Toshkentdagi ulkan tomosha zali bir zum jimiydi-yu, so‘ng yana kulgidan titrab ketadi. Ko‘zlar Raykinga qadalgan. Yana kulgi.Kulgi, kulgi, kulgi…
—U kishining saxnada eson-omon chiqib turishining o‘zi katta davlat. Yetmishdan oshgan odamning kuniga ikki-uch mahal kontsert berishi osonmi? Buning ustiga sog‘lig‘i, — deydi menga Arkadiy Raykinning yordamchisi, u bilan uchrashib suxbatlashishim haqidagi barcha umidlarimni puchga chiqarib.
Ammo men uning so‘zlariga, ya’ni Raykinning sog‘lig‘i yomonligiga ishonmayman. Uning o‘sha kungi kontsertlarini ko‘rgan birortayam odam bunga ishonmasdi. Sababi, shu qadar serxarakat, shu qadar xushchaqchaq ediki u! Yana deng, qop-qora ko‘zlaridagi uchqun bir on xam so‘nmasdi. yordamchi Raykinning vaqtini qizg‘anib kasal deb aytgan, degan fikrga bordim. Va oxirgi kontsert kuni Arkadiy Isaakovichni bezovta qilishga jur’at etdim.
So‘nggi nomer tugashiga bir necha daqiqa qolganida, sahna biqinidagi xonaga (Raykin shu joyga kelishini bilardim) olib boruvchi yo‘lakka o‘tib, uni poylay boshladim.
Kontsert tugadi. Mana, xozir chiqadi. Ammo… Raykinni ikki odam (ulardan biri menga tanish o‘sha yordamchi) suyab kelar, rangi bo‘zday oqarib ketgan, yuzlari jiqqa ter… Yordamchi menga o‘girildiyu: “Muncha xira bo‘lishmasa bu muxbirlar!”deb, yeb qo‘ygudek o‘qraydi.
Men esa Arkadiy Isaakovichga salom berdimu kelganimga ming pushaymon bo‘lib, xijolatdan nimaqilishimni bilmay, garang odamday qaqqayib turaverdim…
Nafasimni o‘nglab, endi tashqariga chiqmoqchi bo‘layotganimda allakim chaqirdi. Qarasam — Raykinning yordamchisi. “Ming qilsayam juda olijanob-da Arkadiy Isaakovich… Yo‘qsa… Sog‘lig‘ini o‘zingiz kO‘rdingiz. “Jurnalistni bekor xafa qilding, chaqir” emish…Nima keragi bor edi sizga bu yerga kelib turishning… Mayli,yigirma minutdan keyin kiring. Lekin ko‘p gaplashmang!”
Unga minnatdorchilik bildirib, ikkilana-ikkilana, xonaga kirdim. Arkadiy Isaakovich xali xam bir axvolda edi. “Rahmat aytib chiqib ketsammikan?”
— Qani, mundoq o‘tirib, o‘zingizni tanishtiring-chi.
— Meni kechiring, Arkadiy Isaakovich…— deyman chaynalib
— He, qo‘ysangiz-chi. Odam qarigandan keyin shunday bo‘larkanmi o‘zi… (kuladi). Aslo xijolat chekmang. Meni deb redaktoringizdan gap eshitmang tag‘in. Bilasizmi, suhbatlashishni yoqtiraman o‘zi. Har bir suhbatdan ancha narsa olib, keyin ulardan foydalanaman.Hozir bo‘lmasa,bir-ikki yildan so‘ng…
Muloqotimiz shu tariqa boshlandi.
— Hazilni tushunmagan odamga munosabatingiz?
— Esingizdami Chexovning gaplari. “Hazilni tushunmagan odamning umri zoye ketdi deyavering! Peshonasi qancha do‘ng bO‘lsa-da, bunday odam baribir aqlli emas”.
— Ardovning “Raykinning xayotda qanday kulishini juda kamchilik biladi. U baralla xoxolab kulishga tortinadi, sezilar-sezilmas entikib jilmayadi-da, ko‘zlarini ayyorona qisib, atrofga quvona-quvona boqadi”, degani yodimga tushdi.
— Kulgim shunday tuyulgandir unga… Kim biladi?!
— Menimcha esa, Siz juda qattiq kulasiz, ayniqsa, sahnada.
— Aktyor doimo tomoshabinlar bilan qo‘shilib kulishi kerak. O‘zi yurakdan kulmay boshqalarni qanday kuldirishi mumkin? Bundan tashqari, agar u “chiqishimning mana shu joyi kulgili bo‘larmikan-yo‘qmi?” deb bir on ikkilangudek bO‘lsa ham — tamom: tomoshabin kulmaydi. U o‘ta sezgir bo‘ladi-da.
