Bir zamonda bir podshoh o‘tgan edi. Uning Qambarjon degan o‘g‘li bor edi. Qambarjon bir kuni tushida Kan’on podshohining qizi Orzijonni ko‘rib, u bilan shirin suhbatlar qurdi. Har ikkisi bir-birini yaxshi ko‘rib, ishq-muhabbat izhor qilishdi. Qambarjon uyqudan uyg‘onsa, ko‘rganlari tush edi. Ammo Orzijonning ishqi uning yuragidan chuqur o‘rin oldi. Usiz turishga sabr-toqat qila olmadi. Qanday qilib bo‘lsa ham Orzijonning vasliga yetishish uchun ahd qilib, otasidan ruxsat so‘radi. Podshoh o‘g‘lining ishq savdosiga tushganini bildi, yo‘ldan qaytarishning ilojini topmay, unga o‘n sakkiz ming askar qo‘shib berdi.
Qambarjon o‘n sakkiz ming askarni ergashtirib, “Orzijon yorimning, tanamdagi jonimning Kan’on degan shahri qaydasan?” deb yo‘lga ravona bo‘ldi. Yo‘l yurdi, yo‘l yursa ham mo‘l yurdi. Nihoyat Kan’on shahriga yetib borib, chodir-chamanini qurib yota berdi.
Kan’on shahrining podshohiga: “Shaharni allaqanday askarlar kelib o‘rab oldi!” degan xabar yetdi. Podshoh elchi chiqardi va elchiga:
— Borib bilinglar-chi. Bu kelgan askar o‘tkinchi askarmikin, yo bizga yov bo‘lib kelganmikin? — dedi.
Elchi shahar darvozasidan chiqib, askarni oralab: “Sizlarning kattalaringiz qayerda?” deb so‘roqlab, Qambarjonning chodiriga bordi. Otdan tushib, shahzodaga ta’zim qilib, podshohning nomasini topshirdi. Qambarjon nomani olib o‘qib ko‘rsa, Kan’on podshohi: “Bu kelgan askar o‘tkinchi askarmi, yo bizga qarshi dushman bo‘lib kelgan askarmi?” deb yozibdi. Qambarjon xatga javob yozib, elchiga topshirib aytdi:
— Sen elchi ekansan. Elchiga o‘lim yo‘q! Men Kan’on podshohining qizi Orzijonni tushimda ko‘rib, unga g‘oyibona oshiqi beqaror bo‘lib, o‘n sakkiz ming askar bilan kelganman. Podshohingga aytgin, yaxshilik bilan qizini bersa, bersin! Yaxshilik bilan bermasa, maydonga chiqsin! Kim xo‘roz, kim makiyon, bilishaylik, — dedi.
Elchi qo‘l qovushtirib:
— Xo‘p, sizning gapingizni podshohimga yetkazaman! — deb qaytib ketdi. Elchi borib, Orzijonning otasiga Qambarjonning xatini topshirib, aytdi:
— Ey, podshohi olam! Bu kelgan askarlar qizingiz Orzijonning ishqida kelgan ekan. Bularning shahzodasi Orzijonga g‘oyibona oshiq bo‘lib kelibdi: “Podshohingga borib aytgin! Qizini yaxshilik bilan bersa bersin, yaxshilik bilan bermasa, maydonga chiqsin!” deb aytdi, — dedi.
Podshoh elchidan bu xabarni eshitib, o‘rnidan turib ketib:
— Dod! Faryod! Bormisan, mening tuzimni yeganlar, suhbatimda o‘tirganlar! Begona bir shahzoda qo‘shin tortib kelib, zo‘rlik bilan mening qizimni tortib olib keta beradimi? Bu menga qanday or, qanday nomus! Odam yo‘qmiki, chiqib shu yovni qaytarsa, o‘sha kishiga bir qoshiq suv bilan qizim Orzijonni nikoh qilib bersam! —dedi. Ammo hech kimdan sado chiqmadi. Podshohning yaxshi otini minganlar, yaxshi to‘nini kiyganlar, yaxshi oshini yeganlarning hammasi g‘ing demasdan, boshlarini yerga solib o‘tira berdi. O‘sha shaharda bir jodugar kampir bor edi. Shu jodugar chiqib aytdi:
— Taqsir! Men chiqib shu dushmanni qaytarsam, qizingizni o‘g‘lim Arshinboyga berasizmi? — dedi. Podshoh:
— He, bormisan! Tez qaytar! Qizimni o‘g‘lingga, albatta, beraman! — dedi. Shunda jodugar kampir:
— Bo‘lmasa, qizingizni o‘g‘limga berishlikka tilxat yozib, muhringizni bosib bering! — dedi. Podshoh vazirga buyurib, tilxatni yozdirib, muhrini urib berdi. Shunda kampir podshohga aytdi:
— Endi ish bitdi. Orzijonning qirqta kanizi, qirqta enagasini mening ixtiyorimga berasiz. Shularning hammasiga qora libos kiydirib, bellariga qora belbog‘ bog‘latib, qo‘llariga qora ro‘mol berasiz! — dedi.
Podshoh ayyor kampirning aytganlarini qildirib berdi. Ayyor kampir kanizak va enagalarga:
— Yigirmatang bu yonimga o‘tasan, yigirmatang bu yonimga o‘tasan, qolganing orqamdan ergashasan! Sizlar “Voy, xojam!” deb yig‘laysizlar, men: “Voy, Orzijon qizim!” deb yig‘layman. Shu ahvolda darvozadan chiqib, kelgan askarlar o‘rtasidan yig‘lab o‘tib ketamiz!” — dedi. Bular ayyor kampir aytganday qilib, bor ovozlari bilan ho‘ngrab, baqirib yig‘lab, askarning orasidan o‘tib ketayotganda, shahzoda bularning yig‘i-sini eshitib, o‘rnidan sakrab turib, vaziriga aytdi:
— Bu nima hodisa? Orzijon o‘libdi-da! Biz uning azasiga kelgan ekanmiz-da?! — dedi. Shunda Qambarjon shotirlarini chaqirib:
— Tezda otimning ayillarini qattiq tortib olib kelinglar! Men qabristonga borib, Orzijonning o‘lgan-o‘lmaganligini bilib kelaman! — dedi. Shotirlar darrov otni tayyorlab olib kelishdi. Qambarjon otga mindi. Ot o‘ynatib, qabristonga yetib bordi. Borsa, haligi qora kiygan xotin-qizlarning hammasi qabristonni quchoqlashib yig‘lab yotibdi. Shunda Qambarjon kampirga aytdi:
— Hoy kampir! Kimingiz o‘lgan?
Kampir aytdi:
— Kan’on podshohining qizi Orzijon bosh og‘rig‘i kasaliga giriftor bo‘lib, uch kecha-yu uch kunduz qattiq dard tortib, o‘lib qoldi. Shunga aza tutib, uch kundan beri kelib yig‘lab ketyapmiz, — dedi.
Bu gapni eshitgach, shahzodaning tarvuzi qo‘ltig‘idan tushib, askarlarining oldiga xomush holda yetib bordi. Askarlarini to‘pladi va ularga aytdi:
— Orzijon o‘lgan ekan! Endi ish tugabdi. Sizlarga javob. Hammalaringiz qaytib ketaveringlar! Men qolaman. Jahongashta bo‘lib, olamni kezaman. Qachon Orzijonga o‘xshagan yor topaman, undan keyin ota yurtiga qaytib boraman! — deb, kelgan askarlarni orqasiga qaytarib yubordi.
O‘zi esa shahzodalik liboslarini tashlab, bir qalandarga bir dona dur berib, uning jandasini olib kiydi-da, qalandar taxlitiga kirib, bir go‘lahga borib, Orzijonning ishqida oh tortib, kul titib yetti yil yotdi.
Qambarjonning askarlari qaytib ketgandan keyin jodugar kampir Arshinboy o‘g‘lini podshohga olib kelib:
— Mana kuyovingiz! Endi qizingizni bunga nikohlab bering! — dedi.
Kunlarning birida Orzijon ham tush ko‘rib, tushida Qambarjon bilan o‘zining avg‘on bog‘ida gullar orasida sayr qilgan edi. Shundan beri uning ishqida oh urib, ko‘kragini zaxga berib: “Men kasalman!” deb yotib olgan edi. Kanizaklari uning tepasidan ketmay, yelpib, uqalab turar edi. Qizining kasalligi sababli otasi uni erga bera olmas edi. Shunday qilib Orzijon ham Qambarjonning ishqi o‘tida yetti yil kuydi. Qambarjon:
“Men yetti yil qalandarlik qildim. Qalandarlik ham jonga tegdi. Endi attorlik qilayin!” deb bozorga borib, attorlik mollarini sotib olib, xurjunga solib, yelkasiga ortib, yorining ishqida yetti yil attorlik qildi. Oradan o‘n to‘rt yil o‘tdi. Malika ham Qambarjonning ishqida o‘n to‘rt yil oh urib yotdi.
