– Abdulla aka, avvalo qutlug‘ 70 yoshingiz bilan samimiy tabriklaymiz. Shu yoshda to‘la ilhom bilan ijod qilayotganingiz shogirdlaringizga ham yuqsin. Siz 50 yoshga kirganingizda o‘sha vaqtdagi Yozuvchilar uyushmasining raisi, atoqli adib O. Yoqubov adabiyot gazetamizda kattakon bir maqola (balki essedir) bilan chiqqan edi. Maqola “Tavba, Abdulla ham ellikka kirib qo‘yibdi–ya!” deb boshlangani hanuz esimda. Otaxon adiblar nazdida o‘sha vaqtlarda ham Siz tengi shoirlar hamon “yosh shoir” deya e’tirof etilishini biz ham kuzatganmiz.
Odam ellikka kirsa ham “yosh” bo‘lib yurishi… g‘alati. Holbuki, A.Qahhor, Oybek, G‘.G‘ulom kabi o‘zbek adabiyotining yuksak qoyalariga aqalli 65 yosh ham nasib etmagan edi. O‘sha yili 31 avgustda Prezidentimiz I.Karimovning beqiyos jasorati bilan milliy mustaqilligimiz e’lon qilindi. Jamiyat tubdan o‘zgara boshladi. Ko‘p o‘tmay davlatimiz madhiyasi yaratildi va Siz uning matni muallifi bo‘ldingiz.
Hozir o‘ylab qarasam, men maktabni tugatgan 1981 yilda Siz qirq yoshga to‘lgandingiz va kitoblaringizdagi qisqa ma’lumotlarni o‘qib bilardikki, dovrug‘ingiz allaqachon O‘zbekistondan toshib chiqqan edi.
Bugun yetmishga kirdingiz. Ortga, zalvorli davrlarga qaraganingizda nimalar xayolingizga keladi?
– Odamning yoshi nechaga borsa ham demak, unga Xudo shu yoshni nasib ko‘ribdi, bunga hech shak-shubha yo‘q. Lekin qiziqasan-da: qaysi yosh o‘zi ko‘rkam? Bunga javoban aytamanki, qaysi yosh ustida turgan bo‘lsang, o‘sha yosh ko‘rkam. Chunki minib yurgan otga o‘xshaydi-da bu. Xoh oltmish, xoh yetmishga, xoh saksonga kir – shu gap. Odil aka, Pirimqul aka, Jumaniyoz akalar saksondan oshib yashadilar. Qaysi yosh yaxshi ekan deb so‘ramaganmiz. Qandoq ham so‘raysan – odam bolasi uzoqroq umr ko‘rsam, deb yashaydi-ku.
Ustoz Abdulla Qahhor, Oybek, G‘afur G‘ulom, Shayxzodalar payg‘ambar yoshiga ham yetib-etmadilar. Abdulla aka umrining oxirlarida juda zaiflashib qolgan edi.
Balki zamon, siyosiy alg‘ov-dalg‘ovlar ularning ichini to‘kib tashlaganmikan? Shundayligi-ku aniq. Zamon asabingni tinimsiz egovlab turgandan keyin sog‘liq qolarmidi. Hozir, to‘qsonga ham chiqqan adiblarimiz bor. Lekin Oybek, Qahhorlar qisqaroq umr ko‘rgan bo‘lsalar ham iqtidorlari nihoyatda kuchli edi. Balki buning yana bir sababi ularning o‘tgan asr boshlaridagi jadidchilikning shiddatli to‘lqinidan suzib chiqishganidadir.
Rus adabiyotida “oltin davr” deb ataladigan XIX asrni olaylik. Pushkin, Lermontov, Tolstoy, Dostoyevskiy – qancha yashaganidan qat’iy nazar ketma-ket gurkirab ijod qilishdi. Barchalari daho edi. Bizda ham xuddi fasllar singari adabiy avlodlar almashib turdi. O‘rta avloddan so‘ng paydo bo‘lgan Odil Yoqubov, Pirimqul Qodirovlarni eslaylik – ular bizning avlod karvonboshilari edilar. Odil akaning “Muqaddas” qissasi Aytmatovning “Jamila”sidek, yangi bir qo‘shiqdek paydo bo‘ldi. Bu qo‘shiqning sadosi baland edi. Ungacha adabiyotda bunaqa asar yo‘q edi. Yoki Pirimqul akaning “Uch ildiz” romanini olaylik. Asarda talabalikning oltin davri barobarida hayotiy ziddiyatlar dadillik bilan tahlil etilgan ediki, bu asar ham qo‘lma-qo‘l bo‘lib ketdi.
