Bor ekan-da, yo‘q ekan, och ekan-da, to‘q ekan, bo‘ri bakovul, tulki yasovul, g‘oz karnaychi, o‘rdak surnaychi ekan, qarg‘a qaqimchi, chumchuq chaqimchi ekan.
O‘tgan zamonda bir qarg‘a daraxtning ustida o‘tirar ekan. Shu daraxtga bir gala kaptarlar kelib qo‘nishibdi va dam olib bo‘lishgandan keyin qornilari ochganligi haqida so‘zlashibdi. Ular yerga qarasalar, bir to‘r tuzoqning tagida donlar sepilganini ko‘ribdilar. Kaptarlar birma-bir tushib, to‘r tuzoq tagidagi donlarni yemoqchi bo‘libdilar. Shu gala kaptarlarning ichida bir donosi bor ekan. U harchand donlarni yemaslikni aytib, bu ishni oxiri xayrsiz desa ham, kaptarlar uning so‘ziga parvo qilmasdan, yerga tushibdilar va tuzoq tagidagi donlarni yemoqqa boshlabdilar. Oxiri daraxtdagi dono kaptar bir o‘zi yolg‘iz qolibdi. U o‘ziga-o‘zi: “Bular mening so‘zimga kirmasdan, to‘r tuzoq tagidagi donni yemoqdalar, bularni hozir ovchi tutib oladi. Kel, men ham tushib o‘z o‘rtoqlarim yonida turay, ularning boshiga bir mushkul ish tushsa yordamlashay”, deb kaptarlar yoniga tushibdi.
Kaptarlarning hammasi birma-bir tushib bo‘lgach, uzoqdan kuzatib turgan ovchi tuzoqni ko‘tarib turgan yog‘ochning ipini tortib yuboribdi va to‘r tuzoq yopirilib kelib, kaptarlarni o‘z ichiga qamabdi. Bu holni ko‘rgan kaptar shoh o‘rtoqlariga qarab:
— Men sizlarga bu donlarni yemanglar, deb aytgan edim. Mana, oqibatda hammamiz qamaldik. Hali ham qutulishning bir iloji bor? — debdi. Kaptarlar undan qutqarishni iltimos qilishibdi. Kaptar shoh:
— Hammamiz bir bo‘lib, to‘r tuzoqning bir tarafiga qarab uchsak, shoyad, to‘r tuzoq osmonga ko‘tarilib ketib, hammamiz bu tutqinlikdan qutulsak, debdi.
Kaptarlarga kaptar shohning maslahati ma’qul tushib, tezlik bilan hammalari bir bo‘lib, baravariga bir tarafga qarab uchgan ekanlar, to‘r tuzoqni o‘zlari bilan osmonga ko‘tarib ketibdilar.
Ovchi esa tuzoqni osmonda ko‘rib, kaptarlarning orqasidan quva boshlabdi. Kaptar shoh ovchining o‘z orqalaridan quvayotganini ko‘rib, kaptarlarga:
— “Yo‘lni daryo ustidan olinglar”, — debdi. Ular kaptar shoh aytganini qilib, daryo ustidan o‘tib ketibdilar.
Ovchi kaptarlarning daryo ustidan uchib o‘tib ketganini ko‘rib, o‘zicha: “Attang, ham kaptarlardan, ham to‘r tuzoqdan ayrildim”, deb noumid holda qolibdi.
Endi gapni daraxtda o‘tirgan qarg‘adan eshiting. Qarg‘a kaptarlarning kelib qo‘nganidan boshlab, to tuzoqni ko‘tarib uchgunlariga qadar kuzatib turar edi. U kaptarlar aqliga qoyil qolib, endi ularni kim qutqarar ekan, deb orqasidan uchib boribdi.
Kaptar shohning bir sichqon shoh degan juda yaxshi og‘aynisi bor ekan. Kaptar shoh o‘z galasi bilan o‘sha og‘aynisining ini yoniga borib tushibdi va sichqon shohni chaqira boshlabdi. Sichqon shoh chiqib, bir to‘r tuzoq tagidagi bir gala kaptarlarni ko‘ribdi. U kaptar shohni ko‘rib, ozod qilmoq uchun to‘rning bandlarini qirqmoqchi bo‘libdi. Kaptar shoh do‘sti sichqon shohga:
— Ey o‘rtoq, meni ozod qilishdan oldin mana bu kaptarlar o‘ralgan to‘r bandini qirqib tashla, — debdi. Sichqon shoh o‘rtog‘idan bu so‘zni eshitib, iniga kiribdi va bir qancha sichqonlarni boshlab chiqibdi.