Qambarjon: “Men yorning ishqida yetti yil qalandarlik qildim, yetti yil attorlik qildim. Ammo biror marta ham yor arkining tagidan o‘tmadim. Endi shu arkning tagidan o‘tayin. Uning bosgan tuproqlarini ko‘zimga surayin, yorning yurgan-turgan yerlarini ko‘rib, ko‘zlarim quvonsin! Yorning kanizaklaridan bo‘lsa, chiqib savdo qilsa, ular bilan gaplashsam, yurak o‘tim sal bosilarmikan?” deb, Orzijon arkining tagiga: “Saqich ketdi-yo! Upa ketdi-yo! Atir ketdi-yo! Ipak ketdi-yo!” deb kelib qoldi. Qambarjonning tovushi behol yotgan Orzijonning qulog‘iga yoqimli eshitilib, yuraklarini o‘ynatib yubordi. Orzijon shu kuni o‘rnidan turib, chinni hovuzda cho‘milib, badanlariga mushk-anbarlarni sepib, necha alvonlarni kiyib, o‘ziga jilva berib o‘tirgan edi. Shunda malika ko‘chaga qarab, attorni ko‘rib:
— Hoy, kanizlarim! Tushimda ko‘rgan yorim, tanamdagi jonim shu attorning xuddi o‘zi. Tezda turinglar! Xazinamdan bir siqim dur olib chiqib berib, saqich, ipak olib kelinglar! —dedi.
Kanizlar durni olib, chopqillashib ark tagiga chiqib, attor otining jilovidan ushlab:
— Xojamizga saqich, irak, xina bering, — dedi. Shunda attor so‘radi:
— Sizlarning xojalaringiz kim?
Kanizlar:
— Bizning xojamiz Kan’on podshohining qizi Orzijon degan malika-da! — dedi, shunda attor:
— Orzijon degan malikaning o‘lganiga o‘n to‘rt yil bo‘ldi-ku! Go‘ridan qamishlar ko‘karib chiqdi-ku! —dedi. Shunda kanizlar aytdi:
— E, kalla deb qovoqni ko‘tarib yurgan ekansiz-da! Malikamiz o‘n gulidan bir guli ochilib, ravog‘ida o‘tiribdi. Ana, qarang! — deyishdi.
Qambarjon arkka shunday qarasa, Orzijon yori o‘n gulidan bir guli ochilib, gavhardan yasalgan olmani qo‘lida o‘ynab o‘tiribdi. Qambarjon qarashi bilan Orzijon qo‘lidagi olmani shahzodaning ko‘kragiga otib yubordi. Shunda shahzoda “Oh!” deb, otning tagiga yiqilib tushdi. Qizlar uning tepasida chug‘urlashib qolishdi. Shahzoda bir soatdan keyin hushiga kelib, xurjundagi attorlik mollarining hammasini qizlarning etagiga to‘kib berdi va: “Xudoga shukr! Yorim o‘lmagan ekan! Endi tog‘ga borayin. Kiyik tutayin. Keyin kiyikni yorimga sovg‘a qilib olib kelib, uning o‘rdasiga qo‘yib yuborayin, keyin yorimni ko‘rayin!” deb otiga minib, tog‘ga qarab chiqib ketdi.
Malika: “Men uning ishqida o‘n to‘rt yil kuyib o‘tirgan bo‘lsam! Men bilan bir yo‘la ko‘rishmay, oldin kiyik olib kelay, so‘ngra ko‘rishaman deb tog‘ga chiqib ketdi! Men kiyikka zormidim?!” deb Qambarjonning orqasidan bu g‘azalni o‘qib qoldi:
Belingda davot, qalam-ay,
Qo‘lingda Kalomullo-yay.
Kitob ochib qaragin-ay,
Yorga salom bormikin-ay!
Shunda shahzoda, Orzijonning baytini eshitib, otning boshini to‘xtatib: “Iyyi! Men yorimga salom qilmabman-a! Endi men ham bir bayt aytib, ko‘nglini olayin!” deb bu baytni aytdi:
Belimda davot qalam-ay,
Qo‘ynimda Kalomullo-yay.
Kitob ochib qarasam-ay,
Yorga salom yo‘g‘akan-ay!
Bu gapni eshitib, malikaning qahr-u g‘azabi keldi va yoriga qarab, yana to‘rt misra bayt o‘qib:
Ovginang ov bo‘lmasin-ay, yigit-ay,
Dovginang dov bo‘lmasin-ay, yigit-ay.
Bir kiyikni quvlashib-ay, yigit-ay,
Sinib kelsin qo‘lginang-ay, yigit-ay, —
deb, yorini duoyibad qilib yubordi.
Shahzoda tog‘ning tagiga yetib borib, otining ayilini bo‘shatib, tog‘ga haydab, o‘zi otining dumidan ushlab, tog‘ga chiqib ketdi. Tog‘ning tepasiga chiqib, otini archaning shoxiga bog‘lab, u yoq-bu yoqqa qarasa, tog‘ning cho‘qqisida bir kiyik alanglab turibdi. Shu kiyikni ushlab olaman deb, cho‘qqiga chiqib ketdi. Kiyik buni ko‘rib qochdi, u kiyikni quvladi. Shunda bir toshning tepasidan sirg‘alib yiqildi. O‘ng qo‘lining bilagi sinib, pachaq-pachaq bo‘lib, ko‘ngli ketib qoldi. Shahzodaning oti uni ko‘rdi-yu, bir silkib, no‘xtani uzib, uning tepasiga yetib bordi. Egasini ko‘rib, ko‘zlaridan yoshini oqizib, suvlug‘ini chaynab, ustida motam tutib tura berdi. Shahzoda hushiga keldi. Ko‘zini ochib qarasa, oti tepasida motam tutib turibdi, o‘zining qo‘li sinib qolibdi. Shahzoda dast o‘rnidan turdi. Belidagi ikkita zarrin ro‘molini yechdi. Biri bilan qo‘lini shiralab bog‘ladi. Biri bilan qo‘lini bog‘lab, bo‘yniga osdi. Keyin otini yetaklab, pastga tushdi. Pastga tushib, otini minay desa, minolmaydi. Ne mashaqqatlar bilan bir katta toshning ustiga chiqib, arang otning ustiga o‘zini oldi. Yana yori ravog‘ining tagiga borib, besh bayt o‘qidi:
Aytganing aytgan keldi-yoy,
Deganing degan bo‘ldi-yoy!
Ovginam ov bo‘lmadi-yoy,
Dovginam dov bo‘lmadi-yoy.
Bir kiyikni quvlashib-oy,
Sinib keldi qo‘lginam-oy.
Xonga boraymi dodga-yoy,
Bekka boraymi arzga?
Bir musofir boshimni
Kimga aytib yig‘layin-oy?
Yorining bu nolasini eshitib, malikaning siylayi rahmi keldi. Yoriga qarasa, gulning bargiday rangi sarg‘aygan, zarrin ro‘mol bilan qo‘lini bog‘lab, bo‘yniga solgan. Yori yarador bo‘pti. Shunda Orzijon zarrin ro‘molini qo‘liga ushlab, bu ham ikki bayt o‘qidi:
Xonga bormagin dodga-yay,
Bekka bormagin arzga-yay.
Boshimda qo‘shoq ro‘mol-ay,
Birini olib, bog‘lab ol-ay, —
deb, qo‘lidagi ro‘molini pastga tashlab yubordi. Shunda malikaning ishq-muhabbati jo‘sh urib ketdi. Sabri chidolmay, o‘rnidan qo‘zg‘alib yetti kanizi bilan ravog‘idan pastga tushib, darvozaning biqiniga kelib, yorining ahvolini ko‘rib, yuragi to‘lib, qayg‘urib, ravog‘iga chaqirib, unga dori-darmon qilishga iloj topmay:
— Siz falon hovliga boring. Unda mening bir enaxonim turadi. Shunga borib, eshigini taqillatsangiz, chiqadi:
— Nimaga chaqirding? — desa:
— O‘g‘li yo‘qqa o‘g‘il bo‘laman, qizi yo‘qqa qiz bo‘laman! — desangiz, sizni o‘g‘il qilib oladi. Shunikida yuraverasiz. Ikkimiz shu kampir orqali aloqa qilamiz. Nima gapingiz bo‘lsa, unga aytasiz, u sizning gapingizni menga kelib aytadi, mening gapimni sizga borib aytadi, — dedi.
Bu kampir o‘zi jodugar edi. Bir yeganda qirqta qo‘yning go‘shtini yeb qo‘yar edi, bir ichganda qirq mesh suvni ichar edi.
Shunda Qambarjon yori bilan xayrlashib, otini minib yo‘lga tushdi. Toq-toqiyon borib, qamchisining sopi bilan kampirning eshigini urdi. Shunda kampir:
“Eshikni kim taqillatdi?” deb o‘rnidan tura kelib, eshikni ochib qarasa, bir g‘ulmonday go‘zal yigit ot ustida turibdi. Kampir Qambarjonning husn-jamolini ko‘rib, behush bo‘lib yiqildi. Qambarjon bu ishni ko‘rib: “Endi qizig‘i chiqdi-yu! Bu kampir mendan qo‘rqib ketib ag‘anab tushdi. Basharti yuragi yorilib o‘lib qolsa, ketidan o‘g‘illari chiqib, onamni o‘ldirib qo‘yibsan, deb menga osilsa, unda nima bo‘ladi?” dedi. Keyin: “Agar qaytib ketsam nomardlik bo‘ladi”, deb otdan tushib qarasa, kampirning joni bor. Shunda shahzoda bir qo‘li bilan etagini ushlab, kampirni yelpidi. Kampir bir soatda hushiga keldi, ko‘zini ochib, boshini ko‘tarib, o‘rnidan turdi. Shahzoda yana ko‘chaga chiqib, otiga minib turdi.
