Ilonshoh va Toshbaqapolvon

Bor ekan, yo‘q ekan, och ekan, to‘q ekan, o‘tgan zamonda, tog‘ning yonbag‘rida bir makon-u manzilda, bu gapim chin emas, hazil-da, Ilonshoh mamlakati bor ekan. Ilonshohning arkoni davlatida ulamo-yu fuzalolar, vazir-u vuzarolar, hokim-u hukamolar, gapning qisqasi, bir qancha amaldorlar va Toshbaqapolvon boshliq ko‘pgina cho‘ri va qullar kecha-yu kunduz tinimsiz mehnat qilar ekanlar. Ilonshohning o‘ylagani aysh-u ishrat, qilgani zulm, qashshoq xalqqa jabru jafo ekan. Shu tariqa oylar, yillar o‘taveribdi, shohning zulmi oshaveribdi, xalqning g‘azabi toshaveribdi.
Kunlardan bir kuni ilonshoh huzuriga Qashqapashsha kirib kelibdi. U juda ham so‘zga usta va ayyor ekan. Ilonshoh huzuriga kirishi bilanoq tiz cho‘kib, yer o‘pib, shohga gapira boshlabdi:
— Ey shahanshoh! Bir qoshiq qonimdan o‘tib, kamina qulingizning arziga quloq soling. Men chayon va gazandalar mamlakatining xoni Qoraqurtxondan ko‘p jabr-u jafolar tortdim, zulm ko‘rdim, uning zulmidan qochib, siz olampanohning huzurlariga keldim. To o‘lgunimcha xizmatlarida bo‘lsam, — debdi.
Ilonshoh Qashqapashshaning chaqqon va uddaburonligini ko‘rib, ich-ichidan sevinibdi va uni qo‘ldan chiqargisi kelmabdi. Xuddi shu paytda Ilonshohning bosh vaziri uyida og‘ir betob bo‘lib yotib qolgan ekan. Ilonshoh Qashqapashshani o‘ziga bosh vazir qilib olibdi va aysh-ishrat qilib yotaveribdi.
Ayyor Qashqapashsha Ilonshohning ishonchini qozongach, o‘z podshosi Qoraqurtxon bilan aloqa bog‘labdi va Ilonshohning mamlakatini bosib olish rejasini tuza boshlabdi. Buni xizmatkorlarning boshlig‘i Toshbaqa sezib qolibdi. U Qashqapashshaning har bir bosgan qadamini kuzatib yuribdi. Bir kun Qashqapashsha Qoraqurtxonga: “Salomdan so‘ng, xonlarning xoni Qoraqurtxonga yetib ma’lum bo‘lsinkim, hozir siz va biz o‘ylagan rejalarni amalga oshirish vaqti kelganga o‘xshaydi. Chunki hozir Ilonshoh xotin ustiga xotin olib, to‘y-tomosha va aysh-ishrat qilish bilan ovora. Hozir ayni muddao. Xatning javobini sabrsizlik bilan kutaman. Salom bilan sodiq vaziringiz Qashqapashsha”, — degan maktub yuboribdi. Qashqapashsha o‘z xatini Qoraqurtxonga yetkazish uchun Kaltakesakni pul berib yollabdi. Buni sezgan Toshbaqapolvon ikki do‘sti bilan yo‘lda Kaltakesakning yo‘ldan o‘tishini poylab yotibdi. Uni sahar paytda tutishibdi. Ular Kaltakesakdan Qashqapashshaning maktubini olmoqchi bo‘lganlarida, Kaltakesak Toshbaqapolvonning bir hamrohiga xanjar sanchib, uni halok qilibdi. Bundan g‘azablangan Toshbaqapolvon Kaltakesakni tig‘dan o‘tkazib, tanasini burda-burda qilib tashlabdi va cho‘ntagidan Qashqapashshaning maktubini olibdi. Maktubni o‘qib chiqqach, Toshbaqapolvonning har bir tuki choponini teshib chiqibdi. Toshbaqapolvon yonidagi do‘sti bilan to‘g‘ri Ilonshoh huzuriga borishibdi va maktubni shohga tutibdi. Bu payt Ilonshoh o‘z saroyida Qashqapashsha va boshqa amaldorlar bilan kayf-u safo qilib, oyoqda arang turadigan darajada ekan. U maktubni bosh vaziri Qashqapashshaga uzatib, o‘qi deb buyuribdi. Qashqapashsha o‘zi yozgan maktubni ko‘rib, rangi oqarib ketibdi, a’zoyi badanini qaltiroq bosibdi. Qashqapashsha maktubda yo‘q gaplarni maktubga qarab o‘qiy boshlabdi: “Saroyingizdagi Toshbaqapolvon o‘g‘ri, makkor va ayyor ekan. Uni mamlakatdan chiqarib yuborishingizni iltimos qilamiz”. Bu gaplarni eshitgan shirakayf shoh g‘azablanib: — Jallod! — deb baqiribdi. Bir necha jallod Toshbaqapolvon va uning sherigini qurshab olibdi. Toshbaqapolvon:
— Shohim, bu bo‘hton, maktubda bunday deyilmagan, shohim, xatni o‘zingiz o‘qib ko‘ring, bu xat Qashqapashshaning o‘z podshosi Qoraqurtxonga yozgan xati. Yo‘lda qo‘lga tushirdik. Qashqapashsha Qoraqurtxonning josusi ekan, — debdi.