Elliginchi yillarning oxiri, oltmishinchi yillarning boshiga kelib she’riyatimiz ham o‘zgara boshladi.
Badiiy asarga nisbatan aytiladigan yetuk, o‘rtacha kabi baholar bor. Bu to‘g‘ri, albatta. Ajabo, mazkur sifatlar adiblarning o‘zlariga ham mutlaqo taalluqlidir. Mayli, ularning hayot yo‘llari qanchalik ziddiyatli bo‘lmasin, barchasiga xos umumiy jihatlar ham mavjud.
Aleksandr Blok bir she’rida shunday deydi: ey, shoir, ertadan kechgacha qovoqxonaga kirib bo‘kkuncha ichasan, so‘kishasan, bo‘g‘ishasan, chiqib cherkovga borib ibodat ham qilasan, qaytayotib yo‘lning bir chetida yumalab qolasan. Lekin men achinsam-da, nafratlansam-da, baribir sening qavmingdanman, seni shu holingdayam yaxshi ko‘raman…
Maydakashlik, tarafkashlik nafaqat adabiyotni, balki millatni ham yemiradi. Chamasi qirq yillar bo‘ldi, Farg‘onada xizmat safarida yuribmiz. Ertalab tursak bir sherigimiz ayyuhannos solib baqiryapti, Toshkentga, hozirgi adabiyot gazetamizga telefon qilib o‘shqiryapti: nega mening nomim gazetada falonchidan keyin yozilibdi, undan mening kam joyim bormi?..
Shunda o‘z-o‘zimga: yo falak, shularga o‘xshashdan Xudoning o‘zi asrasin, deganman. Buyam bir ibrat.
Lekin hayotimda juda mard, tanti ustozlarni ham ko‘rdim. Ularni qo‘msayman. Ular avvalo Shaxs edilar. Nazarimda Shaxs bo‘lish uchun inson 70-80 ga kirishi shart emas. U 20 yoshda bo‘lishi ham mumkin. Yuragi katta, olijanob, bag‘ri keng inson Shaxs bo‘lishga haqli. Oybek, Qahhor, Shayxzoda, Mirtemirlar Shaxslar edilar. Ular qalblariga odamiylikni, rang-barang, katta adabiyotni jo qila olgan edilar.
Yaqinda yozuvchi ukamiz L.Bo‘rixonning yangi romani qo‘lyozmasini o‘qidim. Uning qahramoni juda yirik Shaxs. O‘ylaymanki, bunday asarlar kitobxonni ham yuksaltiradi.
– Sizni Xudo yuksak iste’dod bilan qanchalik siylagan bo‘lsa, iste’dodda tengsiz ustozlar bilan ham shunchalik siylagandir. A.Qahhor “Munojotni tinglab” she’ringizdan to‘rt misra epigraf olgani va buning sababini ham bilgandaymiz. Avvalo, bu keng miqyosdagi e’tirof ekanini ham tushunamiz. Oybek, G‘.G‘ulom, M.Shayxzoda, Mirtemir haqidagi maroqli xotiralaringizdan voqif bo‘lganlar bor. Nazarimda, bularni bir tizma qilsa, ya’ni qog‘ozga tushirilsa naqadar ajoyib va qimmatli kitob bo‘lar edi.
Ayting-chi, Siz ustoz yoki zamondosh sifatida ulardan nimalarni o‘zingizga ibrat qilib olgan edingiz?