Shunda jodugar kampir shahzodani ot-poti bilan ko‘tarib, hovliga olib kirib ketdi. O‘zini otdan ko‘tarib olib, uyiga olib kirib, sakkiz qavat ko‘rpaning ustiga yotqizdi. Otini otxonaga olib kirib bog‘ladi. Qambarjonning qo‘lini yechib, issiq suv bilan yuvib, necha xil dorilarni surtib, bog‘lab qo‘ydi. Darrov maskayog‘dan muloyim ovqatlarni pishirib kelib, oldiga qo‘ydi. Shahzoda ovqatlardan tanavvul qilib, yotib uxladi.
Kampir har kuni asr bilan shom o‘rtasida uyini berkitib chiqib ketar va Orzijonning ravog‘iga borib, u bilan suhbatlashar, tuni bilan uning o‘ng biqinida yotib, erta bilan yana uyiga qaytib kelar edi. Qambarjon uyqudan uyg‘ondi. Kampir:
— Bolam, men mahallada yurib, bola tug‘diradigan enachi xotinman, hozir podshoh sarkardasi xotinining to‘lg‘og‘i bor ekan. Hali kelib aytib ketgan edi. Shunga borib, xotinini tug‘dirib, erta bilan kelaman. Sen tilsim uyda yotasan. Tashqariga chiqma! Eshikda katta qopog‘on it bor. Chiqsang o‘n joningdan bir joningni qo‘ymaydi: men eshikni berkitib ketaman. Erta bilan kelib ochaman, nima gaping bo‘lsa, erta bilan gaplashamiz, — dedi.
Kampir shahzodani uy ichida qoldirib, malikaning oldiga ketdi.
Malika yorining ishqida kuyib, uning uchun oh urib, qirq o‘rim uzun qora sochlarini baraq-baraq qilib yozib tashlab, qirqin qizlari bilan o‘tirgan edi. Malika: “Kampir enamning daragi bo‘lmayapti. Nimaga kech qoldi ekan?! Yorim omonmi? Yoki kampir tiriklayicha yutib qo‘ydimi?” deb, ikki ko‘zi ko‘chada bo‘lib turdi. Malika uzoqdan kampir enasini ko‘rib:
— He ona! Tezroq keling! Yorimni angqatmay-changqatmay, yomon so‘z aytmay, parda ichida saqlayapsizmi? — dedi. Shunda kampir malikadan bu gapni eshitib, sinchalagini tishlab, to‘xtab qoldi:
— Men sening yoring ekanligini bilmabman! — dedi. Malikaning ko‘ngliga g‘ulg‘ula tushdi. — Agar bilganimda paranjimga o‘rab olib kelib, qo‘yningga solib qo‘ymasmidim! Qog‘ozdek g‘ijimlab yotar eding! Ertalab yana olib ketar edim, — dedi kampir. Bu gapni eshitib, malika diljam bo‘ldi va:
— Yorimni eshikka yotqizmabsiz-da! Eshikda yotqizganingizda men yorimga shu’lamni solib yotar edim, — dedi. Malika oppoq tong otguncha yorining hasratidan gapirib chiqdi. Kampir:
— Qo‘rqma, qizim! Yor hamma vaqt o‘zingniki, — dedi.
Endi bir kalima so‘zni shahzodadan eshiting. Qambarjon saltanat ko‘rpaning ustida yotib, men yorning ishqida har qadamimda qazoga rizo bo‘lib, yo‘lga chiqqanman. Endi bir itdan qo‘rqib tashqariga chiqmay o‘tiramanmi? Yakkaning yori xudo, yigit so‘zidan, yo‘lbars izidan qaytmaydi, deb borib eshikning bir qanotini ko‘tarib, turumini chiqardi. Kallasini tashqariga chiqarib, “ahha”, “ahha” deb yo‘taldi. Ammo hech yerdan itning sharpasi kelmadi. Shunda Qambarjon yalang‘och qilichini yelkasiga qo‘yib, tashqariga chiqib qarab tursa, yorining shu’lasi tushayotgan emish. “Bu shu’la qayerdan kelyapti ekan? Yoki yorimning shu’lasimikan?” dedi. Atrofni aylanib, shu’lani topaman deb, kampir-ning avg‘on bog‘iga kirib qoldi. Avg‘on bog‘ning mevalaridan yeb yurib, qo‘shni bog‘ga tushdi. Bu bog‘ Orzijonning bog‘i edi: “Bu bog‘ yorimning avg‘on bog‘imikan? Yorimning avg‘on bog‘i bo‘lsa, eshigini topib, turumini ko‘tarib ochib, ichkari o‘rdaga kirib, yorim uyquda yotgan bo‘lsa, shakar labidan bir bo‘sa olaman!” dedi. Etagini turmushlab, qilichini yelkasiga qo‘yib, bog‘ning eshigini topdi. Eshikning turumini ko‘tarib ochdi. Ichkari o‘rdaga kirdi. Yorining ravog‘iga borib, qirq zinali ravoqqa chiqib ketdi.
Ravoqqa chiqib qarasa, yori qirq qavat adras ko‘rpaning ustida bir savam paxtani tashlab qo‘ygandek, hamma yoqqa shu’la sochib yotibdi. O‘ng biqinida haligi jodugar kampir, chap biqinida qirq kanizagi qatorlashib, hammasi qator tizilishib yotibdi. Yorining yigirmata kokili chap tarafiga, yigirmata kokili o‘ng tarafiga chulg‘anib yotibdi. Qambarjon asta borib yori yotgan taxtning tepasiga chiqdi. Uning oyday jamolini ko‘rib, yuragi dukullab urib ketdi. Orzi-jonning yelka tarafiga qo‘lini tashlab, yuzidan bir o‘pib, tushib ketdi. Yori qattiq uyquda edi, bilmay qoldi. Qambarjon: “Xudoga shukr! Yorimning vaslidan menga bir luqma nasib bo‘ldi! O‘lgan tanamga jon kirdi!” deb, sekin pastga tushdi. Eshikning turumini joyiga solib, yorining avg‘on bog‘idan kampirning bog‘iga o‘tib, kampirning uyiga kirib, eshigining turumini yana o‘z joyiga solib, o‘rniga borib yota berdi.
Vaqt subhi sodiq bo‘lgan edi, malika cho‘chib uyg‘onib ketdi. Qarasa, labiga uchuq toshib ketibdi. Malika kampirni uyg‘otdi.
— Hoy, onayi mehribon! Kechasi birov kelib yuzimdan bo‘sa olib ketibdi. Shuni izlab toping! Terisini ustara bilan shilib, qalampir-tuz tiqay, — dedi. Kampir turib:
— Hoy, bolam! Arkning tagida otangning qirqta shotiri va bir qancha qul-u cho‘rilari poyloqchi bo‘lib yotgan bo‘lsa, seni kim kelib o‘pib ketar edi! O‘zing cho‘chigandirsan! — dedi.
Shunda malika:
— Yo‘q, onajon? Meni birov kelib o‘pib ketgan. Bo‘lmasa, labimga uchuq toshmas edi. Bugun kechasi eshikka qorovul qo‘ying, — dedi Kampir:
— Yoningda meningdek onang yotibdi, men pashshaning kelganini bilaman, kim kelar edi? — dedi. Shunda malika:
— Erta bilan maska yog‘iga qatlama qilib, ikkita anor bilan yorimga olib boring! Yorimga oshiqona salomimni yetkazing! Agar yorim kelib o‘pib ketgan bo‘lsa, roziman! Agar yorim kelmay, bo‘lak bir odam o‘pgan bo‘lsa, uni tutish kerak! — dedi.
Malika maska yog‘ida pishirilgan to‘rtta qatlama bilan bir juft anorni kampirdan yoriga berib yubordi. Kampir qatlama bilan anorni olib borib qaraydiki, eshikning qulfi joy-joyida turibdi. Kampir qulfni ochib, ichkariga kirsa, Qambarjon qo‘yning yog‘idek kilkillab, adras ko‘rpaning ustida uxlab yotibdi. Kampir:
— Hoy, bolam! Tur o‘rningdan! Yoring senga ko‘pdan-ko‘p salom aytdi! — dedi. Yigit o‘rnidan turib: “Yorim salomat bo‘lsin!” dedi. Kampir:
— Nimaga menga siringni aytmading? — dedi. Shunda Qambarjon aytdi:
— Ena! Men yurakdagi dardimni aytguncha, siz: “Men mahallada enachi xotinman, har qancha siring bo‘lsa, ertaga erta bilan aytarsan”, deb ketaverdingiz! — dedi.
