Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, qarg‘a qaqimchi ekan, chumchuq chaqimchi ekan, uzoq o‘tgan zamonda qalin o‘rmonda qarg‘a bilan bug‘u do‘st bo‘lib yashagan ekan. Kunlarning birida bo‘ri bug‘uga duch kelib debdi:
— Bug‘ujon, kel, do‘st bo‘laylik, birga-birga yashaylik.
Bug‘u aytibdiki:
— Xo‘p, bo‘riboy, xiyonat qilmasang do‘stlashamiz, — debdi. Bo‘ri va’da beribdi.
Ana shundan so‘ng bo‘ri bilan bug‘u inoq do‘st bo‘lib yashayveribdilar. Bu voqeani eshitgan qarg‘a bug‘u oldiga uchib kelib, debdi:
— Bug‘ujon, bu nima qiliq? Bo‘ridan hech qachon do‘stlik chiqmaydi. U bilan zinhor osh-qatiq bo‘lmagin. U shunaqa ablah yirtqich, ayyorki, bir kun aldab, yeb qo‘yganini bilmay qolasan. U o‘zidan yuz karra katta tuyani aldab, burnidan tishlab, cho‘ktirib, sheriklari birpasda yorib yeyaveradi. Eshakmi, ho‘kizmi, qo‘y-echkimi bo‘lsin, aldabgina, dumini likillatibgina oldiga borib olguncha, so‘ngra gippa bo‘g‘ib olib yeb qo‘yadi.
Ammo bug‘u qarg‘aning nasihatlariga e’tibor bermay, u bilan o‘ynab-kulib yuraveribdi. Bir kuni bo‘ri bug‘u tomonga borayotganida o‘rmonning qalin, o‘t ko‘p o‘sgan yerida qopqon qo‘yilganini ko‘rib qolibdi-da, o‘zicha o‘ylabdi: “Ana endi omadim keldi, bug‘uni aldab, bu yerga olib kelaman, qopqongaki ilindi, vassalom, uni yeyman. Baribir, mendan ko‘rmaydi”. Bo‘ri shulami o‘ylab, bug‘uni izlab topibdi va debdi:
— Bug‘ujon, o‘rmonning bir o‘tloq yerini ko‘rdim, juda mazza joyda o‘ziyam. Bir necha kun to‘yib o‘t yeysan. Yur men bilan.
Bug‘u bo‘ridan xursand bo‘lib, unga ergashib boribdi. Hiylagar bo‘ri uni kichik so‘qmoqdan ergashtirib, to‘g‘ri qopqon qurilgan yerning ustidan olib kelibdi. Bug‘u jonivor shirq etib, qopqonga tushib qolibdi-da, ma’ray boshlabdi:
— Bo‘riboy, boshimga musibat tushdi, bolalarim yetim bo‘ldi, menga yordam ber, do‘stmiz-ku axir. Do‘st do‘stga xiyonat qilmasligi kerak. Bo‘ri uzoqdan uvullab debdi:
— Ey bug‘u, har kimga ham o‘z joni shirin. Qopqonning egasi kelsa, meni sog‘ qo‘yadimi, qo‘rqqanimdan bu yerga kelib, yashirinib yotibman. Ammo bo‘ri o‘zicha o‘ylabdi: “Qopqonning egasi kelib, bug‘uni so‘yadi, men mazza qilib yeb yuraman”.
Ana endi, bug‘u dod solib yotaversin, bo‘ri uning go‘shtiga xumor bo‘lib, poylab turaversin, buyoqdagi hangomani qarg‘adan eshiting. Qarg‘a o‘sha kechasi bilan poylab chiqibdi, ammo bug‘udan darak bo‘lmabdi. Erta tong otishi bilan qarg‘a uchib kelibdi, qarasa, bug‘u qopqonga ilinib, madordan ketib yotibdi. Qarg‘a so‘rabdi:
— Ey, do‘stginam, seni qaysi jallod bu ahvolga soldi? Bolalaring yig‘isiga shu kecha chiday olmadim. Tong otishini kutib, mana yetib keldim.
Bug‘u debdi:
— Ey qarg‘ajon, sen so‘ramagin, men aytmayin. Do‘stingdan top degani rost ekan. Noqobil bo‘ri bilan do‘st bo‘lib, shu ahvolga tushib qoldim. Yaxshi o‘tloq yerga olib boraman, deb meni shu yerga olib keldi. Niyati nopok, hiylagar ekan, xazon bo‘lgur. Endi menga rahm qil, yordam berib, ajal domidan xalos etgin.
Qarg‘a debdi:
— Do‘stim, yomon bilan do‘st bo‘lmagin, dedim, bo‘ridan do‘stlik chiqmaydi, dedim, sen uning hiylasiga tushding. Endi gap bundoq, hali zamon sayyod keladi, sen yonboshingga ag‘darilib, o‘lik holiga tushib yotgin, men yaqin daraxtga qo‘nib, poylab turaman, sayyod, e, bu o‘libdi, deb seni bo‘shatadi, men qag‘illayman, sen turasola qochasan. Qulay yo‘li shu!
— Xo‘p, — deb sayyodni kutib yotibdi bug‘u. Qarg‘a daraxtga qo‘nib oiiraveribdi. Bo‘ri bo‘lsa hamon bug‘u go‘shtini orzu qilib yotgan emish. Bir vaqt sayyod kelib qarasa, qopqonga ilingan bug‘u cho‘zilib yotibdi.
“Ey, bu jonivor oiib qolibdi”, — deya bug‘uni bo‘shatib, bir yoqqa tashlabdi, shu payt qarg‘a ikki-uch qag‘illagan ekan, bug‘u turasola sakrab-sakrab qocha boshlabdi. Bug‘uning hiyla qilganini ko‘rgan sayyod xanjarini sug‘urib otibdi, xanjar bo‘g‘iga emas, uni poylab yotgan bo‘rining ko‘ksiga tegibdi, bo‘ri til tortmay o‘libdi. Qarg‘a bilan bug‘u do‘st bo‘lib yashab, murod-maqsadlariga yetibdilar.