U sichqonlarga:
— Mana bu to‘rni qirqinglar, — deb buyuribdi. Sichqonlar birpasda to‘r tuzoqni tishlari bilan qirqib, pora-pora qilib, kaptarlarni banddan xalos qilibdilar.
Shundan so‘ng, kaptar shoh sichqon bilan ko‘rishib, hol-ahvol so‘rashibdi, do‘sti kaptar shohdan qanday qilib, bu holga tushib qolganini aytib berishni so‘rabdi. Kaptar shoh bo‘lgan voqeani batafsil sichqon shohga aytib beribdi. Sichqon shoh do‘sti kaptar shohning sarguzashtini maroq bilan eshitgach, uni barcha kaptarlar bilan bir kecha mehmon bo‘lishini iltimos qilibdi. Kaptar shoh ham do‘sti sichqon shohning so‘zini yerda qoldirmay, mehmon bo‘libdi.
Kaptarlarning orqasidan kuzatib kelgan qarg‘a sichqon shohning kaptar shohga qilgan yaxshiliklarini ko‘ribdi: “Ey darig‘, mening ham shu sichqon shohga o‘xshash do‘stim bo‘lsa, shu kaptarlar singari mening ham boshimga mushkul ish tushsa, kunimga yarar edi”, deb o‘ylabdi. Do‘sti yo‘qligidan afsus qilibdi. Uning ko‘nglida shu sichqon shoh bilan o‘rtoq bo‘lish xayoli paydo bo‘libdi.
Sichqon shoh do‘sti kaptar shoh uchun yaxshi taomlar tayyorlatibdi, shohona mashqlar chaldirib, katta bazm qilib beribdi. Kaptar shoh do‘sti sichqon shohdan izzat-ikromlar ko‘ribdi, xafagarchiliklari tarqalibdi. Ertasiga u do‘sti bilan xayrlashib, o‘z yurtlariga uchib ketibdilar. Sichqon shoh do‘sti kaptar shohni kuzatib, endi uyiga qaytgandi ham, haligi qarg‘a chaqirib qolibdi.
Sichqon shoh qarg‘adan hol-ahvol so‘rabdi. Qarg‘a ham sichqondan hol-ahvol so‘ragandan keyin o‘zining sichqon shoh bilan bir umrlik do‘st bo‘lish uchun kelganini aytib beribdi. Sichqon shoh qarg‘aning iltimosini qabul qilib, ikkovlari chin do‘st bo‘lishibdi. Bir kuni ular dunyoni tomosha qilish uchun safarga chiqibdilar. Qarg‘a sichqon shohni og‘zida tishlab uchibdi. Sichqon shoh bilan qarg‘a tomosha qilib yurib, bir joyga tushibdilar. U yerda bir kiyikning behush yotganini ko‘ribdilar. Uning sonidan qon oqayotgan edi. Sichqon shoh qarg‘aga dorivor o‘tlardan yulib kelishni buyuribdi. Qarg‘a dorivor o‘tlardan yulib kelib, sichqonga beribdi. Sichqon shoh o‘tlami kiyik soniga mahkam qilib bog‘lab qo‘yibdi.
