Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, katta o‘rmonda hayvonu jonu jonivorlar qatori mayna ham archaga in qo‘yib, tuxum qilib, bola ochib, ana endi men ham ona bo‘ldim, bugun-erta jo‘jalarim chiqadi, deb quvonib yuribdi.
Ammo maynaning quvonchi uzoqqa bormabdi, zaqqumga aylana boshlabdi. Bir kuni ertalab, och qolgan tulki archa ostiga kelib, diydiyosini boshlabdi:
— O‘, maynaxon, daraxtimni egallab yotaverasanmi, menga desa, bola ochmay xazon bo‘lgin. Mendan boshqa hamma dehqonchiligini boshlab yubordi, yerini haydab, urug‘ini ekib bo‘lay dedi. Men bo‘lsam, senga qarab o‘tirib na omochimni, na bo‘yinturug‘im, na tesham va boltamni olib kelganim yo‘q. Qachon bu mayna jo‘ja ochib, bolalarini uchag‘on qilib ketadi-yu, men archani kesib asbob yasayman, deb xunob bo‘lib yuribman. Qani, bo‘ldi endi, ko‘tar ashqal-dashqolingni, bola-baqrangni.
Tulkining hiylasiga laqqa tushgan mayna ko‘zyoshi to‘kib, javray boshlabdi: Jon tulkijon, men onaga, hali qanotlari chiqmagan jo‘jaginalarimga rahm qil, picha sabr qilsang, hammasi yaxshi bo‘ladi. Seni duo qilaman.
Maynaning qo‘rqqanini sezgan tulki yana ham dag‘dag‘ani avjiga olibdi:
— Menga desa qirilib ketmaysanlarmi bolalaring bilan. Duongni pishirib yeymanmi, qani, ucha qol!
Mayna yana yalina boshlagan ekan, tulki nima debdi deng:
— Undoq bo‘lsa, jo‘jalaringdan birovini tashlab yubor, nonushta qilib olay, keyin u yog‘ini kelishib olamiz.
Nochor ahvolga tushib qolgan mayna rozi bo‘libdi-yu, ammo qaysi birini berishini bilmabdi. Axir hammasi ham bolasi, qay biri achchiq, hammasi ham shirin. Jo‘jalarini silab-silab, oh-nola qilibdi.
Tulki yana do‘q qilibdi: — Bo‘l tezroq, qornim och, so‘ng yig‘ingni qilaverasan!
Shu payt qayerdandir ona qarg‘a uchib kelibdi. Maynaga jon kirib, voqeani qarg‘aga bayon qilibdi. Bularning maslahatini eshitgan tulki uzun ulibdi-da:
— Ey, ig‘vogar qarg‘a, nega orabuzarlik qilyapsan. Maynaga ayt, bersa, bitta jo‘jasini beradi, bermasa, seni ham qo‘shib g‘ajib tashlayman.
Qarg‘a “qag‘-qag‘” degancha tulkiga debdi:
— Do‘q qilma, mayna hechyoqqa ketmaydi, bolalari norasida hali. Kessang, kesa qol archangni. Darvoqe, nima bilan kesasan? Arra-boltang yo‘q-ku?
Tulki kerilib, quyrug‘ini ko‘rsatib:
— Mana mening arra-boltam, — debdi.
Qarg‘a: — Qag‘-qag‘, bu ishing ahmoqchilik-ku, — debdi.
Jahli chiqqan tulki boshqa hiylaga o‘tibdi: — Men ochimdan olaman, — debdi-yu, tepalikka chiqib, cho‘zilib yotibdi. Anchadan so‘ng o‘lgan bo‘lsa, avvaliga ko‘zlarini o‘yib olayin, deb o‘ylagan qarg‘a uchib borib, tulkining boshiga qo‘nibdi. Qarg‘adan o‘ch olishga payt poylagan tulki qarg‘ani g‘ippa bo‘g‘ib olibdi:
— Qo‘lga tushdingmi, mahmadona. Mayna o‘rniga endi seni suyaklaringgacha g‘ajiyman!
Tipirchilayotgan qarg‘a boshqa bir tadbirni o‘ylabdi:
— Tulkiboy, mayli, yesang, yeya qolgin. Ammo bobomni o‘ldirib yeganingdaqa azob bermagin. Esingdadur, bechora bobomni g‘ildirakning gupchagiga bog‘lab, pastga dumalatganding.
— Ela-ha, esimga tushdi, seniyam shunaqa qilib o‘ldirib, so‘ng yeyman, — debdi tulki va qayerdandir bir g‘ildirakni topib, qarg‘ani uning gupchagiga bogiab, balandlikdan pastga dumalatib yuboribdi, qarg‘a bo‘lsa gupchakning bir tomonidan ikkinchi tomoniga o‘tib uchib ketibdi. Tulki bo‘lsa og‘zining so‘lagini oqizib qolibdi.
Shunday qilib, qarg‘aning tadbirkorligi bilan o‘zi va mayna bilan bolalari o‘limdan qutulib qolibdilar va o‘rmonda ahil bo‘lib yashayveribdilar.