Kunlardan bir kun dakan xo‘roz filning oldiga kelib, qattiq qichqiribdi:
— Qu-qu-qu-quv!
Fil hayron bo‘libdi: “Muncha chiranadi bu”, deb o‘ylabdi u. Xo‘roz hammayoqni titib, cho‘qib, don terib yeyaveribdi, yana:
— Qu-qu-qu, quv-v-v-v! — deb qichqiraveribdi.
— Kim ko‘p ovqat yeydi, senmi yo menmi? — debdi shunda fil. Xo‘roz dadillik bilan:
— Men ko‘p yeyman-da! — debdi chiranib.
Ular, kim ko‘p ovqat yeyar ekan, deb garov bog‘lashibdi.
Fil juda ko‘p ovqat yebdi, keyin uyquga ketibdi.
Bir vaqt uyg‘onib qarasa, kech bo‘lib qolibdi. Xo‘roz bo‘lsa haliyam donlab yurgan emish.
Don terib, yeb, tez-tez:
— Qu-qu-qu! — dermish xo‘roz.
— Yeb to‘ymas ekan-ku! — debdi fil hayron bo‘lib. — Bunaqa jonivorni sira ko‘rgan emasman.
Axiri xo‘roz filni yengibdi.
Xo‘roz garovda yutgach, o‘zicha: “Filning ustiga chiqib, bir tomosha qilay”, deb o‘ylabdi.
U pir etib uchib, filning ustiga chiqibdi.
Filning jon-poni chiqib ketibdi.
— Boy-dod! Meni yeb qo‘yadi! — deb qichqiribdi-da, shu qochganicha o‘rmonga kirib ketibdi.
Xo‘roz bo‘lsa uning orqasidan qarab, qanotlarini tapillatib:
— Qu-qu-qu-quv! Men zo‘rman! — deb qichqiribdi.