Zolim xon va ziyrak dehqon

Bor ekanda, yo‘q ekan, qadim zamonda bir zolim xon bor ekan. U o‘zining zolimligi bilan dong taratgan ekan. Xon o‘z yeridan odam o‘tkazmaslik uchun chegaradagi daryo ko‘prigiga jallod qo‘yibdi.
Ko‘prikdan o‘tgan kishidan jallod:
— Yo‘l bo‘lsin? — deb so‘rar ekan. Agar yo‘lovchi to‘g‘ri javob bersa, xonning buyrug‘iga ko‘ra uni daryoga g‘arq qilishi kerak ekan, agar yolg‘on gapirsa, shu yerdagi dorga osishi kerak ekan. Ko‘p kishilar kelib begunoh qurbon bo‘lib ketishar ekan.
Kunlardan bir kuni ziyrak bir dehqon:
— Shu ko‘prikdan o‘taman, — deb sheriklari bilan bahslashibdi. U hech qo‘rqmay, dadil qadam tashlab ko‘prikdan o‘tayotganida jallod to‘xtatib:
— Yo‘l bo‘lsin? — deb so‘rabdi. Shunda dehqon:
— Meni dorga osgin, deb keldim, — debdi. Jallod dehqonni osay desa, u to‘g‘ri javob bergan bo‘lib chiqadi. Xonning buyrug‘iga muvofiq bunday qishini suvga g‘arq qilish kerak. Suvga g‘arq qilay desa, yolg‘on gapirgan bo‘lib chiqadi, demak, dehqonni dorga osish kerak.
Jallodning bu jumboqdan ensasi qotib, dehqonni bo‘shatib yuboribdi.