Kampir Orzijon berib yuborgan taomni Qambarjonning oldiga yozib qo‘yib:
— Bu narsalarni yoring senga berib yubordi. Ol, yegin! — dedi. Yana kampir:
— Hoy, bolam! Bu kecha sen borib, yoringning yuzidan bo‘sa olib keldingmi? Agar olgan bo‘lsang, yoring sendan ikki dunyoda rozi ekan. Agar sen borib bo‘sa olmagan bo‘lsang, poyloqchi qo‘yib tutish kerak, deb aytdi, — dedi.
Shunda Qambarjon:
— Hoy onayi mehribon! Men bu shaharga musofir bo‘lsam, ko‘chalarning o‘ng-u do‘ngini bilmasam, qanday qilib malikaning o‘rdasiga borib ravog‘iga chiqa olay? — deb, borganidan tondi.
Shunda kampir:
— Hoy bolam! Sen borib o‘pmasang, kim borib o‘padi? — dedi. Qambarjon:
— O‘ziga ishonchi, mendan boshqa yori bordur-da. Bo‘lmasa unday joylarga borib, malikani o‘pib kelishga kimda had bor? — dedi. Kampir xudoni o‘rtaga solib aytdi:
— Bolam, rostingni ayt! Agar sen borib o‘pgan bo‘lsang, o‘pganman degin, yoring sendan u dunyo-yu bu dunyo rozi. Agar o‘pmagan bo‘lsang: “Xudo haqi, o‘pganim yo‘q?” degin, u holda poyloqchi qo‘yib ushlatamiz! — dedi.
Shunda Qambarjon:
— Endi, siz xudoni o‘rtaga qo‘yib so‘radingiz. Rostini aytsam, men borib o‘pgan edim! — dedi. Shunda kampir:
— Otangga rahmat! Sen asl o‘g‘il bola ekansan! Bunday ishlar kimning qo‘lidan keladi?! Men seni kechqurun Orzijonning oldiga olib borib qo‘yaman. Erta bilan yana olib kelaman, — dedi. Shunda Qambarjon o‘rnidan turib, kampirga qulluq qildi. Kampir:
— Endi, bolam! Sen avg‘on bog‘ga kirib, to qosh qorayguncha sayr-u tomosha qilib yurgin, — dedi. Qambarjon avg‘on bog‘ga kirib aylanib yurdi. Peshin haddiga borgan ediki, podshoh o‘rdasidan qirqta karnay-surnay, bolobomning ovozi kelib qoldi. Bu ovoz kampirga ham eshitildi.
Kampir o‘rnidan turib quloq solib: “Bu nima hodisa?” deb yugurib bog‘ga kirdi, Qambarjonga:
— Bolam! Sen shu yerda o‘tirib turgin! Men o‘rdaga borib, xabar olib kelayin-chi, nima gap o‘zi? — dedi. Kampir endi jo‘namoqchi bo‘lib turgan ediki, bir kaniz yugurib kelib:
— Hoy ona, tez yuring! Malika yig‘lab o‘tiribdi, qo‘qqisdan malikaning to‘yi bo‘lib qoldi! — dedi. Shunda kampir: Podshoh qizini mendan beso‘roq erga bermas edi-ku, nima gap bo‘lib qoldi?!— deb kaniz bilan birga podshohning oldiga jo‘nadi.
Kampir o‘rdaga borsa, o‘rda darvozasining tomida o‘n to‘rt karnay, o‘n to‘rt surnay, o‘n to‘rt nog‘ora, o‘n to‘rt bolobom chalinyapti. Hamma u yoq-bu yoqqa yugurgan, o‘rda ichi, ko‘chalar supurilib, suvlar sepilgan. Hamma to‘y taraddudida. Kampir to‘ppa-to‘g‘ri podshohning oldiga kirib, undan:
— Nimaga karnay-surnaylar chalinyapti? — dedi.
Shunda podshoh turib aytdi:
— Qizim o‘n to‘rt yildan beri o‘zini kasallikka solib yotadi. Endi omonatni egasi talab qilyapti. Avvalo o‘g‘lingga qizimni beraman, deb kampirga tilimdan xat berib qo‘yganman. Bermasam bo‘lmaydi. Podshoh o‘z hukmini o‘zi buzsa: “Xudo yo‘q!” degan bilan barobar bo‘ladi. Shu sababli Arshinboyga Orzijonni berish uchun to‘yni boshlab yubordim. Tepada turib, to‘yni o‘tkazib, qizni oborib, uyiga qo‘ndirib keling! — dedi.
Kampir bu gaplarni eshitib, hayron bo‘lib, podshohning ra’yini qaytarolmay, endi bir tadorigini o‘ylab topish kerak, deb podshohning ko‘ngli uchun:
— Xo‘p, podshohim! Orzijon qizimning to‘yini albatta bosh bo‘lib o‘tkazaman, deb Orzijonning oldiga kirib ketdi. Orzijonning oldiga kirsaki, yig‘lab o‘tiribdi. Kampir kirishi bilan, uning bo‘yniga osilib:
— E, onajon! Endi men yorimdan ayrilib, Arshinboynikiga ketib qolamanmi? — deb yig‘lay berdi.
Shunda kampir:
— Bolam, yig‘lama! Bir chorasini qilamiz: yoringni avg‘on bog‘ga qo‘yib kelganman. Qosh qoraygan vaqtida uni boshlab kelib, o‘choqning oldiga o‘tqazib qo‘yaman. Sen yoringga qarab bayt o‘qiysan, u senga bayt o‘qiydi. Shunda men chirog‘ni o‘chirib qo‘yaman, Qambarjonni sening oldingga kirgizib yuboraman. Shunda yoring bilan gapni bitta qilasan! Men ketyapman, kechqurun uni boshlab olib kelaman, — dedi-da, kampir chiqib ketdi. Malikaning ko‘ngli ancha taskin topib, yorining kelishini kutib o‘tirdi.
Kampir shaboxun urib uyiga qaytib keldi. Darrov Qambarjonning oldiga chiqdi-da:
— Hoy bolam! Yoringning to‘yi bo‘lib qolibdi! Seni kechqurun uning oldiga olib boraman. To‘y bor yerga quruq borib bo‘lmaydi. Podshohnikiga dasturxon qilib boray desam, uyimda hech nimam yo‘q, — dedi. Shunda Qambarjon:
— Huv anavi g‘ishtni olib keling! — dedi. Kampir g‘ishtni olib keldi. Shunda Qambarjon Sulaymon payg‘ambarning niginini tilining tagiga tashlab: “Yo Sulaymon payg‘ambar!” deb, g‘ishtning ustidan bir hatlab o‘tdi. G‘isht oltin bo‘lib qoldi. Kampirga bu oltinni hadya qildi:
— Oling, ona! Bu sizga mendan tekkan shinilg‘i. Shuni ushatib, podshohnikiga dasturxon qilib boring! — dedi. Kampir xursand bo‘lib, oltin g‘ishtni uyiga olib kirib, sandig‘iga solib qo‘ydi. Saqlab qo‘ygan tanga, tillalarini olib, bozorga chiqdi. Sovg‘alar oldi. Uyiga kelib, qatlama, somsalarni pishirib, savatga solib tugdi, ustiga sovg‘a-salomlarini qo‘yib, qosh qorayganda Qambarjonni paranjisining ichiga olib, dasturxonni ko‘tarib, to‘yga olib ketdi.
Qambarjonni olib borib, o‘choqning yoniga o‘tqazib qo‘ydi. Shunda qiz-u juvonlar Qambarjonning husni jamoliga termulib qolishdi. Kampir malikaning yoniga kirdi va:
— Yoringni olib kelib, o‘choqning oldiga o‘tqazib qo‘ydim, endi gaplashaver! — dedi. Malika o‘choq tomonga qarasa, yori o‘choq yonida bir dasta guldek bo‘lib o‘tiribdi. Malika yoriga shama qildi:
Charxim bor, chambarim bor,
Mushkim bor, anbarim bor.
Orzijonning to‘yida-yay
O‘lanchi Qambarim yo‘g‘-ey!
Bu baytni eshitib, Qambarjonning ko‘ngli buzilib, yoriga javob qaytarib, shama qilib, bu ham to‘rt yo‘l bayt aytdi:
Charx kuysin, chambar kuysin,
Mushk kuysin, anbar kuysin!
Orzijonning to‘yida
O‘lanchi Qambar o‘lsin!
Qambarjon shu baytni o‘qigan ediki, kampir o‘rnidan turdi va o‘tirganlarga ishora qilib:
— Chiroq xiralashib ketyapti. Birortalaring ham chiroq piligining uchini olishga yaramaysizlar! O‘zim olayin deb, chiroq piligining uchini olayotgan kishi bo‘lib, chiroqni o‘chirib qo‘ydi. Qambarjonni Orzijonning oldiga kirgizib yubordi.