— Satira nima?
— O‘tkir, judayam o‘tkir qurol. Ammo undan foydalana bilish, uni aniq nishonga olish kerak. Aksi bo‘lsa, satira uni tutgan odamning o‘zini yaralaydi. Satirani yomonlik qilish maqsadida qo‘llash o‘rinsiz adovatdir. Shu xususda Meyerxoldning bir gapi bor: “Birov jarni ko‘rib, ko‘z o‘ngiga halokatni keltiradi, boshqa birov esa halokat sodir bO‘lmasligi uchun jarning ustidan ko‘prik qurishni o‘ylaydi”. Xulosa qilib aytganda, gap illatlar to‘g‘risida ko‘p yoki oz so‘zlashda emas. Asosiysi — san’atkorning ularga bo‘lgan munosabati, uning fuqarolik pozitsiyasi.
— Miniatyuralaringiz illatlarning yo‘q bo‘lishiga qay darajada ta’sir ko‘rsatmoqda?
— Menimcha, ancha sezilarli. Buni joylardan mening nomimga kelayotgan ko‘plab xatlardan xam bilsa bo‘ladi. Miniatyuralarimiz ta’sirida byurokratlar, poraxo‘rlar, tamagirlar, hiylakorlar, laganbardorlar, tuhmatchilar soni keskin kamaydi yoki ular mutlaqo yo‘q bo‘lib ketishdi deb aytolmayman. Unday bo‘lmaydi ham. Lekin bizning tanqid tufayli ular o‘zlarini tobora o‘ng‘aysiz his etishadi.
— Mavzularni qayerdan olasiz?
— Men kar ham, ko‘r ham emasman. Kuniga ko‘z o‘ngimizda o‘nlab “miniatyura”lar sodir bo‘ladi…
— Odamlardagi qaysi illatni eng yomon deb hisoblaysiz?
— Loqaydlikni. “Dushmanlardan qo‘rqma — nari borsa, ular seni o‘ldirishi mumkin. Do‘stlardan qo‘rqma — nari borsa, ular senga munofiqlik qilishi mumkin. Ammo loqayd odamlardan qo‘rq — ular na o‘ldirishadi, na munofiqlik qilishadi, lekin ularning sassiz razilligi tufayli yer yuzida qotilligu vahshiyliklar sodir bO‘ladi”, degandi bir donishmand.
— Ko‘proq aqlga quloq tutasizmi yoki his-tuyg‘uga?
— Ikkovigayam. His-tuyg‘usiz aqlni tasavvur qilish qiyin. Men xar bir obrazning lirik pardalarini topishga urinaman. Menga, ayniqsa, monologlar ko‘proq manzur. Shuni bilingki, katta his-tuyg‘uga yo‘g‘rilgan dastur doimo tomoshabinning yuragini jizillatadi.
— Satirik aktyorlar oxirgi paytlarda,mening nazarimda, tashqi qiyofaga katta o‘rin berishyapti. Ular aksariyat miniatyuralarda goh ko‘zoynak, goh parik, goho yasama quloq, yasama burun… dan foydalanishadi…
— Ilgarilari men xam bunga zo‘r berardim. Tashqi bezaklarni sui’ste’mol qilish zarar keltirishini keyin tushundim. Ular obrazning to‘la ochilishiga xalaqit beradi.
— Vaqt masalasiga qalaysiz?
— Bo‘sh vaqtga demoqchisiz-da? Rostini aytsam, bo‘sh vaqtim deyarli bo‘lmaydi. O‘ylaymanki, vaqt masalasi xammamizning oldimizda ko‘ndalang turgan muammo. Menimcha, vaqtdan to‘g‘ri foydalanish uchun saralash usulini qo‘llash kerak.
— Saralash?
— Ha. Uchrashuv uchun odamlarni, o‘qiydigan kitoblaringni, teatr tomoshalarini, filmlarni… juda sinchiklab saralash kerak. Ana o‘shanda bu usul sening asosiy ishingga juda katta yordam beradi.
— Sizningcha, qay mamlakatda hajvni ko‘proq yoqtirishadi?