Qashqapashsha sirining ochilishidan qo‘rqib, qolidagi maktubni yirtib-yirtib tashlabdi va arazlagan kishi bo‘lib baqira ketibdi:
— Ey shohim, bu qanday haqorat, bu qanday tuhmat! Yo‘q, yo‘q, men bunga chiday olmayman. Bir yalangoyoq gadoy meni, ya’ni bosh vaziringizni xoin deb haqorat qilsa-yu, nega siz qarab o‘tirasiz? — Shohning battar jahli chiqibdi va jallodlarga qarab:
— Zindonga tashlang, bu yalangoyoq gadoylarni! — deb farmon qilibdi.
Jallodlar Toshbaqapolvonni va uning sheriklarini saroy bog‘idagi maxfiy zindonga tashlashibdi. Qashqapashsha Toshbaqapolvondan o‘ch olganligi uchun ich-ichidan xursand bo‘libdi. Chunki Toshbaqapolvonni o‘zining xavfli raqibi deb hisoblar, undan o‘ch olish uchun qulay payt poylab yurar ekan.
Toshbaqapolvonning zindonga tashlanganini bilgan xalq ilonshohga qarshi isyon ko‘taribdi. Ammo ayyor Qashqapashsha xalqni chalg‘itmoqchi bo‘lib:
— Toshbaqapolvon va uning sherigi shohimizni haqorat qildi. Shohimiz shuning uchun ularni tartibga solmoq maqsadida ikki-uch kun muddatga zindonga tashladi. Ikki-uch kundan keyin shohimiz ularni ozod qiladilar, — debdi. Lekin xalq bosh vazirning gaplariga ishonmay, Ilonshohning oldiga boribdi. Shunda shohning qahri kelib, ilonday zahri kelib, xalq ustiga lashkarlarini yuboribdi. Ikki o‘rtada jang bo‘libdi. Bu jangda qurol-yarog‘i yo‘q xalqning qoni daryo-daryo bo‘lib oqibdi. Bir necha kundan keyin Toshbaqapolvon va uning sherigi, do‘stlari yordamida tunda zindondan qochibdi. Toshbaqapolvon Ilonshohning va bosh vazirning qilmishlarini, kirdikorlarini xalqqa aytib beribdi. U xalqni shohga va uning amaldorlariga qarshi kurashga chaqiribdi.
Endigi gapni gazandalar podshosi Qoraqurtxondan eshiting. Qoraqurtxon o‘z vaziri Qashqapashshani Ilonshoh mamlakatiga jo‘natgandan so‘ng Qashqapashshadan ana xabar keladi, mana xabar keladi, deb kutaverib, oy va yillarni o‘tkazibdi. Oxiri toqati ora toq bo‘lib, Ilonshoh ustiga qonxo‘r sarbozlari bilan bostirib kelibdi va So‘na ismli jallodini Qashqapashshaning oldiga jo‘natibdi. Yarim tunda Qashqapashsha huzuriga Qoraqurtxon huzuridan kelgan Qashqapashshaga hamma bo‘lgan voqealarni so‘zlab beribdi. Shunda xuddi shuni toqatsizlik bilan kutib turgan Qashqapashsha quvonganidan chapak chalib yuboribdi. So‘ng u So‘naga hujum qilish rejalarini og‘izma-og‘iz tushuntiribdi. Qaqshapashsha So‘nani azonda Qoraqurtxon huzuriga jo‘natibdi. So‘na Qashqapashshaning aytganlarini Qoraqurtxonga oqizmay-tomizmay yetkazibdi.
Rejaga asosan, Qoraqurtxonning qonxo‘r sarbozlari ertasi tunda osoyishta yotgan xalq ustiga och bo‘rilarday hujum boshlashibdi. Ular xonadonlarga o‘t qo‘yibdilar, begunoh kishilarni o‘ldiribdilar. Dushman tez va shiddat bilan hujum qilibdi. Yarim kechaga borganda Ilonshoh saroyini qamal qilibdi va o‘z saroyida aysh-ishrat qilib hech narsadan xabarsiz o‘tirgan Ilonshohni amaldorlari bilan birga asir qilib olibdi. Bu bosqinchilarga qarshi kurashmoq uchun Toshbaqapolvon boshliq xalq oyoqqa turibdi. Ular dushman sarbozlari ustiga hujum qilib, ularning ko‘pini qirib tashlashibdi. O‘zlari esa dushmanning yaxshi qurollari bilan qurollanib olishibdi. Qurollangan xalq saroyga hujum qilib, uni o‘z qo‘liga olibdi. U yerdan Ilonshohni, uning vaziri Qashqapashshani, gazanda amaldorlarni, Qoraqurtxon va uning amaldorlari hammasini Toshbaqapolvon boshchiligidagi xalq tiriklayin o‘tda kuydirib, kulini ko‘kka sovuribdi. Xalq Toshbaqapolvonni o‘ziga podsho qilib ko‘taribdi va mamlakatga Xurramobod deb nom qo‘yibdi. Shu-shu Xurramobodning xalqi tinch, ozod va farovon hayot kechirayotgan emish. Agar yo‘lingiz tushib, Xurramobodga borib qolsangiz, u yerlar obodligini va xalqining mehmondo‘stligini ko‘rib, og‘zingiz ochilib qolarmish. Agar to‘yida bo‘lsangiz, karnay-surnaylarning g‘at-g‘utidan, chirmandaning gijbangidan qulogingiz kar bo‘lib, hushingizni yo‘qotarmishsiz.