Orzijon bilan Qambarjon qorong‘ida bir-birlarini topishib, egizak mag‘izdek bo‘lib ketishdi. Orzijon yoriga aytdi:
— Otam meni Arshinboyga beraman, dedi. U mening tengim emas. Men sizga oshiq bo‘lganman. Otam Arshinboyga beraman deganda, men rozi bo‘lmagan edim. Otam mening ko‘nmaganimga ham qaramay unga bermoqchi bo‘lgan edi, o‘zimni kasalga solib, sizning ishqingizda o‘n to‘rt yil yotdim. Endi otam zo‘rlik bilan to‘yni boshladi. Arshinboynikida mening holim nima bo‘ladi? Bu qanday jabr, qanday zulm? Men Arshinboyga xotin bo‘lmayman! Siz qarab turaverasizmi? Meni qutqarish chorasini ko‘rmaysizmi? — dedi. Shunda Qambarjon aytdi:
— E, aziz yorim! Tanamdagi jonim! Siz aslo g‘am yemang! Sizni otangizning zulmidan, Arshinboyning changalidan qutqarib olaman. Menda Hazrati Sulaymon payg‘ambarning nigini bor. Niginni mendan oling. Sizni Arshinboynikiga olib ketish uchun ot keladi. Shunda niginni tilingizning tagiga tashlab, so‘ngra otga minsangiz, niginning xosiyati bilan otning beli uzilib ketadi. Boshqa yangi ot keladi. Uni minsangiz, uning ham beli uzilib ketadi. Shunday qilib, ellikta otning beli uzilib ketadi, hamma hayron bo‘ladi. Shunda men otimni minib, attorlik qilib, aylanib yurgan bo‘laman. Shunda kampir onangiz: “Hoy o‘sha attorning oti asl tulpor ko‘rinadi. Bunday ot podshohlikda yo‘q. Orzijonni o‘shandan boshqa ot ko‘tara olmaydi. Attorni to‘xtatinglar. Qirq-ellik tilla berib, qizni o‘shaning otiga mindirib olib boraylik!” desin. Shunda men: “Har kimning fe’li egasiga ma’lum. Otimning fe’li o‘zimga ma’lum. Otim yomon, oldidan kelganni oldidan oladi, orqadan kelganni orqasidan oladi, yonidan kelganni yonidan oladi” deyman. Shunda yana qistashadi. Men: “Arshinboyning sag‘risi katta kelini mening ham otimni mayib qilsinmi?” deyman. Siz bu gapimdan achchiqlanmang, do‘st-dushman oshiqligimizni bilib qolmasin! Shunda enaxonim aytsinlarki: “Hoy, bolam! Otingning fe’li o‘zingga ma’lum bo‘lsa, men qo‘limga behining gavronini olib, qiz-juvonlarni haydab, ularning qorasini ko‘rsatmay turaman, sen malikaga jilovdor bo‘lib borib, kelinni joyiga qo‘yib kelasan. Jilovdorlik haqingni ham beramiz!” desin. Shunda men rost ko‘cha qolib, past ko‘cha bilan sizni o‘z mamlakatimga olib qochaman! Endi menga ruxsat bering, men hozirligimni ko‘ray, siz tilla jabduqli otning kelishini kutib turing! — deb uydan chiqib ketdi.
Qambarjon yorining oldidan chiqib kampirga:
— Ish bitdi. Siz qizingizning oldiga kirib, undan gap olib, men aytganlarni qilinglar. Kalitni menga bering. Men ham uyga borib, hozirligimni qilayin! — deb, kampirdan kalitni olib, kampirning o‘rdasiga bordi. Otning ayilini qattiq qilib tortdi. Bir xurjunga turli narsalarni solib, yolg‘ondakam attor bo‘lib, otni minib, podshohning o‘rdasiga borib, to‘yga kelgan odamlarning orasida u yoqdan-bu yoqqa o‘tib, kettichilik qilib yura berdi. O‘rda ichi o‘yin-kulgi, ashula ovozlari bilan to‘lgan, ko‘chada tomoshabinlar benihoya ko‘p edi. Hamma Arshinboynikidan kelinoyimga otlar kelishini kutar edi. Shunda birdan Arshinboynikidan qiz-u juvonlarga qirqta yasatig‘liq soyabon arava keldi. Kelinga yasatig‘liq tilla jabduqli ot keldi.
Shunda necha yuz qiz-juvon qo‘sh chirmandalar chalib, necha alvon o‘lan va yor-yorlarni aytib, kelinoyimni tilla jabduqli otning oldiga olib kelishdi. Qiz-juvonlar shovur-shuvur bilan aravalarga chiqib o‘tirishdi. Aravaga sig‘maganlari piyoda bo‘lib ergashdi. Shunda Orzijon yori bergan Sulaymon payg‘ambarning niginini tilining tagiga solib: “Yo boboyi Qambar!” deb otga mindi. Otning beli mayib bo‘lib, qiz otning ketiga umbaloq otib, yiqilib tushdi. Turganlar: “Dod! Kelin mayib bo‘ldi” deb yugurib kelib, kelinning qo‘ltig‘idan ko‘tarib olishdi. Yana bir ot keltirishdi. Orzijon niginni og‘ziga solib otga mindi. Bu otning ham beli nobud bo‘ldi. Ketma-ket ikkam ellik otning beli nobud bo‘ldi. Bu ahvol hammani hayron qoldirdi. Podshoh ham tashvishga tushdi. Endi nima qilamiz, deb turgan choqlarida boyagi jodugar kampir turib gapga kirdi:
— Hoy, kalla deb qovoqni kiygan sarkardalar! Shuncha ot nobud bo‘lib ketdimi? Hech qaysing ot bilmas ekansan. Huv anovi attorning otini ko‘rdizmi? Asl tulporning bolasi. Bunday ot podshohlikda yo‘q. O‘sha attor bilan gaplashib, ellik tilla berib, otini kiraga olinglar! Malikani shu otga mindiringlar. Agar beli nobud bo‘lmasa, o‘sha ot oborib qo‘yib keladi. Jilovdorlik haqini ham shu attor olsin. Agar oti nobud bo‘lsa, ellik tillaga boshqa ot olsin! — dedi. Bu gap sarkardalarga ma’qul bo‘lib, “attor”ni chaqirib kelishdi. Kampir attorga aytdi:
— Hoy inim! Ko‘rib turibsan, shuncha ot mayib bo‘ldi. Sening oting asl tulporning bolasi ekan. Ellik tilla kira beraylik. Kelin sening oting bilan uyiga borib olsin! — dedi. “Attor” aytdi:
— He, ona! “Itining fe’li egasiga ma’lum” degan gap bor. Otimning fe’li o‘zimga ma’lum. Otim oldidan kelganni oldidan, ketidan kelganni ketidan, yonidan kelganni yonidan oladi. Arshinboyning sag‘risi katta kelini otimni minib, belini mayib qilib qo‘ysinmi? — dedi.
Shunda kampir aytdi:
— Jon inim, ellik tillani olgin, xo‘p degin. Savob bo‘ladi. Agar oting nobud bo‘lsa, shu ellik tillaga ot sotib olasan, agar nobud bo‘lmasa, kelinning yonida jilovdor bo‘lib borasan, jilovdorligingga bitta bo‘rdoqi qo‘y olasan! Axir sen ham pul topaman deb kettichilik qilib yuribsan-da! — dedi. “Attor” rozi bo‘ldi. Shunda kampir:
— Endi otdan tush, otni yasataylik! — dedi. Attor otdan tushdi.
Ustidagi abzallarini olib qo‘yib, tilla jabduqlarni urib, tepasiga mamlakat xirojiga arziydigan zarvaraqlarni urib, otni yasatishib, kelinposhshoning oldiga olib kelib, ko‘ndalang qilib qo‘yishdi. Shunda kelinposhsho tilining tagidagi niginni olib, sinchalog‘iga soldi va chap qo‘li bilan egarning qoshidan, o‘ng qo‘li bilan egarning qoptolidan tutib: “Yo Sulaymon payg‘ambar!” deb otga mingan edi, ot suvlug‘ini chaynab, bitta g‘ishtning ustida o‘ynab turdi. Shunda jami sarkardalar, donolar va tomoshabinlar otga tan berib, tahsin-ofarin aytishdi.
Attor otning jilovidan ushlab jo‘nadi. Kampir aytdi:
— Aravalar keyinroq jo‘nasin, qiz-juvonlar yor-yoridan, chirmandalarning tovushidan ot cho‘chimasin! —deb, to kelinning qorasi ko‘rinmay ketguncha aravalarni va odamlarni o‘tkazmay turdi. Ularning qorasi ko‘rinmay ketgandan keyin aravalar, piyoda tomoshachilar shovqin-suron bilan yo‘lga tushdi. Kampir qo‘liga behining uzun gavronini olib, sekin yur deb odamlarni sekinlatib keldi. Qambarjon otni tez yetaklab ketdi. Yo‘lda yoriga gap gapirsa, u javob qaytarmaydi. U yerini ushlaydi, bu yerini ushlaydi — gapirmaydi. “Nozik oyog‘ingizni uzangi og‘ritdimi?” deydi, gapirmaydi! “Hilva qo‘llaringizni qamchi qavartirdimi?” desayam, gapirmaydi; “Alifdek qomatingizni egar og‘ritdimi?” desayam gapirmaydi. Shunda yori gapirmaganidan Qambarjonning dardi o‘n hissa oshdi.
