Kunlardan bir kuni bir kambag‘al dehqon qarigan chog‘ida o‘g‘li Rafiqni hunar o‘rgatish uchun duradgorga shogird qilib berib, odat bo‘yicha: “Eti sizga, suyagi bizga, shu bolani sizga topshirdim”, debdi. Duradgor bolani olib qolib, ishni qunt bilan o‘rganish va qiyinchiliklarni yengish kerakligini unga aytibdi. Rafiq biroz oq-qorani tanigan ekan, bir necha yil duradgorga yordamchi bo‘lib ishlab, uning hunarini puxta o‘rganibdi.
Kunlardan bir kuni Rafiq uxlab qolibdi. Tush ko‘ribdi. Tushida bir qancha qizlar kelib: “Tur, qachongacha uxlaysan”, deb hazil qilib turgan emishlar. Shu qizlardan biri juda go‘zal ekan. U qizni boshqa qizlar o‘rab olib, Rafiqqa ko‘rsatmas emish. Rafiq bir iloj qilib ko‘ribdi. Joyidan tursa, hech kim yo‘q, yolg‘iz o‘zi o‘tirgan emish. Shu kundan boshlab Rafiq qizni o‘ylab, borgan sari ozib keta beribdi. Duradgor usta ham, otasi ham hayron bo‘lishibdi. Dori-darmon qilishibdi, tuzalmabdi. Duradgor bilan bolaning otasi buning sababini bilmoqchi bo‘lishibdi. Otasi qo‘ymagandan keyin bola tushida ko‘rgan voqeani aytibdi. Shu qizni sevib qolganini bildiribdi. Otasi bilan duradgor bu bolani sayohatga yuborish maqsadida bir yog‘och ot qilib berishibdi. Bir necha kunlik oziq-ovqat tayyorlab, shu yog‘och otga mindirib jo‘natmoqchi bo‘lishibdi. Duradgor “O‘ng qulog‘ini burasang tepaga chiqadi, chap qulog‘ini burasang pastga tushadi”, deb o‘rgatibdi. Bola safarga jo‘nabdi. Bir necha kun yo‘l yurib, cho‘l-u sahrolardan oshib, bir kichkina qishloqqa yetib boribdi. Otining chap qulog‘ini burab yerga tushib, qishloqqa kiribdi.
Bu qishloqning chekkasida bir kampir yashar ekan. U shu qishloqdagi bir katta hovuzga qorovul ekan. Rafiq kampir oldiga borib salom beribdi. Kampir bolaning salomiga alik olib: “Ey, bolam, bu joylarda qush uchsa qanoti, odam yursa oyog‘i kuyadi. Sen nima qilib yuribsan?” debdi. Rafiq dadillik bilan kelishining sababini kampirga gapirib beribdi. Kampir voqeani bilgandan keyin Rafiqqa yordam qilmoqchi bo‘lib, maslahat beribdi:
— O‘g‘lim, bugun mana bu hovuzga bir qancha qizlar kelib cho‘milishadi. Sening sevganing shu qizlar orasida bo‘lsa kerak. Sen yaxshilab qara, agar o‘sha qiz bo‘lsa, ular suvdan chiqquncha sekin bildirmay ko‘ylagini olib ket. Qiz suvdan chiqqandan keyin ko‘ylagini topa olmay shu hovuz yonida qolishga majbur bo‘ladi, — debdi. Rafiq hovuz yonidagi bir daraxt tagida poylab o‘tiribdi. Azon vaqtida bir qancha kaptarlar uchib kelib, bir dumalab qizga aylanibdi-da, suvga tushib cho‘mila boshlashibdi. Rafiq qarasa, o‘sha tushida ko‘rgan qizlar emish. Qizlar orasida sevgan qizi ham bor. Sekin borib qizning ko‘ylagini olmoqchi bo‘lib turganda, qiz sezib qolib, suvdan yugurib chiqibdi-da, yigitni bir shapaloq urib, kaptar bo‘lib uchib ketibdi. Uning orqasidan qolgan qizlar ham bir yumalab kaptar bo‘lib uchib ketibdi. Rafiq kampir oldiga kelib voqeani aytib, kampirdan ularning yashaydigan makonlarini so‘rabdi.
