Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, Boysun tomonda Murod bobo degan ancha yoshga borib qolgan bir kishi yashar ekan. Murod boboning uchta o‘g‘li bo‘lib, kuch-quvvatda hech kim ularga barobar kelolmas ekan. Ular aql-farosatda ham hammaga ibratli bo‘lib o‘sishgan ekan. Ularning kattasi — qo‘ychibon, o‘rtanchasi — dehqon, kenjasi ovchi ekan.
Kunlardan bir kuni shaharlik bir kishi Murod bobonikiga mehmon bo‘lib kelibdi.
Kechga borib havo aynib, qor yog‘a boshlabdi. Ertalab turishsa, azbaroyi qor ko‘p yoqqanidan tomning to‘sinlari qirsillab, og‘irlikni ko‘tarolmay qolibdi.
— Yengil par qor yog‘may, muz aralash qor yog‘ibdi. Hali-zamon havo ochilib quyosh chiqsa, qor erib suvga aylanadi. To‘sinlar ko‘tarolmay sinib ketib, tom bosib qolishi mumkin. Tezroq tomga chiqib qorni kurab tashlash kerak, — debdi Murod bobo o‘g‘illariga.
O‘g‘illari churq etishmabdi. Murod bobo gapini yana qaytaribdi. Yerdan sado chiqsa chiqibdiki, o‘g‘illaridan sado chiqmabdi. Jussasidan kuch yog‘ib turgan, tog‘ni ursa talqon qiladigan o‘g‘illarni arzimagan ishni bajarishdan bosh tortishlarini ko‘rib, mehmon hayron bo‘libdi.
— Otaning amrini bajarmoq ham qarz, ham farz. Otaning gapini qaytarish o‘ta gunoh, unday farzand do‘zaxda kuymoqqa mahkum, — debdi mehmon Murod boboning farzandlariga qarab.
— Yo‘q, otamizning aytganlarini bajara olmaymiz. Bo‘lmaydi, — debdi Murod boboning to‘ng‘ich o‘g‘li. Qolganlari ham uni ma’qullab, boshlarini silkitishibdi.
Mehmon “Bular tarbiyasiz beodob bolalar ekan” deb ko‘nglidan o‘tkazibdi. Murod bobo mehmonni tashlab tashqariga chiqay desa, uni ranjitib qo‘yishdan cho‘chibdi, uyda o‘tiraveray desa, tom bosib qolishidan qo‘rqibdi.
— Arslonlarim, men rozi. Uchovingdan biroving tomga chiqib qorni kurab tushgin, — debdi yana Murod bobo o‘g‘illariga qarab.
Katta o‘g‘il kenjasiga “Sen tomga chiq” desa, kenja o‘g‘il o‘rtancha akasiga nuqul “Siz tomga chiqing” dermish.
O‘g‘illaridan birontasi tomga chiqmasligini bilib turgan Murod bobo “Bo‘lmasa, hovlini qordan tozalanglar”, debdi.
Otalarining gapi tugar-tugamas uch o‘g‘il birdan kurakka yopishib, eshikka otilishibdi. Bir nafas o‘tar-o‘tmas hovlini qordan tozalashibdi.
— Mehmon, hovliga chiqib bir aylanib kelmaysizmi? — debdi Murod bobo.
Uch o‘g‘ilning qilmishlaridan hayron bo‘lib, boshi qotib o‘tirgan mehmon “Xo‘p bo‘ladi” deb javob beribdi. Ular uydan chiqishlari bilanoq uch o‘g‘il “Men chiqaman”, “Yo‘q, men chiqaman” deb tortishib qolishibdi.
Jussasi kichikroq kenja o‘g‘il lip etib tomga chiqibdi-da, bir choy qaynashi o‘tmasdan tomdagi qorni kurab tushibdi. Murod bobo kenja o‘g‘liga rahmat aytibdi. Keyin uchala o‘g‘lini ham alqab, yumushlariga jo‘natibdi. “O‘g‘illari gapiga kirmadi-yu, yana ularni duo qiladi-ya”, — deb battar hayron bo‘libdi mehmon. Dasturxon ustida Murod bobo mehmonning fikrini uqib:
— Mehmon hayron bo‘lmang. Odatimiz shunaqa, — debdi.
Hech narsa tushunmagan mehmonning battar xunobi oshibdi.
Kech kiribdi. Murod boboning o‘g‘illari birin-ketin uyga qaytishibdi. Katta o‘g‘il kelib avval mehmonga salom beribdi, keyin otasi bilan ko‘rishib, olib kelgan bir dasta nonni uning oldiga qo‘yibdi. O‘rtancha o‘g‘il ham avval mehmon bilan ko‘rishib, so‘ngra otasi bilan so‘rashibdi-da, qo‘lidagi go‘sht-yog‘ni otasining yoniga qo‘yibdi. Keyin kenja o‘g‘il kelibdi. Mehmon bilan ko‘rishib, otasi bilan o‘pishib, otgan ovi — olhorni ularning oldiga qo‘yibdi.
Dasturxon ustida mehmon Murod bobodan:
— Boya o‘g‘illaringizning tomdagi qorni kurashdan bosh tortishlarining boisi ne? — deb so‘rabdi.
— Buning sababini o‘zlaridan so‘rang, — debdi Murod bobo. Shunda mehmon:
— Ertalab, avvaliga otangizning aytganlarini qilmadinglar, ya’ni tomga chiqib korni kuramay, biz tashqariga chiqqach, ukangiz kurab tushdi. Nega ota gapidan bosh tovladinglar? Shuning boisi ne? — deb so‘rabdi.
— Yo‘q, mehmon, unday demang, — deb javob qaytaribdi katta o‘g‘il, — otamizning har bir so‘zi biz uchun muqaddas bo‘lganidek, u kishining o‘zi ham biz uchun eng ulug‘ zot. Tom ustiga chiqmaganimizning boisi shu ediki, uy ichida otamiz o‘tirgan edilar. Qishlog‘imizda azal-azaldan shunday odat bor: ota uyda ekan, bola tom ustiga chiqmaydi.
Mehmon Murod bobodan so‘rabdi:
— Shunday yaxshi odatlaringiz bor ekan, nega endi siz tashqariga chiqib tura qolmadingiz?
— Sababi, siz yonimda edingiz. Mehmonni yolg‘iz qoldirish odobdan emas. Bekorga xalqimiz “Ota ulug‘ — otadan mehmon ulug‘” deb aytmaydi, — debdi Murod bobo.
Bunday mehmondo‘stlikka va odobga qoyil qolgan mehmon Murod bobo bilan uning o‘g‘illariga qulluq qilib xayrlashibdi.