– O‘zim ham bu haqda ko‘p o‘ylayman. Yorqin iste’dodlar, yirik shaxslar haqida yozish yaxshi, albatta. Lekin kamina ba’zan ulug‘ ustozlar hayotiga oid ba’zi xotiralarni varaqlab ko‘rib, negadir ko‘nglim to‘lmaydi. Masalan, A.Qahhor lanj, chuchmal, ezma odamlarni mutlaqo yoqtirmas edi. Biroq Qahhor xotirlangan ba’zi asarlarda u uzundan-uzoq nutq irod etadi, ma’ruzalar o‘qib yuboradi. G‘afur akaning ham o‘z fe’li bor edi. Albatta, allaqachon marhum bo‘lib ketgan odam haqidagi gapning to‘g‘ri ekanini hech kim isbotlay olmaydi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, ba’zilar bu o‘rinda o‘zlaridan bemalol qo‘shib ham yuboraveradilar. Biz ularni bilmasak ekan… Axir tutilib gapirganning har biri Oybek, yoki “bo‘tam” deganlar Mirtemir bo‘lavermaydi-ku. Ustozlar haqida so‘z yuritganda avvalo ular haqida ibrat bo‘lgulik narsalar bitish kerak, deb o‘ylayman. Avvalambor, u zotlarning men uchun ibrati mehnatsevarligi va bag‘rikengliklaridir.
Umuman, xotira yozmoqchi bo‘lganda kishi turli andishaga boradi: ya’ni, ular bilan osh-qatiq bo‘lgan edim, bazmu jamshidlarda birga edim, meni otiga mingashtirib yurar edi, deganga o‘xshash iddaolar paydo bo‘lmasmikan, deb o‘ylab qolasan. Holbuki, mening Ch.Aytmatov, R.Hamzatov, Q.Quliyevlar to‘g‘risida ham xotiralarim ko‘p.
Biroq nima desangiz deng-u, bugungi kunda xotira yozish haddan ziyod moda tusiga kirdi. Adabiy mardikor yollash ham odatga aylandi. Ularni o‘qiganda asar qahramoni shu qadar pokizayu malaksiymo ekan-u, biz ularni bilmay yurgan ekanmiz-da, degan xayolga borasan…
Ba’zi olimlar haqidagi kitoblarda esa u haqda kim iliq gapirgani, kim bilan suratga tushgani, qaysi yurtga safar qilgani – hammasi batafsil yoziladi. Bunday kitob balki uning o‘ziga kerakdir, boringki, besh-o‘nta yaqin qarindoshiga ulashar. Bir shovvoz esa kimlardan dastxat olgan bo‘lsa, ularni yig‘ib kitobga aylantiribdi. Bir qarasang, kitob chiqarish ham to‘yga taklifnoma chiqarganday gap bo‘lib qoldi. Hamma narsa evi bilan-da…
Navoiy bobomiz haqidagi zamondoshlari xotiralarini o‘qisangiz, aksar “ta’blari nozik edi” degan jumlaga duch kelasiz. Xondamir, Boburlar ham shunday deb yozgan. Bu – hazratning injiq fe’liga ishora. Bobur Navoiy turmushi haqida yoza turib, shoirning ro‘zg‘or tutmaganligini aytadi, sababi esa bizga ma’lum emas deydi. Qanchalar oqilona munosabat!
Agar Bobur Mirzo mish-mishlarni ham yozib yuborganida bormi, Xudo ko‘rsatmasin, bizning vaqtimizga kelib ular yana ham bolalab ketgan bo‘larmidi? Bu hol aslo tasavvurga sig‘maydi.
Ibn Arabshoh sohibqiron Amir Temur haqida salbiy gaplarni ko‘p yozgan. Sababi – 12 yoshli Arabshoh Shomdan asir qilib keltirilgan, demak, uning alami bo‘lgan. Lekin tarixchi olim o‘zi bilmagan holda ham Sohibqironning naqadar olijanob inson ekanini qayd qilib o‘tadi. Amir Temur dahosini tan oladi.
Yozilgan xotira ahamiyatli bo‘lsa yaxshi, biroq maqtanchoqlik, guruhbozlik, oliftagarchilikka xizmat qilsa, u baloi azimga aylanadi.
O‘rni keldi, bir gapni eslab qoldim. Yozuvchilar uyushmasida Sheverdin degan zot bo‘lgan. Ko‘p akalarimizning qamalishiga shu odam sababchi bo‘lgan. A.Qahhor qachondir “Hayotdan o‘tganimda tepamda Sheverdin gapirishidan qo‘rqaman”, degan ekan. Nadomatlar bo‘lsinki, Abdulla aka vafot etganda shunday hol yuz berdi…
– Zamon shundoq ediki, nadomat, afsus, armon u yoqda tursin, sevgida ayriliq, hijron haqidagi she’riy satrlar ham ta’qib etilardi. “Nega?” degan savolni beruvchi mahkama kimlarning yostig‘ini quritmagan edi axir? Ularni sanab o‘tsak gapimiz cho‘ziladi, albatta. Ammo unutish ham mumkin emas-da.
