Tovuqlar tulkining ustidan arz qilgani ayiqning oldiga borishibdi.
— Ayiq polvon, — debdi ular, — tulkivoy dastidan bizga kun yo‘q. Har kuni kechasi tovuqlarni qiyratgani-qiyratgan. Hech kimdan hayiqmaydi.
— Tulki-ya… obbo muttaham-ey. Men uning jazosini beraman, — debdi ayiq.
U tulkini chaqiribdi. Tulki kelib, dumini silkitibdi.
— Ayiq hazratlari… Men, siz azizning biqiningiz toshga botmasin deb, yostiq keltirdim, — deb u ayiqqa yumshoq yostiq beribdi. — Bular bo‘lsa sizning g‘amingizda yurganimni bilishmaydi.
— Ahmoqlar, boringlar, ikkinchi bema’ni gaplar bilan araz qilmanglar, — deb tovuqlarni quvib yuboribdi ayiq.
Shu kech yana sakkizta tovuqning sho‘ri quribdi. Tovuqlar endi bo‘riga arzga boribdilar.
— Dod, tulkining dastidan, — deyishibdi ular.
Bo‘ri tulkini tirqiratib haydab keltiribdi.
— Bo‘ri janoblari, — debdi tulki dumini likillatib, — men biqiningiz yerga botmasin, deb yostiq keltirdim, — U bo‘rining qo‘ltig‘iga yumshoq yostiq qo‘yibdi.
— Bu popukli ahmoqlar sizning g‘amingizda yurganimni bilishmaydi, — debdi tulki.
Bo‘ri yostiqqa suyanib, rohat qilibdi va tovuqlarga do‘q urib:
— Ko‘zimdan yo‘qolinglar, badbaxtlar! Tulki ishini bilib qiladi. Bundan keyin xayrli ish qilganlar ustidan arz qilib kelmanglar! — deb baqirib beribdi.
Tovuqlar jonlarini hovuchlab, uylariga qaytishibdi. Shu kechasi yana uch tovuq tulkiga yem bo‘lishibdi.
Ertasiga tovuqlar yo‘lbarsga arzga borishibdi. Tulki yo‘lbarsga ham yostiq berib:
— Sizning g‘amingizni yeb yurgan edim, — debdi. Yo‘lbars yostiqqa qaramabdi.
— Bu ayyor tulkini yaxshilab kaltaklanglar! — deb buyuribdi yo‘lbars itlarga.
Itlar tulkini o‘rtaga olib, rosa ta’zirini berishibdi.
— Endi cho‘lga haydab yuboringlar uni, — debdi yo‘lbars. — Bo‘lmasa tovuqlarning go‘shtini yeb, pati bilan yana ko‘plarni aldaydi bu ayyor.
Shum tulkini cho‘lga quvib yuboribdilar.