga, kitobga qaratilayotgan e’tibor har qanday ziyolini, ayniqsa, ijodkorni quvontiradi. Mana, yaqinda ustoz Erkin Vohidovning 80 yilligi keng nishonlandi. Uchrashuv va tadbirlar hozir ham o‘tkazilyapti. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning kitobxonlikni kuchaytirishga qaratilgan farmoyishi e’lon qilindi. Bunday amaliy harakatlar, shubhasiz, sizni ham xursand qilgani tabiiy. Xo‘sh, bu borada qalam ahli qanday amaliy ish qilishi zarur? Bu ezgu jarayonda yozuvchilarning ishtiroki, hissasi qanday bo‘lmog‘i kerak?
– Prezidentimizning suyukli shoirimiz Erkin Vohidov yubileyini bayramona nishonlash to‘g‘risidagi qarori adabiyot ahlining qalbida katta ko‘tarinkilikni yuzaga keltirdi, desam, hech qanday mubolag‘a bo‘lmaydi. Yurakdan chiqarib xizmat qilsang, bu yurtda albatta qadr topasan, degan tushuncha o‘lkamizdagi har qaysi adibning bir kuchiga o‘n kuch qo‘shishi tabiiydir. Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning “Ijod” fondini tashkil etish tashabbusi, avvalo, adiblarning faoliyatini keskin jonlantirishga keng sharoit yaratgan bo‘lsa, bugun Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning kitobxonlikni kuchaytirishga qaratilgan farmoyishi adabiyotning xalqimiz ma’naviyatini o‘stirishga yanada ko‘proq, samaraliroq xizmat qilishini yangi, yuksak bosqichga ko‘tardi. Ayniqsa, kutubxonalarni ko‘paytirib, eng zarur kitoblar, jumladan, bolalarga mo‘ljallangan adabiyotlar bilan boyita borishga oid gaplardan boshimiz osmonga yetdi. Biz bu g‘amxo‘rliklarga javoban yurtdoshlarimizning, birinchi galda, yosh avlodning Vatan oldidagi muqaddas burchlarini chuqurroq anglab yetishiga ulush qo‘shaverishdan, tinchlikni, halol mehnatni, ahil-inoqlikni qadrlashga chorlovchi asarlar yarataverishdan charchamasligimiz lozim. Bu jarayonda mehnatkashlarning ichiga kirib, ko‘proq gurunglashib tursak, ularning ko‘nglidagi gaplarga ohangdosh asarlar yaratsak, ularni yangi-yangi yutuqlar sari ruhlantiraversak, yurtimizda amalga oshirilayotgan biri biridan ulug‘vor yumushlarda o‘z hissamiz borligidan haqli ravishda faxrlanib yuradigan bo‘lamiz. Ushbu yilning “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” deb atalishi faqat boshqaruv idoralari xodimlariga emas, biz ijodkorlarga ham tegishlidir, degan fikrdaman.
– Umuman, ijodkorning xalq ichida bo‘lishi nimalarda ko‘rinadi?
– Bu – adib yozgan asarning mazmunida, mohiyatida namoyon bo‘ladi. Yuzaki kuzatishlarga tayanib, boshqa kitoblardan olingan taassurotlardan ta’sirlanib bitilgan xonaki asar quruq chiqadi. Syujetlardan syujet, falsafalardan falsafa yaratish ham oson ish emas, lekin badiiy asardagi topilmalar, yangicha falsafiy talqinlar qanchalik salmoqdor bo‘lmasin, kitobdagi voqealar real turmushimizning aniq-tiniq manzaralari, tirikchilikdagi muammolarning borliq mayda-chuyda ko‘rinishlari bilan chambarchas bog‘lana olmagan bo‘lsa, o‘quvchi adibning mahoratiga uncha tan beravermaydi. O‘zi chegachilik qilmagan esa-da, jilla qursa, chegachi bilan osh-qatiqlashib yurmagan qalamkash o‘z asariga bu kasb egasi obrazini aralashtirmagani durustmikan, deyman-da. Qisqasi, xalqning ichidan chiqib kelgan adibning kitobi xalqning ichiga osonroq kirib bora oladi.
– Yetmishga to‘lganingiz munosabati bilan turli tadbirlar, uchrashuvlar o‘tkazilyapti. Ulardan olayotgan taassurotlaringiz to‘g‘risida ham to‘xtalsangiz.
– O‘zimga, ijodimga qaratilayotgan bunday samimiy e’tibordan xursandman, albatta. Bu mamlakatimizda qalam ahli e’zozlab kelinayotganining yaqqol misollaridan biri, deb o‘ylayman. Uyushmamiz rahbariyati tabarruk ustozlarim, qalamdosh qadrdonlarim, adabiyot ixlosmandlari ishtirokida chiroyli tadbir o‘tkazib berdi. Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida ijodiy faoliyatimga bag‘ishlanib, respublika miqyosida ilmiy-amaliy anjuman tashkil etildi; poytaxtdagilardan tashqari turli viloyatlarda yashovchi taniqli adabiyotshunoslardan ayrimlari ham tashrif buyurishdi, ularning asarlarim haqidagi tadqiqotlarini alohida kitob qilib chiqarishdi. Goho, ko‘zlarimga ishongim kelmaydi…
Uchrashuvlar davom etib turibdi. Shular ichida, g‘oyibona tarzdagi kutilmagan bir uchrashuv yuragimni boshqacha to‘lqinlantirdi. Andijon viloyatidagi ko‘zi ojizlar muassasasiga qarashli kutubxonaning Marg‘ubaxon ismli xodimi qo‘ng‘iroq qilib, men hozir shahrimizdagi 24-maktabning ikkinchi “a” sinfi o‘quvchilari orasida turibman, telefonimiz radiokarnayga ulab qo‘yilgan, bolalar sizni tug‘ilgan kuningiz bilan qutlamoqchi bo‘lishyapti, dedi. Ortiqcha hayajonlanib ketganimdan, lol turib qoldim. Oldin, sinf rahbari Muxtasarxon meni tabriklagan bo‘ldi, so‘ng, o‘quvchilardan ba’zilari bilan savol-javob qildik, ba’zilari she’rlarimni yoddan o‘qib bera boshladi. Ulardan bittasi, qatordan qolishni istamadi shekilli, Anvar bobomniki deb boshqa shoirning she’rini ham jaranglatib o‘qib tashladi. Buni sezmaganga olgan bo‘lsam-da, o‘zimning bolalikdagi quvligim esimga tushib, shunaqangi maza qilib kuldimki!
Bunday tadbirlarni uyushtirayotgan tashkilotchilardan, menga cheksiz ehtirom ko‘rsatib, qimmatli vaqtini ayamay yig‘inlarga kelayotgan mo‘tabar ustozu do‘stlarimdan, aziz she’rxonlardan juda-juda minnatdorman.
– Bizdan vaqtingizni ayamaganingiz uchun sizga ham rahmat. Siz kabi atoqli adiblarga havasi keladigan, elga manzur ijodkor bo‘lishni orzu qiladigan yoshlar behisob. Tahririyatimiz eshigini eng ko‘p taqillatadiganlar ham ana shunday yosh, umidvor qalamkashlar. Ularga qanday tavsiyalaringiz bor?
– O‘zingizni adib deb atashdan qo‘rqmang, o‘zgalar sizni adib deb atamasligidan qo‘rqing!
Orif Tolib suhbatlashdi.
«Yoshlik» jurnali, 2017 yil, 1-son