Anov kuni televizorga qarab o‘tirsam, yosh bo‘lishiga qaramay dunyoning ko‘p joylariga borib kelgan sportchi yigit o‘zbekcha talaffuzda qiynala-qiynala olamda O‘zbekistonday, balki go‘zalroq joylar ham bor, lekin hech bir joyda bizdagi mehr yo‘q, menikiday ona yo‘q, mening ayolimday go‘zal yo‘q, mening uyimdagiday xotirjamlik yo‘q. Shuning uchun bizning cho‘llarimiz ham ularning bog‘u parkidan afzal ko‘rinadi, deyapti. Samimiyligi ko‘zlaridan sezilib turibdi.
Shunda beixtiyor qattol zamonlarda ham Vatanni, ona xalqimizni alqab bitgan ko‘plab she’rlaringiz birin-ketin shuurimga oqib kira boshladi. Va banogoh, negadir, har tugul Vatanni sevish ta’qib ostiga olinmagan ekan-ku, deb o‘yladim. Aslida ham shundaymidi?
– Vatanni sevish oddiy gap emas. Kimdir so‘zamollik bilan artistlik qilib sevaman deyishi mumkin, birov oyog‘iga tikan kirgani holda shu tikanzorlari bor Vatanini yaxshi ko‘rishda davom etaveradi.
Odam bolasi onaning qornidan vatanparvar bo‘lib tug‘ilmaydi. Vatanni sevishga ham, iymonli bo‘lishga ham bola o‘rgatiladi, unga shu ruhda tarbiya beriladi. Bola murg‘akligidan nimaning ta’siriga tushsa, shu amalni qila boshlaydi.
Bir yapon askari ruslarga asir tushib Sibir o‘rmonlarida yashab yuradi. Yapon imperatori asirga tushgani uchun kechirmasligini u yaxshi biladi. Yurtiga qaytgani bilan jazosi aniq – o‘lim. Biroq payt kelib yapon imperatorining tug‘ilgan kunida surgundagilar o‘sha hukmdorni bo‘ralab so‘ka boshlaydilar. Buni ko‘rgan yapon asiri alamidan shartta pichog‘ini oladi-yu, o‘z yuragiga sanchadi…
Dunyoda shunaqangi vatanparvarligu oriyatlar ham bor ekan.
Najmiddin Kubroni eslang. Yoshi bir joyga borib qolgan avliyo zot, Chingizxonning siz qal’adan chiqing, biz jang qilamiz degan shartiga javoban: ”Mening ortimda elim, muridlarim turibdi, ularni tashlab ketmayman!” deydi. Va u, o‘zingiz bilganingizdek, yurtdoshlari bilan birga Chingizxonga qarshi jangda qurbon bo‘ladi. Albatta, Kubroning jasorati ham asl vatanparvarlikning aynan o‘zidir. Biz esa, bunday holatlarni asarlarimizda tasvirlaganimizda, qahramonga uzun monolog o‘qitamiz, vatanni sevish xususida amru ma’ruf qildiramiz.
Maqsud Shayxzoda bir suhbatda shundoq degani esimda: “Shekspirning dramalarida odam birdaniga o‘lib ketavermaydi, jon bergunicha ham ko‘p voqealar yuz beradi. Falonchining asarlarida esa qahramoni tez o‘lib qoladi-da… Ba’zan esa halok bo‘lgan kimsaning iyagini bog‘lash o‘rniga bir balolarni deklamatsiya qilib gapirishadi. Kitobxon shunga ishonadimi?..”
“Men nechun sevaman O‘zbekistonni?” degan she’rimda “Yurtim, seni faqat boyliklaring-chun, Sevgan farzand bo‘lsa kechirma aslo!” degan misralar bor. Taassufki, biz aziz bilgan shu Vatanni faqat moddiy boylik manbai deb qarovchilar ham talaygina.