Kampir: “Ularning makoni tog‘ning kun chiqish tomonida”, debdi. Rafiq yana yog‘och otiga minib safarga jo‘nabdi. Bir necha kun yo‘l yurib, kampir aytgan tog‘ga yetib boribdi. Tepadan qarasa, tog‘ning orqasida bir to‘da qizlarning sayr qilib o‘ynab yurganlarini ko‘ribdi. Qizlarning har qaysisi yulduz kabi porlab turgandek ko‘rinibdi. Rafiq otining chap qulog‘ini burab pastga tushibdi. Qizlar ichida o‘z sevganini ko‘rib, otini bir yerga yashirib qo‘yibdi-da, bir chekkaga borib poylab o‘tiribdi. Birozdan keyin qizlar o‘ynab yurib charchab, hammasi bir maysa joyda yotib uxlab qolishibdi. Rafiq sekin borib qizning qo‘lidagi uzugini olib, o‘zining uzugini taqib, qaytib joyiga o‘tiribdi. Qiz uyg‘onib qarasa, qo‘lidagi uzugi o‘ziniki emas. Hayron bo‘libdi, lekin bu sirni hech kimga aytmabdi. Qizlarga bildirmasdan, uzukning egasini qidiribdi. Qiz yurib-yurib Rafiq o‘tirgan daraxt tagiga borib qolibdi. Rafiqni ko‘rib:
— Ey, yigit, bu yerlarda nima qilib yuribsiz? Agar otam bilib qolsa, sizni mayda-mayda qilib tashlaydi, — debdi.
Rafiq joyidan turib, dadillik bilan uni tushida yaxshi ko‘rib qolganini aytibdi. Qiz ham Rafiqni sevib qolibdi. Ular kampirning uyiga kelib, turmush quribdilar va bir qancha vaqt shu yerda yashabdilar. Bir kuni Rafiq o‘z shahriga qaytmoqchi bo‘libdi, otini minib kechasi jo‘nashibdi. Bir qancha yo‘l yurgandan keyin xotinining vaqti-soati yetib, bir o‘g‘il tug‘ibdi. Bu yerda na suv va na o‘t yo‘qligidan Rafiq o‘t va suv qidirib ketibdi. Ancha yurgandan keyin bir uydan tutun chiqqanini ko‘ribdi. O‘sha uyga kirib o‘t tilabdi. Uy egasi o‘t beribdi. Rafiq o‘tni qanday qilib olib ketishni bilmay, oxiri belbog‘ining bir uchini yondirib, oti bilan uchib kelayotganda o‘t yog‘och otga tegib, kuyib, yerga tushibdi.
Xotin uni kutib xafa bo‘lib o‘tirsa, karvonlar kelib qolibdi. Karvonlar xotinni o‘zlari bilan birga olib ketib, bir saroyda asrabdilar. Oradan bir necha yil o‘tgandan keyin o‘g‘li Rasuljon ancha katta bo‘lib qolibdi. Bir kuni xotin Rafiqning rasmini ko‘chaga osib qo‘yib, o‘g‘li Rasuljonga:
— Sen ko‘chada poylab o‘tir. Kimki shu rasmga qarab boshini ushlab tursa, darrov menga xabar ber, — debdi.
Rasuljon bir necha kunlar poylabdi. Kunlardan bir kuni Rafiq ko‘p yo‘llarni yurib shu qishloqqa kelib qolibdi.
Ko‘chada ketayotib, bir saroy eshigida osilib turgan o‘zining rasmini ko‘rib hayron bo‘lib qolibdi. Rasuljon rasmga tikilib qarab turgan odamni ko‘rib, onasiga xabar beribdi. Onasi kelib eri Rafiqni tanib ko‘rishibdi, xursand bo‘lishibdi. Rafiqning sochlari o‘sgan, ust-boshi to‘zib ketgan ekan. Xotini uni yuvintirib, yangi kiyimlar kiydiribdi. Bir kuni Rafiq ustasidan o‘rgangan duradgorlik hunarini ishlatib uchar yog‘och ot yasabdi. Bir necha kun shu saroyda yashabdilar. Rafiq xotinini sog‘-salomat olib kelganlarga rahmat aytib, o‘g‘li bilan uchar otga mingashib, o‘z shahriga jo‘nabdi.
O‘z yurtiga kelib, otasi va duradgor ustozi bilan ko‘rishibdi. Otasi o‘g‘lining sog‘-salomat izlagan qizini olib kelganiga xursand bo‘lib, to‘y-tomosha qilib beribdi. Rafiq duradgorning hunar o‘rgatganiga ko‘p rahmatlar aytibdi. Murod-maqsadlariga yetishibdi.