Katta o‘rmonda bir ola baroq dono mushuk yayrab-yashab yurarkan. U hamma hayvonlarni aldab, laqillatib yurarkan. Jonivorlar aldanmayin deb, har qancha ehtiyot bolib yurishmasin, baribir uning aldoviga tusharkan.
Bir kuni ikkita maymun duch kelibdi. Maymunlar mushuk bilan salomlashib, hol-ahvol so‘rashibdi. Mushuk maymunlar bilan do‘stlashib, bir-birovlarinikiga mehmonga borib turishga kelishib olibdilar. O‘shanda maymunlar katta ari inini ko‘rib qolib, mushukdan so‘rabdilar.
— Mushukjon, do‘stim, ayting-chi, bu osilib yotgan narsa nima ekan?
Mushuk maymunlarga iljayib qarab, javob qilibdi:
— Ey do‘stlar, bu osilib yotgan narsa bobomning do‘mbirasi, gohi-gohida uni chalib, g‘azal aytadilar, hamma hayvonlar jim yotib, eshitishadi. Sizlar eshitmaganmisizlar?
— Eshitmagan ekanmiz-da, — deyishibdi maymunlar va yana so‘rabdi: — ovozi qattiqmi-a?
— Bo‘lmasam-chi, agar uni chalsanglar, butun o‘rmondagi jonivorlar eshitadi, o‘ziyam juda mayin va yoqimli ovozi bor-da, bay-bay.
Maymunlar yalinibdi:
— Jon mushukjon, bizlarni xursand qiling, sizdan umrbod rozi-rizo bo‘lib yuramiz, endi shu do‘mbirani bir chalib bersangiz yoki olib bersangiz, bizlar davra qurib chalsak, rohat qilib eshitsak, butun jonivorlarni qoyil qoldirsak.
Mushuk bundoq debdi:
— Aziz maymunjonlar, rostini aytsam, bobomga hurmatsizlik qilgan bo‘laman-da, u kishi mendan xafa bo‘ladilar-da. Shuning uchun men ketgandan so‘ng o‘zlaring olib chalinglar, bir qoyil qoldirib yuringlar jonivorlarni. Darvoqe, sizlar bir tomondan odamzodga o‘xshaysizlar, hamma ishonadiki, sizlardan mashshoqlik chiqadi.
Mushuk shundoq debdi-yu, jo‘nab ketibdi. Maymunlar sekin borib daraxtga chirmashib chiqib olib, ari inini uzib olmoqchi bo‘lgan ekanlar, yuzlab arilar “g‘uv” etib uchib, maymunlarni boplab chaqa boshlabdi. Shunda maymunlar:
— Do‘mbirang boshingda qolsin, chalmay ketaylik bu dunyodan, — deb ura qochishibdi.
Mushuk yana sallona-mastona ketayotsa, yong‘oq daraxtiga duch kelibdi, tepadan to‘p etib, yong‘oq tushibdi, bir kunimga yaraydi, deb yong‘oqni tishlab ketaveribdi. Oldidan kattakon fil chiqib qolibdi:
— Ha, mushukboy, yoi boisin?
— Chiyabo‘ri bilan urushgani boryapman.
— Sen-a? Kichik joning bilan-a? Sen kimsan chiyabo‘ri oldida.
— Ko‘rasan-da. Sen shu gavdang bilan sichqondan qo‘rqasan. Men uchun chiyabo‘ring nima bo‘libdi.
— Qulog‘imni ehtiyot qilaman-da, mushukvoy.
— Sening kushandang mana, changalimda, — deya yong‘oqni dumalatibdi. Filning yuragi chiqib ketibdi:
— Jon mushukjon, ushlab ol bu baloyingni, ne desang bajo keltiray, — debdi.
Mushukvoy chuqurga tushib ketgan yong‘oqni ko‘rsatib, filga debdi:
— Kelaqol, bosib turibman, bo‘lmasa “ship” etib uchib borib, qulog‘ingga kirib ketadi.
Fil lapanglab kelib, yong‘oq tushgan chuqurga panjasini bosibdi.
Mushukboy yana yoiga ravona bo‘lib ketaveribdi. Oldidan yo‘g‘on ilon chiqib qolibdi:
— Mushukvoy, endi jonivorlarni laqillatganing yetar, qoiga tushding. Xo‘sh, endi nima deysan-a? O‘zim juda ochman, semizgina ekansan, yutib yuboraman.
Mushuk debdi:
— Ilonboy, zo‘rsan, chiroylisan. Qarasam, tanang yaltirayapti. Mening nimamni yeysan. O‘zim qari, go‘shtim qattiq. O‘zi achchiq. Qorin to‘yaringni aytaymi? Huv anavi kavakda buloq boshida semiz qurbaqalar senga intizor bo‘lib kutishayapti. O‘ziyam laqqa baliqday, yutib yuborsang bormi, moyi og‘zingdan oqib yuradi.
Bu gapga laqqa tushgan ilon vishillab buloq boshiga borgan zahoti qurbaqa emas, kattakon tipratikanga ro‘para kelibdi.
— Ha, ahmoq uzun, nima qilib yuribsan?
— Qurbaqada ishim bor edi, — debdi ilon.
— Menda-chi? — so‘rabdi tipratikan.
— Yo‘q-yo‘q, — deya qayrilayotgan ekan, tipratikan yugurib kelib, dumidan tishlab, semiz ilonni g‘arch-g‘arch tishlab olib yeyveribdi. Ilon qayrilib, jang qilaman desa, uning o‘tkir ignalari yumshoq badanini ilma-teshik qilaveribdi.
Xullas, dono mushuk hamma ofatlardan qutulib, ko‘plarni aldab, laqillatib murod-maqsadiga yetibdi.