It bilan mushuk mojarosi

Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, bir podshoh kampir bor ekan. Uning olamda yagona sehrli tilla uzugi bor ekan. Boshqa bir podshoh shu uzukni olmoqchi bo‘lib ko‘p urinibdi, ola olmabdi. U uzukni og‘ziga solib yotar ekan. Shunda u: “Kim shu uzukni olib beradi”, — deganida, bir it bilan bir mushuk: “Biz olib kelamiz”, — deyishibdi. Podshoh ularni jo‘natibdi.
Mushuk tegirmonga borib bir kalamushning dumini uzib olib, yo‘lga tushibdi. Ular borib qarashsa, podsho kampir belanchakda yotibdi, qolgan mulozimlar uni tervatib turishganmish. Shunda mushuk bildirmay borib kalamushning dumini podshoh kampirning burniga tiqibdi. Podsho kampir “apshu”, deb aksa uribdi. Tilla uzuk ancha nariroqqa borib tushibdi. Shunda it bilan mushuk uni olib qochib ketibdi. Qochib borishayotsa, bir daryoga to‘g‘ri kelishibdi. It:
— Uzukni men olib o‘taman, — debdi. Mushuk:
— Yo‘q, suv ichaman deb, sen uzukni tushirib yuborasan, — debdi. It:
— Yo‘q, tushirmayman, — debdi.
Xullas, it uzukni olib mushuk bilan daryoga tushibdi. Daryoning yarmiga borganda, it suv ichaman, deb uzukni tushirib yuboribdi. Uzukni bitta nahang yutib ketibdi. It bilan mushuk daryodan o‘tib, urishib ikki yoqqa ketishibdi. It bir joyga borib qarasa, baliqchilar bitta katta nahangni tutib olib so‘yishibdi. It bir chekkada qarab turibdi. Baliqchilar baliqning ichak-chavog‘ini bir chekkaga olib borib tashlashibdi. Shunda it borib ichaklarni ag‘darsa, ichidan uzuk chiqibdi. Uni olib borib podshohga beribdi. Podshoh uni do‘st bilib, saroyda olib qolibdi. Shundan beri it bilan mushuk do‘stlikdan ajralib, bir-biri bilan chiqishmas ekan.