Bir qancha vaqt o‘tgandan keyin kiyik o‘ziga kelib, ko‘zini ochibdi. U yonida bir sichqon bilan qarg‘a o‘tirganini ko‘ribdi. U qarasa, soni o‘tlar bilan bog‘langan, yarasi ancha tuzalib qolgan emish. Kiyik o‘zicha: “Bu yaxshilikni, albatta sichqon bilan qarg‘a qilgan”, deb o‘ylabdi, so‘ng o‘rnidan turib, sichqon va qarg‘a bilan salomlashibdi, hol-ahvol so‘rab, ularga yaxshiliklari uchun ko‘p rahmatlar aytibdi. Sichqon shoh kiyikdan qanday qilib, bu holda qolganini so‘rabdi:
Kiyik shunday hikoya qilibdi:
— Men bugun ertalab mana shu tog‘ning narigi yog‘ida o‘tlab yurgan edim. Birdan meni bir ovchi ko‘rib qolib, menga qaratib o‘q otdi, o‘q kelib, sonimga tegdi. Men jon achchig‘ida chopib, birpasda ovchi ko‘zidan g‘oyib bo‘ldim va chopa-chopa mana shu joyga keldim, qonim ko‘p oqqandan hushimdan ketib yiqildim. Mana hozir ko‘zimni ochib, sizlarni ko‘rib turibman, debdi. Sichqon shoh kiyikdan uyi qayerdaligini va kim bilan turishini so‘rabdi. Kiyik:
— Turar joyimning tayini yo‘q. Duch kelgan joyda tunab ketaveraman va men bilan turguvchi kishi ham yo‘q. Shuning uchun meni bir umrlik yo‘ldosh qilib olishlaringni so‘rayman, — deb iltimos qilibdi.
Sichqon shohning kiyikka rahmi kelib, uni chin do‘st qilib olibdi. Ular o‘z safarlarini davom ettiribdilar. Sichqon shoh, qarg‘a va kiyik yurib-yurib, bir botqoqlikka duch kelishibdi. Qarasalar, bir toshbaqa bechora botqoqqa botib, chiqishning ilojini qila olmay, ko‘zini mo‘ltiratib yotgan emish. Sichqon shoh kiyikdan toshbaqani botqoqlikdan tishlab olib chiqishni so‘rabdi. Kiyik buni bajaribdi.
Sichqon shoh toshbaqadan qanday qilib bu botqoqlikka tushib qolganligini so‘rabdi: Toshbaqa:
— Men kecha mana shu changalzorda bir chivinni quvlab-quvlab, ko‘zim osmonda bo‘lib, bu botqoqlikka kelib botib qolganimni ham bilmay qolibman. Bunday qarasam, bu “uzun oyoqlar”, o‘zining qisqa oyoqlarini ko‘rsatib, botqoqning ichida sayr qiladi-ya, hech qimirlagisi kelmaydi. Shuncha harakat qilsam ham o‘zimni botqoqlikdan xalos qila olmadim. Mana, baxtimga sizlar kelib qolib, meni o‘limdan qutqardilaring, — debdi. Sichqon shoh:
— Endi qayoqqa borasan, — deb so‘rabdi. Toshbaqa:
— Men endi sizlardan ajralmayman, bir o‘zim to‘qson yildan buyon yolg‘iz umr o‘tkazaman. Yolg‘izlik jonimga tegdi, — debdi.
Sichqon shoh, qarg‘a va kiyik toshbaqadan bu so‘zni eshitib, uni ham bir umrlik chin do‘st qilib olishibdi va yana safarni davom ettirishibdi. Bular yurib-yurib bir joyga yetibdilar. Bu joyning suvlari tiniq, yerlari ko‘m-ko‘k o‘tlar bilan qoplangan ekan. Shu joyda to‘xtashga qaror qilishibdi va hammalari birgalikda bir uy solib, shu uyda yashayveribdilar.
Bir kun sichqon shoh do‘stlariga:
— Endi oziq-ovqat masalasini hal qilishimiz kerak, — debdi. Uning fikri hammasiga ma’qul bo‘libdi.
— Endi bo‘lmasa, — debdi sichqon shoh, — har kuni bittamiz hammamiz uchun yetarli ovqat topib kelaylik, qolganlarimiz uyda dam olaylik, — debdi.
— Juda soz, — debdi qarg‘a.
— Yaxshi maslahat, — debdi kiyik.
— Men xursandman, — debdi toshbaqa. Shunday qilib, bu to‘rt jinsdan yig‘ilgan do‘stlar har kuni galma-gal oziq-ovqat olib kelib, umr o‘tkaza boshlabdilar.