Vatanni sevish ta’qib qilinganmidi, degan savolingizga kelsak, mening javobim bundoq: O‘zbekistonni emas, bepoyon SSSRni vatan deb kuylash nainki lozim, balki shart edi. O‘zbekistonni undan alohida kuylash millatchilik va ayirmachilikka kirardi. Shu boisdan Vatanni jo‘ngina “Yurtim”, deb qo‘ya qolardik.
– Saksoninchi yillarning o‘rtalariga kelganda – u payt biz talaba yoxud bitiruv arafasida edik – ba’zilar Sizni kitobiy tilda aytganda zamonasozlikda ayblay boshlaganlari esimga tushyapti. Lekin Siz ularga javob qilmadingiz. ”Zamon o‘zgardi, dunyo adabiyoti ham boshqa yo‘singa o‘tdi, adabiyot buyog‘iga bizniki”, deganlarni ham ko‘rdik. Siz esa, o‘zingizning muhtasham she’riy koshonangizni tiklash bilan band bo‘laverdingiz.
Keyinchalik zamon biz o‘ylagandan ko‘ra shiddatli tus oldi. Mustaqil bo‘ldik. Mana, Ulug‘ Istiqlolga erishganimizga 20 yil bo‘layotir. Siz esa uslubingizga sodiq qoldingiz, she’riy shaklda ham o‘zgarish yasamadingiz.
Yaqinda yubiley qilishga taraddud ko‘rayotgan bir shoir qulog‘imga shivirlaganday qilib aytdi: “Sobir, adabiyotda iste’dodlar juda ko‘p bo‘lar ekan, lekin daho bitta bo‘larkan!..”
– Yov qochsa botir ko‘payadi, degan bor gap. Lekin hamma joyda hayot mavjud. Hatto o‘sha qamoqxonalarda ham.
Betgachoparlik jasorat sanalmaydi. Menga yoqmadi, deb to‘yni buzish mardning ishi emas. O‘tgan zamonlarda o‘zini siyosiy tazyiqqa uchraganman deganlarning ba’zilari aslida kissavur, ot o‘g‘risi bo‘lganlar. Astag‘furillo!
Hazrat Navoiy “Aytar so‘zni ayt, aytmas so‘zdan qayt”, deya o‘git bergan edilar. Rost gapni ham o‘z o‘rnida aytmoq lozimligini uqtirganlar.
Navoiy odob bilan salaflarini e’tirof etadi, ularning izidan borayotganini ta’kidlaydi, so‘ng esa shoirning o‘zi salaflaridan ham o‘tkazib yozib qo‘ya qoladi…
– Adabiyotda iste’dodlar doim ham bo‘lgan. Navoiy hazratlari o‘z muhitidagi yuzlab shoirlar haqida ma’lumot beradi. Davr hukmi shekilli, biz ularning kamginasini bilamiz.
Sho‘ro davrida adabiyot borasida katta tanlovlar bo‘lganini eslash qiyin. Mustaqillikdan so‘ng bizda ayniqsa yoshlar uchun juda ko‘p tanlov, mukofotlar joriy etildi. 25 yoshgacha bo‘lgan qizlar uchun Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti ta’sis etilganiga ancha yil bo‘ldi. Yozuvchilar uyushmasi huzuridagi “Ijod” jamoat fondining tashkil etilishi esa davlat rahbari I.Karimovning tag‘in adabiyot ahli, jumladan, yoshlarga ko‘rsatgan alohida marhamati bo‘ldi. Hozir bir qator yoshlarning kitoblari davlat homiyligida ko‘p ming nusxada chop etilib, barcha o‘quv dargohlariga yetkazib berildi.
Abdulla aka, bu yoshlardan Siz nimalar kutasiz? Ular ichida ayricha iste’dod sohiblarini ko‘ryapsizmi?
– Yoshlarga e’tibor juda ulug‘ ish. Bu e’tibor muhtaram Yurtboshimizning “Farzandlarimiz bizdan ko‘ra kuchli, bilimli, dono va albatta baxtli bo‘lishlari shart!” degan da’vatining davomidir. Yosh ijodkorlar orasida iste’dodlilari ko‘p. Kelgusida ularning o‘ntasidan biri yoki yuztasidan o‘ntasi yaxshi ijodkor bo‘lib chiqishi, shubhasiz! Axir yuzta nihol o‘tqazsang, hech bo‘lmasa, uchdan biri ko‘karib daraxt bo‘lar-ku.