Shu payt ot uch ko‘chaning oldidan chiqib qoldi. Shunda Qambarjon o‘ng oyog‘ining shilp-shilp etganini sezib, oyog‘ini kavushidan chiqarib qarasa, ichi to‘la qon. U yoriga jilovdor bo‘lib, yoriga gapirib kelayotganida ot uning oyog‘ini bosaveribdi, yorning shaydosi bo‘lib, oyog‘i ezilganini sezmabdi. Kavushlar qonga to‘libdi. Shunda Qambarjon yorning rahmi kelarmikin deb, to‘rt-besh bayt o‘qidi:
Oting boshi tez keldi-yoy
Etib oyog‘im bosdi-yoy.
Etib oyog‘im bosganda
Sarpoyam to‘ldi qonga-yoy.
Xonga boraymi dodga-yoy
Bekka boraymi arzga!
Gul kiygan, kuloh kiygan
Menga solmagin zulm-oy.
Menga solsang zulm-oy,
Qazosiga roziman-oy.
Bu musofir boshimni-yoy
Kimga aytib yig‘layin-oy?!
Bu nolishni eshitib Orzijon irg‘ib tushib qaraydiki, yorining ikki oyog‘i laxta qonga botibdi. Malikaning siylayi rahmi kelib, boshidagi zarrin ro‘molini olib bittasida qonini artib tashladi, bittasida oyog‘ini tarasha qo‘yib shiralab bog‘ladi. Shunda malika aytdi:
— Eli xalqning ichida “Arshinboyning sag‘risi katta kelini” deganingizga achchig‘im kelganidan indamadim. Dadamning yetti iqlim shahriga shu “sag‘risi katta qiz” degan gapingiz tarqab ketadi-da! — dedi.
Shunda Qambarjon:
— Oshiq-ma’shuq ekanligimizni do‘st-dushman bilmasin deb jo‘rttaga aytgan edim, — dedi. Shunda Orzijon Qambarning oyog‘i yarador bo‘lganidan, otasi qizini o‘z sevganiga bermaganidan zorlanib:
Zolimning zulmi qursin-oy,
yigit-oy!
Barchani xunob ayladi.
Xonga boraymi dodga-yoy,
yorim-oy!
Bekka boraymi arzga-yoy!? —
dedi va:
— Shahzoda! Endi sizni mana bu ko‘chaga yuring deyolmayman, men aytgan ko‘chaga yursangiz, Arshinboy eshigining tagidan chiqib qolsangiz, zomini qiyomatga qolmayin. O‘zingiz xohlagan ko‘changiz bilan meni olib qoching! Shunda Qambarjon otining ayilini mahkam tortib, qattiq qamchin urdi. Ot lochini tezparday qochdi. Shunda ot o‘n besh odimini bir odim qilib, o‘n besh daqiqa yurib, Arshinboy eshigining tagiga yetib borib, taqqa to‘xtab qoldi. Qambar ahvolni bilib, o‘zidan ketib, otining tagiga “shilq” etib yiqilib tushdi.
Shunda kelinning kelishini kutib turgan yigitlar kelinning yo‘liga o‘t yoqib yuborishdi. Arshinboy kelib ot ustidan kelinni ko‘tarib olib, yetti qadam bosib yerga qo‘ydi-yu, yigitlarning ichiga qochdi. Darrov xotin-qizlar kelib, kelinni qurshab olib, yor-yorlar aytib, arkning tepasiga olib chiqib, chimildiqning ichiga o‘tqizishdi. Shunda kelin kampirni chaqirib:
— Ona! O‘g‘lingiz yo‘lni bilmay, bu yerga olib kelib qo‘ydi. O‘zi behush bo‘lib yiqilib qoldi. Siz uning holidan xabar oling! Agar hushiga kelgan bo‘lsa, aldab-suldab bu yerga olib kiring, bir-ikki misra bayt aytib, ko‘nglini olay! — dedi. Kampir yigitning oldiga borib:
— Hoy, o‘g‘lim, tur o‘rningdan! Yoringning oldiga olib kiray. Bir-ikki misra bayt aytar ekan. Tinglagin, nima deyishini bilgin! — dedi. Yigit o‘rnidan turdi. Ayyor kampir bir hiyla bilan uni yorining oldiga olib kirib, o‘choqning yoniga o‘tqazib qo‘ydi. So‘ng malikaga: “Yoring keldi!” deb bildirdi. Shunda Qambarjon: “Yorim qo‘ldan ketdi!” deb malikadan ilgari shoshilib, o‘ziga o‘lim tilab, nola qilib, bayt o‘qib yubordi:
Charx kuysin, chambar kuysin-ay, xudo-yoy!
Mushk kuysin, anbar kuysin-oy!
Orzijonning to‘yida-yoy
O‘lanchi Qambar o‘lsin-oy!
Balosiga sabr qildim-oy, xudo-yoy!
Qazosiga roziman-oy!
Shunda kelin: “Hurmatimni qilmay mendan ilgari bayt o‘qidi. To‘rt misra bayt o‘qib, shahardan badarga qilib yuboray!” deb:
Ko‘p qayg‘urma, qariysan,
yigit-oy!
Ko‘p oh urma, horiysan-oy!
Mundan nariga borsang-oy,
Oysuluvga yetarsan-oy! —
dedi.
Kustontoniya podshohining qizi bor edi, uning oti Oysuluv edi. U bilan Orzijon yoshligida o‘rtoq bo‘lib: “Agar erga tegsak, bitta erga tegamiz!” deb ahd-u paymon qilishgan edi. Orzijon Qambarjonga: “Sen o‘shanga borgin!” deb shama qildi. Shunda Qambarjonning achchig‘i kelib: “Har kim suygan oshini ichadi-da! Meni o‘rtog‘iga ravo ko‘rib, shama qilyapti!” deb kampirga uyning kalitini topshirib, otini minib, tog‘ning o‘nguriga kirib ketdi. Qambarjon ko‘p vaqt riyozat chekib, tog‘larni, ko‘llarni kezib yurib, tilsim tog‘ga kirib qoldi. Tilsim tog‘ning ichida uch kun yurib, chiqib ketishga yo‘l topolmay qoldi. Shunda yorning sha’niga bayt o‘qidi:
Bir cho‘pon devona bo‘ldim
Chashmi mastonang ko‘rib.
Ko‘rmayam ishqingda kuydim
Ikki ruxsoring ko‘rib.
Ko‘chada qildi rasvo-yay,
yorim-ay,
Sunbuli zarkokiling-ay!
Ichga to‘lgan hasratim-ay
Kimga aytib yig‘layin-ay!
Dod, voydod-ay,
Endi dodimga yetkin-oy!
Shu paytda bir ola kiyik paydo bo‘ldi. Qambarjon uni quvdi. Kiyik Qambarjonni ergashtirib, bu tog‘ning o‘ngiridan chiqarib yubordi-da, birdan g‘oyib bo‘lib ketdi.
Shunda Qambarjon o‘z musofirligiga xafa bo‘lib:
…Bu musofir boshimni-yay
xudo-yay!
Kimga aytib yig‘layin-ay?! —
deb cho‘lda ot o‘ynatib keta berdi. Yo‘lda kiyik otib, go‘shtini o‘t topsa, pishirib yeb, o‘t topmasa, xomligicha yeb, keta berdi. Oxirda bir sarchashmalik daryoning labiga yetib keldi. Daryoning labida bitta chinor bor edi. Chinorning soyasi uch tanob joyni olib yotar edi. Qambarjon otini chinorning shoxiga bog‘ladi. O‘zi daryoda cho‘mildi. O‘rnidan turib qarasa, Balx shahri podshosining qizi qirqta kanizi bilan tilla jomchaga qatiqlarni solib, daryoning labida bosh yuva boshlashdi. Qambarjon chinorning panasiga qochib turdi. Shunda bir kanizak ko‘rdiki, bir tilla jabduqli ot chinor shoxiga bog‘log‘liq turibdi. Kanizak malikaga qarab:
— Malikam, huv anavini qarang! Bir yasatig‘liq ot turibdi. Oti shunchalik chiroyli, egasining husni qanday ekan? — dedi.
Shunda ikkita kaniz bilan ikkita qari enaga otning egasini axtarib ketishdi. Ular chinor orqasidagi ot egasini ko‘rib, qaytib kelib, malikaga uning sifatini maqtashdi.
Shunda Qambarjon: “Bular meni zulm bilan olib qolarmikin!” degan xayolga bordi. “Uch ko‘chaga kelib qolibman. Shu qizlardan Kustontoniyaning yo‘li qaysi!” deb, bir so‘rab ko‘ray-chi, rahmi kelib, yo‘lga solib qo‘yarmikin, deb ularga qarab bayt o‘qidi:
Gul kiygan, kuloh kiygan-oy,
qizlar-oy!
Menga solmanglar zulm-oy!
Menga solsanglar zulm-oy,
Qani, qaysiykin, yo‘lim-oy?