Kunlardan bir kun kiyik ovqat keltirish uchun ketgan ekan. O‘z vaqtida qaytavermagach, sichqon xavotir olib, qarg‘aga:
— Tezda uchib borib, kiyikdan xabar olib kel, — deb buyuribdi. Qarg‘a kiyikni qidirib uchib ketibdi. Uning bir boqqa ko‘zi tushibdi. Qarasa, kiyik bechora tuzoqqa ilinib yotgan emish. Qarg‘a bu holni tezlik bilan sichqonga bildiribdi. Sichqon:
— Tezlik bilan meni tishlab uch, kiyik turgan joyga yetkaz, — debdi. Toshbaqa esa:
— Men ham kiyikni qutqarish uchun boraman, — debdi. Sichqon shoh uning bormasligi kerakligini aytibdi. Ko‘nmabdi. Shunday qilib, qarg‘a bilan sichqon shoh uchib ketibdilar. Ular kiyik tuzoqqa tushib qolgan yerga borib tushibdilar. Sichqon shoh darrov tuzoqning bandlarini qirqa boshlabdi. Tuzoq qirqilib bo‘lay, deb qolganda, kiyik sichqon shohga qarab:
— Ey, do‘stim sichqon shoh, to‘xtab tur. Men bu ovchini aldab ketay, toki ikkinchi martaba kiyiklarni ovlashga tuzoq qo‘ymasin, — debdi.
— Bu ishni qanday bajarasan, — deb so‘rabdi sichqon shoh. Kiyik:
— Hali-zamon ovchi kelib, mening tuzoqqa tushganimni ko‘radi. Men esa ovchi kelguncha jim turaman va birdan bir zarb bilan tuzoqning qolgan qismini uzib, tezlik bilan chopib, ovchining ko‘zidan g‘oyib bo‘laman. Sizlar bolsangiz, uzoqroqda bizning tomoshamizni ko‘rib turingiz, — debdi. Shu mahalda uzoqdan ovchi ko‘rinibdi. Qarg‘a bilan sichqon shoh o‘zlarini panaroq joyga olibdilar. Ovchi kelib, tuzoqqa bir kiyik tushib qolganini ko‘rib sevinibdi. U darrov kiyikni ushlab olmoqchi bo‘libdi. Lekin kiyik bir zarb bilan tuzoqni uzib ketibdi. U bir zumda ovchining ko‘zidan g‘oyib bo‘libdi. Ovchi kiyikning qo‘ldan ketganini ko‘rib:
— Attang, bugun uyga quruq qaytadigan bo‘ldim-da, — deb turganda, birdan oyog‘ining ostida bir toshbaqani ko‘ribdi. Toshbaqa endigina yetib kelgan ekan. Ovchi:
— Kel, quruq qaytgandan ko‘ra mana shu toshbaqani olib keta qolay, — debdi. U toshbaqani olib, xaltasiga solib, uyiga qarab jo‘nayveribdi.
Uzoqroqdan qarg‘a bilan sichqon shoh toshbaqani ovchi olib, xaltasiga solganini ko‘ribdilar. Ular tezlik bilan kiyikni topib, bo‘lgan voqeani aytibdilar. Kiyik qarg‘a bilan sichqon shohga qarab:
— Endi men ovchining oldidan o‘taman. Ovchi meni quvlab charchaydi. Qo‘lidagi xaltasini qo‘yib, yana quvlaydi. Sizlar toshbaqani ozod qilib, to‘g‘ri uyimizga jo‘nayveringlar. Men ovchini nariroqqacha aldab boraman. So‘ngra qochib ketaman, — debdi. Sichqon bilan qarg‘a kiyikning maslahatiga kirib, bir pana joyga borib, bekinib turibdilar.
Kiyik ovchining yo‘lini kesib chiqib, cho‘loqlanib o‘ta boshlabdi. Ovchi uni ko‘rib, quva boshlabdi. Kiyikni quva-quva charchagach, ovchi yelkasidagi xaltasini yerga qo‘yib, kiyikni yana quva boshlabdi.
Sichqon shoh bilan qarg‘a tezlik bilan xalta ichidan toshbaqani xalos qilibdilar va uylariga qarab jo‘nabdilar.
Kiyik ovchini biroz alahsitib, tezlik bilan chopib ketib, ovchining ko‘zidan g‘oyib bo‘libdi va do‘stlarining yoniga yetibdi.
Shunday qilib, sichqon shoh, toshbaqa, kiyik va qarg‘alar do‘st bo‘lib ahillik bilan umr o‘tkazib, tinch hayot kechiribdilar.