O‘tgan asrning elliginchi yillarida yalpi adabiy saviya juda past edi. Bugungi yoshlarning saviyasi esa ancha baland. Ularning yana ham yuksalishlarini, mumtoz adabiyotimizning ma’no va mazmunini, mahoratini yanada puxtaroq o‘zlashtirishlarini xohlaymiz.
Adabiyotda mavzu cheklanmagan. Xohlagan mavzuda qalovini topib yozolsang zo‘r asar vujudga kelishi mumkin. Birovlarga taqlid qilish aslo shart emas.
Iste’dodlarni yuzaga chiqarish uchun har tomonlama shart-sharoitlar muhayyo qilindi. Yoshlar bu imkoniyatdan unumli foydalana bilishlari zarur. Bizga dunyo tillarini o‘rganish, o‘zlashtirish nasib qilmadi. Qani endi farzandlarimiz orasidan nafaqat mohir tilmochlar, balki zukko adabiy tarjimonlar ham chiqsayu asarlarimizni dunyoga ko‘z-ko‘z qilolsa.
Bu yil mustaqilligimizning yigirma yilligini nishonlaymiz. Adabiyot ostonasida turgan yigit-qizlar ham qariyb mustaqilligimizning tengqurlaridir. Biz bu navqiron avloddan ko‘p narsa kutishga haqlimiz.
Muhtaram Prezidentimiz «Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashdirish va fuqarolik jamiyatini shakllantirish kontseptsiyasi» risolalarida O‘zbekistonimizni yuqori darajada taraqqiy etgan davlatlar qatoriga qo‘shish printsiplarini aniq belgilab berdilar. Mamlakatimiz o‘shanday darajaga yetishishida yoshlar bayroqdor bo‘ladilar, albatta.
– E’tibor berganmisiz, bizda bibliografiya, memuar yozish yo‘lga qo‘yilmagan. Bir-birimizni qisqa e’tirof etishga o‘rganib qoldik. Said Ahmad domlaning G‘.G‘ulom, A.Qahhor haqidagi esdaliklari g‘oyat qadrli. Chunki ular juda jonli tilda yozilgan va tabiiyki, ulug‘ adiblarimizning hayotda oddiy inson bo‘lganliklarini, ayni paytda xos fazilatlarini ham yorqin anglatadi.
Demoqchi bo‘lganim: fursati bilan Siz ham ustozlaringiz yoki sizga zamondosh bo‘lgan tarixiy shaxslar haqida yozsangiz, juda maroqli kitob (yoki kitoblar) bo‘lar edi. O‘rni bilan aytay, Siz haqingizda memuar yozmoqchi bo‘lib yurganlar bor. Borlari, kitob holida chiqqanlari esa chala-yarim, uzuq-yuluq tasavvur beradi.
– Birovni yaxshi ko‘rish uchun uni yaxshi bilish kerak. Birovni yomon ko‘rish uchun esa undan ham ko‘proq bilish lozim. Bir ijodkorni baholash uchun uning ayrim satrlarini talqin qilish bilan chegaralanmaslik kerak.
Umuman bilmay baholash yomon illat. Ba’zi olimlarimiz esa annotatsiya, taqriz, e’tirofdan iborat aks-sadolarni katta ilm deb hisoblashadi. Ba’zan o‘zim haqimda yozilgan ayrim narsalarni o‘qiganda ham hayron qolaman.
– Garchand odatiy bo‘lsa-da, bu savolni chetlab o‘tolmas ekanmiz: nimalar yozish bilan mashg‘ulsiz?
– Bir to‘rtligim bor:
Koinot gultoji insondir azal, Undadir eng oliy tafakkur, amal. Hatto u tubanlik ichra ham tanho, Yo falak, ijoding buncha mukammal!Bundan buyon ham kattami, kichikmi asar yozar ekanman, inson qalbining murakkabligini tasvirlashga harakat qilaman. Bu murakkablik esa nihoyatda teran, uning tubi ko‘rinmaydi.
Sobir O‘NAR suhbatlashdi.
“Yoshlik” jurnali, 2011 yil, 3-son.