— Hamma joydayam. Ingliz telekompaniyalaridan birining taklifi bilan oltmishinchi yillarda Angliyaga borgan edik. Telemarkaz ostonasidan xatlab o‘tgan mahaliyoq u yerdagilarning yumorga qanchalar boyligini sezdik. Devorlarga hazil yo‘g‘rilgan ko‘plab shiorlar osilgan bo‘lib, ular orasida jumladan, shundaylari ham bor edi: “Meni laqillatishlaring mushkul, chunki men judayam go‘l odamman”, “Bu yerda shundoq xam sakkiz soat vaqtimni o‘tkazdim, siz esa ustiga-ustak, ishlagin ham deysiz-a”, “Men odamlarni nihoyatda sevaman, lekin siz uchun bu odatimni istisno qilaman…” Inglizlar yumorni dil-dildan sevishadi. Bolgarlar ham.
— Ayniqsa, gabrovoliklar. Eshitishimizcha, siz Bolgariyadagi shu shaharning faxriy fuqarosi ekansiz?
— Shunday. Men bu bilan faxrlanaman. U jahondagi eng xushchaqchaq shahar hisoblanadi. Gabrovoliklar hatto, o‘zlari to‘g‘risidayam latifalar to‘qishgan. Ularning e’tirof etishlaricha, mexanizmlari yeyilmasligi uchun soatlarini kechasi to‘xtatib qo‘yisharkan; ko‘ylagiga kamroq gazmol ketadi deb, eng oriq qizga uylanisharkan… Ikki gabrovolik qaysi bir yerda tashkil etilgan bepul kontsertga borishibdi. Nogahon, tomosha so‘ngida allanarsa uchun odamlardan pul to‘play boshlashadi. Gabrovoliklar nima qilishadi deng: biri hushini “yo‘qotadi”, ikkinchisi esa uni ko‘chaga olib chiqadi.
— Ularni aslida ham juda qurumsoq deyishadi…
— Ishonmang. Agar gabrovoliklar qurumsoq bo‘lishsa, shaharlarida yumor va satira uyi qurisharmidi? Har ikki yilda yumor bo‘yicha Xalqaro festival o‘tkazisharmidi? Bu uyda butun jahondan qirq mingga yaqin g‘aroyib kollektsiya to‘plangan muzey bor. O‘zbeklar ham yumorga boy. Askiya haqida eshitganman. Afsuski, tilingizni bilmayman-da. Lekin kulgingiz! Shunday huzur qilib kulishadiki hamyurtlaringiz, odamning havasi keladi!
— Hayotingizda latifanamo hangomalar ko‘p bo‘lib tursa kerak-a?
— Bo‘lib turadi. Bir kuni yumush bilan allaqanday tashkilotga telefon qildim. Direktorni so‘radim. “Kim bo‘lasiz?” savol berdi kotiba qiz. “Raykin” desam, sharaqlab kulib: “Amaki, judayam xazilkash odamga o‘xshaysiz-a?!” deb dastakni qo‘yib qo‘ydi. Yana telefon qildim. “Men Arkadiy Raykinman. Nega trubkani ilib qo‘ydingiz?” deyishim bilan: “He, o‘rgildim, sendaqa Raykindan”, deb shu qadar jig‘ibiyroni chiqdiki…
“Er yuzi — teatr, undagi odamlar aktyorlardir. Xaqiqatan ham har bir odamning hayotda o‘z roli bor. Kimlargadir bosh rollar nasib etilgan, boshqalarga — ikkinchi darajalisi. Yana birlari esa umuman sahna orqasidan turib harakat qilishadi. Faqat ijrochi rolni emas, balki ba’zan rol ijrochini yaratadi. Ba’zi odamlarni olaylik: biror maqsadini amalga oshirish uchun laganbardorlik rolini o‘ynaydi. Boshqa yo‘li yO‘q. Umuman aytganda — bor, ammo judayam mashaqqatli va bundan tashqari, unchalik ishonchli emas. O‘sha kishi laganbardorlik rolida o‘ynay boshlaydi. O‘zi esa: “Niyatimga erishgan zaxotiyoq bu niqobimni yuzimdan olib tashlayman. O‘shanda odamlar mening xaqiqiy qiyofamni, naqadar olijanobligimni ko‘rishadi”, deb o‘ylaydi. Ammo endi uning bu niqobni olib tashlashi judayam qiyin, chunki niqob terisiga butkul yopishib ketgan bo‘ladi…”.
Xayrlashib, yo‘lga tusharkanman, Arkadiy Raykinning Toshkent sahnasida turib aytgan shu so‘zlari yodimga tushadi. Va o‘z-o‘zimga savol beraman: Raykin hayotda ham aktyormi? Javobi shu zahotiyoq quyulib keladi: “Ha, aktyor va doimo mardlik niqobida yuradi u”. Lekin…
Aslida u hech qanday niqob taqmaydi, tabiatan shunday: illatlarga qarshi ayovsiz kurash olib boruvchi…