Qambarjonning baytini eshitib, malika o‘yladi: “Bu yigit yorning ishqida chiqqan yigitga o‘xshaydi. Yo Kustontoniyadagi Oysuluvxonning oldiga ketyapti yoki boshqa bir yoqqa ketyapti. Oshiqlarga yordam qilish — savob ish. Agar Oysuluvxonning oldiga borsa, to‘rt misra bayt bilan yo‘lga solib yuboray!” deb, bayt o‘qib:
Gul kiysang, kuloh kiysang,
yigit-oy!
Senga solmasin zulm-oy!
Senga solsalar zulm-oy,
Anov ko‘ringan yo‘ling-oy! —
dedi va qo‘li bilan ishorat qildi. Qambarjon malikaga qulluq qilib otiga minib, yo‘lga ravona bo‘ldi. Qambarjon shu ketganicha yetti kecha-yu yetti kunduz yurib, bir vaqt shu baytni aytdi:
Tog‘-u toshlarni kezib-ay,
xudo-yay!
Yuraklar zangor bo‘ldi-yay!
Bu musofir boshimni-yay,
Kimga aytib yig‘layin-ay?
Shunda Qambarjonning qirq odimi bir odim bo‘lib, Kustontoniya shahriga kirib ketdi.
Kustontoniya katta shahar bo‘lib, anchagina darvozasi bor edi. Qambarjon bir darvozasidan o‘tib, ichkariga kirsa, o‘ng tarafida ming tanobli bog‘, chor atrofidagi devori to‘rdan. Bog‘da turli mevalar pishib turibdi. Bog‘ning atrofida bir sarhovuz bor. Sarhovuzning atrofiga marmar tosh o‘rnatilgan. Hovuzning atrofiga to‘rt tup tilla daraxt o‘rnatilganki, tanasi zumraddan, shoxlari la’li-yoqutdan, barglari zabarjaddan. Har qaysi tilla daraxtning shoxida tilla qafas, ichida bulbullar sayrab turibdi. Ajab bir xushxonlik bor. Qambarjon: “Shu bog‘ har kimsaning bog‘i bo‘lsa, qazosiga roziman, nima qilsa qilsin!” deb, qilichi bilan to‘rni bir urib, buzib kirdi.
Qambarjon bog‘ga kirib, otini bir qizil gulga bog‘lab, bog‘ni tomosha qilib yurdi. Bog‘ning bir tomonida olma, nok, shaftolilar; bir tomonida uzum, anjirlar pishib yotibdi. Qambarjon uzumzorga kirib, kattaqo‘rg‘on uzumidan bir bosh uzib, cho‘qilab yeb o‘tirdi. Shunda bog‘dagi qushlar Qambarjonning husniga xushtor bo‘lib sayrab, uning bosh, oyog‘iga qo‘naverdi. Qambarjon oxiri charchab, shoxlari bir-biriga mingashib, kapa bo‘lib qolgan gulning tagiga kirib uxlab qoldi.
Bu bog‘ Kustontoniya podshosining qizi Oysuluvning bog‘i edi. Yigit bilmasdan kirib, uxlab qolib edi. Qushlar kapa gulning tepasiga kelib, o‘z tillarida sayrashaverib, bog‘ni boshlariga ko‘tarishdi. Oysuluvxon qirq zinali ravog‘ining tepasida bosh yuvib o‘tirgan edi. Qushlarning zavq-shavqlarga to‘lib sayragan tovushlaridan taajjublanib, kanizlariga:
— Hoy, qizlar! Avg‘on bog‘dagi qushlar bugun juda boshqacha sayrayapti-ya! Har kuni bunday sayrashmas edi! Yuringlar, avg‘on bog‘ni bir sayr qilib chiqaylik-chi, nima gap ekan! —dedi. Shunda malika o‘ziga oro berib, necha xil alvonlarni kiyib, qirq kokiliga shingillarni osib, qirq kanizi bilan bog‘ni aylanib yurib, ko‘cha tomondagi to‘rning buzilganini ko‘rib achchiqlandi. Yonidagi qilichini g‘ilofidan sug‘urib:
— Hoy, qizlar! Shu to‘rni buzgan odamni topinglar! Uni kallaminor qilaylik! — dedi. Shunda barcha qizlar, enagalar bog‘ni qidirib ketishdi. Ko‘rdilarki, bir qizil gulda tilla jabduqli chiroyli ot bog‘log‘liq turibdi. Shunda kanizlar aytdi:
— Malikam, bu otni ko‘ring! Qanchali chiroyli ot! Buning egasi ham juda chiroyli bo‘lsa kerak?! — deyishdi. Malika:
— Otning egasini topish kerak! — dedi. Kanizlar bog‘ning ichini yetmish marta aylanib otning egasini topolmadi. Oxirida Sakinaxon degan bir kaniz gulning tagida qo‘lida yarim bosh uzum bilan to‘lpog‘day bo‘lib, uxlab yotgan yigitni ko‘rib qoldi. Shunda Sakinaxon borib, malikaga:
— Malikam, otning egasini topdim. Kapa gulning tagida bir savam paxta tashlab qo‘yganday uzala tushib yotibdi, qo‘lida yarim bosh uzum bor, — dedi.
Shunda malika qirqin kanizlari bilan kapa gulning oldiga keldi. Ko‘rdiki, tepada qushlar sayrayapti, yigit cho‘zilib yotibdi. Malika ovoz qildi:
— O, hoy to‘lpog‘im! Sen qaysi bog‘ning gulisan, qaysi chamanning bulbulisan, qanday gavhar donodan bino bo‘lgansan? O‘rningdan turib, tilga kir! — dedi. Yigit uyg‘onmadi. Shunda malika:
— Uyg‘onmadi, qattiq chaqirmaylik! Shikastalik topmasin. Cho‘chib, labiga uchuq toshmasin! — deb, shu baytni aytdi:
Gulga kel-o, gulga kel-ay!
yigit-ay!
Gulni qo‘yib, bulbulga kel-ay!
Gul tagida yotgan yigit-ay!
Tura kelib, tilga kel-ay!
Malikaning yoqimli ovozi yigitni uyg‘otdi. Yigit shunday qarasa, bir malika jamoli o‘n to‘rt kunlik to‘lgan oydek, qirq kokilini har tomonga tashlab, g‘uncha labini tishlab, nozik belini ushlab, qirq kanizi bilan turibdi, necha alvon liboslar uzasida. Yigit malikaga qarasa, oy desa og‘zi bor, shirindan shakar so‘zi bor, o‘ng betida chaparasta xoli bor. Qambarjon: “Orzijon aytgan Oysuluvxon shumikan-a? Mabodo shu bo‘lmagay!” deb, unga qarab shu baytni o‘qidi:
Gulni gulga urdilar-ay,
yorim-ay!
Gul tikanin terdilar-ay.
Suyub olgan yorimni-yay,
Bir nokasga berdilar-ay!
Shunda malika yigitni kapa gulning tagidan chiqardi. Uning husniga oshiq bo‘lib, ravog‘iga olib chiqib, adras ko‘rpaning ustiga cho‘ziltirib qo‘ydi. Uzoq yo‘l yurib, horiganligini bildi. Shunda malika mis qozonni osib, maskadan muloyim ovqat qilib yedirdi. Qambarjonning tanasiga quvvat kirib, irg‘ib o‘rnidan turib, bir gulidan o‘n guli ochilib, chordona qurib, langar to‘kib o‘tirdi. Ana endi Qambarjon Oysuluvxondan:
— Ey, go‘zal malika! Siz kimsiz? — deb so‘radi.
Shunda malika:
— Men Kustontoniya podshosining qizi Oysuluvdirman, siz Orzijon o‘rtog‘imning yori Qambarjon emasmisiz? Biz ikkalamiz bitta yigitni yor qilamiz, deb ahd qilishganmiz. Siz o‘rtog‘imning to‘lpog‘ yori bo‘lsangiz, endi mening ham to‘lpog‘ yorim bo‘ling, — dedi. — Men tezpar qilichimni yalang‘ochlab, otamning oldiga borib aytayin, ikkimizga nikoh xutbasini o‘qitsin! So‘ngra ikkovlon bir-birimizning diydorimizga to‘yishib, boshimizdan o‘tgan sarguzashtlarni qo‘zg‘ashaylik! —dedi.
Qambarjon qarasa, Oysuluvxonning avzoyi boshqacha: otasi xo‘p desa-demasa, o‘ziga yor qilib olib, bir dasta gulday g‘ijimlab, ko‘ksiga tortadigan chog‘i bor. Qambarjon aytdi:
— Hoy Oysuluvxon, oppoq qiz, jonon qiz, shoshmang! Ikki tarvuz bir qo‘ltiqqa sig‘adi deb eshitganmisiz? Ikki ishq bir ko‘ngilga sig‘maydi. Chin oshiqman degan er ko‘ngil qo‘yganidan qaytmaydi. Men Orzijonni tushimda ko‘rib, g‘oyibona oshiq bo‘lib, ota-onamdan, yurt-elimdan kechib, uning ishqida necha yil kuyib, oxirda visoliga yetar chog‘imda uning to‘rt og‘iz achchiq gapidan dimog‘im kuyib, majnun bo‘lib chiqib ketganman. Orzijondan to ro‘zi qiyomat umidimni uzmayman, undan o‘zgani demayman. Agar siz Orzijon yorimning do‘sti bo‘lsangiz, mening ham do‘stimsiz. Siz Orzijon bilan bir yigitni yor tutamiz, deb ahdlashgan bo‘lsangiz ham bu ahdingizdan qayting, aka-singil bo‘laylik! — dedi.
Oysuluvxon Qambarjondan bu gaplarni eshitib, hayron bo‘lib turib qoldi. Es-hushini yig‘ishtirib, yana bir necha so‘z qilib ko‘rdi. Qambarjon unamadi. Oysuluvxon bildiki, Qambarjonning Orzijonga bo‘lgan muhabbati chin muhabbat. Oysuluv o‘z ichida Qambarjonga tan berdi, oshiqlik bo‘stonining aynimas guli bo‘lganligi uchun unga tasanno aytdi.
— Sizday vafodor yigitga rahmat! Sizning ishqingiz aynimas ishq ekan. Bo‘lmasa, qiyomatlik aka-singil bo‘laylik. Siz mening ravog‘imda, bog‘-u rog‘imda bir necha kun yotib dam oling! — dedi.
Shundan so‘ng Oysuluvxon Qambarjonni izzat-ikrom bilan tarbiyalayverdi. Oradan qirq kun o‘tdi. Qambarjon Oysuluvxonga aytdi.
— Hoy, Oysuluvxon! Men yorim Orzijon tufayli sizdek malika bilan ko‘rishib, qiyomatlik aka-singil bo‘lishdik. Meni qirq kun tarbiyaladingiz. Sizga ming-ming rahmat! Endi menga ruxsat bersangiz!
Oysuluvxon aytdi:
— Sizning yuragingiz Orzijonning ishq o‘ti bilan doim yonib turganini bilaman. Orzijonning otasi Arshinboyga uzatgani bilan Orzijon unga xotin bo‘lmaydi. Agar ketar bo‘lsangiz, men ham birga boray, Orzijonni qutqarib olib, sizning ota yurtingizga olib borib, to‘y-tomoshalaringizni o‘tkazib qaytib kelayin!
Oysuluvxon otasidan ruxsat olib, yo‘l hozirligiga kirishdi.
Podshoh qiziga qirqta qul, qirqta enaga xotin, qirqta kaniz berdi, qirqta qo‘y-qo‘zi berdi, necha xachirga zari-zarvaraq yuklab berdi va qiziga:
— E, qizim, bu narsalarni Qambarjondan Orzijonga sovg‘a qilib olib boring. Ikki oshiqning boshini qovushtiring. Savobga qolasiz! — dedi. Ularga zerikkanlaringda uchirib, o‘ynatib, ko‘ngil ochib ketasizlar deb hakkav kaptarxonasi bor soyabon arava berdi, tantana bilan xayr-ma’zur qilib jo‘natdi.
Ular xursandchilik bilan yo‘lga ravona bo‘lishdi. Bular yo‘l yurdi, yo‘l yursa ham mo‘l yurdi. Bir necha marohil tay qilib, o‘n to‘rt kunda Orzijonning shahriga kirib borishdi. Orzijonning bog‘dodi eshigining tagiga kelib, turnaqator bo‘lib to‘xtadi. Shunda Oysuluvxon zarvaraq paranjisini yopinib, zarrin chimmatini tutib, Qambarjonga qarab:
— Men Orzijonning oldiga kirib, kelganligingizni bildiraman, siz bilan ketishga rozi qilib, devordan uning narsalarini tashlataman. Siz narsalarni olib aravaga solasiz. Orzijonning o‘zi devorga chiqib, ayri minib o‘tiradi, uni ham ko‘tarib olib, aravaga o‘tqazing. Orqasidan men chiqaman, meni ham aravaga soling, so‘ng tezlikda ot qo‘ying! — dedi.
Oysuluvxon Orzijonning bog‘iga kirdi. Qarasa Orzijon adras ko‘rpada “Voy boshim, voy qo‘lim!” deb bemor bo‘lib yotibdi. Yigirma kaniz uqalab, yelpib turibdi. Orzijon bu yerga kelgandan buyon o‘zini kasalga solib yotgan edi. Arshinboy har kuni uyga boshini suqib, “Yorim darddan forig‘ bo‘ldimikin, forig‘ bo‘lgan bo‘lsa, yuzidan bir bo‘sa olaymikin”, deb qarab, kirolmay chiqib ketar edi. Orzijon Oysuluvxonni ko‘rib, irg‘ib o‘rnidan turdi. Taxtidan tusha kelib, o‘rtog‘i bilan quchoqlashib, yig‘lashib, so‘rashdi. Shunda Orzijon Oysuluvdan:
— Hoy, o‘rtoqjon! Yorim dastingizda salomatmi? — dedi. Oysuluvxon:
— Yoringiz salomat, hozir avg‘on bog‘ingiz devori tagida sizni kutyapti — dedi. Shunda Orzijon turib, kanizlariga:
— Hoy qizlar! Mening jonajon o‘rtog‘im, yorug‘ dunyoning xirojini sarf qilsa ham kelmaydigan mehmonim kelibdi. O‘zi kelgan mehmon atoyi xudo! Tezda oshxonaga chiqib, turli-tuman taom pishiringlar! —deb hammasini chiqarib yubordi. Oysuluvxon aytdi:
— O‘rtoqjon! Eringiz sizga mahtal bo‘lib turibdi. Siz narsalaringizni tayyorlab, tezda bog‘ga chiqing, narsalaringizni devordan irg‘itib, o‘zingiz ham devorga chiqing, men bu yoqdan chiqib boraman! — dedi.
Orzijon kerakli narsalarini oldi va qizlariga:
— O‘rtog‘imga o‘z qo‘lim bilan mevalardan uzib chiqayin, — deb bog‘ga kirib ketdi, bo‘xchalarini devordan otdi, o‘zi ham devorga ayri mindi.
Qambarjon tugunlarni ham, yorini ham ko‘tarib oldi. Oysuluvxon bo‘lsa:
— O‘rtog‘im bog‘da aylanib qoldi. Aravakashim serzarda edi. Chiqib, u-bu deb, tinchitib kelay! — deb, paranjisini yopinib, shaboxun urib, chiqib ketdi. Qambarjon buni ham olib, aravaga qo‘ydi. Qambarjon otga bir qamchi urdi. Ot charchagan joyigacha chopib ketdi. Tug‘doq degan joyga borganda ot charchab qoldi. Bular damlarini olishdi. Oysuluvxon butun voqeani bayon qilib, Qambarjonni Orzijonga topshirdi.
Keyin hammalari Qambarjonning shahriga jo‘nashdi. Yetti kecha-yu yetti kunduz riyozat chekib, bir manzilga borib to‘xtashdi. Shunda Qambarjon otasiga: “Biz Orzijon, Oysuluvlar bilan falon manzilda turibmiz, darhol yo‘lga odam chiqaring”, deb xat yozdi. Otasi shodligidan olamga sig‘may ketdi. Karnaychi, surnaychi, nog‘orachi, bolobomchi, qiziqchilarni peshvoz chiqardi. O‘rdasiga qirq karnayni qo‘ydirdi, qirq qozonni qurdirib, yurtga osh-nonni tortaverdi.
Shaharda ko‘chalar, tomlar, daraxtlar odam bilan to‘lib ketdi. Ikki qizning ustidan dur-u javohir sochib, o‘rdaga olib kirishdi. Shunda Qambarjon chopqillaganicha mehribon onasining oldiga kirib ketdi. Kirsa, onasi farzandining dog‘i-hasratida yig‘layverib, ikkala ko‘zi ko‘r bo‘lib, bir chekkada ustunga suyanib o‘tirgan ekan. Borib onasi bilan ko‘rishdi. Qambarjonning cho‘ntagida kiyikning o‘ti bor edi. Onasining ko‘ziga surtgan edi, uning ikkala ko‘zi yarqirab ochildi. Ona-bola bir-birining diydorini ko‘rib, qayta boshdan ko‘rishdi. Qambarjon onasining oldidan otasining yoniga kirib, u bilan ham quchoqlashib ko‘rishdi. Ota-bola bir-biriga to‘yishmay ancha ko‘rishdi. So‘ngra Qambarjon ota-onasiga Orzijon bilan Oysuluvxonni tanishtirdi: “Mana bu Orzijon keliningiz, Oysuluvjon — qiyomatlik singlim!” — dedi. Hammalari ketishib, xursand bo‘lishdi.
Qirq kecha-kunduzgacha fuqarodan hech kim uyida qozon qaynatmay, podshohning to‘yidan osh-non yedi, to‘y-tomosha xursandchilik bilan tugadi. Orzijonni Qambarjonga nikohlashdi. To‘ydan keyin podshoh saltanat tojini Qambarjonga kiydirib, saltanat taxtiga mindirdi. Oysuluvxon o‘rtog‘i Orzijon bilan Qambarjonning to‘y-tomoshasini o‘tkazib, o‘z yurtiga jo‘nadi. Shu bilan hammalari murod-maqsadlariga yetdi.